Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Erdo‘g‘on Netanyahuning da’vosiga keskin javob qaytardi

Erdo‘g‘on Netanyahuning da’vosiga keskin javob qaytardi

Tashqi bosimlarga qaramay, Turkiya Quddusi sharifni himoya qilishdan to‘xtamaydi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning da’vosiga javoban shu tarzda keskin bayonot berdi.  

Istanbulda o‘tayotgan TEKNOFEST tadbirida chiqish qilgan Erdo‘g‘on Isroil okkupatsiyasi ostidagi Quddus shahri nafaqat musulmon, balki, butun insoniyat uchun qadrli maskan ekanini ta’kidladi.

Gap shundaki, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu joriy yil 15-sentyabr kuni AQSh davlat kotibi Marko Rubio bilan birgalikda bahsli hudud sanalgan «Dovud shahri» arxeologik yodgorligiga tashrif buyurgan va 1998-yilga oid hodisadan so‘z ochgan edi.

Netanyahuga ko‘ra, 1998-yilda u Turkiya bosh vaziri Mesut Yilmaz bilan uchrashuvda Turkiyada saqlanayotgan, 2700 yillik tarixga ega tosh yozuvni Isroilga tuhfa qilishni so‘ragan. Buning evaziga u Turkiya bosh vaziriga Isroilda saqlanayotgan Usmoniylar tarixiga oid eksponatlar yoki moddiy boylik va’da qilgan.

Netanyahuning hikoya qilishicha, Mesut Yilmaz Istanbul hokimi Erdo‘g‘on (Turkiyaning hozirgi prezidenti o‘sha vaqtda Istanbulga rahbarlik qilgan — tahr.) boshchiligidagi qatlam Isroilga Quddus tarixiga oid qadimiy tosh yozuvning qaytarilishiga keskin e’tiroz bildirishini aytgan. 

«Mana, 2000 yil o‘tib, biz shahrimizni qaytarib oldik. Mustaqilligimizni qaytarib oldik. Bu bizning shahrimiz, janob Erdo‘g‘on! Bu sizning emas, bizning shahrimiz. U hamisha bizniki bo‘lib qoladi. U endi hech qachon bo‘linmaydi», — degan Netanyahu AQSh davlat kotibi ham qatnashayotgan marosimda.

Ma’lumot o‘rnida: miloddan avvalgi VIII asrga mansub, Silvan yozuvi deb ataladigan tosh bitik Istanbul arxeologiya muzeyida saqlanadi. U Quddusga oid eng qadimiy artefaktlardan biri hisoblanadi.  

Erdo‘g‘on Netanyahuga javob qaytarar ekan, nafaqat 2700 yillik yozuv, balki Quddusga aloqador kichik bir toshcha ham Isroilga qaytarilmasligini urg‘ulagan.

«U (Netanyahu nazarda tutilmoqda — tahr.) birinchi qiblamiz Quddus haqida o‘zboshimcha fikrlar bildirib, o‘zicha nimalarnidir qaytarmoqchi bo‘lyapti. Qo‘lini g‘azolik 65 ming mazlum qoniga bo‘yagan qotillarga aytamanki, Quddus butun insoniyat, jumladan, musulmonlarning sha’ni, qadr-qimmati va izzatidir. Quddusga qaratilgan har bir hujumga bu muborak shahar, bu mo‘’tabar zaminga oshufta insonlar munosib javob qaytaradi», — dedi Turkiya rahbari.

Erdo‘g‘on bundan bir necha kun avval ham Isroil bosh vazirini fashistlar dohiysi Gitlerga mengzagan va ikki milliard musulmonning umumiy merosi bo‘lgan Quddus shahri himoyasiz qolmasligini ta’kidlagan edi.   

Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967-yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyat qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Xalqaro bitimlarga muvofiq esa, Sharqiy Quddus mustaqil Falastin davlatining poytaxti bo‘lishi kerak.

So‘nggi yillarda Tel-Aviv mulozimlari Quddus shahrida ko‘p bora provokatsion harakatlar sodir etdi, xususan, musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanalgan Al-Aqso jomesiga bosqinlar uyushtirdi.

Isroil rasmiylarining Quddus va Al-Aqsoga qarshi harakatlarini xalqaro hamjamiyat qoralab kelmoqda. O‘zbekiston ham Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligi — status-kvoga rioya etilishini talab qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring