Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Albert Eynshteyn. Ikki nikoh va ikki o‘g‘il

Albert Eynshteyn. Ikki nikoh va ikki o‘g‘il

Bir necha yil muqaddam men Germaniyaning janubiy qismidagi mo‘’jaz shaharlardan birida do‘stim bilan sayr qilib yurar edim. Shunda u daf’atan baqqollik do‘koni joylashgan uy derazasini ko‘rsatib: «Hov yuqori tomondagi uy derazasini ko‘ryapsizmi? O‘sha yerda Eynshteyn tug‘ilgan», – dedi.

Men shu kunning o‘zidayoq Eynshteynning amakisi bilan uchrashdim. U menga qandaydir odatdan tashqari qobiliyatga ega bo‘lgan odamday taassurot qoldirmadi. Bunga hayratlanmasa ham bo‘ladi, chunki Albert Eynshteynni ham yoshligida hech kim kelgusida ulkan darajaga erisha oladi, deb o‘ylamagan. Agar hozirgi paytda o‘z avlodi orasida eng zakovatli deb hisoblansa hamki, o‘sha yillarda u o‘lguday sust, uyatchan va qoloq bola bo‘lgan. Albert, hatto gapirishni ham nihoyatda qiyinchilik bilan o‘rgangan. Bu bola shunchalik ovsar ediki, o‘qituvchilar undan umidini uzgan, hatto ota-onasi o‘g‘lining aqliy qobiliyatidan xavotirga tushgan edi.

Eynshteynning o‘zi ham kunlarning birida dunyodagi eng mashhur kishilardan biriga aylanganidan hayratga tushgan. Matematika professori besh qit’a gazetalarining birinchi sahifasida tilga olinishining o‘zi butunlay g‘alati holat edi. Aslida, u o‘zining ehtimollik nazariyasi kabi g‘ayrioddiy edi. Eynshteyn ko‘pchilikning miyasini mahv etgan shon-shuhrat, boylik va hashamatga aloqador g‘oya va o‘y-xayollarga nisbatan faqat nafrat hissini tuyar edi. Atlantika okeani bo‘ylab suzadigan ulkan kema kapitani Eynshteyn uchun eng go‘zal kayutalardan birini ajratib, uni taklif qilganida, olim keskin rad etgan, alohida imtiyozga rozi bo‘lgandan ko‘ra rul chambaragiga o‘tirib, sayohat qilishni afzal ko‘rgan edi.

Eynshteyn ellik yoshiga yetganida, Germaniya hukumati uni misli ko‘rilmagan izzat-ikrom bilan siyladi: Potsdamda maxsus byust o‘rnatildi. Hashamatli qasr hamda yelkanli yaxta Eynshteynga umumxalq mehr-muhabbati va bir umrlik tahsin ramzi sifatida tavsiya etildi. Ammo u keyinchalik, bir necha yildan so‘ng hammasidan mahrum bo‘lib, hatto o‘zining ota yurtiga qaytib ketishdan xavotirlanar edi.

Eynshteyn Belgiyada haftalab yopiq eshik ortida yashar, dahlizida esa politsiyachi soqchilik qilardi.

Nyu-Yorkka, Prinstondagi oliy tadqiqotlar institutiga matematika professori lavozimini qabul qilish uchun kelganida, u reportyorlar bilan uchrashuvdan butunlay bosh tortgan, ko‘pchilikning diqqat-e’tiborini o‘ziga tortishni mutlaqo istamagan. Bu holatdan qutulishi uchun do‘stlari Eynshteyn tushgan kema sohilga yaqin kelmay turib, uni tezgina kemadan olib, avtomobilga o‘tqazishga majbur edilar.

Eynshteyn zamondoshlaridan faqat yigirma kishi uning nisbiylik nazariyasini tushunganini qayd etgan. Vaholanki, bu nazariyani izohlab berish uchun turli mualliflar tomonidan to‘qqiz yuzdan ziyod kitob yozilgan edi.

Eynshteynning o‘zi nisbiylik nazariyasini juda oddiy misollar yordamida tushuntirgan: «Agar siz bir soat vaqtni chiroyli qiz bilan o‘tkazsangiz, bu o‘zingizga xuddi bir daqiqa o‘tgandek tuyuladi. Ammo qizib turgan plita ustida bor-yo‘g‘i bir daqiqa o‘tirsangiz, sizga bir soatday tuyuladi. Mana shu nisbiylik nazariyasining o‘zidir! Bu men uchun anchayin ishonchli ko‘rinadi. Shu bilan birga agar siz mazkur izohga gumonsirab, ishonmaydigan bo‘lsangiz, u holda men qiz bilan vaqt o‘tkazaman va bu paytda siz qizib turgan plita ustida o‘tirasiz».

Aytish joizki, Eynshteyn ikki marta uylangan edi. Uning birinchi nikohidan ikki o‘g‘il dunyoga kelgan, ikkalasi ham ajoyib bolakaylar bo‘lib, ammo daholik alomatlari ko‘rinmasdi.

Eynshteyn xonim, hatto nisbiylik nazariyasini tushunmagan ham. Ammo u ayollar uchun muhim bo‘lgan bir narsani juda yaxshi anglar edi: xonim erini binoyiday tushunardi. U o‘z odatiga ko‘ra, do‘stlarini bir piyola choyga taklif qilar, bu davraga erini ham qo‘shilishga undar edi. « Yo‘q! – xitob qilardi Eynshteyn jazavaga tushib. – Yo‘q, yo‘q va yana yo‘q! Men uydan chiqib ketaman. Bunday bema’nilikka toqatim yo‘q!»

Frau Eynshteyn o‘zini vazmin tutdi, u erining his-tuyg‘ulari tingunga qadar kutar, shundan so‘ng ayrim diplomatik hiylalarni ishga solib, uni baribir choyxo‘rlikka kelishga majbur eta olardi. Shu tariqa keskinlikni yumshatishga muvaffaq bo‘lardi. Frau Eynshteynning aytishicha, eri fikr yuritishda tartibga rioya qilsa-da, ammo o‘zining hayotida uni yoqtirmasdi.

Eynshteyn o‘zi xohlagan ishni istagan paytda bajargan. U faqat ikki qoidaga amal qilardi. Birinchisi: hech qanday qoidaga ega bo‘lma. Ikkinchisi: boshqalarning fikriga qaram bo‘lma.

Eynshteyn juda kamtarona hayot kechirgan. U eski, dazmollanmagan kiyimlarni kiyib ketavergan, shlyapani onda-sonda boshiga ilgan, vannada hushtak chalib, qo‘shiq aytgan. Bu mashhur olim duch kelgan joyda maxsus krem ishlatmay soqolini olaverar, oddiy sovun bilan kifoyalanar edi. Koinotning chigal muammolarini hal etishga harakat qilgan bu kishi, turli maqsadlar uchun foydalaniladigan ikki nav sovun hayotni haddan ziyod murakkablashtiradi, deb hisoblar edi.

Eynshteyn kaminada juda baxtiyor inson sifatida taassurot qoldirgan. Uning baxt to‘g‘risidagi falsafasi men uchun nisbiylik nazariyasiga nisbatan ko‘proq ahamiyatga ega. Buni juda ulug‘vor falsafa deb o‘ylayman. Eynshteyn o‘zining hech kimdan hech nima istamasligini baxtdan iborat, deb hisoblar edi. U pullar, unvonlar hamda shon-shuhratga muhtoj bo‘lmagan. U o‘zining ishini skripkada kuy chalish va yelkanda suzish kabi oddiy mashg‘ulot deb hisoblar va shu tufayli masrur edi.

Skripka Eynshteynga hayotda har qanday narsadan ko‘proq quvonch baxsh etgan edi. U ko‘pincha, «Men musiqa orqali o‘ylayman va uning yordamida o‘z fikrlarimni ro‘yobga chiqaraman», der edi.

Bir kuni Eynshteyn Berlin bo‘ylab tramvayda borar ekan, konduktorga qaytimni noto‘g‘ri hisoblaganini aytadi. Chipta nazoratchisi qaytimni yana bir bor hisoblab, o‘zining haqligiga ishonch hosil qiladi va Eynshteynga berar ekan: «Barcha kulfatlaringiz sababi shundaki, siz butun umr to‘g‘ri sanashni o‘rgana olmadingiz», – deydi.

Deyl Karnegining «Mashhur insonlar hayotidan 

noma’lum sahifalar» kitobidan

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring