O‘ynab bo‘lmaydigan o‘yinchoqlar yoxud xavf-xatar yashiringan rangli dunyo

Har yili dunyo bo‘ylab minglab bolalar sifatsiz, nazoratsiz, hatto zaharli moddalardan tayyorlangan o‘yinchoqlar sababli turli kasalliklarga duch kelmoqda. Eng xavfli oqibatlardan biri esa shubhasiz – saratondir.
Qanday o‘yinchoqlarni «o‘ynab»bo‘lmaydi?
Ftalat
Kimyoviy tarkibi noma’lum, sinovdan o‘tmagan o‘yinchoqlarda ko‘pincha quyidagi kanserogen moddalar uchraydi: ftalatlar (Phthalates) ya’ni plastmassa mahsulotlarini yumshoq va chiroyli qilib turuvchi modda. Bolaning organizmiga og‘iz, teri va hatto havo orqali kirib, gormonal tizimni buzadi. Ftalatlar bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlarga ko‘ra, ular jinsiy va reproduktiv funksiyalar bilan bog‘liq kasalliklarga, shu jumladan ba’zi o‘smalar xavfini oshirishga sabab bo‘ladi.
2017-yili bir qancha davlatlar hamkorligida «Chestnie igrushki» (Halol o‘yinchoqlar) aksiyasi boshlangan bo‘lib, uning maqsadi o‘yinchoqlarni sog‘liq va atrof-muhit uchun xavfsiz holga keltirish edi. Aksiyaning asosiy maqsadi o‘yinchoqlar tarkibidagi ftalatlar miqdorini qat’iy tartibga solishga erishish bo‘lgan.
Loyiha doirasida Bojxona ittifoqiga a’zo bo‘lgan mamlakatdan 16 turdagi o‘yinchoqlar sotib olinadi va tadqiqot o‘tkaziladi. Eng achinarlisi xavfli ftalatlar barcha o‘yinchoq namunalarida borligi aniqlangan. Ularning oltitasida ftalat miqdori – Yevropa standartlaridan 200-300 baravar yuqori konsentratsiyalarda topilgan! O‘yinchoqlarning yarmida Bojxona ittifoqining o‘zida taqiqlangan dibutil ftalat va ikkita namunada – juda yuqori konsentratsiyalarda (506 va 3060 mg / kg) mavjud edi.
Rossiyada sotib olingan (Rossiyada ishlab chiqilgan) yumshoqqina cho‘chqa o‘yinchog‘i tarkibida diyetilgeksil ftalat miqdori 280 baravar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa, Qozog‘istonda sotilgan (Rossiyada ishlab chiqarilgan) ayiq haykalchasi va Belorussiyada xarid qilingan (Xitoyda ishlab chiqarilgan) qo‘g‘irchoqda 300 baravar ko‘p bo‘lgan. Armanistondagi o‘yinchoq do‘konidan olingan avtomobillar to‘plamida (Xitoyda ishlab chiqarilgan) diizobutil ftalat Yevropa xavfsizlik standartidan 190 marta oshib ketgani ma’lum bo‘lgan.
Moskvada sotib olingan va «ftalatsiz» etiketli Peppa cho‘chqa haykalchasida (Xitoyda ishlab chiqarilgan) uch turdagi xavfli ftalatlar topilgan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ftalatlar ta’sirida metabolik kasalliklar, semizlik, diabet, bepushtlik, jinsiy a’zolar saratoni, jigar va buyraklar shikastlanishi, neyrotoksik ta’sirlar paydo bo‘lishi mumkin.
Ftalatlar nafaqat odamlar uchun, balki atrof-muhit uchun ham xavflidir – sanoat chiqindilari bilan birga suv va tuproqqa ham tushadi. O‘yinchoq tuproqqa tushsa (ko‘milsa) biz ichadigan suv yondirilsa havo tarkibini zararlaydi.
Chunki atrof-muhitda ftalatlar yanada zaharli moddalarga parchalanadi.
Qo‘rg‘oshin
2012-yilda bolalar salomatligiga befarq bo‘lmagan bir guruh insonlar Belarusiya, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina, Armaniston, Sharqiy Yevropa, Kavkaz do‘konlari va bozorlaridangi bolalar o‘yinchoqlaridan namunalar Armanistondagi maxsus laboratoriyaga yuboriladi. Va o‘yinchoqlar tarkibida oltita og‘ir metal: qo‘rg‘oshin, mishyak, simob, surma, kadmiy va xrom borligi aniqlanadi.
Turli mamlakatlardan olingan 569 ta namunadan 164 tasida (29%) kamida bitta og‘ir metal konsentratsiyasi xaddan ortiq yuqori bo‘lgan.
Qo‘rg‘oshinni aniqlash qiyin emas. Agar u o‘yinchoq tarkibida bo‘lsa yorqin sariq rang bilan o‘zini tanitib turadi. Qo‘rg‘oshin ko‘pincha bo‘yoqlarga qo‘shiladi. U deyarli 100% yorqin sariq o‘yinchoqlarda mavjud.
Tekshirishlar natijasida qo‘rg‘oshin bolalar taqinchoqlarida (qizchalar uchun) bolalar lab bo‘yog‘ida (bolalar kosmetikasida), rangin finjon va boshqa o‘yinchoqlarda aniqlangan.
Bir dalilni alohida ta’kidlash joizki, qo‘rg‘oshinning xatto kichik dozalari bola tanasiga kirganida, ularda tajovuzkorlik kuchayadi. Xatti-harakatlarda muammolar paydo bo‘ladi. Intellektual darajaning pasayishiga olib kelishi mumkin.
Ayrim o‘yinchoqlar va bolalar qo‘liga tushadigan jismlar tarkibidagi og‘ir metallar hisobiga o‘zidan radiatsiya xam tarqatadi. Ularni Bojxona ittifoqining «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi texnik reglamentiga ko‘ra bolalarga berish ta’qiqlangan.
Bular qizaloqlar uchun ishlab chiqariladigan va hozir deyarli barcha do‘konlardan topilayotgan arzon o‘ta yorqin o‘yinchoq-taqinchoq buyumlar (yorqin sariq ranglisi ayniqsa xavfli) ba’zi yorqin sport anjomlari, himoya vositalari – suzish ko‘zoynaklari, quyoshdan saqlaydigan ko‘zoynaklar, suzish moslamalari (masalan, qo‘llarga kiyiladigan shishiriladigan manjetlar) bolalarga berish ta’qiqlanadi.
Bu mahsulotlar o‘yinchoq hisoblanmasligiga qaramay, bolalar ko‘pincha ular bilan muloqot qilishga majbur...
Kadmiy
Buyuk Britaniyaning Plimut universiteti olimlari kundalik buyumlar, jumladan, plastik o‘yinchoqlar, keramika va bo‘yoqlarni o‘rganishganida ularning tarkibida yana bir kanserogen og‘ir metall – kadmiyning yuqori miqdorda ekanini aniqlashgan.
Ushbu og‘ir metall odatda yorqin qizil, to‘q sariq yoki sariq rangni yaratish uchun ishlatiladi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan bo‘yoq qatlami ko‘cha boshlaydi. Qoidalarga ko‘ra, kadmiyning atrof-muhitdagi konsentratsiyasi millionda 50-800 qismdan oshmasligi kerak. Shu bilan birga, tadqiqot o‘tkazgandan so‘ng, olimlar ba’zi narsalar yuzasida kadmiy miqdori tavsiya etilgan yoki ruxsat etilgan darajadan bir necha baravar ko‘p bo‘lishi mumkinligini aniqladilar.
Olimlar kadmiyni eski va yangi ko‘zoynak, plastik, shisha butilkalar yuzasida aniqlashgan. Shu bilan birga, chizmalar, logotiplar va yozuvlarni yaratish uchun ishlatiladigan bo‘yoqlar tarkibida kadmiy topilgan.
Kadmiy tabiiy ravishda paydo bo‘lgan og‘ir metall bo‘lib, tirik organizmlarda naysimon suyaklar, oshqozon osti bezi, taloq, lekin birinchi navbatda jigarda va ayniqsa buyraklarda to‘planishi mumkin, yarim yemirilish davri 10 dan 30 yilgacha. Muayyan konsentratsiyalarda kadmiy organizmda jiddiy disfunksiyaga olib kelishi va o‘ta og‘ir kasalliklarga sababchi bo‘lishi mumkin.
Formaldegid
Formaldegid saratonga sabab bo‘lguvchi kanserogen modda bo‘lib, uni chaqaloqlarda tish chiqarishga yordam beruvchi tishlash o‘yinchoqlarida uchratishimiz mumkin. Formaldegidli o‘yinchoqlardan foydalanganda, kattalar bolalarda allergik reaksiyalarni sezadilar: burun oqishi, yo‘tal, ko‘z yoshlanadi. Terining qizaradi, toshmalar paydo bo‘ladi. Bundan tashqari, modda asab va reproduktiv tizimga, nafas olish tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Formaldegidning mavjudligi o‘tkir, yoqimsiz hid bilan aniqlanishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz shu mavzuga oid turli yillarda nashr qilingan, o‘nlab maqola va xabarlarga ko‘zingiz tushadi.
Maqolalarning birida laboratoriya tekshiruvlari natijalariga ko‘ra ba’zi o‘yinchoqlarda zaharli formaldegid miqdori 10 baravar oshirilgani - 0,031 mg/m3ni ta’kidlaydi.
«O‘zstandart» agentligi Saraton kasalliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro agentlik ma’lumotlariga tayanib, formaldegid kanserogen bo‘lib, bolalar organizmi uchun alohida xavf tug‘dirishi mumkinligini xaqida ham xabar qiladi.
Biroq, bu nazorat tekshiruvlar i har doim ham halol amalga oshirilyapdimi?
Agar, javob «Ha» bo‘lsa, bozordagi sertifikatsiz, hidi o‘tkir, o‘ta yorqin rangdagi o‘yinchoqlar nega sotilyapdi? Yoki ular talabga javob beradimi?
Kecha O‘rikzor o‘yinchoq bozoriga borib, bir nechta ulgurji xaridorlar bilan suhbatlashdim. Yangi ish boshlagan tadbirkor roliga kirishib, ulardan sotish uchun qanday o‘yinchoqlarni tavsiya qilishlarini so‘radim.
To‘rt nafar tadbirkor ham bugun bolalar orasida mashhur bo‘lgan multfilm qaxramonlari, robotlar, qo‘g‘irchoqlar va pultli mashinalarni tavsiya qilishdi. Lekin birortasi sertifikatli, xavfsiz o‘yinchoqlarnigina xarid qilishimni tavsiya qilishmadi. Bir tadbirkorga hamroh bo‘lib uning xaridlarini oxirigacha kuzatdim. O‘yinchoqfurush o‘zi aytgan o‘yinchoqlarni xarid qilgach, xidi o‘ta yoqimsizlardan ham bir qop sotib oldi.
– Bu kimga? – dedim hayratlanib.
– Puli kam, kambag‘al oilalar ham bor-ku. Ba’zi bolalar do‘konga kirsa arillab yig‘lashadi. Ovutish uchun shulardan oladi noiloj...
– Axir bu o‘yinchoqlar xavfli-ku!
– Daromad asosan shulardan. Sertifikatlini 100 dan 10, 15% so‘raydi. 85% odamni ro‘zg‘or qilishga puli yo‘q-ku!
Uning javobidan muzlab qoldim.
Agar butun respublikaga o‘yinchoq shu bozordan tarqalishini inobatga olsak, demak haliyam xavfli o‘yinchoqlar sotuvda va nazorat sust.
Savol tug‘iladi bojxona nazoratidan sifat, sertifikati yo‘q o‘yinchoqlar qanday o‘tyapdi? Turli podvallarda ishlab chiqarilayotgan arzon, sifatsiz o‘yinchoqlar qanday bozorlarga kelib qolyapdi?
Aslida bolalar qo‘liga tushadigan har bir buyum o‘ta qattiq tekshiruvdan so‘ng savdoga chiqarilishi kerak.
Farzandlarimizga ularning salomatligi uchun xavfli buyumlarni beraversak bolalar qotillaridan farqimiz bo‘ladimi?!
Aslida «Uzstandart» kattalar va bolalar uchun maxsus sayt, mobil ilova yaratib, o‘yinchoqlar sifatini shaffof ko‘rsatsa maqsadga muvofiq bo‘lardi.
Muazzam Ibrohimova,
shifokor, «Sen kuchlisan» NNT koordinatori
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter