Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Amerikaga ketish yo‘llari, Grin karta va AQSh vizasi...» — Okean ortida yashayotgan vatandosh bilan suhbat (video)

«Amerikaga ketish yo‘llari, Grin karta va AQSh vizasi...» — Okean ortida yashayotgan vatandosh bilan suhbat (video)

AQShda 12 yildan beri yashab kelayotgan jurnalist vatandoshimiz, «Amerika ovozi» muxbiri Behzod Mamadiyev bilan shu masalalar yuzasidan suhbat uyushtirildi.

Amerikaga ketishning qanday yo‘llari bor?

Amerikaga qonuniy immigratsiya yoki vaqtincha kelib o‘qish, ishlash uchun albatta imkoniyat bor.

Birinchisi hammaga ma’lum — bu Grin karta o‘ynash. Har yili O‘zbekistonga 5000 atrofida o‘rin ajratiladi. Mana shu o‘yinlar uchun har yili oktyabr oyida arizalar topshirilsa, may oyida javoblari ma’lum qilinadi. Agar sizga Grin karta chiqsa, demak Amerikaga butun oilangiz bilan kelib yashash, ishlash, o‘qish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Besh yil yashaganingizdan keyin siz bu yerda fuqarolik olishingiz ham mumkin. Grin kartaga ariza topshirish uchun hech qanday majburiy shartlar mavjud emas, faqat maktab yoki kollejni tugatgan bo‘lishingiz kifoya. Ingliz tilini bilish shart emas. 12 yillik ta’limni tugatgan istalgan kishi Grin kartaga hujjat topshirishi mumkin.

Ikkinchisi, talabalik vizasiga ega bo‘lib, o‘qish uchun Amerikaga kelish mumkin.

Buning uchun AQShdagi til kursi yoki oliy o‘quv yurti sizni o‘qishga qabul qilgan bo‘lishi lozim. Talabalik vizasini olish uchun sizning grant yutganingiz yoki o‘z hisobingizdan o‘qimoqchi ekanligingiz muhim hisoblanadi.

Lekin o‘qishga qabul qilingan bo‘lsangiz ham suhbatga kirganingizda, birinchi navbatda, «haqiqatda o‘qish uchun borayapsizmi, ishlash uchunmi, u yerda qolib ketish uchunmi» deb so‘rashadi. Rostdan ham o‘qishga ketayotgan bo‘lsangiz, o‘qish xarajatlari kim tomonidan va qanday qilib qoplanishi bilan qiziqishadi. O‘z hisobingizdan o‘qimoqchi bo‘lsangiz, bank hisob raqamlari haqidagi ma’lumot so‘raladi. Mana shu ma’lumotlar to‘liq taqdim etilgan taqdirda ham siz viza beruvchilarni o‘qish uchun ketayotganingizga ishontira bilishingiz zarur.

Mabodo ular sizga ishonishmasa, viza olish imkoniyatini qo‘ldan boy berasiz.

Aslida ularni ishontirib, viza olganidan so‘ng muddati tugaganiga qaramasdan noqonuniy ravishda Amerikada qolib ketayotganlar, qonunni buzib ishlayotganlar, masalan, sayyohlik vizasi yoki talaba bo‘lib borib ham noqonuniy ravishda ishlab qolayotganlar borligi uchun viza olish imkoniyatlari qiyinlashib bormoqda.

O‘zbekiston fuqarolari tomonidan mana shu kabi immigratsiya tartibini buzayotganlar ko‘p bo‘lgani, bu ma’lumotlar Amerika hukumatida mavjudligi sababli ular har bir vizaga ariza topshiruvchini potensial qonun buzuvchi sifatida ko‘radilar. Afsuski, bu ularning qonuniy haq-huquqiga kiradi.

Shu tufayli rostdan ham o‘qishga kelmoqchi bo‘lganlarning ko‘p qismi viza olish imkoniyatidan bebahra qolmoqda.

Amerika hukumati Grin kartachilarga moddiy yordam beradimi?

Amerika hukumati Grin karta yutganlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam bermaydi, bu hammasi ularning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi. Bu yerda hech kim sizga kelish chiptasini olib bermaydi, kimdir kutib olmaydi yoki sizni tayyor ish bilan ta’minlamaydi. Hammasi o‘zingizga bog‘liq bo‘ladi.

Nyu-Yorkda o‘zbekistonliklar jamiyati bor, o‘sha yerdan hamma o‘ziga yaqin kishini izlaydi. Shuning natijasida Nyu-Yorkda o‘zbeklar juda ko‘p uchraydi. Ko‘pchilik til bilmaydiganlar, albatta, o‘ziga o‘xshaganlarning oldiga kelishga harakat qiladi, til bilmasa ham yashashga qo‘nim topishi, ishlash uchun ish topish imkoniyatiga ega bo‘lishi mumkin. Nyu-Yorkda ko‘plab rusiyzabonlar yoki o‘zbeklar tomonidan tashkil etilgan bizneslar bor. Shu yerda bemalol ishlash imkoniyati mavjud.

Oilali odamlar sharoitga qarashi kerak bo‘ladi. Sababi, birdaniga besh kishilik oila bilan Amerikada qiynalib qolishlari mumkin. Vizani qo‘lga olishganidan keyin oila boshi avval borib, sharoitni to‘g‘irlab olganidan so‘ng qolganlarni chaqirsa, albatta, ularning o‘ziga ham oson bo‘ladi.

Grin karta bilan yangi kelganlar bepul oziq ovqat, sug‘urta polislari olishlari mumkin. Bu albatta Grin karta olib Amerikaga kelganlar uchun emas, mamlakatning tub aholisi tarkibidagi ijtimoiy yordamga muhtoj aholi uchun ajratilgan yordam sirasiga kiradi.

Bunday yordam uchun ham Grin karta yutgan kishilarning o‘zlari ariza topshirishlari kerak bo‘ladi. Biroz muddat o‘tganidan keyin ular ushbu yordam dasturidagi imkoniyatlardan foylanishlari mumkin.

O‘z ijtimoiy ahvolini to‘g‘irlab ish, joy topguncha shu kabi imtiyozlar bor.

Farzandlar ta’limiga keladigan bo‘lsak, xususiy maktablar mavjud. Bolalarini o‘sha yerda o‘qishga berish mumkin. Odatda maktab rahbariyati bu kabi o‘quvchilarni yaxshi bilishadi, ular bepul qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tishadi. Til bilish darajasini oshirish uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilishadi.

Yangi prezident davrida migrantlarga qanday yengilliklar berildi? Grin karta bo‘yicha qanday yangiliklar bor?

Donald Trampga nisbatan yangi prezident migrantlarga ancha ijobiy munosabatda. U muhojirlarni qoralab, yomon otliq qilmaydi.

Bu, albatta, Bayden hamma muhojirlarga quchog‘ini ochadi, ularni bemalol qabul qiladi, degani emas. Hozirda qisqa muddat ichida Amerika immigratsiya tizimida keskin o‘zgarishlar yuz berishi kutilayotgani yo‘q. Yangi prezident davrida ham viza olish tartibi o‘zgarmasdan saqlanib qolmoqda. Faqatgina ba’zi bir musulmon davlatlariga qo‘yilgan taqiqlar bekor qilindi.

Grin karta olish tartibi o‘zgarishi uchun albatta qonun o‘zgarishi kerak. Bu faqat prezidentga bog‘liq emas. Amerikada 11 milliondan ortiq noqonuniy yashab turganlar mavjud. Bular orasida o‘zbekistonliklar ham bor. Hozirda mamlakatda noqonuniy yashab yurganlarga qonuniy maqom berish haqidagi takliflar bildirilmoqda, ammo bunga respublikachilar keskin qarshilik ko‘rsatishyapti. Shu tufayli bu taklif kongress tasdig‘ini topishi aniq emas. 

O‘zbekiston va Amerika o‘rtasidagi 5 ta farqni sanab bering?

Bu savolga har kim o‘z qarashlari bilan javob berishi mumkin. Farqlar beshta emas, bundan ko‘p miqdorni tashkil etadi. Ba’zilarini sanab o‘tish mumkin. Amerika boy davlat. Iqtisodiyoti bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rindagi qudratli davlat, O‘zbekiston esa endi rivojlanayotgan davlatlar sirasiga kiradi.

Amerikada qonun ustuvorligi — eng birinchi masalalardan biri. Prezident ham oddiy fuqaro kabi qonun oldida teng. Qonun buzilish holatlarida har ikkisi ham bir xil javob beradi.

Inson qadri va sha’ni qattiq hurmat qilinadi, istisno holatlari ham mavjud. Masalan rasizm, irqchilik holatlari yuz bergani haqida xabarlar tarqaladi, ammo shunga qaramasdan, inson qadri baland.

Siz qaysi davlat, irq, jinsga mavjud bo‘lishingizga qaramasdan, hatto noqonuniy muhojio bo‘lsangiz-da, haq-huquqlaringiz himoya qilinadi.

Masalan, ayrim shtatlarda haydovchi yo‘l qoidasini buzgan taqdirda ham  politsiyachi tomonidan uning immigrant maqomi haqida so‘rash qat’iy taqiqlanadi. Faqat politsiya xodimi qonun doirasida ish tutishi kerak bo‘ladi. Jarima yozishi yoki uni tartibga chaqirib qo‘yishi mumkin. Xodim noqonuniy yashab turgan fuqaroni aniqlab, deportatsiya bo‘limiga xabar berish maqomiga ega emas. Hamma o‘z ishini qiladi.

Bu yerda shaxsiy dahlsizlik huquqi ham qattiq himoya qilinadi. Balog‘atga yetgan fuqaro qonunlarni buzmagan holda o‘z bilganicha yashashi mumkin. Nimaga soqol qo‘yding, ma’naviyat qayerda qoldi, degan gaplar bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda esa mustaqil hayotga qadam qo‘yganingizga qaramasdan, har doim odamlar nima deydi, jamiyat bunga qanday qaraydi, degan savollar og‘ushida yashaysiz. O‘zbekistonda masalan ayrim insonlarga tegishli masalalarni jamiyat atrofida muhokama qilishni yaxshi ko‘rishadi.

Hozircha xayolimga kelgan farqlar mana shular, ammo bu kabi misollar ko‘plab topiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring