Eng xavfli virus – vahima, ochko‘zlik va kitob o‘qimaslikdir
(Prezident Shavkat Mirziyoyevning xalqqa murojaati borasidagi mulohazalar)
Odamzodning irodasi bo‘sh yoki qat’iyligi turli sinovlarda bilinadi. Tarixdan ma’lumki, zamon va makon bilan bog‘liq turli ne’matlar ham, ofat-balolar ham xalq irodasining bukilmasligi uchun sinov. Iroda ishonchni mustahkamlay olishdir, aslida. Bugun butun dunyoni tashvishga solayotgan muammolardan biri tojsimon virus balosidir. Jahon ahli bu ofatga qarshi kurash yo‘llarini, uni butkul tugatish borasida izlanayapti. Demak, bu borada yakdillik va ertangi kunga ishonch har narsadan muhim.
Prezidentimiz bu xususda aniq fikr va chora-tadbirlarni 18-mart kuni xalqimizga murojaatnomasida bildirdi. «Millati, tili va dinidan qat’i nazar, hammamiz yakdilmiz va, ishonamizki, bu qiyinchiliklar, albatta, o‘tib ketadi. Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tavsiyalariga amal qilib, shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga har birimiz o‘z oilamiz, bolalarimiz bilan uyimizda, ishxonamizda va boradigan joylarimizda qat’iy amal qilishimiz zarur. Kasallikni yashirmasdan, o‘z vaqtida murojaat qilish uning oldini olishda eng samarali choradir».
«Kasallikni yashirsang, isitmasi oshkor qiladi», degan xalq naqlining mazmunini yoddan chiqazish jaholat, Prezident ta’biri bilan aytganda, bu «xiyonat»dir. Nima bo‘lsa bo‘lar qabilida ish tutish ham mantiqsiz harakat. Bu esa loqaydlik, beparvolik va befarqlikning urchishidir. Demak, masalaga ongli yondashishgina muammolarga to‘g‘ri yechim bo‘la oladi. To‘g‘ri, taqdir yaratgandan, tadbir bandadan. O‘rinli, eng to‘g‘ri chora-tadbirgina ofat-u balolardan asraydi. Ayrimlarning sarosimaga tushib, oziq-ovqat masalliqlarini tashmachilik qilib uyiga jamlashi insofdan emas. Nahotki, muftiyat rahbarligida, diniy ulamolar yurtimizga tinchlik-xotirjamlik, bemorlarga shifo tilab, duoi fotihalar qilishayotgan paytda, oziq-ovqat va boshqa kundalik iste’mol mahsulotlarining narxi oshib ketmasligi uchun barcha choralar ko‘rilib, ishonch bildirilayotgan paytda bunday o‘rinsiz xatti-harakatni qanday izohlash mumkin?
O‘z jonini saqlasa, go‘yoki barcha balolar daf bo‘ladi qabilida o‘ylayotgan noshud kimsalar o‘ziga yoxud Bosh prokuratura huzuridagi departament xizmatiga ish orttiradi, xolos. Nahotki, ular tashvish ustiga o‘zlariga tashvish orttirayotganini sezishmasa. Insonni ochlik o‘ldirmaydi, ochko‘zlik o‘ldiradi. Xalqimiz og‘ir sinov paytlarida ham bir burda nonni bo‘lib yeyishgan, qorni och bo‘lganda ham ko‘zi to‘q bo‘lgani uchun o‘zi yemay, o‘zgaga yedirgan. Biz kimlarning avlodi, izdoshi ekanimizni unutmasligimiz kerak. Fursatdan foydalanib, pul undirishni niyat qilgan ba’zi bir chayqovchilarning qilmish-qidirmishiga aqlbovar qilmaydi. Prezidentimiz bu borada ham oqilona javob aytdi. «Birovning tashvishi evaziga topilgan pul hech kimga buyurmaydi». Demak, xudbinlik, o‘zbo‘larmonlik bilan ish tutgan kimsaning oqibati xunuk, oxirati kuyuk. Bu haqiqatni unutgan kishining kulfatga duchor bo‘lishini tushuntirishga hojat bormikan?
Shu tobda nemis mutafakkiri Frans Kafkaning bir hikmati yodga keladi. «Odamzotning baxtsizligiga uning ikkita gunohi sabab bo‘lgan. Biri uning betoqatligi, ikkinchisi beparvoligidir. Betoqatligi sabab u jannatdan yerga quvildi, befarqligi bois qaytib u yoqqa bora olmaydi».
Bundan shu narsa anglashiladiki, befarq va loqaydlik qanchalik ayanchli bo‘lsa, betoqatlik bilan sarosimaga tushib, apil-tapil ish tutish ham shu darajada kuyunchlidir.
«Mamlakatimizda yetarli darajada zaxira mavjud, xavotir yoki vahimaga tushishga hech qanday asos yo‘q. Ammo ko‘pga kelgan bu baloga qarshi hammamiz birgalikda, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishimiz lozim», deya Prezidentimiz uqtirayotgan paytda ahillik va hamjihatlik zarur ekanligini unutmaslik kerak.
Vaqt qadriga yetish, undan unumli foydalanish zaruratini his etgan davlatimiz rahbari o‘quvchi talabalarning onlayn tarzida bo‘lsa-da, ta’lim berish, ta’lim olish tizimini yo‘lga qo‘yishlari borasidagi mulohazalari g‘oyat e’tiborlidir. Shuning uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda videodarslar turkumi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tariximiz, boy madaniyatimizga oid ko‘rsatuv va eshittirishlar, yoshlarimiz uchun foydali va qiziqarli badiiy dasturlar, kinofilmlarni ko‘paytirish maqsadga muvofiq.
Biz odatda, tanamizga ta’sir qiluvchi har qanday xavfdan saqlanishni eplaymiz. Lekin ruhiyatning shifosi bo‘lgan ma’naviy oziqqa unchalik e’tibor qilavermaymiz. Aslida, har qanday kasallik ruhiyatdan tanaga ko‘chadi. Afsuski, bizning tibbiyotimiz, asosan tanani davolaydi. Vaholanki, ruhiyat shifo topsa, tana darddan forig‘ bo‘ladi. Ruhiyat davolansa, har xil qo‘rquv va vahimalardan yiroq bo‘ladi inson.
Barchani vahimaga solgan koronavirusning oldini olish maqsadida hukumatimiz tomonidan turli xil choralar ko‘rilayotgani aniq. Shu munosabat bilan o‘quvchi va talabalarning ta’tilga chiqazilishi qaysidir ma’noda ular uchun imkoniyat hamdir.
Ular bu muddat mobaynida ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob mutolaasiga sho‘ng‘ishi, turli yo‘sindagi badiiy, ilmiy, tarixiy mavzudagi asarlarni o‘qish uchun yaratilgan sharoit sifatida tushunishlari maqsadga muvofiq. Ma’naviyat ozig‘i bo‘lgan kitob barcha dardlarga darmon, sodiq do‘st, tun-u kun hamroh bo‘la oladigan qudratli kuch, mador dorisi.
O‘qishdan maqsad uqish, mutolaadan maqsad mushohada. Mushohadasiz mutolaa, tashxissiz muolajadir. Shuning uchun ham vaqt qadriga yetgan inson qanday sharoitda bo‘lmasin, ilm olishga talpinadi, yo‘l topadi.
Turli transport vositalarida talabalarni o‘z uylariga kuzatish arafasida, institutimiz yoshlariga qarata TIQXMMI yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ro‘zimurod Choriyev shunday dedi: «Ta’til degani bu tahsil to‘xtadi degani emas, balki, ikki karra ilm olishni kuchaytirish demakdir, fan bo‘yicha kitoblarni o‘qish, onlayn dasturlarni kuzatib borish, o‘z bilimini oshirishdir».
Shunga amal qilgan holda, biz fanlarga oid kitoblardan tashqari, tarixiy va zamonaviy mavzudagi jahon adabiyoti hamda o‘zbek adiblarining eng sara ijod durdonalarini o‘qishni boshlab yuborishdi.
Talabaning maqsadi o‘z nomi bilan ilm talab etishdir bu esa muayyan sharoitni talab etadi. Kitob mutolaasi, tafakkur tarzi, dunyoqarashining o‘sishi bilan bog‘liq ushbu ta’til yoshlarga mana shunday imkoniyat berganligidan unumli foydalanmaslik tojlivirus ofatidan ham og‘irroq virusga chalinish, aniqrog‘i, jaholat uyasi – kitob o‘qimaslik illatiga duchor bo‘lishdir. Nodonlikka, jaholatga qarshi ma’rifatning mayog‘i, yarog‘i va sabog‘i bilim va ilm manbai bo‘lgan kitobni sevish va o‘qishda davom etishdir.
Shuning uchun ham Prezidentimiz ta’lim jarayoniga alohida e’tibor qilgan holda, uning sur’atini to‘xtatmasdan sinf xonasi yoxud auditoriyada bo‘lmasa-da, uyda bo‘lsa ham davom ettirish zaruratini keskin tarzda qo‘ydilar.
Koronavirus pandemiyasi butun dunyo mamlakatlarini tashvishga solayotgani bois uning oldini olish uchun har bir fuqaro mas’ul. Garchi bu holat iqtisodiyotimizga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aniq bo‘lsa-da tojlivirus xavfini bartaraf etish choralari shuni taqozo etadi.
Bu yo‘sinda qaysidir soha va tarmoqlarga, yirik korxonalarga bir muncha og‘irlik tushishi tabiiy. Lekin qanday bo‘lmasin, moliya va xomashyo bozorida barqarorlikni saqlash muhimligini Prezident alohida e’tirof etdi. Chunki narx-navoning o‘sishi beqarorlikka sabab bo‘lishini hech kim inkor eta olmaydi.
Barcha islohotlar xalq bilan bamaslahat, ularning roziligi bilan amalga oshirilishini talab etayotgan Prezident koronavirusga qarshi kurash faoliyatini oshkoralik tamoyillari asosida olib borilishini ham e’tirof etdi.
Bugungi kunda 200ga yaqin davlatga qutqu solayotgan koronavirus ofati jiddiy muammoligini anglash asnosida ildiz otib ketmasdan qisqa muddatda daf etish zarur. Bu borada xalqimizning jipsligi, hamjihatligi, xotirjamligi muhim. Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda «og‘ziga kuchi yetmagan»lar xalqni qo‘rqitish, sarosimaga solish bilan shug‘ullangani sir emas. Bularga qarshi kurash choralarini ko‘rish zaruratini eslatib «odamlarni sarosimaga solish qonunbuzarlik bilan teng», dedi Prezidentimiz.
Xulosa o‘rnida aytish kerakki, eng xavfli virus – bu qo‘rquv, vahima, ochko‘zlik, kitob o‘qimaslik va sarosimaga tushishdir. Ibn Sino ta’rifi bilan aytganda, «vahimaning o‘zi yarim kasallikdir, xotirjamlik yarim sog‘likdir, sabr esa shifoning boshlanishidir».
Rahimboy Jumaniyozov,
TIQXMMI matbuot xizmati rahbari, filologiya fanlari nomzodi, dotsent
Bahriddin Muqimov,
Toshkent Irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti «Gumanitar fanlar» kafedrasining o‘qituvchisi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter