«WBA International» kamari sohibi Shohjahon Ergashev Toshkentda tantanali kutib olindi (foto)

Xabaringiz bor, bundan bir necha kun oldin bokschimiz Shohjahon Ergashev xitoylik raqibini mag‘lubiyatga uchratib, «WBA International» kamarini qo‘lga kiritgan edi.
Bugun hamyurtimiz Amerika Qo‘shma Shtatlaridan Moskva orqali yurtimizga qaytib keldi. Shohjahon Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali tarzda kutib olindi. Ushbu tadbirda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakat professional boks federatsiyasi mutasaddilari, sportchining yaqinlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.

«Vatanimga yorug‘ yuz va faoliyatimdagi ilk kamar bilan qaytib kelganimdan benihoya mamnunman. Ushbu g‘alaba barchamiz, men uchun duoda bo‘lgan butun o‘zbek xalqining g‘alabasi deb bilaman.

«WBA International» kamarini esa biz yoshlar uchun beqiyos sharoitlar yaratib berayotgan yurt otasi - muhtaram Prezidentimizga bag‘ishlayman. Nasib qilsa bundan keyingi janglarimda navbatdagi g‘alabalarim bilan O‘zbekistonimiz dovrug‘uni dunyoga tanitishda o‘z hissamni qo‘shaman», - dedi Shohjaxon Ergashev.
Ma’lumot uchun, Shohjahon professional ringdagi faoliyati davomida 13 ta jang o‘tkazgan va ularning barchasida g‘alaba qozongan. 12 ta jangda u raqiblarini nokaut evaziga mag‘lub etgan. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bokschimizni ushbu muvaffaqiyat bilan muborakbod etadi va endi jahon chempioniga atalgan kamarni qo‘lga kiritishini tilab qoladi.

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter