Isroilning Eronga hujumi: birinchisi emas, oxirgisi ham...

13-iyun tongida Isroil Eronga qarshi hujum uyushtirdi. Yahudiy davlati harbiy uchoqlari Eronning Tehron, Natanz, Tabriz, Xurramobod, Kirmonshoh, Isfahon, Hamadon, Qum kabi shaharlaridagi harbiy va fuqarolik obyektlariga zarbalar berdi.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu iddaosicha, Eron yadro quroliga ega bo‘lishga yaqin kelgani sabab harbiy amaliyot boshlangan.
Eron ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, Isroilning BMT nizomlari va xalqaro huquq me’yorlariga zid ravishda uyushtirgan hujumi oqibatida bir qator yuqori martabali harbiy mulozimlar hamda yadro sohasi olimlari o‘ldirilgan. Jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni, general Husayn Salomiy, Eron Qurolli kuchlari birlashgan shtabi bosh qo‘mondoni, general Muhammad Bag‘iriy, shuningdek, yadro dasturi ustida tadqiqot olib borayotgan olimlar — Muhammad Mahdiy Tehronchi va Atom energetikasi bo‘yicha tashkilot rahbari Faridun Abbos Dovoniy halok bo‘lgan.
Hujum oqibatida tinch aholi vakillari ham jabr ko‘rgani aytilmoqda.
Eron oliy rahbari, oyatulloh Ali Xomanai Isroil aholi turarjoylariga hujum uyushtirib, «mudhish jinoyat» sodir etgani va buning uchun «og‘ir jazoga mustahiq etilishi» haqida bayonot bergan.
Xabarlarga ko‘ra, Eron dastlabki javob sifatida Isroil tomon yuzlab dron uchirgan.
Isroil ma’muriyati Eronning javob zarbalar berishi munosabati bilan favqulodda holat e’lon qilgan va mamlakat havo hududini yopgan.
Bosh vazir Netanyahu Isroil aholisini yeguliklarni g‘amlash va bunkerlarda ko‘proq vaqt qolishga tayyor bo‘lishga undagan. U harbiy amaliyotning birinchi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlangani va amaliyot davom ettirilishini aytgan.
E’tiborga molik jihati, Isroilning Eronga hujumi Vashington va Tehron o‘rtasida yadro dasturi bo‘yicha muzokaralar davom etayotgan pallada uyushtirildi. AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy Isroilning Eronga hujumi rejasidan avvaldan xabardor bo‘lgani, ammo amaliyotda bevosita qatnashmaganini bildirgan. Tramp AQSh Isroilni himoya qilishini ham qayd etgan.
So‘nggi yillarda Isroil Eronga qarshi bir qator oshkora va yashirin harbiy amaliyotlarni o‘tkazdi.
2024-yil 1-aprel kuni Isroil Eronning Damashqdagi konsulligi binosiga havo hujumi uyushtirib, xalqaro huquq me’yorlari hamda diplomatik vakolatxonalar daxlsizligi prinsini qo‘pol ravishda buzgan edi. Hujum oqibatida ikki nafar eronlik general, jumladan, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusining Suriya va Livan kuchlari qo‘mondoni Muhammad Rizo Zohidiy hamda elchixonaning 5 nafar xodimi halok bo‘lgandi.
2023-yil 29-yanvarga o‘tar kechasi Isroil Erondagi harbiy infratuzilma obyektlarini bombalagan edi.
2021-yil aprel oyida Eronning Natanz shahrida joylashgan yadro inshootida portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda uranni boyitish dasturi jiddiy ziyon ko‘rdi. «The New York Times» portlash Isroil tomonidan amalga oshirilgan degan xulosaga kelgan.
2020-yil 27-noyabr kuni Tehron yaqinida Eron yadro dasturining rahbari Muhsin Faxrizoda o‘ldirildi. «Eron yadro sohasining otasi» deya ta’riflangan olimning o‘z vatanida o‘ldirilishi rasmiy Tehronni darg‘azab qildi. Keyinroq ushbu qotillik ham Isroil maxsus xizmati tomonidan amalga oshirilgani yuzaga chiqdi.
Tel-Aviv rasmiylari Eronga qarshi uyushtirilgan operatsiyalarni ochiq tan olmaydi. Ammo Isroil razvedkasi — «Mossad»ning sobiq rahbari Yosi Koen 2021-yilda OAVga bergan intervyusida josuslik xizmati tomonidan so‘nggi yillarda Eronga qarshi amalga oshirilgan diversion operatsiyalar haqida ilk bor ochiq gapirgan edi. U Isroil maxsus xizmatining Muhsin Faxrizodaning o‘limiga aloqador ekanini na tan olgan, na rad etgan. Ammo eronlik olim ko‘p yillardan buyon «Mossad»ning nishonida bo‘lgani, chunki uning yadro fizikasi bo‘yicha bilimlari xavotir uyg‘otganini qayd etgan. Yosi Koen Natanz yadro obyektida ro‘y bergan avariyaga ham Isroilning aloqador ekaniga ishora qilgan.
Ayni paytda Eron ham, AQSh ham keng ko‘lamli harbiy ziddiyatni istamaydi. Tahlilchilarga ko‘ra, Eron bilan ochiq qurolli ziddiyatdan yagona manfaatdor siyosatchi bu — Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va uning urushqoq kayfiyatdagi ma’muriyatidir.
G‘azo sektoridagi xunrezlik, bir yilu sakkiz oydan buyon garovda qolayotgan isroilliklarni ozod qila olmaslik, mamlakatdagi iqtisodiy muammolar, qolaversa, korrupsiya, avtoritarizm bilan bog‘liq ayblovlar sabab yahudiy jamoatchiligining Netanyahuga qarshi kayfiyati kuchaymoqda. Tobora ko‘p sonli aholi Netanyahu iste’foga chiqishi kerakligini talab qilmoqda. Aksar ekspertlar ta’kidlayotganidek, bunday vaziyatda Netanyahu uchun o‘z siyosiy umrini uzaytirishning maqbul yo‘li Eron kabi qudratli davlat, azaliy raqib bilan urushga kirishdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter