Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bu sohada 10-15 yil orqada qolyapmiz» — Onlayn-dorixona orqali pandemiya davrida muhtojlarga bepul dori-darmon tarqatgan tadbirkor bilan suhbat

«Bu sohada 10-15 yil orqada qolyapmiz» — Onlayn-dorixona orqali pandemiya davrida muhtojlarga bepul dori-darmon tarqatgan tadbirkor bilan suhbat

Xumoyun Ahmadjonov.

Foto: «Xabar.uz»

Onlayn-dorixona xizmati asoschilaridan biri Xumoyun Ahmadjonov O‘zbekistonda tadbirkorlikning bu turi ancha kech yo‘lga qo‘yilgani, karantin davridagi chorasizlikka topgan yechimi, boshlagan ishining istiqbollari haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Xumoyun Ahmadjonov – www.dorixona.online (IMVITANO online dorixonasi) startapi ta’sischisi, direktori. 1986 yil Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat sharqshunoslik institutining «Xalqaro munosabatlar» fakultetini tamomlagan.

Qog‘oz savdosidan boshlangan tadbirkorlik

Institutda o‘qib yurgan kezlarim (2006-yillar) qog‘oz va kanselyariya importi bilan shug‘ullanadigan tashkilotga ishga taklif bo‘ldi. O‘shanda Rossiyadan O‘zbekistonga qog‘oz (kanstovar) olib kelib sotardik. 2012 yildan boshlab bioqo‘shimchalar va Koreya kosmetika mahsulotlarini sotishga o‘tdik. 2013-yildan boshlab alohida biznes boshlashga qaror qildik. Sheriklar bilan bioqo‘shimchalar ishlab chiqarish va sotish ishlarini yo‘lga qo‘ydik. Hozir ham bu soha faoliyatlarimizdan biri. 2018 – 2019-yillarda o‘zimizning va kredit mablag‘lari asosida dorixonamizni ochdik.

Hammaga ma’lum, dorixona tizimi juda ko‘p yillar davomida o‘zgarmay kelgan va uni tadbirkorlar ochishmagan, farmatsevtika sohasida o‘qish shart bo‘lgani bois aksariyat holatda buni farmatsevtlar o‘zlari ochishgan. Shu bois yaqin-yaqingacha dorixona faoliyati bilan faqat ular shug‘ullanib kelishgan va o‘z-o‘zidan tizimda rivojlanish ham yuqori bo‘lmagan. Keyinroq tadbirkorlar qo‘liga o‘tgach, tizimni ancha kengaytirishga erishildi. Buning natijasida hozirda O‘zbekistonda ko‘ptarmoqli dorixonalar talaygina. Ulardan ko‘p narsani o‘rganish mumkin. Biroq shunga qaramay, umumiy tizim o‘zgarmay qolavergan.

Bizning dorilarni onlayn sotish tizimiga o‘tganimiz katta qadamlardan biri bo‘ldi, desam adashmayman. O‘zi bu borada ancha orqada qolib ketganmiz. Juda ko‘p davlatlar bu tizimni allaqachon yo‘lga qo‘ygan. Masalan, Rossiyada 10 – 15 yil, Amerika va Yevropa mamlakatlaridan undan ham oldinroq boshlagan. Xorij davlatlarida bo‘lganimda bu bozorni ko‘p o‘rganganman, endi dorixona ochgan paytimizdayoq onlayn sotuvga o‘tish kerak deb yurardim.

Yurtimizga kirib kelgan pandemiya tufayli, ya’ni 15-martdan odamlarning ko‘chaga chiqishi cheklangach, biz ushbu loyihani zudlik bilan yo‘lga qo‘ydik. Shuningdek, butun karantin davrida dorilarimizni tannarxida sotib, yana o‘z hisobimizdan bepul yetkazib berib ham turdik.

Biznesning o‘z qoidalari bor

O‘shanda karantin haqidagi xabarni eshitib, nafaqat o‘z faoliyatimiz, balki bizga ishonib yurgan xodimlarimizni ham o‘ylab rosa bosh qotirganmiz. Bizning dorixonadan tashqari bioqo‘shimchalar ishlab chiqaradigan biznesimiz bor degandim, bu faoliyatda ham ishchilarimiz ko‘p edi. Guvohi bo‘ldik, karantin tartiblari kuchaytirilgan paytda qancha ishxonalar yopilib, xodimlarga o‘z hisobidan ta’tilga chiqish talabi qo‘yildi. Ko‘pchilik boshqa ilojini qilolmagach shunday yo‘l tutishga majbur bo‘ldi, chog‘i. Yana, bu biznesda endi – birda yutasan, birda yutqazasan, deb o‘zlarini ovutganlar qancha?.. Lekin biznesning ham o‘z qoidalari bor. Masalan, kutilmagan vaziyatlarda ishchilar va biznesni saqlab qolishingiz uchun kamida 3 oylik zaxira puling bo‘lishi kerak. Ideal hollarda esa – 9 oy. Ya’ni biznesning orqaga ketishi 9 oygacha davom etishini hisobga olish kerak...

Biz ham o‘ylab-o‘ylab, so‘ng bir qarorga keldik. Ishchilar bilan kelishib, ularga nafaqat avvalgi oyligini to‘lashimizni, balki undan ham ko‘proq ishlash imkoni borligi, faqat sohani onlayn tartibga o‘tkazib, ham dori buyurtmalarini qabul qilish, ham yetkazib berish bilan shug‘ullanishimizni aytdik. Barcha hamkasblarimiz hech ikkilanmay rozi bo‘lishdi. Buni qarangki, biz nafaqat xodimlarimizni olib qoldik, xatto ishchilar sonini ko‘paytirishga erishdik, ham ish ko‘lamimiz oshdi, ham savob ishga qo‘l urdik.

Masalan, dorixonamizni o‘zidan taksi buyurtma bersangiz Sergeli tumaniga 30 ming so‘mga boradi. Biz esa 100 ming so‘mlik dorini o‘sha hududdagi xonadonga, u xoh 5-qavatdami yoki 8-qavat bo‘lsin, eshigi oldigacha 100 ming so‘mga olib borib beramiz. Agar o‘sha odam pastga tushib, uyi yonidagi dorixonadan shu dorini xarid qilsa ham, biz yetkazib bergan narxdan ham kamida 10 ming so‘m qimmatga olishadi.

Hammasi siz o‘ylagandan ham oson

Onlayn-dorixonamizning maxsus sayti, telegram boti (mundoq o‘ylab qarasam, aholimizning aksar qismi saytni yaxshi tushunmasa-da, telegramdan foydalanadi, ozmi-ko‘pmi yengillik bo‘lsin degan maqsadda xizmatimizni telegramga ham moslashtirdim), feysbuk va instagramda ochilgan sahifalari bor. 24 soat mijozlarga xizmat ko‘rsatadigan call centre ishlab turibdi. Ya’ni mijoz buyurtma qilishda o‘ziga qulay yo‘ldan foydalanishi mumkin. Buning uchun ulardan biriga kirib, kerakli dori bor-yo‘qligiga qarab buyurtma bersa bo‘lgani. Mabodo tegishli vosita yo‘q degan javob olsa ham, buyurtma qoldirsa, uzog‘i bilan ertasi kuniga telefon raqamiga mahsuloti kelgani va buyurtma berishi mumkinligi haqidagi xabarnoma (SMS) boradi. Agar mijozga dori shoshilinch kerak bo‘lsa, telegram botimizdan o‘ziga yaqin qaysi dorixonada o‘sha vosita borligi to‘g‘risida ma’lumot olish imkoniga ega. Biz bu xizmatni ham yo‘lga qo‘yganmiz. Yana boshida joriy etgan tekinga yetkazib berish xizmatini haligacha to‘xtatganimiz yo‘q.

Xayriya ishlari xaqida

Aslida bu xayriya ishiga juda boy soha. Chunki bizga muhtoj ahvoldagi bemorlar ko‘p murojaat etishadi. Yurtimizga koronavirus balosi kirib kelib, karantin tadbirlari kuchaytirilganida, ko‘pchilik qatori biz ham qo‘limizdan kelgancha savob ishlar qilishga shoshildik. Asli «Chap qo‘ling qilgan savob ishni o‘ng qo‘ling bilmay qolsin» degan gap bor xalqimizda. Shuning uchun bu haqida batafsil gapirmaslikka ruxsat bersangiz. Bizning instagram va feysbuk sahifamizni kuzatib borayotganlar bu haqida xabardor. Shuni aytib utish kerak, biz hamkorlar bilan har oy boshida ba’zi dorilarimizni bepul berishni yo‘lga qo‘yganmiz, kimda shu vositaga ehtiyoji bo‘lsa oladi, degan maqsadda feysbuk, instagram va telegram sahifalarimizda mana shu dorilar ro‘yxatini e’lon qilib boramiz.

Aslida bunday kunlarda qancha yordam qilsak oz. Lekin kompaniya shunga yarasha foyda ham ko‘rayotgan bo‘lishi kerak. Aytaylik, chiqim daromaddan ko‘p bo‘lsa, biznes kasodga uchrashi tayin. Misol uchun, men 10 mln. foyda ko‘rdim, endi 20 mln. xayriya qilaman, desam mantiqsizlik kelib chiqadi, to‘g‘rimi? Chunki kompaniya uzoq yillar homiylik qila olishi uchun avvalambor o‘zi rivojlanishi zarur. Yana yangi startaplardan katta yordam ko‘zlanishining o‘zi ham noto‘g‘ri. Sababi o‘zi endi ish boshlagan, oyoqqa turishi, rivojlanib olishi lozim.

Shunga qaramay bizning butun karantin davrida dorilarni shaharda arzon, qolaversa, tannarxida sotganimizning o‘zi ham xayriya hisoblanar, balki...

Har kuni qo‘shimcha 30 mijoz

Hozirda bizga kuniga kamida 30 nafar yangi mijoz keladi. Avvaldan ishlab turgan dorixona bo‘lganimiz hamda mahsulotlarimiz arzonligi uchun ham mijoz yig‘ishda qiynalmadik. Ustiga-ustak tekinga yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yib, kelib-ketishga ortiqcha pul, vaqt sarflamaslik qulayligi ham mijozlarimiz safini kengaytirmoqda. Bu imkoniyatlardan bir marta foydalangan odam darrov yaqinlariga, tanishlariga, qo‘ni-qo‘shnilariga aytishi aniq.

Hali bu juda katta raqobat muhitini yaratadi

Aslida bu loyiha juda keng qamrovli bo‘lishi kerak. Afsuski, yuqorida ta’kidlaganimdek, bu borada ancha orqada qolyapmiz. Uning yaxshi tomoni, bizning instagram sahifamizga kirsangiz, shunday mijozlarimiz borki, mundoq eshigidan mo‘ralasa, uyi atrofida qatorlab dorixona joylashgan. Ammo ular bizga buyurtma berishadi. Nimaga? Chunki narxlarimiz arzon. Ko‘p guvohi bo‘lamiz, ayrim shifoxonalar yonidagi dorixonalarda, misol, biz 1000 so‘mga sotadigan dori 1700 so‘m turibdi. Bu bilan nima demoqchiman, siz shaharning bir burchagida turib ham, yana bir burchidagi dorixonaga raqobat qila olasiz. Aynan shu — onlayn savdoning katta yutuqlaridan biri, ya’ni shaharning bir burchagidagi kichik dorixona onlayn tizimni yo‘lga qo‘ysa, nafaqat shaharning boshqa burchagidagi dorixonalarga, balki markazda joylashgan dorixonalarga ham raqobatchi bo‘la oladi. Demak, bu O‘zbekistonda juda katta raqobat muhitini yaratadigan soha.

Onlayn nima degani?

To‘g‘ri, bizda onlayn deb aytiladigan dorixonalar aslida ko‘p bo‘lishi mumkin. Lekin onlaynning hamma elementlari borlari yo‘qligi aniq. Masalan, onlayn dorixona deb yozib qo‘yilgan manzilga kirib, dori buyurtma qilaman desangiz, o‘z dorixonasi yo‘qligiga guvoh bo‘lasiz. Ular faqat yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Biroq bu onlayn dorixonaga kirmaydi. Chunki ular onlayn sotmaydi, faqat onlayn yetkazib beradi. Yoki onlayn savdo qilamiz deydiganlarini topsangiz, sayti chiqmaydi, faqat telefon nomer orqali buyurtma oladi va yetkazadi. Ammo bu ham onlaynga kirmaydi. Aslida onlayn nima degani? Bu telefondagi bir click bilan kirib, mahsulotning uyingizgacha yetib kelishidir. Ya’ni unda aloqa imkon qadar kam bo‘lishi zarur.

10 – 15 mlrd. ham kam

Aslida dorixona ochish uchun kattaroq mablag‘ kerak, ayniqsa, onlaynga. Hozir nima uchunligini tushuntirishga harakat qilaman. Misol, oddiy dorixona biznesini 300 mln. so‘m bilan boshlasa bo‘ladi, ya’ni kunlik savdoga yetadi. Lekin onlaynda katta mablag‘ bo‘lishi o‘rinliroq. Sababi kimdir feysbukka kirib, menga Vinifera kerak, narxi qancha desa va dorixonadan 80 000 so‘m degan javob kelsa, buni yuzlab-minglab odam o‘qiydi. Demak, onlayn dorixonada o‘sha vositadan kamida 10 – 100 ta zaxirada turishi kerak. Chunki feysbukdagi bir kichik sharh hisobiga shu dorini o‘nlab mijozlar olib ketib qolishi mumkin. Demak, onlaynda mablag‘ chegarasiz. Biroq bu bilan onlayn-dorixona biznesini boshlamang, demoqchi emasman. Aytganimdek, 300 mln. so‘m bilan ham boshlasa bo‘ladi. Ammo mijoz ham shunga yarasha bo‘ladi, o‘z navbatida ish hajmi ham...

Masalan, biz dorixona biznesini boshlaganimizda taxminan 1 mlrd. so‘m bilan boshlagan edik, hozir qo‘shimcha mablag‘lar hisobiga bu summani ancha ko‘paytirganmiz, lekin onlaynga o‘tgach bu summa yetmayapti. Hammani qoniqtiraman desang, 10 – 15 mlrd. ham kamlik qiladi...

Toshkentdan Navoiy sari

Ayni paytda faoliyatimiz faqat Toshkent hududida yo‘lga qo‘yilgan. Yaqin muddatlarda bu loyihani viloyatlarga ham tatbiq etish rejamiz bor. Birinchi filialimizni Navoiy viloyatida ochmoqchimiz. Keyin boshqalariga ham o‘tamiz.

Onlayn dorixonada ko‘zga ko‘rinmaydigan, lekin qilinishi shart bo‘lgan ishlardan biri shuki, albatta Call-markazlar ishlashi shart. Yana telefonlarga javob berib turadigan malakali mutaxassislar ham bo‘lishi zarur.

Xodimlar, hamkorlar va...

Ayni paytda 15 nafar xodimimiz, yana yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan yigitlarimiz bor. Ular buyurtma hajmiga qarab ishga chiqishadi. Misol uchun, bugun 100 mln. hajmida buyurtma bo‘lsa, 10 nafar, 200 mln. bo‘lsa, 12 – 15 nafargacha bola ishlaydi...

Ushbu hamkorlik loyihasini uch kishi boshlaganmiz. Yaratgan menga shunday insonlarni uchratganiga shukur qilaman, juda xursandman. Ko‘ramiz, eshitamiz, ko‘p bizneslar o‘zaro kelishmovchiliklar tufayli endi gurkiragan pallada yo‘q bo‘lib ketadi. Biz bunday vaziyatlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, qo‘limizdan kelishiga qarab, aniq chegaramizni belgilab olganmiz, nazarimda. Har birimizning zimmamizga yuklangan mas’uliyat bor. Bir-birimizning ishimizga aralashmaymiz. Bittamiz iqtisodga, bittamiz kadrlarga, boshqamiz marketingga javob beramiz...

Loyiha o‘zini oqlarmikan?..

Bizda boshidanoq loyiha o‘zini oqlarmikin yoki yo‘qmi, degan xavotir umuman bo‘lmagan. Va startapimiz hozirdanoq 100 foizli ko‘rsatkich berib turibdi. Hali keyingi loyihalarimizga o‘tib, viloyatlarda filiallarimizni ochsak va faoliyatimizni yanada kengaytirsak, nasib etsa, brend sifatida tanilishimiz aniq.

Shohida Isroilova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring