Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Daromadni turli moliyaviy instrumentlarga sarmoya kiritishdan boshlaganman…» — nufuzli Chevening stipendianti bilan suhbat

«Daromadni turli moliyaviy instrumentlarga sarmoya kiritishdan boshlaganman…» — nufuzli Chevening stipendianti bilan suhbat

«Xabar.uz» chet eldagi vatandoshlarimiz bilan intervyularini davom ettiradi. Vatandoshimiz Abbosbek Turabiddinov nufuzli Chevening dasturi stipendiati sifatida London Brunel universitetining magistratura bosqichida tahsil oladi. Bakalavriaturani esa 2020 yili Toshkentdagi Xalqaro Vestminester universitetida tamomlagan.

«Moliyaviy sohaga ixtisoslashgan fanlarda o‘zlashtirishim tez bo‘lgan…»

Moliya sohasiga qiziqishim dastavval iqtisodiyot sohasidan boshlangan. Maktab davrlarida ilk bor «Iqtisodiyot asoslari» fani o‘tilishi va undagi bozor talab va taklif qonuniyatlari, Adam Smitning «ko‘rinmas qo‘l» nazariyalariga bo‘lgan chuqur qiziqishim sababli kelgusida o‘zimni shu soha mutaxassisi sifatida ko‘rishni boshlaganman. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi akademik litseyni tamomlab, Toshkent xalqaro Vestminister universitetining «Iqtisodiyot va moliya» fakultetida tahsil olganman. Moliyaviy sohada ketishimga 2 ta asosiy sabab rol o‘ynagan. Birinchisi, o‘qish davomida aynan moliyaviy sohaga ixtisoslashgan fanlarda o‘zlashtirishim tez bo‘lganligi va ko‘proq amaliyotga tadbiq etiladigan nazariyalarning borligi sabab bo‘lsa, ikkinchi asosiy sabab o‘qishning 2-kursidan boshlab birinchi daromad manbaimni turli moliyaviy instrumentlarni tahlil qilib, ularga sarmoya kiritishdan boshlaganim turtki bo‘lgan.

«O‘zining ilg‘or o‘qitish uslublari va ta’lim sifati bilan boshqa davlatlardan ajralib turadi…»

Toshkent Xalqaro Vestminster universitetida tahsil olish jarayonida doimo universitet hududiga kirishim bilanoq Buyuk Britaniya muhitini his qilar edim. Soha mutaxassisligiga ixtisoslashgan fanlarning o‘tilishi, talabalar uyushmasi tomonidan tashkillashtiriladigan ijtimoiy tadbirlar, o‘qituvchilarning tajribasi va fanni yetkazib berish uslublari barchasi orzuimdagi o‘quv dargohi bera oladigan imkoniyatlarni taqdim etgan edi. Shu sababdan, har qanday xolatda ham keyingi akademik darajamni faqat va faqat Buyuk Britaniyada amalga oshirishga qat’iyan bel bog‘lagan edim va bunga yetarlicha sabablar mavjud.

Buyuk Britaniya dunyo mamlakatlari orasida o‘zining ilg‘or o‘qitish uslublari va ta’lim sifati bilan boshqa davlatlardan ajralib turadi. Ilmiy izlanishlarga ixtisoslashgan innovatsion o‘quv metodlari esa ushbu mamlakatni talabalar uchun eng jozibador mamlakat sifatida taqdim etadi. Ilmiy ishlarimni davom ettirish, yuqori malakaga ega bo‘lgan professorlar bilan ishlashni maqsad qilib aynan Buyuk Britaniyada o‘qishni davom ettirishni tanladim. Odatda ko‘plab davlatlarda magistratura darajalari 2 yil davom etishini inobatga olsak, Buyuk Britaniyada magistratura darajasini ko‘p hollarda 1 yil davomida yakuniga yetkazasiz. Bu degani 2 yillik o‘quv dasturi 1 yil muddat ichida ko‘proq dars soatlari qo‘yilishi orqali o‘rni bosiladi. 1 yillik dasturning joriy etilishidan maqsad talabalarga o‘z professional karerasini tezroq davom ettirishga imkon berish va qo‘shimcha xarajatlarning oldini olishga qaratilgan.

E’tiborimni tortgan yana bir jihat bu Buyuk Britaniyaning dunyoning deyarli barcha mamlakatlaridan talabalarning tahsil olishiga imkon yaratilishidir. 2019 yilgi statistik ma’lumotlarga ko‘ra bir yil davomida yangi xalqaro talabalar oqimi soni 490 ming nafarga yetgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatgich Buyuk Britaniyaning naqadar bag‘rikeng va millatsevarligini namoyish etadi. Shaxsan mening holatimda ham fakultetimizda 30 nafar talaba tahsil olsa, ularning barchasi 14 davlat fuqarolaridan iborat. Bu esa, o‘z o‘rnida, bizga turli dunyoqarash va an’analarga ega bo‘lgan millat vakillarining fikr almashish va ularning urf-odatlaridagi o‘xshashliklarini payqashga imkon yaratadi. Tarixiy obidalari va chuqur ildizga ega an’analari bilan yoshlikdan ingliz tilini o‘rganish jarayonida kitob muqovalaridagi obidalarga shaxsan tashrif buyurish va ular bilan o‘tmishga sayohat qilish imkonini berishi ham ushbu davlatda o‘qishga undagan.

 «Chevening stipendiyasi dasturida g‘olib bo‘lganligim sabab bo‘ldi…»

Buyuk Britaniyada magistratura bosqichida to‘liq grant asosida o‘qishimga Chevening stipendiyasi dasturida g‘olib bo‘lganligim sabab bo‘ldi. Chevening stipendiya dasturi bu Buyuk Britaniya hukumati tomonidan joriy qilingan dastur bo‘lib, yuqori liderlik salohiyatiga ega bo‘lgan va kelgusida o‘z vatani rivojlanishiga hissa qo‘shadigan yuqori malakali nomzodlarni saralab olishga qaratilgan dastur hisoblanadi.

Chevening stipendiyasi Buyuk Britaniyaning istalgan universitetida bir yillik muddatga ega bo‘lgan magistratura darajasida tahsil olishga imkoniyatni yaratib, stipendiya g‘oliblarining o‘qish xarajatlari, borish va kelish aviachipta xarajatlari, vizaga bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi va stipendiatlarga Buyuk Britaniyada yashash va iste’moli uchun yetarli bo‘lgan oylik stipendiyani ham taqdim etadi. Chevening stipendiyasining asosiy talabalari sifatida bakalavr diplomi, eng kamida 2800 soatga teng bo‘lgan ish tajribasi (2 yillik to‘liq ish tajribasi), IELTS dan minimum 6.5 balga ega bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, har bir nomzoddan arizalar topshirish jarayonida 500 so‘zdan iborat 4 inshoga javob yozishi, o‘qituvchi yoki ish beruvchi nomidan 2 dona tavfsiyanomalarni taqdim etishi, o‘zi tanlagan 3 universitetdan eng kamida birida ’unconditional offer’ (shartlarsiz to‘liq qabul xati) hujjatini olishi va o‘qishni tamomlab, O‘zbekistonga qaytib eng kamida 2 yil o‘z yurtida bo‘lishi so‘raladi.

Chevening stipendiyasini qo‘lga kiritishga harakatlarim 2018 yilda boshlangan bo‘lib, birinchi bor Buyuk Britaniya elchixonasi tomonidan tashkillashtirilgan tadbirdagi ishtirokimdan so‘ng paydo bo‘lgan. U paytlar dasturning faqat 2 talabiga javob bergan bo‘lsamda, o‘sha davrdan boshlab aynan shu stipendiya sababli o‘zimdagi liderlik qobiliyatlarini kashf etishga, turli sohalarda faoliyat yuritib ko‘nikmalarimni oshirishga, xalqaro darajadagi loyihalarni tashkillashtirishga erishdim. Ushbu stipendiyani g‘olib bo‘lishimda asosiy ustun tomonlarim bakalavr bosqichidagi akademik salohiyatim, Chevening grant dasturi haqidagi chuqur izlanishlarim, suhbat jarayonlariga samarali tayyorlanishim va eng muhimi kelgusidagi rejalarimning naqadar mamlakatimiz rivojidagi dolzarb o‘rnini ko‘rsatib bera olganligimda deb bilaman.

«Umri davomida dasturlash tillari haqida tushunchasi bo‘lmagan inson uchun birinchi qadamni qo‘yish juda qiyin kechar ekan…»

Hozir London Brunel universitetida magistratura bosqichida tahsil olaman. Magistraturadagi ilmiy ishim «Investitsiya portfelini optimizatsiyalashda risk va daromadga nisbatan aksiyalar ulushlarini to‘g‘ri taqsimlash» mavzusiga qaratilgan. Ushbu tezisning asosiy maqsadi institutsional va chakana investorlar uchun fond bozorida risk darajasi past, ammo kutilayotgan daromad ulushi yuqori portfellarni algoritimlar orqali aniqlab berish va bozordagi turli tebranishlarga bardoshli bo‘lgan instrumentlarni aniqlash ko‘zda tutilgan.

Ushbu ilmiy ish uchun oxirgi 20 yildagi AQSh fond bozorida mavjud eng yirik bozor kapitallashuviga ega bo‘lgan 500 korxona aksiyalarining yillik o‘sish ko‘rsatgichlarini tahlil qilish orqali amalga oshirishni rejalashtirganman. Algoritmik savdo usuli ilmiy ishning asosini tashkil etganligi sababli, birinchi marotaba «Python» dasturlash tilini o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Umri davomida dasturlash tillari haqida tushunchasi bo‘lmagan inson uchun birinchi qadamni qo‘yish juda qiyin kechar ekan. Biroq, 3 oylik qo‘shimcha o‘quv kursi orqali olgan bilimlarim hozirda naqadar to‘g‘ri qaror qabul qilganligimni qimmatli qog‘ozlar tahlil jarayonlarini avtomatlashtirish imkonini berganligidan ko‘rish mumkin. Ilmiy ishimni bu yo‘nalishda tanlashimga asosiy sabab magistratura bosqichini tamomlashim bilanoq, jahon fond bozori sarmoyadorlarining tahlillarini avtomatlashtirish, ularga optimal ko‘rinishdagi portfellarni tezkor ravishda taqdim etish uchun maxsus veb-sahifani yaratishni kelgusidagi rejamga qo‘yganman.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi


Intervyuning ikkinchi qismi tez kunda e’lon qilinadi. Unda moliyaviy savodxonlik, sohadagi mavjud muammolar, Buyuk Britaniyaning ijobiy tajribalari va pandemiya davridagi ta’lim haqidagi fikrlar o‘rin olgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring