Vadim Abramov mag‘lubiyatda futbolchilar va muxlislarni sabab qilib ko‘rsatdi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov JCh-2022 saralashi doirasida Saudiya Arabistonidan uchralgan mag‘lubiyatga izoh berib o‘tdi.
— Mag‘lubiyat uchun butun jamoa nomidan uzr so‘rayman. Biz ularga bayram qilib bermoqchi edik, ammo futbolda shunaqasi ham uchrab turadi. Endi safarda jang qilish uchun bizda imkoniyat bo‘lishiga umid qilaman.
Hisobda oldinda borayotgan vaqtimizda futbolchilar hissiyotga berilib ketdi. 2:1 hisobida oldinga o‘tib olganimizdan so‘ng uzun paslar boshlanib ketdi. Nima uchundir ular hisobni yana-da oshirish uchun oldinga tashlanishdi.
Tribunadagi muxlislar ham ularni olqishlab, oldinga boshlab turdi. Natijada raqibda imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Ular bor-yo‘g‘i uch kishi himoyalanayotgandi, bunday vaqtda aqlni ishlatib, tartibli o‘ynash kerak edi.
O‘yinni sovutish uchun Jaloliddin Masharipov o‘rniga Odil Hamrobekovni tushirdim. Raqibning gollari juda g‘alati bo‘ldi. Birinchi golda penalti, ikkinchisida rikoshet, uchinchisini umuman tushunib bo‘lmaydi.
Odil Ahmedov himoyada yaxshi o‘ynadi. Hamma gap yarim himoyachilarda. Biz pressingga haddan ortiq kuch sarflab yubordik. To‘pni olib qo‘ydik, ammo tezda yana raqibga topshirib qo‘ydik, — dedi Vadim Abramov o‘yindan so‘ng o‘tkazilgan matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi JCh-2022 saralashi doirasida 19 noyabr kuni Falastinga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter