Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Avokado: sog‘lomlik sari – «yashil oltin»dan «qonli olmos»gacha

Avokado: sog‘lomlik sari – «yashil oltin»dan «qonli olmos»gacha

foto: chatgpt

Internetga «avokado» deb yozing: ko‘z oldingizda dunyo oshxonasi ochiladi.
Turli retseptlar, ovqatlanish tavsiyalari, kosmetika kremlari, savollar: avokadoni chiroyli kesish, avokado sendvichlarini qanday iste’mol qilish kerak, nonushta uchun avokado yesa bo‘ladimi, avokadoni xomligicha yeyish mumkinmi, avokadoning mazasini qanday saqlab qolsa bo‘ladi, u po‘sti bilan yeyiladimi yoki po‘stloqsiz iste’mol qilish kerakmi?...

Avokado «intellektual», «o‘ziga g‘amxo‘r» insonlar tanlovidek. U nafaqat yegulik, balki sog‘liq, chiroy, energiya. Avokado hozir taomlanish modasining eng tepasida turibdi. Turli restoranlar, to‘ylar, mehmondorchiliklar usiz o‘tmaydi. Bu meva qimmatligi uchun bizda deyarli trendda emas, ammo keyinchalik banandek kundalik yeydigan mevalar qatoriga kiradi shubhasiz.

Inson tanasi uchun foydali yog‘ kislotalariga ega bo‘lgan mazali, silliq va to‘yimli meva xorij oshxonalarining asosiy taomlaridan biri, ammo biz ham taom borasida ortda qoladiganlardan emasmiz...  

Avokadoning tarixi

Olimlar, avokado qayerda paydo bo‘lgan degan savol bo‘yicha hamon izlanishda. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, avokadoning vatani Meksikaning janubi-markazidagi Puyebla hududida g‘alati, ammo mazali meva ilk marta gullagan va taxminan 10 000 yil oldin mahalliy aholi tomonidan iste’mol qilingan. Bundan tashqari, Mesoamerika qabilalari avokado daraxtini (Persea Americana) 5000 yil oldin xonakilashtirishgan. Avokado mahalliy xalqlar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan, chunki u oziq-ovqat hisoblangan. Astek qabilasi meva uni iste’mol qilganlarga kuch beradi, deb ishongan va qadimgi mayyaliklar o‘z kalendarining o‘n to‘rtinchi oyini avokado bilan ifodalagan.

16-asrda ispan tadqiqotchilari avokado bilan uchrashganda, meva Atlantika okeanini kesib o‘tdi. 1521-yilga kelib, meva ispanlar tomonidan boshqa joylarda sotilgunga qadar Markaziy Amerika va Janubiy Amerikaning ba’zi qismlariga tarqaldi.

Avokadoning o‘ziga xos katta urug‘i evolyusiya mo‘’jizasidir. Allaqachon yo‘q bo‘lib ketgan mamontlar, ya’ni sut emizuvchilar bir paytlar nok shaklidagi mevalarni butun holda iste’mol qilgan va sayohatlari davomida urug‘ini «ekib ketishgan», degan taxminlar ham mavjud.

 «Yashil oltin»

Uni bejizga «yashil oltin» deyishmaydi, talab shu qadar yuqoriki, katta iqtisodiy foyda keltirmoqda... Meksika eng ko‘p avokado yetishtiradi, ammo asosan Shimoliy Amerika, Yevropa va Osiyoda iste’mol qilinadi. Har yili dunyo bo‘ylab 11 milliard funt avokado iste’mol qilinadi. Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat Germaniyada 2008-va 2018-yillar oralig‘ida unga talab besh baravar oshdi.

Aslida avokado shov-shuvi ilk bor Amerikada paydo bo‘lgan. Hukumat 87 yil davomida importga taqiq qo‘ygan bo‘lsada, (chunki bu qishloq xo‘jaligi uchun xavf tug‘diradi, deb hisoblangan) 1994-yilda AQSh, Kanada va Meksika  (NAFTA) erkin savdo shartnomasini imzoladilar. Va shundan so‘ng  avokadoning ommaviy eksporti boshlandi. Shimoliy Amerika erkin savdo bitimidan katta foyda ko‘rdi. 2005-yilga kelib, Meksika avokadosi Amerikadagi barcha supermarketlarda mavjud, hozirda sayyoradagi meva uchun eng muhim bozor hisoblanadi – iste’mol atigi 10 yil ichida ikki baravar oshdi. Mekcikadan kelgan avokadolar qishloq xo‘jaligi sohasida reklama uchun pul to‘lagan birinchi brend edi:  meva yetishtirish hajmi 2003 yilda taxminan 800 000 tonnadan 2022-yilda 1,8 million tonnadan oshdi. Xuddi shu davrda AQShda avokado iste’moli to‘rt baravar ko‘paydi.

Ilgari avokado faqat boylar va gurmanlar uchun noyob yegulik hisoblangan, keyinchalik ular har bir do‘konda paydo bo‘ldi. Bugungi kunda amerikaliklar yiliga o‘rtacha 3,2 kilogramm meva iste’mol qiladi –10 ta avokadadan 9 tasi Meksikadan, to‘rtdan uch qismi Michoasandan keladi. Ushbu hududdagi avokado yetishtirish 196 000 futbol maydoniga teng, mintaqaviy iqtisodiyoti yiliga 2,5 milliard dollar atrofida bozor qiymatiga ega.

Ochko‘z avokado...

Avokado mazali va to‘yimli – bizning tanamiz uchun juda foydali...  Doimo tanamiz uchun foydali narsalarga o‘chmiz, ammo uning atrof-muhitga foydasi qanday, zarari-chi? U tufayli zarar ko‘rayotgan tabiat oxir-oqibat bizning sog‘lig‘imizga tajovuz qilmaydimi? Undan voz kechsak sog‘lomroq bo‘lamizmi, kelajak avlod-chi?

Avokado tuproqdagi barcha ozuqa moddalarini o‘ziga oladi, ushbu mevani yetishtirish uchun zarur bo‘lgan bir necha litr suv tufayli suv ta’minoti buziladi, tuproq degradatsiyasi, eroziyasi – bularning barchasi tabiiy resurslarga bosim o‘tkazadi. Dunyodagi eng yirik avokado yetishtiruvchi Meksikadagi fermerlar va boshqa mamlakatlar ekotizim uchun zarur bo‘lgan o‘simliklar o‘rniga avokado daraxtlarini ekayotgani bois, o‘rmonlar kesilmoqda. Nafaqat o‘rmon kesiladi, balki avokadolarni tashiydigan transportlardan chiqadigan gazlar sayyorani ifloslantiradi. Masalan, men Meksika avokadosini yeyishim uchun u 20 000 kilometr yo‘l bosishi kerak. Agar uni osmon orqali yetkazishsa havoga yuqori darajada uglerod chiqadi, agar avokadolarni Atlantika okeani bo‘ylab olib chiqishsa energiya va sovutish kuchi talab qilinadi. Va nihoyat, uning atrof-muhitga eng dahshatli ta’siri – suvga bo‘lgan talabi. Ya’ni bitta avokado daraxti kuniga 91 litr suv ichadi, bu degani bir kg. meva uchun 1280 litr suv ketadi degani. Lotin Amerikasi atrof-muhit mutaxassisi Viridiana Ernandesning so‘zlariga ko‘ra, «har bir bo‘lak avokado tosti (nonning ustiga avokada pyuresi surtilib tayyorlanadigan buterbrod) Michoacanning quruqligi, o‘rmonlari va suv ta’minotiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi».

Shuningdek, dunyoning turli burchaklaridan kelayotgan katta talabni qondirish uchun hududdagi ko‘plab fermerlar mahalliy ekinlardan voz kechib, «unumdor tuproqlarni yemiruvchi va agrokimyoviy moddalarga» talabi yuqori hosildor navlarni tanlashmoqda.

Meksika rasmiylarining hisob-kitoblariga ko‘ra, avokado ishlab chiqarish 2010-va 2020-yillar orasida yiliga 1173 dan 10 000 gektargacha o‘rmonning yo‘q qilinishiga olib keldi. 2021-yilda tadqiqotchilar yo‘qotilgan o‘rmonlar jami 36 000 ga yaqinroq ekanligini aytishdi. Bu o‘rmonlarning kesilishidan aziyat chekayotgan ko‘plab turlar orasida monarx kapalaklari ham bor.

Avokado savdosi shunchalik daromadliki, Michoasan shahrida fermerlar eman va qarag‘ay daraxtlarini hayratlanarli darajada kesishmoqda, yomg‘irli mavsum taxminan olti oydan uch oygacha qisqardi. Chunki qarag‘ay bulutlarni o‘ziga chaqiruvchi daraxt hisoblanadi. Bugungi kunda Michoacandagi yer osti suvlari yo‘qolib, uning havzalari qurib bormoqda. 2021-yilda mamlakat hududining qariyb 85 foizi qurg‘oqchilikni boshdan kechirayotgan edi va ekspertlarning taxminiga ko‘ra, shtatdagi Kuitseo ko‘li o‘n yil ichida yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. Mintaqada suv borgan sari chuqurliklarga ketib qolayotgani bois, kichik zilzilalar odatiy holga aylangan. Avokado savdosi uchun har kuni 9,5 milliard litr suv sarflanadi, bu 3800 ta Olimpiya basseynlariga teng – Michoacandan suvning haddan tashqari ko‘p olinishi kutilmagan oqibatlarga olib keladi, masalan, kichik zilzilalar. 40 kun ichida yanvar - fevral oylarida Uruapan hududi va uning atrofida 3247 ta seysmik harakat qayd etilgan, bu dunyodagi eng muhim avokado yetishtiruvchi hudud hisoblanadi. Avokado bu o‘zgaruvchan iqlim sharoitida omon qolishi noma’lum. Ammo Michoacanda, uning aholisi avokadodan omon qola oladimi yoki yo‘qmi, eng dolzarb savol shu.

Bir tomondan, avakado yetishtirish shunchalik foydaliki, hatto bir necha gektar avokado daraxti bo‘lgan fermer o‘z farzandlarini kollejga yuborish yoki yangi yuk mashinasi sotib olish uchun yetarli pul topadi. Boshqa tomondan, avokado ishlab chiqarishning iqtisodiy muvaffaqiyati – yiliga 3 milliard AQSh dollari miqdorida Meksikaning pivo va tekila sanoatidan oldinda.

Inson qurbonligi

Kartellar ya’ni uyushgan jinoiy guruhlar o‘zlari xohlagan narsaga erishish uchun kuch ishlatadilar. Ularning taktikasi avokado plantatsiyalarini egallab olish, o‘z bog‘larini yaratish uchun o‘rmonlarni yo‘qotish va fermerlardan «himoya solig‘i»ni to‘lashni talab qilish. Terimchilar kartellar tomonidan hech qanday maoshsiz qurol bilan ishlashga majburlangan, qarshilik ko‘rsatgan fermerlar qiynoqqa solingan va o‘ldirilgan.

Darhaqiqat, kartellarga qarshi turadigan har bir kishi xavf ostida. Eng dahshatli misollar: 2019-yilda o‘ldirilgan 19 kishi. Ularning jasadlari Michoacan shtatining Uruapan shahri atrofidan topilgan.

Kartellar, shuningdek, monarx kapalaklarini avokado bog‘lariga tajovuz qilishdan himoya qilish uchun ishlayotgan faollarni, jumladan kapalak qo‘riqxonasi menejerini ham nishonga olishgan, uning jasadi  qo‘riqxonadan g‘oyib bo‘lganidan taxminan ikki hafta o‘tib topilgan. Ammo o‘zlarining suvini, o‘rmonini va bog‘larini himoya qilish uchun kartellarga qarshi kurashadigan guruhlar ham mavjud – Michoacan shahridagi Cheran, Purepecha xalqlaridir. 2011-yilda korrupsiya va jinoyatchilikdan, jumladan avokado bog‘lariga yo‘l ochish uchun o‘rmonlarning noqonuniy kesilishidan xavotirda bo‘lgan mahalliy ayollar qo‘zg‘olon uyushtirdilar, bu esa aholining o‘zini o‘zi boshqarishni e’lon qilishiga olib keldi.  

Meksikaning g‘arbiy tomonidagi "O‘zini himoya qilish" guruhining 500 nafar hushyorlari 2021 yil 27 noyabr kuni yig‘ilib, politsiyaga kartellar hujumiga qarshi yordam berishmoqda.

«The guardian» nashrining muxbiri Aleksandr Sammon Meksikaning Cheran hududidan tayyorlagan maqolasida o‘rmonlarning qanday halok bo‘layotganini tasvirlaydi: «Yong‘in tezda shaharning qarag‘ay daraxtlari qatoriga o‘tib, Cheran o‘rmonida ko‘tarildi. Edgar, ko‘ngillilar – jami 80 kishi yong‘inni bostirishga harakat qilishdi... Ammo yo‘qotishlar o‘sishda davom etdi, chunki qutqarilgan daraxtlarning ko‘pchiligi keyinchalik halokatga uchradi. To‘rt gektar qarag‘ay yonib ketgan.

Mintaqada o‘rmon yong‘inlari katta tashvish tug‘diradi va ularning taxminan 40% hozirda avokado uchun mo‘ljallangan. O‘rmonlar tez va beparvolik bilan yondiriladi yoki tekislanadi. O‘rmonlarni qayta tiklash kampaniyasi ham suv siyosatidir. Qarag‘ay daraxtlari chiqaradigan bug‘lar bulutlarga yordam berishi mumkin, bu men qayta-qayta eshitgan – daraxtlar yomg‘ir keltiradi degan tushunchani tasdiqlaydi. Uzun bo‘yli qarag‘aylarning chuqur ildiz tuzilishi, yog‘ingarchilikni yer osti suvlariga aylantirishga yordam beradi. Yetuk bitta avokado daraxti 14 ta katta qarag‘aydan ko‘proq suv talab qiladi.

Avokado nafaqat sog‘lik «u ochko‘zlikni, shuhratparastlikni keltirib chiqaradi», deb hisoblashadi kartellar hujumiga uchragan fermerlar».

Jamiyat a’zosi o‘rmonni noqonuniy daraxt kesuvchilardan himoya qilmoqda, Cheran shahri

Boshqa joylarda avokado savdosi inson huquqlarining buzilishini ham keltirib chiqarmoqda. Keniyada joylashgan, ammo Britaniyaning Camellia qishloq xo‘jaligi kompaniyasiga tegishli bo‘lgan Kakuzi avokado fermasi ko‘plab zo‘ravonlik, jumladan kaltaklash, zo‘rlash va qotillik bilan bog‘liq. Bir holatda, Kakuzi qo‘riqchilari avokado o‘g‘irlagani uchun bir odamni o‘lguncha kaltaklashgan. Mahalliy ayollar kompaniya qo‘riqchilari ularga jinsiy tajovuz qilgani haqida ham ma’lumotlar bor. «Meni Kakuzi qo‘riqchilari zo‘rlashdi va bu oilamga qimmatga tushdi», dedi Marium Vanja, uning eri hujumlar natijasida ikki farzandi bilan uni tashlab ketgan.

Avokadoning uchinchi yirik eksportchisi bo‘lgan Chilida inson huquqlarining buzilishi chuqur yer ostiga ko‘milgan. Chilining Petorka shahridagi avokado plantatsiyalarining ko‘plab egalari daryolar va suv qatlamlaridan suvni yo‘naltirish uchun noqonuniy quvurlar o‘rnatganlar, bu mahalliy suv ta’minotini quritgan va qurg‘oqchilikka moyil bo‘lgan mintaqadagi qishloq aholisini yuk mashinalari tomonidan yetkazib beriladigan notoza suvdan foydalanishga majbur qildi. «Petorka insonning suvga bo‘lgan huquqi buzilishining milliy epitsentridir, bu yerda 40 000 aholi suvga muhtoj», – dedi Rodrigo Mundaka, Suv va yerni himoya qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish harakati rahbari.

Bundan tashqari, avokadolarni terib, qadoqlaganlar ko‘p qiyinchiliklarga duch kelishadi, jumladan og‘ir ish sharoitlari, oz ish haqi, sog‘liqni saqlash yoki imtiyozlarning yetishmasligi va noqonuniy ish soatlari. Masalan, Michoasan shtatining Uruapan shahridagi avokado qadoqlash zavodi ishchilari haftasiga 130 AQSh dollari evaziga kuniga 12 soat ishlashadi.  

So‘nggi ikki yil ichida Uruapan Meksikaning eng xavfli shaharlaridan biriga aylandi. Meksikaning statistika agentligi 2018 yilning o‘zida 297 kishining o‘ldirilishini qayd etdi – bu raqam odatda faqat urush bo‘lgan hududlarda qayd etiladi.  

Michoasanda raqobatchi Jalisco Nuyeva Generacion va Los Viagras kartellari o‘rtasida ziddiyat kuchaymoqda. Kokain, marixuana va boshqa giyohvand moddalar hali ham ularning asosiy biznesidir. Jinoiy kartellar soni o‘tmishda to‘rtta bo‘lsa, 250 jinoiy birlikkacha ko‘tarildi –jinoiy faoliyatga neft o‘g‘irlash, oddiy o‘g‘irlik, fohishalik, inson a’zolari savdosi va himoya raketasi kiradi, endi esa avokado savdosi ham qo‘shildi.

Borgan sari ko‘proq begunoh odamlar jabr ko‘rmoqda. Fevral oyi boshida Uruapandagi raqobatchi kartellar bir-biri bilan urushib, atigi uch kun ichida 20 kishi halok bo‘ldi.

«Qonli olmos»

AQShning 80 foiz iste’mol talabini ta’minlaydigan Meksika avokadalari shu bois «qonli olmos» degan nom oldi. Ya’ni avokadoning foydali imidjini uning savdosi bilan bog‘liq o‘t qo‘yish, tahdid va qotilliklar buzmoqda.

Ammo ushbu mevani boykot qilish ham yechim emas. Chunki Michoacanda aholining 34 foizi qishloq xo‘jaligida ishlaydi va avokado savdosi yuz minglab ish joylarini ta’minlaydi. Boykot, allaqachon kartellarning bir qismi bo‘lishini istamaydigan qashshoq guruh uchun iqtisodiy jihatdan halokatli bo‘lishi mumkin.

Shuni ham yodda tutingki, AQSh avokado sanoatidagi fermer xo‘jaliklari ishchilari soatiga atigi 14,77 dollar ishlab olishadi (2021-yilda). Va bu ishchilar qishloq xo‘jaligi ishchilari orasida keng tarqalgan bir xil adolatsizliklardan aziyat chekmoqda, ularning aksariyati muhojirlar – issiqlik va qishloq xo‘jaligi kimyoviy moddalari, sifatsiz uy-joy, og‘zaki yoki jismoniy haqorat va kamsitish kabi.

Bu muammolarning oxiri ko‘rinmaydi, chunki o‘g‘irlik va zo‘ravonliklar orasida avokado savdosi jadal rivojlanishi kutilmoqda. O‘tgan yili o‘tkazilgan tadqiqot Michoasandagi avokado uchun foydalaniladigan yerlar miqdori 2050-yilga kelib 80 foizdan ko‘proqqa oshishi mumkinligini taxmin qildi.

Bularning barchasiga qaramay, avokadoning atrof-muhitga ta’sirini kamaytirish uchun ba’zi yechimlar mavjud. Birinchidan, biz iste’molchilar sifatida, yurtimizga kirib kelayotgan mevalar, supermarketlar va do‘konlarda sotiladigan avokadolar uchun barqaror dehqonchilik va adolatli savdoning xalqaro sertifikatini talab qilishimiz – ular o‘rmonlarni kesish, uyushgan jinoyatchilik yoki suv ekspluatatsiyasi orqali yetishtirilgan  mahsulot emasligini o‘rganishimiz kerak.

Ikkinchidan, savdo shartnomalari eksport bilan bog‘liq bo‘lgan bandlarida atrof-muhitga ta’sirni o‘z ichiga olishi kerak. Bir mamlakatda iste’molga talab kuchayishi boshqa mamlakatni qiyin ahvolga solib qo‘ymayaptimi?

Va nihoyat, biz «yashil oltin» tufayli atrof-muhitga ta’sir qilishda shaxsiy hissamizni kamaytirish uchun diyetamiz va turmush tarzimiz tendensiyalarini qayta ko‘rib chiqishimiz va avokado iste’molini kamaytirishimiz kerak – siz do‘stlaringiz va oilangiz bilan sevib iste’mol qilayotgan mahsulot butun ekotizimlarni yo‘q qilishi mumkin. Bu sizga uzoq muddatda ta’sir qiladi  –  keyingi safar avokada va undan tayyorlangan salatlarni yeyayotganingizda bu haqda o‘ylab ko‘ring.

Siz sevib iste’mol qilayotgan meva bir odamning hayoti tugashi evaziga yetilmaganmikan, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifangizda reklama qilayotgan antiqa meva tufayli qancha odam suvga zor qolayotgandir.
Sizning sog‘lom nonushtangiz yoki diyetangiz uchun avokado qancha yo‘l bosib keldi, qancha havoni zaharladi, hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Sog‘lom turmush tarzi shunday tarzda qurbonliklar talab qilsa, bu sog‘lomlikmi?

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring