Boylar uchun ham qimmatlik qiladigan 10 shahar (reyting)
Ko‘chmas mulklar narxi osmonda, avtomobildan foydalanish o‘ta serchiqim, tibbiyot xizmatlari juda qimmat. Shu kabi omillar Singapurni boylar uchun ham qimmatlik qiladigan shaharlar reytingida birinchi o‘ringa olib chiqdi. Reyting Julius Baer banki tomonidan tuzildi.
Reytingni tuzish uchun Shveysariya banki boy odamlar 25 shaharda sotib olib, foydalanadigan 20 xil iste’mol moli va xizmati narxlarini tahlil qildi.
Singapurda avtomobillar, viski, zargarlik buyumlari va uy-joylarni o‘z ichiga olgan hayot qiymati oshib boryapti.
«Singapur hukumati global biznes va boy odamlar uchun mamlakat jozibadorligini oshirish yo‘lida bor imkoniyatini ishga solmoqda. Bu uning jahondagi eng qimmat shahar maqomi o‘zgarmay kelayotganida aks etmoqda», — deyiladi bankning Global Wealth and Lifestyle Report hisobotida.
Qimmatligi bo‘yicha jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 2,5 marotaba oldinda bo‘lgan Singapurda bir yil davomida avtomobillar narxlari dollar ekvivalentida 15 foizga qimmatladi. Xususiy ta’lim — 14 foiz, ayollar sumkalari va poyabzallari — 10 foiz, erkaklar kostyumlari va soatlari — 5 foizga qimmatladi.
Boylar uchun qimmat shaharlar reytingida Shanxayni quvib o‘tgan Gonkong 2-o‘ringa ko‘tarildi. Gonkong advokatlar yollash uchun jahondagi eng qimmat, ko‘chmas mulk narxi bo‘yicha ikkinchi shaharga aylandi.
Buyuk Britaniya o‘tgan oy texnik retsessiyadan chiqdi, 2023-yilda funt qadri oshib, mamlakat Brexitdan so‘ng tiklanishga yuz tutdi: bularning natijasi o‘laroq London boylar uchun qimmat shaharlar ro‘yxatida 3-o‘ringa qaytdi. Bu shaharda xususiy maktab ta’limi dunyoda eng qimmat sanaladi — o‘tgan yilga solishtirganda to‘lovi 14 foizga oshgan.
Julius Baer talqini bo‘yicha, dunyoning eng qimmat 10 shahri:
- Singapur
- Gonkong (Xitoy)
- London (Buyuk Britaniya)
- Shanxay (Xitoy)
- Monako
- Syurix (Shveysariya)
- Nyu-York (AQSh)
- Parij (Fransiya)
- San-Paulu (Braziliya)
- Milan (Italiya).
1990-yillarning o‘ta qimmat shahri sanalgan Tokio bu yil sakkiz pog‘ona pasayib, 23-o‘rindan joy oldi. Yapon iyenasi kursi pasayib ketishi shaharni ancha arzonlashtirgan, deyilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter