Global Cities Index 2026. Toshkent reytingda 128 pog‘ona yuqoriladi
Toshkent Global Cities Index 2026 reytingida 128 pog‘ona yuqorilab, dunyoning mingta eng yirik shahri orasida 343-o‘rinni egalladi. Iqtisodiy toifada O‘zbekiston poytaxti yanada sezilarli sakrashni amaga oshirdi: bir yil ichida 558-o‘rindan 188-o‘ringa ko‘tarildi.
Reytingdagi eng muhim jihat — Toshkent inson kapitali bo‘yicha dunyoda 108-o‘rinni egalladi. 2024-yilda shahar 136-o‘rinda, 2025-yilda esa 123-o‘rinda edi. Reytingning ketma-ket uchta nashrida odamlarning bilimi, ko‘nikmasi va kasbiy salohiyatini aks ettiruvchi yo‘nalishda barqaror o‘sish qayd etildi.
Boston Consulting Group kompaniyasi 2025 yilda o‘tkazgan va 2026-yil 21-mayda e’lon qilgan «Built to Change: How Cities Compete for the Future» tadqiqotida Toshkent dunyoning 80 ta shahri orasida o‘zgarish tezligi bo‘yicha faqatgina Shenchjen va Ar-Riyoddan keyin uchinchi o‘rinni egallagandi. Shu bilan birga, iqtisodiy faollikdagi o‘zgarishlar tezligi bo‘yicha poytaxt birinchi o‘rinni egalladi. BCG nafaqat shaharning hozirgi holatini, balki uning qanchalik tez rivojlanayotganini, moslashayotganini va aholi uchun sharoitlarni yaxshilayotganini baholaydi. Tadqiqot 200 dan ortiq ko‘rsatkichlarni qamrab oladi va dunyo shaharlarining 24 ming nafar aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalarini hisobga oladi.
Raqamlar ortida har kuni poytaxt kelajagini yaratayotgan insonlar turibdi: o‘qituvchilar va shifokorlar, muhandislar va tadbirkorlar, shahar xizmatlari mutaxassislari, talabalar va yosh mutaxassislar. Toshkent ularning bilimi, tashabbuslari va mehnati evaziga kuchliroq bo‘lib bormoqda. Aynan shuning uchun ham inson shaharni rivojlantirishga oid qarorlar markazida qolmoqda, deb yozdi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, ushbu natijalar Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, Prezident Administratsiyasining poytaxtni rivojlantirishga qaratayotgan e’tibori, shahar va tuman jamoalarining hamjihatlikda ishlashi, biznesning sa’y-harakatlari va aholining bevosita ishtiroki tufayli mumkin bo‘ldi. Xalqaro tahlilchilar Toshkentni «Cities to Watch» — rivojlanishini kuzatib borish lozim bo‘lgan shaharlar ro‘yxatiga kiritdilar.
Ammo reytingdagi yuqori o‘rin faqatgina o‘zgarishlar kundalik hayotda sezilgandagina ma’noga ega bo‘ladi. Shahar muhiti sifati, toza havo va har bir tumanning qulayligi uchun hali ko‘p ishlarni amalga oshirish zarur. Iqtisodiy o‘sish odamlar uchun — Toshkentda o‘qish, ishlash, o‘z biznesini qurish va farzandlarini ulg‘aytirish kabi yangi imkoniyatlarga aylanishi kerak, deyiladi xabarda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter