Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

«ICTWEEK UZBEKISTAN – 2024» yoxud kelajakka xat yozganim, Oyqiz va boshqa qutb yoshlari bilan tanishganim haqida

«ICTWEEK UZBEKISTAN – 2024» yoxud kelajakka xat yozganim, Oyqiz va boshqa qutb yoshlari bilan tanishganim haqida

Bundan o‘ttiz yillar oldin talabaligimda Toshkentning Beshyog‘ochidagi pochta-telegrafidan ota-onamga borayotganimni aytish yoki biron muhim xabarni jo‘natish, bayramlar bilan tabriklash uchun har bir harfiga pul to‘lab telegramma jo‘natardim. Iloji boricha so‘zlarni, harflarni tejagan holda.

Bugungi yoshlar bilan yoshligimni taqqoslash hatto imkonsizdek tuyuladi.

Ya’ni oradan hech qancha o‘tmadi, har holda bir asr emas, oradagi vaqt... Lekin hayotimizda o‘sha paytdagi tasavvurimizga sig‘maydigan o‘zgarishlar bo‘lib ketdi. Ya’ni internet asri butun dunyoni kundan-kunga o‘zgartirayotgan zamonda yashayapmiz. Go‘yo biz bilan hozirgi yoshlar ikki qutbda yashagandek. Bu qutblashish hozirgi yoshlar o‘rtasida ham kuzatilmoqda.

Qutbning u tomonida bir necha tilni biladigan, yaxshi sarmoyaga ega, yomon odatlardan holi, hatto chet ellarda ham o‘z o‘rniga ega yoshlar bor. Ular bilan bir necha tilda suhbatlasha olasiz, ular o‘z kuchiga, o‘z bilimiga ishonadi, tinmay o‘qiydi, o‘rganadi, loyihalar ustida bosh qotiradi, hatto uyidan bir qadam chiqmasdan daromad topadi.

  

Qutbning boshqa tomonida kelajagini tasavvur qilolmayotgan yokida eng oxirgi umidi katta sumkasini ortmoqlab chetga ish izlab ketishga shay turgan yoshlar.

Qutbning u tomonidagi yoshlar texnika asrining zamonaviy yoshlari, bu tomonidagi yoshlar esa men o‘ttiz yil oldin ota-onamga xabarni telegramma orqali jo‘natish uchun harf va so‘zlarni tejab yozgan men yashaydigan davr yoshlariga o‘xshaydi...

 Zavod, fabrikalarda endi robotlar ishlaydi...

Shu yilning 17-sentyabr  CAEx majmuasida «ICTWEEK UZBEKISTAN – 2024» AKT haftaligi boshlandi. O‘sha haftalikda yana bir bor ikki kun ishtirok etish asnosida og‘ir sumkalarini yelkasiga osib chetga qora mehnat uchun otlangan yoshlarni boshqa bir qutbda qolib ketgandek his qildim. Ya’ni bunday bo‘lishiga, yoshlarning o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmay yo‘lini topa olmayotganiga ma’lum ma’noda biz kattalar – ota-onalar ham aybdormiz.

Mustaqillikdan so‘ng birin-ketin zavod-fabrikalar yopildi. Ya’ni odamlar zavod-fabrikalarda ishlab hech qachon oshmaydigan va tushmaydigan maoshga kun kechirardi. Bundoq o‘ylab qaraganda shundan qulayi yo‘qdek. Ijtimoiy tarmoqlarda, umuman aholi orasida yoshlarga ish yo‘q, shuning uchun barchasi Rossiyada, Turkiyada va boshqa mamlakatlarda qora ishchi bo‘lib yuribdi, degan fikr hech kim uchun yangilik emas... O‘sha sobiq SSSR davridagidek zavod-fabriklar ochilsayu farzandlarimiz kunimiz o‘tib turishiga loyiq pulni topsa. Bu stereotip qarashlar, aynan shunday. O‘sha SSSR davrini qo‘msash, zavod, fabrikalar ochilib ish o‘rinlari yaratilishi.

Lekin, o‘ylab ko‘ring, bugun texnika asrida zavod-fabrikalar ochilgani bilan sizning farzandingizga u yerda qiladigan ish yo‘q, agar IT sohasini bilmasa, texnologiyalarni tushunmasa. Chunki biz orzu qiladigan zavod-fabrikalarni allaqachon mashinalar, robotlar boshqarayapti.

Kompyuterlashmagan, internet kirib kelmagan zamonda yashab o‘tgan ota-onalar uchun bu soha juda murakkab tuyuladi va shuning uchun bolalariga rag‘bat bermaydi. Ammo ITning bizning yurtimizga kirib kelganiga roppa-rosa 20 yil bo‘ldi. Butun viloyatlarda IT parklar ochildi. Ish yo‘q, deb boshqa yurtlarda qancha qora ishchilar nolib yashayotgan bir paytda shu yerning o‘zida ikki-uch baravar  ko‘proq pul topayotgan, xorijga ketib eng yaxshi sohalarda ishlayotgan yoshlar ham o‘zimizning qorako‘zlarimiz.

Yaqinda gazetamizda Amerikada xuddi OLXdek onlayn platforma yaratgan bir yigit haqida maqola chiqardik. 20 yoshida o‘zi pul ishlab topgan va birinchi qimmat mashinalardan biri Hyndai Elantrani sotib olgan, hatto uy olishga ulgurgan.

 

U 2-3 xorij davlatlarida, Amerikaning 10 dan ortiq shtatlarida bo‘lgan, Amerika & Kanada vizalariga ega. 22 yoshli qahramonimizning 30 dan ortiq shogirdi ham bor. Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universitetida biznes va marketing yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan bu yigit hatto ota-onasining qarshiligiga qaramay yiqqan puliga yashirincha kurs sotib olib o‘qish- o‘rganishdan charchamagan, ikkinchi yiliyoq kontrakt pulini o‘zi to‘lagan. Shu sohaning ortidan boyigan – millioner-multimillioner bilan shu yerda tanisha boshlagan. Bunday misollar juda ko‘p...

Aynan mana shunday qiziquvchi va bilimli yoshlar tufayli mamlakatimizning IT eksportida AQSh birinchi raqamli savdo hamkorimiz ekanligini ko‘pchilik tasavvur qilishi qiyin bo‘lsa kerak. IT va BPO eksport xizmatlarining yarmidan ko‘pi aynan AQSh bozoriga to‘g‘ri keladi.

«Centralasia.tech» sayti orqali AQShdagi vatandoshlar aynan IT Park eksporterlariga zakaz topish orqali o‘zlarining daromadlarini ko‘paytirayotganini kuzatishingiz mumkin.

Yana faktlarga e’tibor qarating: 2017-yilda IT va BPO rasmiy eksporti deyarli yo‘q bo‘lgan davlatdan, oradan atigi besh yil o‘tib 2022-yilda 140 mln. dollar IT va BPO eksportiga ega davlatga aylanishiga erishildi – IT va BPO xizmatlar eksportini 2030-yilgacha 5 millard dollarga yetkazish bo‘yicha rejalar amalga oshirilmoqda. 2023-yilda ko‘rgazmada 100 dan ziyod xorijiy va mahalliy IT kompaniyalar ishtirok etgan bo‘lsa, bu yil 200 dan ortiq kompaniyalar orasida Yaponiya, Koreya, Xitoy, Qatar, Latviya kabi davlatlarning mashhur kompaniyalari ham qatnashmoqda, hudud ham shunga yarasha kengaytirilgan.

Pastdan yuqoriga...

Maqola yozish asnosida internetni titkilab o‘tirib ushbu sohaga oid bir qancha reyting ko‘rsatkichlariga ko‘zim tushdi. Mana yana ulardan biri: ITUning «Global Cybersecurity Index 2024» hisobatiga ko‘ra mamlakatlar rivojlanish darajasiga ko‘ra beshta guruhga ajratilgan: eng pastidan yuqorigacha: T5 Building – poydevori yaratilayotgan, T4 Evolving – shakllanayotgan, T3 Establishing – mustahkamlanayotgan, T2 Advancing – yaxshi rivojlanayotgan, T1 Role-modeling – namuna bo‘layotgan). O‘zbekiston, Kanada, Isroil, Avstriya, Shvetsariya kabi mamlakatlar bilan birgalikda Tier 2 (Advancing) guruhiga kiritildi hamda 2024-yilda mamlakatning ushbu ko‘rsatkichi +18.09 balga yuqorilab, 89,2ni tashkil qildi. 2020-yilda e’lon qilingan hisobotda 71,11 ko‘rsatkichni qayd etgan edi.

Yana bir yaxshi xabar esa: 2023 Global Services Location Indexda O‘zbekiston ilk bora qo‘shildi va 78 davlatdan 40-o‘rinni egalladi.

Cable.co.uk nashrining dunyodagi keng polosali internet tezligi solishtirma jadvaliga e’tibor qaratsangiz dunyodagi notinchlik tufayli aksariyat qo‘shni davlatlarda internet tezligi reytingida pasayish kuzatilgan bir paytda O‘zbekiston 24 pog‘onaga ko‘tarilgan.

Bunday o‘sishlar haqidagi yaxshi xabarlar juda ko‘p, ulardan eng oxirgisi –O‘zbekiston Elektron hukumat reytingida 6 pog‘onaga yuqorilab, indeksning juda baland (Very High EGDI) guruhiga qo‘shildi. Avvalgi reytingda 18 pog‘ona ko‘tarilganini inobatga olinsa 2 ta reytingda umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarildi.

Mablag‘ faqat sportchilarga ajratilmayapti...

Yaqinda sportchilarimizga ajratilgan mablag‘lar juda ko‘p muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ya’ni ko‘pchilik ilm-fanga mablag‘ ajratilmayotganini yozg‘irishdi. Haftalik bahonasida joriy yilning iyul boshida 1 million dollarlik President Tech Award tanlovida qatnashing, degan e’longa yuzma- yuz keldim.

Ya’ni o‘tgan yili Prezidentimiz soha vakillari bilan ASTRUM Akademiyasida uchrashganlarida 1 million dollarlik sovrin jamg‘armasiga ega tanlov tashkil etish bo‘yicha vazifa belgilab bergan va «Butun O‘zbekiston yoshlarini IT sohasidagi intilishlariga katta turtki va motivatsiya  berish  uchun keldim», deya ta’kidlagandilar. Haqiqatda ham «President Tech Award» tanlovi yoshlarga katta motivatsiya bo‘lgan ekan.

«Quruq qoshiq og‘ir yirtar» deganlaridek, ish izlayotganlarga yoki O‘zbekistonda ish yo‘q, deyotganlarga faktlari bilan misol keltirishni o‘rinli, deb bildim. IT sohasida 20-50 mln so‘m oylik to‘laydigan bo‘sh ish o‘rinlari anchagina ekanligini Raqamli Iqtisodiyot Tadqiqotlari Markazi tomonidan amalga oshirilgan IT mehnat bozori tahlilida ko‘rsangiz bo‘ladi: hh.uz, ishkop.uz, it-market.olx.uz, rabota, it-telekom-kompyutery, t.me/fintech_jobs kabi sayt va telegramm kanallari misolida.

Agar ko‘rsatilgan talablarga malakangiz yetmasa, o‘qishingiz mumkin, masalan: education.it-park.uz, uzbekcoders.uz saytlaridan bu haqda yetarlicha ma’lumot bor.

Yotoqxonasiz, qisqaroq muddatli kurslarda ham bepul o‘qib, yuqori daromadli ishga ega bo‘lishning boshqa imkoniyatlari ham ko‘p, ya’ni MAAB Innovation Toshkentda tekinga o‘qitib, ishga joylashga ham yordam bermoqchi.

Najot Ta’lim bilan Cambridge LC ham turli grantlar e’lon qilib bormoqda ekan. Bularning barchasi haqida «ICTWEEK UZBEKISTAN – 2024» ishtirok etib yanada to‘liqroq ma’lumot oling.

 

Onlayn o‘qimoqchi bo‘lsangiz, COURSERAning pullik kurslaridan tekinga o‘qish imkoniyatidan ham foydalaning...

Oyqiz kim yoxud kelajakka xat yozing

Juda ko‘pchilik aytichilar yoshlarga shunday da’vat qilishadi: «Vaqtingizni ingliz tilini va IT sohasini o‘rganishga bag‘ishlang», men ham qo‘shimcha qilmoqchiman haftalik doirasida IT BILIM o‘quv markazi yoshlarga ushbu soha bo‘yicha nafaqat bilim beradi, balki amaliyot o‘tashlari uchun imkon beradi va ishga joylashtirmoqda, Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan ilova Oyqizga murojaat qiling u bilan suhbatlashing, savollar bering, javob oling, xuddi Alisadek qo‘ng‘iroqdek ovozi orqali siz bilan gaplashadi, ya’ni o‘zbek tilida. Yoki chatgpt o‘zbekcha ilovani o‘rnating u sizga juda ko‘p narsalarni o‘rgatadi. UzRost pochtasining «Kelajakka maktub» xizmati orqali o‘zingizga yoki yaqinlaringizga xat yozing. Xat roppa-rosa bir yildan keyin UzPost orqali manziliga yetkaziladi, hatto Garri Poterga, Sherlok Xolmsga xat yozishingiz mumkin. Ajabmas, sizning maktubingiz Sherlok Xolmsning yangi jinoiy ishni ochishi uchun turtki bo‘lar.  

Agar shu imkoniyatlardan foydalanish o‘rniga ish yo‘q, o‘qishga pul yo‘q deb hamon noliyotgan yoki xorijga qora ishchi sifatida ketishni maqsad qilayotgan bo‘lsangiz muammo faqat o‘zingizda. Ya’ni siz qutbning u yog‘ida qolib ketgansiz...

P/S: Yutuqlar rostdan quvonarli, ammo O‘zbekistonning barcha hududlarida  IT-markazlar borligiga qaramay, bugun dunyoning bu chetidan turib dunyoning u cheti haqidagi xabardor bo‘lish imkoni turganida ba’zi chekka-chekka hududlardagi yoshlarning qiziqishi sustligiga nimalar sabab? Bolalarni qiziqtirishga sharoit yo‘qmi yoki resurslar? Targ‘ibot-tashviqot ishlari  o‘lda-jo‘ldami? Balki ota-onalar telegramma  orqali xabar berilgan zamonda yashagani uchun bu sohaga loqaydmi, ya’ni yangilikni qabul qila olishmayapimi? Yoki gap IT-markazlarining hammasi ham soha mutaxassisiga ega emasligidami? Ko‘pchilikni qiziqtirgan yana bir savol: bu soha kirib kelganiga 20 yil bo‘lgan bo‘lsa qanday tadqiqotlar olib borilgan?...Balki ruhiyat bilan bog‘liq tomonlari bordir?

«ICTWEEK UZBEKISTAN – 2024» AKT haftaligi doirasida ushbu savollarga ham javob topilsa ajab emas. Bu mavzuga yana, yana, yana qaytamiz. Toki yoshlar bir qutbda birlashmagunlaricha...

                                                                          Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring