Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Britancha mag‘lubiyat, SSSRni cho‘ktirgan «aysberg», AQSh chaqolmagan «yong‘oq»»: buyuk davlatlarning afg‘ondagi missiyalari haqida

«Britancha mag‘lubiyat, SSSRni cho‘ktirgan «aysberg», AQSh chaqolmagan «yong‘oq»»: buyuk davlatlarning afg‘ondagi missiyalari haqida

Foto:«Yandeks»

AQShning Afg‘onistondagi missiyasi muvaffaqiyatsiz yakunlandi, iyul oyi boshida 90 foiz harbiylar mamlakatdan olib chiqib ketildi. AQSh-Tolibon sulhining bir qismi sifatida qaralayotgan armiyani olib chiqish operatsiyasi jahonda notinch vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Afg‘oniston tarixan kuchlar nuqtasini muvozanatlashtiruvchi muhim strategik hudud hisoblanib keladi. Maqolada «buyuk davlat»larning mamlakatdagi missiyalari haqida so‘z yuritamiz.

Ahmadshoh va Do‘st Muhammadxon – Afg‘on davlatining tashkil topishi

1504-yilda Zahiriddin Muhammad Bobur Kobulni ishg‘ol etadi. Ehtimol Bobur afg‘on hududida muvaffaqiyatli siyosat olib borgan so‘nggi ajnabiy hukmdor edi. Afg‘on yerlarining nazorati uzoq vaqt Boburiylar sulolasiga tegishli bo‘ldi.

Nodirshoh XVIII asr boshida kuchaygan afg‘on qabilalarini bo‘ysundirdi. 1747-yilda shohning vafoti mustaqil afg‘on davlatining tashkil topishiga sabab bo‘ldi.  Buni pushtunlardan Ahmadshoh amalga oshirdi. Yangi shoh pushtun qabilalarini birlashtirib, 1760-yilgacha Dehlidan Arab dengiziga qadar imperiyani barpo etgan. Ahmadshohning vafotidan keyin davlat parchalanib ketdi, ammo 1826-yilda Pushtun Muhammadzay qabilasining yetakchisi Do‘st Muhammad tartibni tikladi. Afg‘oniston aynan shu davrdan boshlab butun dunyoga «kerak bo‘la boshladi». Shimolda yangi kuch sifatida yetilib kelgan Chor Rossiyasi va janubni egallayotgan Britaniya imperiyasi o‘rtasida qolib ketgan Do‘st Muhammad mustaqillikni saqlab qola oldi. Afg‘oniston XIX asrning shu davridan beri bosqinchilarga «chaqilmas yong‘oq» bo‘lib kelmoqda.

Samarasiz ketgan 81 yil: Ingliz-afg‘on urushlari

Afg‘onistondagi notinch holatlarning tag ildizlarida Buyuk Britaniyaning ulushlari yo‘q emas. Strategik jihatdan muhim mintaqada joylashgan afg‘on yerlari rus va ingliz manfaatlarining kesishish nuqtasiga to‘g‘ri kelib qoldi. Inglizlar 81 yil davomida afg‘on yerlarini saqlab qolishga intildi. Biroq…

Birinchi ingliz-afg‘on urushi

Do‘st Muhammad kuchli siyosatchi bo‘lsa-da, uning Chor Rossiyasiga qarshi tura olishi so‘roq ostida edi. Bundan tashqari, shoh bilan olib borilgan dastlabki muzokaralar muvaffaqiyatsiz tugadi. Inglizlar Do‘st Muhammadni dushman sanay boshladi. Hibsdagi afg‘on hukmdori Shujo ul-Mulkni taxtga qaytarish bahonasida Afg‘onistonga bostirib kirishdi.

1839-yilning aprelida Britaniya qo‘shini Qandahorga kirdi. Shujo ul-Mulk shoh tojiga sazovor bo‘ladi. Ammo afg‘onlar chet el istilosiga ham, inglizlar tomonidan tayinlangan mahalliy podshohga ham toqat qilmadilar.  Shu tariqa qo‘zg‘olonlar boshlandi. Buxoroga qochib ketgan Do‘st Muhammad qaytib, inglizlarga qarshi janglar olib bordi. Inglizlar rosa holdan toydirildi. Oqibatda inglizlar o‘z pozitsiyalarini to‘la nazorat qilolmadi. Do‘st Muhammadning o‘g‘li bilan muzokaralar paytida Buyuk Britaniyaning siyosiy agenti ser Uilyam Xey Maknaxten o‘ldiriladi. Bu esa har qanday kelishuv afg‘onlar uchun ahamiyatsiz ekanligini ko‘rsatib qo‘yadi. 1842-yil 6- yanvarda inglizlar yirik qo‘shinlarini Kobuldan olib chiqib ketdi. 1843-yilda Do‘st Muhammad taxtni qaytarib oldi.

Ikkinchi ingliz-afg‘on urushi

Hindistonning Afg‘oniston bilan munosabatlarini yaxshilash uchun Buyuk Britaniya Bosh vaziri Benjamin Dizraeli 1875-yil noyabrda Lord Bulver-Littonni gubernator etib tayinladi. Afg‘onistonda Rossiyaning ta’sirini kamaytirish to‘g‘risida topshiriqlar lordning birlamchi vazifalaridan edi.

1878-yili Sheralixon ingliz missiyasini Kobulda qabul qilishdan bosh tortdi. Buyuk Britaniyaga bu Afg‘onistonga qarshi bosqinchilik urushi ochishga bahona bo‘ldi. Noyabrda Afg‘onistonga qarshi urush harakatlari boshlandi. Vafot etgan Sheralixon o‘rniga taxtga o‘tirgan Yoqubxon taslimchilik siyosatini yuritib, 1879-yilda «Gandamak» bitimini imzoladi. Amir Yoqubxonning bu siyosati mamlakatda keskin qarshilikka uchradi. Kobulda unga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Tez orada sobiq amir Afzalxonning o‘g‘li Abdurahmonning qo‘shini Kobulni qamal qildi. Inglizlar tang ahvolda Kobulni Abdurahmonga topshirdi. Qandahor Buyuk Britaniya ta’sir doirasida qoldi.

Foto:«British battles».

Afg‘oniston taxtining qonuniy vorisi amir Sheralixonning o‘g‘li Ayubxon Qandahorga hujum boshladi. 1880-yili ingliz harbiy brigadalarini yanchib tashladi. Shu tariqa ikkinchi marotaba inglizlar afg‘on hududida mag‘lubiyatga uchradi.

Uchinchi ingliz-afg‘on urushi

Birinchi jahon urushi oxirida Afg‘oniston mustaqil davlat hisoblansa-da, amalda Buyuk Britaniyaga qaram davlat edi. «Yosh afg‘onlar harakati» 1919-yilning fevralida saroy fitnasini uyushtirib, amir Habibullaxonni o‘ldirishdi. Taxtni Omonullaxon egalladi. 1919-yilning 28-fevralida Omonullaxon Afg‘onistonni mustaqil davlat, deb e’lon qildi. Britaniya esa bunga chiday olmay 1919-yilning mayida hujumga o‘tdi. Bu uchinchi ingliz-afg‘on urushining boshlanishi edi. Inglizlar avgustga kelib afg‘onlarni tan olishga majbur bo‘ldi. Bolsheviklar afg‘onlarning mustaqilligidan o‘z pozitsiyasini mustahkamlashda foydalanib qolmoqchi bo‘ldi. Shuning uchun ham Afg‘onistonning davlat mustaqilligini birinchi bo‘lib tan oldi. Shu tariqa uchinchi ingliz-afg‘on urushi yakun topdi. Buyuk Britaniya Afg‘onistonni bosib ololmasligini tushunishi uchun 81 yil kerak bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning yirik imperiya ekanligini, Misr va Hindiston kabi yirik mamlakatlarni afg‘onlardan ko‘ra ko‘proq idora etgani odamni ajablantiradi. Afg‘on xalqi inglizlarni shu yanglig‘ «quvib yubordi». Biroq «kambag‘alni tuya ustida ham it qopadi» deganlaridek ikkinchi «tinchlikparvar» ham topildi. Bu SSSR edi.

SSSRni yemirgan sovet-afg‘on urushi

Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga bosqini 1979-yil dekabr oxirida boshlandi. Reja bo‘yicha Afg‘onistonni bo‘ysundirish, AQSh bilan kechayotgan sovuq urushda o‘zini ko‘rsatib qo‘yishi, Afg‘oniston hududida kommunizm o‘rnatishi lozim edi. Sovet Ittifoqi Afg‘oniston urushi paytida antikommunistik musulmon partizanlari hamda butun kommunizmga qarshi davlatlarga qarshi harakat olib borgan. 1989-yil fevral oyining o‘rtalariga qadar kechgan bahslar SSSR afg‘on zaminini bosh egib tark etishi bilan tugagan. Hozirgi Afg‘oniston qutblashgan dunyo davlatlarning halokatli natijasi o‘laroq namoyon bo‘lmoqda. Deyarli 10 yillik janglar afg‘on xalqini shu sharoitda yashashga ko‘niktirib qo‘ydi. SSSR zamonaviy tarixdagi Afg‘onistonning imidjini o‘z qo‘llari bilan chizib berdi.

Kommunistlar kelgach hukumat xalq tomonidan kam qo‘llab-quvvatlanadigan kuchlar qo‘liga o‘tdi. Ular barcha ichki muxolifatni shafqatsiz tozalay boshladi. Afg‘oniston johillik va razolat botqog‘iga aylandi. SSSR armiyasi shu yillar davomida nihoyatda ko‘plab insonlarning qonini to‘kdi. Aslida tez tugashi kerak bo‘lgan bu urush ayrim harbiylarning tirikchiligiga aylanib qoldi. Endi ular urushning tezroq tugashini emas, ko‘proq davom etishini istashar edi. O‘z navbatida, afg‘onlar ham bunday sharoitda tirik qolishga, sovetlar bilan kurashishga o‘rganib qolishdi. Borgan sari SSSR armiyasi ko‘proq zarar ko‘rar, tog‘lik afg‘onlar sovet armiyasini holdan toydirardi.

Foto:Lenta.ru

SSSRning xunrezliklari shu darajaga chiqdiki, 1982-yilga kelib 2,8 million afg‘onistonlik Pokistondan boshpana so‘ragan va yana 1,5 million kishi Eronga qochgan. Mujohidlar esa shu joyida yana bir 30 yillik «xato»ga yo‘l ochib berdilar. AQShdan qurollar olib, Sovet havo kuchlariga qarshiliklar boshladi. Afg‘onistondagi qizil armiyaning mag‘lubiyati tom ma’noda AQShning qasosi bo‘ldi. «Vetnam urushi»da Vashingtonning muvaffaqiyatsizligiga SSSR partizanlari sababchi edi. Afg‘onda esa amerika partizanlari sovetlarni sillasini quritdi. «Partizan urushlari» hech qachon tugamaydigan urushligi yana bir bor o‘z isbotini topgandi.

1988-yilda Sovet Ittifoqi AQSh, Pokiston va Afg‘oniston bilan shartnoma imzolab, o‘z qo‘shinlarini olib chiqishga rozi bo‘ldi. Bu 1989-yil 15-fevralda yakunlandi. Eng asosiy jihat sovetlarning Afg‘onistonda hech narsaga erisha olmagani, hisobsiz sarflangan xarajatlar ta’siri o‘laroq davlatning parchalanib ketishiga zamin hozirlanib borgani bo‘ldi. SSSRning Afg‘onistondagi harakatlari mamlakatni sovuq urushdagi AQSh bilan raqobatidan-da ko‘proq charchatdi. Gorbachyov SSSR hokimiyati tepasiga kelgan paytda mamlakatda generallarning obro‘si oshib ketgan, Afg‘oniston esa ularning «taomxonasi» edi. Gorbachyov qo‘shinni olib chiqib ketish to‘g‘risida chiqargan qarori SSSRning parchalanib ketishidagi sabablarning eng asosiysi bo‘lganini unutmaslik lozim. Shundoq ham iqtisodiyoti noto‘g‘ri poydevorga qurilgan, nurab borayotgan SSSR uning ham 10 yilini samarasiz o‘tkazdi. Shunday qudratli imperiyani ham afg‘onlar yemirib yuborishga kuch topdi.

«Chorak asrlik mag‘lubiyat»: AQShning afg‘on zaminidagi yurishlari

20 yil davom etgan urushdan so‘ng Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistonni tark etdi. Xabarlarga ko‘ra, AQShning qo‘llab-quvvatlashidan mahrum bo‘lgan Afg‘oniston armiyasi va politsiyasi bir oy davomida bir qancha tumanini yo‘qotgan.

Afg‘on zaminidagi bu galgi yurishlar avvalgilaridan farq qiladi. 2001-yil 11-sentyabr voqealari yodingizda bo‘lsa kerak, aynan shu voqealar keng ko‘lamli antiterror harakatlarga sabab bo‘ldi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari nega yutqazdi? Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, bu safar kurashning mohiyati o‘zgardi. Amerikaliklar mahalliy aholining ko‘z oldida hech qachon xaloskor sifatida ko‘rilmagan. AQSh harbiylari bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Afg‘oniston hukumati Tolibonchalik obro‘ga ega emas. AQSh va NATOdagi boshqa barcha harbiylarini kiritgan davlatlarga butun afg‘on xalqi qarshi kayfiyat hosil qila boshlashi 20 yillik harakatlar 0 natija bilan yakunlanishiga sabab bo‘ldi. AQSh o‘z vaqtida chiqib ketayotgandek ko‘rinsa ham, aslida bu umumiy ahvolning yomonlashuvi, AQSh siyosatining o‘zgarishi natijasidir.

Foto: Wikipedia.

20 yillik harbiy harakatlar olisdagi AQSh uchun qimmatga tushdi. Umumiy voqeiylikda AQSh SSSR kabi sharmanda bo‘lmasdan turib chiqib ketayotgani «sehrli diyor»ning foydasiga ishlar, ammo yo‘qotilgan 20 yilning badalini kim to‘laydi?

Qandahorlik toliblar diniy olimi amerikalik jurnalist bilan suhbati davomida: «Toliblar jang qilish uchun boshlarini tikishga tayyor. Pul uchun kurashayotgan armiya va politsiya qanday qilib ularni yenga oladi?», — degan edi.

Afg‘onlarni jangga ruhlantirishda toliblar ustunlikka ega edilar. Ularning Islomiy ta’limotlarga asoslangan, xorijiy istilochilarga qarshi kurashga da’vati afg‘on o‘ziga xosligini aks ettirdi. Afg‘onistonliklar uchun jihod sifatida ko‘rilgan bu janglar milliy qarshilikning bir qismi bo‘lgan. Afg‘onistonda amerikaliklarning mavjud bo‘lishining o‘zini milliy g‘ururni toptash, deya hisoblashdi. Bu bilan afg‘onlar o‘z uylarini himoya qilishdi. Umuman olganda, diniy faktor ikki afg‘on hukumati o‘rtasidagi ixtilofning saqlab turilishiga sabab bo‘ldi.

Amerikaliklar afg‘on zaminini tashlab ketar ekan, bu butunlay yangi siyosiy holatni yuzaga keltiradi. Rus OAVlarida amerikani «sharmanda»ga tenglashtirayotgan jurnalistlar bir paytlar o‘zlari ham shu holda ekanliklarini unutgandek nazarimizda. Britan matbuoti ham AQShni no‘noqlikda ayblamay qo‘ya qolsin. Afg‘on yerlariga so‘nggi ikki asrda uchta buyuk davlatning tishi o‘tmadi. Ular Afg‘onistonning o‘rniga bir-birlarini mag‘lub etib qo‘ydilar.

Endi afg‘on hududida kim harakat qilishi asosiy masalaga aylanmoqda. Nomzodlar ham darrov topilgan: Rossiya, Xitoy va Turkiya. Rossiya va Turkiyaning Afg‘onistonda AQShdan ko‘proq nimadir qilishiga ishonib bo‘lmasa-da, Xitoyning bu zaminga katta ko‘ngilsizliklarni olib kelishi tayin. Afg‘on yerlarida chinliklar… Bu haqda boshqa maqolamizda gaplashsak, bu alohida mavzu.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring