Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maktabning ishi maktabda qolmaydi, o‘qituvchi bilan uyiga keladi

Maktabning ishi maktabda qolmaydi, o‘qituvchi bilan uyiga keladi

Attestatsiyadan keyingi o‘ylar

Kechasi ayolim tuni bilan uxlamadi – qon bosimi oshib ketdi. Attestatsiya asorati. Bal to‘play olmagan o‘qituvchining holati ko‘pchilikka kundek ravshan.

O‘qituvchi shundog‘am ezilib turganida, shu o‘lgur attestatsiya tashvishiga ming tashvish qo‘shadi.

Mayli, keyingi safar o‘tarsan desam, jamoa oldida hurmatim yo‘qoladi, deb siqiladi.

Agar biologiya bo‘yicha savollar darslikdan tushganida ham bajarardim, lekin arifmetika bo‘lib yotibdi, deydi. Garchi adabiyotlar ro‘yxatida darsliklar ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, biologiya bo‘yicha savollarning aksariyati akademik tuzilgan, oliy ta’lim muassasalari foydalanadigan qo‘llanmalardan foydalanilgani aytilyapti.

Qariyb bir oydirki, sinovlarga uzzukun tayyorlanadi. Goh telegramdagi darslarda qatnashadi, goh internet titkilaydi. Kamiga darsiga hozirlik ko‘radi.

Buyoqda maktabning bitmas-tuganmas dahmazalari – hali o‘quvchi darsga kelmagan, hali ularning sinfdagi sho‘xliklariga dashnom eshitgan, ota-onalarning past baho qo‘ygani uchun ta’nalari, ortiqcha yig‘a-yig‘lar...

...Tekshiruvchi keladi, tayyor turinglar, kundalik.comni nazorat qilinglar, uyga vazifani qilmaganga past baho qo‘ymanglar, maktab bali tushib ketadi.

...Repetitorga borishini nazorat qil, bola oliy o‘quv yurtiga kirishi kerak.

...Jismoniy tarbiya imtihonlariga jiddiy qaranglar, bolalar u yoq-bu yog‘ini sindirib olmasin.

...Qorda uchmasin, yiqilib tushsa, baloga qolamiz.

...Tushlik qilib olsin, birortasi hushidan ketib yiqilib tushmasin.

...Oyligidan sug‘urtaga ushlab qolinsin, farroshga pul yig‘sin...

Xullas, bu mashmashalarning adog‘i yo‘q...

Kamiga darsiga yarim tungacha tayyorgarlik ko‘radi, ertalab kech qolmay deb azonlab turib, 8.00gacha yetib borish uchun choy ichmay chiqib ketadi.

Shunchaki dars berganidan charchasa, harna edi, bir yoqda har soatda «Mahalla yettiligi»ning dars paytidagi yo‘qlovi, davomatni RayONOga 10.00ga qoldirmay yetkazish majburiyati bo‘lsa, bir yoqda uzun sochlarning yig‘ishtirilmagani, krossovka kiyib kelgani uchun gap eshitishlar, ikkitasi mushtlashib qolsa, unga javob berishi kerak...

Mahalladan yo milliy gvardiyadan tayinlangan vakil istalgan paytda darsga kirib, do‘q-po‘pisa qilib ketadi. O‘qituvchini yakson qilib chiqib ketadi. Maktabmas, go‘yo janggoh deysiz. Maktabdagi suronlardan uyga sog‘-omon qaytganining o‘ziyoq jasorat.

Tuni bilan darslik titkilaydi, Youtubedan darsga oid videolarni ko‘rib chiqadi. Yetmaganiga ertalab yuz-qo‘lidan yuvishdan, qosh-ko‘zini bo‘yash chog‘idayam eshitib o‘tiradi. 7.00dan o‘quvchilarning ruxsat so‘rashlari boshlanadi. Birinchi soatda darsiga kiradigan o‘qituvchisiga yetkazib qo‘yadi.

Hamma ertalab metroda ashula eshitib, dam olib ketsa, men maktab ishi bilan shug‘ullanib ketaman, deydi.

Tushunganim, fani bo‘yicha bilimi yomon emas, o‘quvchilari hurmat qiladi. Hamkasblari orasida ham o‘z o‘rniga ega.

Umuman olganda, ijtimoiy tarmoqlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining malaka toifa sinovlari haqida turli noroziliklarni o‘qiyapmiz. Asosiy e’tiroz savollar maktab darsligidan olinmaganida ekani ko‘rsatilyapti.

Ochig‘i, o‘qituvchining umr yo‘ldoshi sifatida suv sirtida ko‘rganlarim shular... Balki ta’limning ildiziga chuqurroq kirsak, bundan ham yomon tasavvur shakllanar.

Nima qilamiz endi. Ayolimni o‘quvchilari yaxshi ko‘radi, ularni ko‘zi qiymaydi. Arzimas maoshiga ham qanoat qilib ishlaydi. Lekin shuncha sitamiga sinovlar bilan jabr qilmanglar, ey attestatsiyachilar degim keladi.

Fazliddin SATTOROV, jurnalist

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring