Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Akkuyu» AES: Turkiyadagi yadroviy loyiha

«Akkuyu» AES: Turkiyadagi yadroviy loyiha

Turkiya o‘zining dengizlari, go‘zal tabiati bilan mashhur. Vengriya, Qozog‘iston va O‘zbekistondan bir guruh junalistlarning ilk tashrif buyurgan joyi Silifka, ya’ni «Akkuyu» AES qurilish maydoniga eng yaqin shahar bo‘ldi.

Bu tuman O‘rta yer dengizi sohiliga yaqin, Mersin shahridan 85 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib aholisi 100 ming kishidan ortiq. Silifkada dehqonchilik rivojlangan, tumanning tekis yerlarida yeryong‘oq, dukkaklilar, kunjut, sabzavot, qulupnay, sitrus mevalar, sholi yetishtiriladi.

Issiq O‘rta yer dengizi iqlimi ko‘plab mamlakatlarga eksport qilinadigan sabzavot va mevalarni deyarli yil davomida yetishtirib beradi. Tog‘li hududda chorvachilik, shaharning o‘zida turizm biznesi, oziq-ovqat sanoati rivojlangan.

Shaharda Gyoksu daryosi oqadi, migratsiya davrida fevraldan maygacha va oktyabrda bu yerda ko‘chib yuruvchi 300 tagacha qush turlarini uchratishingiz mumkin. Iqlim va doimiy nam havo tufayli, bugumvelliya, oleandr, lantana va kaktuslar xuddi daraxtlar kabi yashnab ko‘zingizni quvontiradi.

«Akkuyu» AES tarixda «barqaror» kredit olgan birinchi yadroviy loyihadir. Uning barcha to‘rtta qismi ishga tushirilgandan keyin Turkiyaning elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojining 10 foizigacha qoplanishi rejalashtirilgan.

Ushbu davlat korporatsiyasi 2010 yilning 12 mayida Rossiya Federatsiyasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati o‘rtasida hukumatlararo bitim imzolandi va «Akkuyu» AES Mersin viloyatining Gulnar tumanida qurilmoqda. Eng yaqin aholi maskani Buyukedjeli qishlog‘i. Qishloqda 900 nafar odam yashaydi. Aholisi chorvachilik, bog‘dorchilik va baliqchilik bilan shug‘ullanadi.

Rosatom xalqaro bozorda, jumladan, atom elektr stansiyalarini qurish, uran qazib olish va boyitish, yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish, yetkazib berish bo‘yicha 75 yil davomida yangi istiqbolli innovatsion mahsulotlar bozorlarini zabt etmoqda. Vodorod energiyasi, energiya saqlash, yadro tibbiyoti, shamol energiyasi, kompozit materiallar, logistika biznesi, ekologik yechimlar – jami yuzdan ortiq yangi biznes yo‘nalishlari Rosatomning hozirgi mavqeini yetakchi texnologiya gigantlari bilan bir qatorda belgilaydi. Xo‘sh, bu atom elektr stansiyalarining afzalligi nimada? Avvalo, Rossiya tomonidan loyihalashtirilgan atom elektr stansiyalari xavfsiz va har yili iqlim o‘zgarishining asosiy sababi bo‘lgan 210 million tonnadan ortiq issiqxona gazlari chiqishining oldini oladi. 2021 yilda kompaniya «yashil» birja obligatsiyalarining birinchi to‘plamini joylashtirdi.

«Akkuyu» AES har biri 1200 MVt quvvatga yega VVER-1200 avlod III+ reaktorlariga ega to‘rtta energoblokdan iborat bo‘ladi. AESning taxminiy xizmat muddati 60 yil va yana 20 yilga uzaytiriladi.

Dmitriy Vladimirovich Romanets, «Akkuyu» yadro AJ qurilayotgan AES direktorining qurilishi bo‘yicha o‘rinbosari:

– Men har doim orzu qilardim, nahotki mana shunday dengiz bo‘yiga AES qurishning iloji bo‘lmasa deb, mana orzuim ushaldi. AES ishga tushirilgach, yiliga 35 milliard kVt/soatga yaqin quvvat ishlab chiqaradi. Bu hajm yirik metropolni, masalan, Istanbulni elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun yetarli. Darhaqiqat, Akkuyu AES xalqaro atom energiyasi agentligi, Xalqaro yadroviy xavfsizlik maslahat guruhining xavfsizlik standartlari hamda Yevropa va jahon yadroviy hamjamiyatining barcha zamonaviy talablariga javob beradi.

Uzoq muddatli shartnomaga ko‘ra, «Akkuyu» nuklear atom elektr stansiyasini loyihalash, qurish, texnik xizmat ko‘rsatish, foydalanish bo‘yicha majburiyatlarni o‘z zimmasiga oldi.

– AESning birinchi blokini ishga tushirish Turkiya Respublikasi tomonidan qurilishga barcha ruxsatnomalar berilganidan keyin 7 yildan kechiktirmay amalga oshirilishi kerak, – deydi Dmitriy Romanets bizga bergan intervyusida. – Bugungi kunga qadar AES qurilish maydonchasida 20 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlangan, ularning 80 foizga yaqini Turkiya fuqarolaridir. «Akkuyu» AES loyihasida va unga aloqador tarmoqlarda ish o‘rinlarining yaratilishi mintaqa aholisining 30 ming kishigacha ko‘payishi va shunga mos ravishda tovar, xizmatlar bozori, transport va uy-joy infratuzilmasi, mehmonxona qurilishini rivojlantirish uchun sharoit yaratadi.

Anatoliy Kirsanov, sex ustasi: – Men payvandchiman, o‘zbekistonlikman. Ayni paytda AESda payvandlash ishlari bilan shug‘ullanaman. Sharoitlari yaxshi. Tabiati go‘zal. Bu yerda bizga o‘xshab turli mamlakatlardan kelgan ishchilar bor. Hatto ularning farzandlari uchun maktablar ochilgan, tekin uy-joy qilib berishgan.

AES va ekologiya

Albatta, AESning kelajakda ishga tushishirilishi ekologiyaga ta’siri barchani birdek tashvishga solishi bor gap. Atrofi turli o‘simliklardan iborat bu hududda AESni ishga tushirish tabiatga zarar yetkazmaydimi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Yo‘q albatta! Atom energiyasini ishlab chiqarishning afzalligi – issiqxona gazlari chiqindilarining yo‘qligi. «Akkuyu» AESning ishga tushirilishi ko‘mir va gaz asosida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘rnini bosish hisobiga atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqindilarining umumiy miqdorini yiliga o‘rtacha 17 million tonnaga kamaytirishga yordam beradi. Qolaversa, tuproqqa, atmosferaga va dengizga zararli chiqindilar chiqarilmaydi. Bu yerda tez-tez qirqilgan daraxtlar o‘rniga boshqa ko‘chatlar ekish aksiyasi o‘tkaziladi. Dengizdan olinadigan, sovutish tizimida ishlatiladigan va keyin dengizga qaytariladigan suv jismoniy, kimyoviy yoki radiatsiyaviy ta’sirga duchor bo‘lmaydi.

Loyihaning mahalliy hamkorlari

Albatta, biror loyiha amalga oshirilayotganda avvalo uning mahalliy aholiga foydasi ko‘zda tutiladi. Qurilish mahsulotlari sifatliligi bilan dong‘i chiqqan turkiyalik tadbirkorlar AES hududida mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yganlar.

Resep Ajer, «IchtashEndyustriel» texnik ofisi menejeri:

– Kompaniyada ikki yildan ortiq ishlayapman. Korxonada 1850 nafar xodim armaturadan to‘qilgan ustunlar, tirgagichlar, yassi va fazoviy romlar, temir bloklar, ko‘priklar ishlab chiqaradi. Loyihani mahalliylashtirish doirasida bizning kompaniyada xodimlarning 87 foizi Turkiya fuqarolaridir.

Umut Alptekin, kompaniyasning xaridlar va logistika menejeri:

– Men logistika va inventar nazorati uchun javobgarman. Metall konstruksiyalarni ishlab chiqarish bo‘yicha tenderlar o‘tkazamiz. Mahalliylashtirish dasturi doirasida subpudratchilarni xalqaro standartlarga mos ravishda tayyorlaymiz. Kompaniyamiz butun Turkiya bo‘ylab 500 dan ortiq mahalliy subpudratchilar bilan ishlaydi. Bir yilda 60 ming tonna armatura va 20 ming tonna po‘lat materiallar yetkazib beramiz.

Xronika

2010 yil boshlangan «Akkuyu» AES loyihasining amalga oshirilishi oson bo‘lgani yo‘q. Loyihani amalga oshirish uchun qanchadan-qancha hujjatlarga imzo chekilgani, bitim tuzilgani, turli uskunalarni o‘rnatilgani – bularning barchasi juda kata matonat va sabr talab qiladi. Keling, oxirgi 5 yilda amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilamiz.

2017 yil 15 iyun kuni Turkiya Respublikasining Energiya bozorini tartibga solish organi 49 yil muddatga elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun litsenziya bergan bo‘lsa, xuddi shu yili oktyabr oyida kompaniya 1-blokni qurish uchun cheklangan ruxsatnoma oldi.

Oradan bir yildan oshiqroq vaqt o‘tgach AJga AESning 2-blokini qurish uchun cheklangan ruxsatnoma berdi. Bu bo‘linmaning yadroviy xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘lmagan ob’yektlarida qurilish-montaj ishlarini boshlash imkoniyati edi. Muhandislik tadqiqotlari olib borildi, chuqurni o‘zlashtirish tugallandi va reaktor binosining poydevori tayyorlandi.

Shu yili qurilish maydonchasiga 1-qism uchun birinchi katta hajmli yuk eritmani lokalizatsiya qilish moslamasining korpusi, ya’ni eritma tuzoqlari keltirildi. Yana bir xayrli yangilik barchani quvontirdi – Silifke shahrida ishchilarning farzandlari uchun o‘quv maktabi ochildi, ya’ni rossiyalik xodimlarning farzandlari endi ona tilida ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

2020 yil avgust oyida 1-blokda reaktorning quruq himoyasi o‘rnatildi, bu favqulodda vaziyatlarda, shu jumladan, 9 ballgacha bo‘lgan zilzilalar paytida atom elektr stansiyalarining ishonchli ishlashini ta’minlaydigan xavfsizlik elementi hisoblanadi. Sentyabr oyida esa reaktor binosi va 2-blok turbina korpusining poydevor plitalarini betonlash ishlari yakunlandi. Bu yerda ishlar jadallashgandan jadallashib boraverdi – bug‘ generatorlari, yadroviy reaktor kemasi (AES ishlayotgan vaqtda yadro yoqilg‘isi joylashtiriladigan va yadro reaksiyasi sodir bo‘ladigan) keltirildi.

O‘tgan yil dekabr oyida AESning birinchi blokida nasos stansiyasining poydevor plitasi qurilishi boshlandi. Bu yilning mart oyidan to shu kungacha ham bir qancha ishlar amalga oshirildi. Ya’ni 1-blokning reaktor bo‘linmasida reaktor zavodining asosiy jihozlari: reaktor, bug‘ generatorlari, asosiy aylanma nasoslarni bog‘lovchi asosiy aylanma quvur liniyasida payvandlash ishlari boshlandi. Quruvchilar atom energetikasi uskunasini sovutgandan so‘ng dengiz va tuzsizlangan suvni olib tashlashni ta’minlaydigan tushirish kanali va sifon qudug‘ini bir-biriga ulashdi. Ikkinchi energoblokning reaktor binosiga ichki muhofazaning uchinchi qatlami o‘rnatildi. Uchinchi blokda reaktor binosining beton poydevori tugatildi va «erituvchi tuzoq» o‘rnatildi. Shunisi muhimki, bu qurilish maydonida Germaniyada ishlab chiqarilgan sayyoramizdagi eng ulkan Liebherr kranlari mavjud.

Kadrlar

Bunday katta loyihalar uchun eng malakali kadrlar muhim. Shu bois bo‘lajak atom elektr stansiyasi uchun turk kadrlarini tayyorlash bo‘yicha hamkorlik faol rivojlanmoqda. 2011 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda Turkiyadan 220 nafar talaba Rossiya ilmiy yadro universitetida o‘qishni tamomladi. Sankt-Peterburg davlat politexnika universitetini 46 nafar bitirgan bo‘lsa, ayni paytda 51 nafar turkiyalik talaba Rossiyada «Akkuyu» AES uchun mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqda.

Press-tur oxirlayotganda ishtirokchilarga «Akkuyu» Nuklear AJning bosh direktori matbuot kotibi Vasiliy Korelskiy AESning bosh direktori Anastasiya Zoteyevadan tortib eng oddiy ishchilarigacha turk tilida qo‘shiq kuylashdi. Klip «Mehnatkashlar va bag‘rikenglik» kuniga bag‘ishlangan edi. Uzoq davom etgan ekskursiyadan keyin taqdim etilgan dasturning bu badiiy qismi barchaning kayfiyatiga ko‘tarinkilik bag‘ishladi. Tadbir so‘ngida AESning eng baland nuqtasiga chiqib pastda ishlayotgan ishchilarni kuzatdik. Uskunalarning shovqini, mashinalarning ovozi unga qo‘shilib ketayotgan qirg‘oqqa urilgan to‘lqin – barcha-barchasi o‘zgacha holat edi. Buni faqatgina lentaga va suratga muhrlash muhimroq, chunki ta’riflashga so‘z ojizlik qiladi.

Tadbirimizning ikkinchi qismi banan plantatsiyasi, qulupnay bog‘i, shahar merining suhbati bu alohida mavzu.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring