Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Dunyo biz o‘ylagandek yomon emas yoxud yanglish fikrlashimizga sabab nima? (2-maqola)

Dunyo biz o‘ylagandek yomon emas yoxud yanglish fikrlashimizga sabab nima? (2-maqola)

Yangilanayotgan dunyoqarash... yoki eskirgan dunyoqarash. Siz qaysi dunyoqarash bilan yashayapsiz? Masalan to‘rt yil oldin o‘ylagan biror masaladagi fikringizni bugun inkor qilasizmi yoki o‘sha fikrda qolasizmi? Hans Rosling, Ola Rosling va Anna Rosling hamkorligida yaratilgan  FACTFULNEST ya’ni «Faktdorlik» kitobini o‘qiy boshlasangiz dunyoqarashingiz ancha eskirganini his qilasiz. Ya’ni siz jamiyat, dunyo haqidagi eskirgan fikrlaringiz bilan yashayapsiz. Yanayam aniqrog‘i aytingchi, fikrlaringizni o‘zgartirish uchun biror marta dunyo, mamlakatlar mayli uzoqqa bormang o‘z jamiyatingiz haqidagi faktlarga tayanib ko‘rganmisiz? «Faktlarga asoslangan dunyoqarashni shakllantirishda, – deydi kitob mualliflari eng qiyin narsa tajribangizning aksariyat qismi IV darajada ekanini va boshqalardan eshitganlaringiz esa favqulodda hodisalarnigina xush ko‘radigan va odatiylikdan qochadigan OAV orqali filtrlanishini anglashdir.»

Keling, IV darajada yashash deganda kimlar tushunilishini kitob orqali bilib olamiz – I darajadan boshlaymiz: «Bu darajani kunlik bir dollar, ya’ni 12 ming so‘m bilan boshlaysiz. 3-4 ta bolangiz bor, balki besh nafar –birgina chelakni ko‘tarib balchiqdan suv olib kelishadi. Har kuni bir xil ovqat, o‘sha suvda pishirilgan bo‘tqa. Agar yer hosil bermasa shu bo‘tqayam yo‘q, och uxlaysiz. Bir kuni kichkina bolangiz yo‘taldi, uy ichida yoqilgan olovning tutuni o‘pkasini zararlagan. Antibiotikka esa pul yo‘q. Hech qancha o‘tmay farzandingiz vafot etdi. Bu o‘taketgan qashshoqlik darajasi. Lekin siz harakat qilishda davom etasiz. Agar omadingiz kelib hosil barakali bo‘lsa, ortganlarini sotishingiz va kunlik daromadingiz 2 dollarga chiqishi mumkin. Bu bilan siz keyingi bosqichga o‘tasiz. Omad». Siz esa o‘ylang atrofingizda xuddi shunday yashayotgan biror odamni bilasizmi, umuman O‘zbekistonda bormikan shunday yashayotgan oila! Bugungi kunda taxminan 1 milliard odam shunday yashaydi.

II daraja. «Uddaladingiz, kunlik daromadingizni to‘rt baravarga oshirdingiz. Bu pullarni nima qilasiz? Endi o‘zingiz yetishtirmaydigan mahsulotlarni sotib olishingiz mumkin, masalan tovuq – u tuxum qo‘yadi. Biroz pul jamg‘arib, bolalaringiz oyog‘iga kiyim va suv uchun bir nechta chelak olishingiz mumkin, yana velosiped. Endi suv tashish uchun vaqt tejaladi. Gaz plita ham olasiz. Elektr bo‘lsa bolalaringiz yorug‘da dars qiladi. Ammo kun sovusa elektr tez-tez o‘chadi. Sizning hozir hatto tagingizga to‘shab yotish uchun qalin matrasingiz bor. Hayotingiz birmuncha yaxshilangan bo‘lsada ishonchsiz. Birgina kasallik sizning bor-budingizni sotishga majburlaydi va siz yana I darajaga tushib qolasiz. Kuniga 3 dollar pul kelib turgani yaxshi, lekin siz rostmana yaxshi yashashni istasangiz, daromadingizni yana 4 baravarga oshirishingiz kerak. Mahalliy tikuv sexiga ishga kirolsangiz, oilangizda muntazam oylik oladigan birinchi odam bo‘lasiz. Bugungi kunda taxminan 3 milliard kishi shunday yashaydi.»

III daraja. Qoyil! Buni ham uddaladingiz. Siz bir necha ishda ishlaysiz, kuniga 16 soat ishlab daromadingiz 4 baravarga ko‘paydi. Uyingizga quvurda sovuq suv keltirdingiz, uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlandingiz, hatto muzlatkich sotib olib ovqatlaringizning xili ko‘paydi. Yana pul yig‘ib mototsikl olasiz va shaharchadagi yaxshi haq to‘laydigan zavodga ishga borib kelasiz. Bir kuni baxtsiz hodisa tufayli halokatga uchrab kasalxonaga tushasiz. Ammo yig‘ib qo‘ygan pulingiz bu safar kasalxona xarajatini qoplaydi. Siz yana ishni davom ettirasiz, bollaringiz ham maktabni bitirib ishga joylashadi. Va sizlar ilk marta sayohatga borasiz, mayli boshida o‘z yurtingizga. Bugungi kunda 2 milliard odam shunday yashaydi.» Eslataman yana o‘sha savolni: siz shu darajadamisiz? Tanishlaringiz, yaqinlaringiz, hamkasblaringizni bir-bir ko‘z oldingizga keltiring-chi, ular qaysi darajada?

IV daraja. «Kuniga 64 dollardan ko‘proq pul topasiz. Ancha boyib qolgansiz va siz kuniga qo‘shimcha 3 dollar topish deyarli turmushingizni o‘zgartirmaydi. Shuning uchun o‘ta qashshoq hayot kechirayotgan odam hayotini o‘zgartirib yuboradigan 3 dollarni katta pul hisoblamaysiz. Ma’lumotingiz o‘rtadan yuqori. Ta’tilda sayohatlarga chiqasiz, (mayli o‘zbekchasiga aytsak haj-umralarga, Turkiyaga borayapsiz). Oyda bir marta restoranga ovqatlanishga borasiz (gap o‘ynaysiz). Mashinangiz bor, uylar qura olasiz, mebel va h.k. Albatta uyingizga issiq va sovuq suv kelib turibdi. (Bugungi kunda taxminan 1 milliard odam shunday yashaydi) Ayni paytda siz mana shularni o‘qiyapsizmi, siz to‘rtinchi darajada yashayapsiz.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda eng boy va eng kambag‘al odamlar haqidagi postga ko‘zim tushib qoldi. Shunda O‘zbekistonda kambag‘al kambag‘alga, boy boyga ajrab qoldi, degan izohlarni o‘qidim. Bir hamyurtimiz rostdan ham boylar boy bo‘lib ketayapti aholining o‘rta qatlami yo‘q, dedi. Men uni tanirdim, institutda dars berardi, o‘ziga to‘q yashaydi. Shunda izoh yozib qo‘ydim, siz o‘rta qatlamsiz, sizning hamkasblaringiz, tanishlaringiz va men, mening hamkasblarim o‘rta qatlammiz.

Siz ham o‘ylab ko‘ring, atrofingizda birinchi, ikkinchi darajadagi odamlar ko‘pmi yoki uchinchi, to‘rtinchi darajadagi? Agar atrofingizda uchinchi va to‘rtinchi darajadagi odamlar ko‘pligini tan olib turib ham yo‘q, O‘zbekistonda kambag‘allar ko‘p desangiz siz yangilanmagan dunyoqarashdasiz. Shu o‘rinda kuni kecha yangilangan statistikaga nazar solamiz, Jahon banki eksperti xulosalariga ko‘ra: «O‘zbekistonda 16 mingta uy xo‘jaliklarida o‘tkazilgan kambag‘allik darajasi 2023 yil yakunida 11 foizgacha pasaygan, 2022 yilda kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil qilgan.» Agar siz shundayam o‘z fikringizda qolsangiz, hayot yaxshi tomonga o‘zgarayotganiga shubha qilayotgan bo‘lsangiz, «Faktdorlik» kitobida ta’kidlanganidek, sizning dunyoqarashingiz bo‘shliq instinkti orqali boshqarilmoqda. Ya’ni boylar va kambag‘allar orasida bo‘shliq borligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurni o‘zgartirish nega bunchalar qiyin?

Nazarimda, deydi kitob muallifi Ola Rosling, bunga insonlarning binar fikrlashga bo‘lgan mayli, hamma narsaning o‘rtasidagi bo‘shliqdan boshqa hech narsa bo‘lmagan bir-biriga zid ikki guruhga bo‘lish oddiy va intuitiv. Qolaversa, o‘rtadagi bo‘shliqni to‘ldiradigan o‘rtahollarni qo‘shib gapiriladigan bo‘lsa, eng boylar va eng kambag‘allar degan yorliq o‘z-o‘zidan ahamiyatini yo‘qotadi. Yanayam aniqrog‘i o‘rta hollar ham borligini  tan olish vaziyatning juda dramatik ekanligini yo‘qqa chiqaradi.

«Bo‘shliq instinkti bizni silliq diapazon bor joyda bo‘linishga, tutashuv bor joyda tafovut, kelishuv bor joyda nizo bor deb tasavvur qilishga undaydi. Agar butun yangiliklarni ko‘rsangiz yoki lobbi guruhining veb saytiga kirsangiz, ikki guruh o‘rtasidagi ziddiyat ya’ni eng kambag‘allar va eng boylar haqidagi ma’lumotni yoki o‘rtadagi kattarib borayotgan bo‘shliq iborasini eshitishingiz mumkin.»

Kitob sizga shunday maslahat beradi: «Bo‘shliq instinktini boshqarish uchun ko‘pchilik qayerda ekanini toping. Xo‘sh bizda ko‘pchilik qayerda eng pastdami yoki eng yuqorida? Odatda ko‘pchilik aynan o‘rtada, bo‘shliq deb o‘ylagan joyda bo‘ladi. Eng kambag‘allar va eng boylar o‘rtasidagi tafovut ko‘pincha adolatsizlikdek ko‘rinadi. Lekin hatto shunday bo‘lganda ham, ko‘pchilik odamlar o‘rtada, aynan bo‘shliq bor deb taxmin qilingan joyda bo‘ladi.»

«Faktdorlik» kitobida biz dunyo haqida yanglish fikrlashimizning bir necha sabablari ko‘rsatiladi:

Salbiylik instinkti

«...Ya’ni yaxshi narsalardan ko‘ra ko‘proq yomon narsalarni payqashimiz sabab bo‘ladi – o‘tmishni noto‘g‘ri eslash, jurnalistlar va faollar voqealarni saralab uzatishi hamda hayot og‘irlashayotgan paytda yaxshi narsalarni aytish erish tuyuladi, degan kayfiyat.»

 Qo‘rquv instinkti

«Quyidagi ikki sarlavhani gazeta muharriri nashrdan o‘tkazmaydi, chunki ular bizning filtrimizdan (ya’ni o‘qilmaydi demoqchi) o‘tishiga shubha bor: «Bezgak sekin-asta kamayishda davom etayapti», «Bugun Londonda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishini meteorologlar kecha to‘g‘ri bashorat qildi». Bizning filtrimizdan oson o‘tadigan mavzular: zilzila, urush, qochoqlar, kasallik, yong‘in, suv toshqini, akulalar hujumi, terrorchilik hujumlari... Shunday qilib OAV bizga doim yetkazib beradigan noodatiy hikoyalar tasavvurimizni shakllantiradi. Agar sergak bo‘lmasak, mana shu noodatiy holatlarni odatiy hol, dunyo haqiqatan shunday deb ishonib qolamiz...Qo‘rqqaningizda dunyo boshqacha ko‘rinadi. Vahimangiz tarqab ketmaguncha imkon qadar kamroq qaror chiqaring...»

Hajm instinkti

«Yangiliklarda yolg‘iz raqamni ko‘rsam, u doim menga signal beradi: bu raqamni nima bilan solishtirish kerak? Bu raqam bir yil avval qanday bo‘lgan? O‘n yil ilgari-chi? Qiyoslanadigan mamlakat yoki mintaqada nima bor? Uni nimaga bo‘lish mumkin? Bu qismi bo‘lgan jami son qancha? Men darajalarni solishtiraman va shundan keyingina buning muhim raqam ekani haqida bir qarorga kelaman. Katta raqamlar hamisha katta ko‘rinadi. Yolg‘iz raqam alohida holda chalg‘itadi, unga ko‘r-ko‘rona ishonmay shubhalanishingiz kerak. Doim solishtirish kerak bo‘lgan narsani izlang, eng yaxshisi biror narsaga taqsimlang.»

Taqdir instinkti

«Ko‘p narsalar, jumladan odamlar, mamlakatlar, dinlar va madaniyatlar o‘zgarishi sekinlik bilan kechayotgani uchun o‘zgarmayotgandek tuyuladi. Ammo  hatto kichik, sekin o‘zgarish ham yig‘ilib, kuni kelib katta o‘zgarishni yasaydi, ya’ni har yili yuz beradigan kichik o‘zgarish yillar davomida katta o‘zgarishlar qilishi mumkin. Agar qadriyatlar qanchalik o‘zgarganini bilgingiz kelsa bobongiz va buvingizning qadriyatlari haqida o‘ylang. Bugungi madaniyat kecha ham bo‘lgan, ertaga ham bo‘ladi degan fikrni shubha ostiga oling.»

Bir tomonlama yondoshuv instinkti

«Insonlar sayyoramiz tabiiy resurslarini talon-toroj qiladi. Tabiiy sharoit vayron qilingan, ko‘plab hayvonlar ovlanaverganidan yo‘q bo‘lib ketgan, buni inkor qilib bo‘lmaydi, lekin o‘zini himoyasiz hayvonlar va ularning yashash joyini muhofaza qilishga bag‘ishlagan faollar boshqalarni g‘amxo‘rlik qilishga chaqirishga chunonam berilib ketganidan sohada yaxshilanish bo‘layotganini unutib qo‘yadi.»

Ayblash instinkti

«Ayblash instinkti bizni shaxslar va muayyan guruhlar ahamiyatini bo‘rttirib yuborishga majbur qiladi. Aybdorni topish instinkti dunyoni chin va faktlarga asoslanib idrok qilish qobiliyatimizni susaytiradi: birovni aybdor deb o‘ylashimiz bilan u bizning diqqatimizni o‘g‘irlaydi, keyin kimning yuziga musht tushirishni bilib olgach, vaziyatga boshqa izoh izlashdan to‘xtaymiz. Bu muammoni yechish yoki takrorlanishi oldini olish qobiliyatimizga putur yetkazadi, chunki biz barmog‘imizni bigiz qilishdek haddan tashqari sodda narsaga yopishib qolganmiz. Bu bizni aslida murakkab bo‘lgan haqiqatdan chalg‘itadi va kuchimizni kerakli joyga yo‘naltirishimizga to‘sqinlik qiladi. Biror ish chappasiga ketsa, aybdor shaxs yoki guruhni izlamang. Noxush hodisalar ularni hech kim xohlamasa ham sodir bo‘lishi mumkinligini tan oling. O‘rniga shu vaziyatni yuzaga keltirgan tizimni yoki bir qancha o‘zaro ta’sir qiluvchi sabablarni tushunishga kuchingizni sarflang...»

Shoshilish instinkti

Shoshiling, buni hoziroq o‘qing! Mana shunday shok xabarlar dunyo haqidagi qarashlarimizni buzadigan eng yomon xabarlardir. «Shoshilish instinkti faollashganda, boshqa instinktlaringiz ham faollashadi va tahlil qila olmay qolasiz. Yana biroz vaqt va ma’lumot berishlarini so‘rang. Hozir yoki hech qachon, unisi yoki bunisini tanlash kerak bo‘lgan vaziyatlar kamdan-kam sodir bo‘ladi.»

Xullas faktdorlik – stressni yumshatadi, mulohaza qilishga, taqqoslashga, qiyoslashga undaydi. Faqat kuchli faktlarga tayanib fikrlash odatini o‘zlashtirsangiz dunyo haqidagi yanglish fikrlayotganingizni chuqurroq anglab boshlaysiz!

                                                                                                   Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring