Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sanjar Mashriqiy

Xudodan so‘rab, bekor yotma! (arman xalq maqoli)

«Koreyscha muhabbat»: Birlashgan Koreya federatsiyasi tashkil topadimi?

«Koreyscha muhabbat»: Birlashgan Koreya federatsiyasi tashkil topadimi?

Foto: «Wall Street Journal»

Suv-olov, dengiz-cho‘l, osmon-yer, yaxshilik-yomonlik doim solishtirib kelingan. Ammo bir millatning ikki xil yashashi doim kuzatiladigan, taqqoslanadigan narsa emas. Ularning taqdirida shunday bitiklar bor: bitta millat – ikkita mamlakat…

Shimoliy Koreya (rasmiy nomi — Koreya Xalq Demokratik Respublikasi) — sotsializm qurishga asoslangan, yagona sulolaga bo‘ysunuvchi, kuchli harbiylashgan davlat. Koreya yarimorolining shimolida joylashgan. Quruqlikda shimolda Xitoy va Rossiya bilan Amnokkan hamda Tumangan daryolari, janubda Janubiy Koreya bilan chegaradosh. Pxenyan — mamlakat poytaxti va eng yirik shahri.

Janubiy Koreya (rasmiy nomi — Koreya Respublikasi) — Koreya yarimorolining janubida joylashgan mamlakat, quruqlikdagi yagona qo‘shnisi — Shimoliy Koreya.

Tarix

Yagona davlat sifatida shakllanib kelgan Koreya 1910–1945-yillarda Yaponiya imperiyasi nazorati ostida bo‘ldi. «Kunchiqar yurt»ni Ikkinchi jahon urushida mag‘lub etgan xaloskorlar «sharofati» bilan Koreya «Ikkinchi Germaniya»ga aylandi: mamlakat ikkiga bo‘linib ketdi — Sovet Ittifoqi rahnamoligidagi shimol hamda AQSh yetovidagi janub.

«Sovuq urush»dan boshlab, 38-parallel (hozirgi Koreyaning qurolsiz zonasi) bo‘ylab ikki mamlakat chegarasi tortildi. Shimolliklar Janubga bostirib kirishi bilan «Koreya urushi» (1950–1953-yillar) boshlandi. Urush ortidan ikki yangi mamlakat o‘zaro o‘zaro munosabatlari yanada salbiylashib, taraqqiyoti esa farqlanib boraverdi.

Foto: «Wikipedia»

Faqat XXI-asr ikkinchi dekadasi oxirlariga kelib Shimol-Janub munosabatlari birmuncha iliqlashdi. Birlashish jarayoni 2000-yil 15-iyunda Shimoliy-Janubiy Koreya qo‘shma deklaratsiyasi bilan boshlangan. Shimoliy Koreya sportchilari Janubiy Koreyadagi Pxyonchxan-2018 Qishki olimpiadasida ishtirok etishgani ham buning yaqqol misoli edi.

2019-yilda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In 2045-yilga qadar Koreya yarimorolidagi ikkiga bo‘lingan davlatlarni birlashtirish taklifini ilgari surdi. 2018-yil aprel oyida Koreya yarimorolining tinchligi, farovonligi va birlashishi uchun Panmunjom deklaratsiyasi Qo‘shma Shtatlar sobiq prezidenti Donald Trampning qo‘shma bayonoti bilan tasdiqlandi.

Tramp va Shimoliy Koreya raisi Kim Chen In 2018-yil iyun oyida bo‘lib o‘tgan Singapur sammitida uchrashishdi. Panmunjom deklaratsiyasida ikki mamlakat kelajakda Koreyani tinch yo‘l bilan birlashtirishga harakat qilishlari ta’kidlangandi. Biroq... voqealar rivoji o‘zgarmoqda, qolaversa, ikki mamlakatni birlashtirib tarixda qolishni orzu qilgan prezident Trampning o‘zi «tarixga aylandi»…

Foto: PBS

Tomonlar va niyatlar qanday?

«Koreya urushi» 1950-yil 25-iyunda SSSR homiyligidagi Shimoliy Koreya Janubiy Koreyaga bostirib kirishi bilan boshlanib, norasmiy ravishda 1953-yil 27-iyulda sulh tuzish bilan yakunlangan. Urush, katta ehtimol bilan, sobiq Ittifoq diktatori Stalinning tashabbusi bilan bo‘lgan. Stalin 1953-yilning 5 martida vafot etdi. Oradan to‘rt yarim oy o‘tib, urush ham tugadi...

«Koreya urushi»dan sobiq Ittifoqning asl maqsadi AQShni Janubiy Koreyadan haydab chiqarib, sotsializm qurish bo‘lgan. Reja o‘xshamadi...

Shimoliy Koreya konstitutsiyasining 1-moddasiga binoan, KXDR «mustaqil sosialistik davlat» hisoblanadi. Aslida esa Kimlar sulolasi atrofida kuchli hokimiyatning yuzaga kelishi totalitar diktatura, nodemokratik va xalqqa azob beruvchi hokimiyatning shakllanishi, deb qaraladi. KXDR konstitutsiyasining 3-moddasiga binoan, Juche Shimoliy Koreyaning rasmiy mafkurasidir.

Juche — («o‘ziga ishonish» — tarj.) «inson o‘z taqdirining xo‘jayini», koreys xalqi «inqilob va qurilish xo‘jayinlari» rolini bajarishi kerakligi va o‘ziga ishongan va kuchli bo‘lish orqali millat haqiqiy sotsializmga erishishi mumkinligi haqidagi mafkuraviy nazariya.

Mun Chje In Shimoliy Koreya bilan tobora keskinlashib borayotgan davrda rasmiy tinchlik deklaratsiyasini taklif qilishi Janub iqtisodiyoti uchun anchayin xatarli. Pxenyan yadro inspektorlari Seul bilan hamkorlik qilsa, Janubiy Koreya iqtisodiy va siyosiy imtiyozlarni taklif qiladi.

Ikki Koreya birlashishi yo‘lidagi to‘siqlar

Siyosiy:

Shimoliy Koreya xalqi uchun Kim sulolasi an’analarini himoya qilish asosiy siyosiy qadriyat ekanligi, demokratik Janubiy Koreya shimolning stalinist totalitarizmi ostida qolishidan xavfsirashi asosiy siyosiy to‘siq bo‘lsa, deyarli 70 yildan beri bir-biriga qarama-qarshi qo‘yib kelinganligi birlashuvni to‘xtatib qo‘yishi mumkin bo‘lgan farazdir. Bu shovinistik kayfiyat bilan bog‘liq.

Kapitalning almashinuvida ichki nazoratni yumshatish diktator Kim Chen Inning hozirgi mavqeini yo‘qotishiga sabab bo‘ladi. Mutaxassislarning fikricha, shimolliklarning 25 million qashshoq sub’yekti 50 millionlik janublik birodarlari bilan iqtisodiy tenglikni talab qilishni boshlaydi.

Iqtisodiy:

Hatto siyosiy tuzoqlarni ortda qoldirganda ham, iqtisodiy muammolarni hal qilish oson kechmaydi. Masalan: Shimoliy Koreya YaIMni dunyodagi 11-yirik iqtisodiyot hisoblangan Janubiy Koreyaniki bilan taqqoslash juda qiyin. Shimoliy Koreya Janub bilan ittifoqqa kelganda ham, darrov rivojlanib ketishiga kafolat yo‘q. Bu 90-yillarda birlashgan Germaniya misolida ham yaqqol namoyon bo‘ladi.

Janubiy Koreya taqdim etayotgan birlashtirish rejasi bir necha o‘n yillar davomida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Bunda iqtisodiy rag‘batlantirish Shimoliy Koreya turmush darajasini to‘liq assimilyasiya qilish mumkin bo‘lgan amaliy darajaga olib chiqadi. Janubiy koreyaliklar birlashishdagi bir necha o‘n yillik iqtisodiy tushkunlikka ham tayyor turishi kerak. Mutaxassislarga ko‘ra, bu shimol to‘liq modernizatsiya qilingunigacha davom etadi. Biroq, shundan so‘ng, rivojlanish sur’atlari kuchli o‘nlikda bo‘ladi, albatta.

Ijtimoiy:

Janubiy Koreya maktab o‘quvchilari yetakchi universitetlardan biriga kirish uchun kuniga 16 soatlab o‘qiydigan dunyodagi eng tezkor va raqobatbardosh muhitlardan biridir. Garchi kommunizm g‘oyalari ishchilarni himoya qilsa ham, Shimoliy Koreyaliklar bunday ishchanlikka ega emaslar. Janub shimolga qaraganda ancha raqobatbardosh.

Janubiy Koreya ijtimoiy jihatdan stressli, kosmetik jarrohlik va o‘spirinlarning o‘z joniga qasd qilish bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichga ega davlatlar safiga kiradi. Yoshlarining turmush qurishni istamasliklari, bir jinslilik, ommaviy madaniyat, depressiya sababli Janubiy Koreyada millat taqdiri jar yoqasiga yaqinlashib bormoqda. Shimoliy Koreya qonunlari bunga yo‘l qo‘ymaydi. Shu jihatdan shimolliklarning hayotga «koreyscha muhabbati» kuchliroq.

Shimoliy koreyaliklarga janubiy tengdoshlari bilan raqobatlashishi uchun ulkan harakatlar dasturi zarur bo‘ladi. Bu norozilik va ijtimoiy notinchlikni keltirib chiqarishi mumkin. Shimoliy koreyaliklar, ayniqsa, qurol-yarog‘ bilan osonlikcha «tillashib» ketishi janubdagilar uchun u darajada yoqimli hodisa bo‘lmaydi. Natsistik g‘oyali shimollik kadrlar Birlashgan Koreya harbiy sohasida asosiy bo‘g‘inlarini egallasalar, bu janubiy koreyaliklar uchun halokatli bo‘lishi mumkin. 

Geosiyosiy:

Sharqiy Osiyo xavfsizlik arxitekturasi juda muvozanatli bo‘lib, Janubiy Koreyani Yaponiya va AQSh, Shimoliy Koreyani Xitoy va Rossiya qo‘llab-quvvatlamoqda (hatto bu qo‘llab-quvvatlash munosib va susaygan bo‘lsa ham). AQSh Yaponiyada 40 ming, Janubiy Koreyada 28,5 ming nafar harbiy xizmatchilarni ushlab turishiga asosiy sabab — KXDR tahdidi. Xitoy Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlashidan asosiy maqsadi AQShning harbiy xarajatlari oshirib borishi bilan bog‘langan. Sir emaski, Uzoq Sharqda harbiy kuch ushlab turish katta mablag‘ talab qiladi. Birlashish, nainki Shimol va Janub o‘rtasida rasmiy tinchlik shartnomasi ham Vashingtonning geosiyosiy obro‘siga katta putur yetkazadi.

Xavfli yadroviy ambitsiyalari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining sanksiyalari va hukumat tomonidan inson huquqlarining takroran buzilishi Shimoliy Koreyaning Janub bilan birlashishiga bo‘lgan ishonchni tobora kamaytirayotgani ham sir emas. Janubiy Koreya Shimol sabab jahon sanksiyalariga duchor bo‘lmasligi, birlashish ikkala davlatning ham geosiyosiy pozitsiyalariga ta’sir qilmasligi lozim.

Donald Tramp va Kim Chen In o‘rtasidagi 2019-yilgi sammit, Janubiy Koreyada 2020-yil aprelda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari, dunyo hamjamiyatining millat va uning qo‘shnilari o‘rtasidagi munosabatlarni mo‘’tadillashtirishga qaratilgan sa’y-harakatlari nimanidir o‘zgartiradi, deb ishonildi. Birlashish jarayonida qatnashishi kutilayotgan Tramp esa AQSh prezidentligidan ketdi. Yangi prezident Baydenning esa Shimoliy Koreyani «ko‘rgani ko‘zi, otgani o‘qi yo‘q». Geosiyosiy to‘siqlar KATTA!

(Davomi bor)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring