Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shuhrat Normurodov

O‘zbek tilini qutqaraylik

O‘zbek tilini qutqaraylik

Foto: «Xabar.uz»

Qiziq ma’lumot: bola suyagi ona suti bilan shakllanadi, uning ruhiy jihatdan kamolga yetishi esa — ona allasidan. Sut bilan birga kirgan bu ohang — nasliy tuyg‘ular va hayotiy instinkt, go‘dakning jismu jonida ildiz otadi.

Tilga — ona maqomi berilishi ham shundan aslida. Boshqa tillar ifodasidagi so‘zlar hech qachon ona tilimiz kabi tuyg‘ularimiz tarjimoni bo‘la olmaydi. Endi balandparvozlikdan xoli, tilning — hayot-mamot masalasiga to‘xtalsak.

Ona tilimiz nufuzini ko‘tarish... Afsuski, bu masala hamon eng og‘riqli dardimizdir. Bugun aholi shoshilinch murojaat etuvchi maskanlar, aeroport, vokzal, mehmonxonalar, xususiy klinikalar, ko‘plab korxonalarda o‘zbek tilini bilmaydigan xodimlar (balki, bilsa ham gapirmaydigan) sabab noqulay holatlarga tushayotganlar borligini-da inkor etib bo‘lmaydi.

Ko‘pgina tashkilotlarga sim qoqishingiz bilan «slushayu» degan javobni eshitasiz. Mayli, bizda til va so‘zlashuv borasida hadsiz erkinlik bor, lekin mas’ul lavozimdagi xodim uyida, ko‘chada xohlagan tilida so‘zlashsa ham, ish joyida murojaat etuvchiga o‘zbek tilida javob bersin. O‘zi shundoq ham til borasida o‘ta «yumshoq»ligimiz va andishaliligimiz sabab, ayrim muassasalarning saytlari hali ham davlat tilida ochilmaydi, bir chetda turgan o‘zbekcha havolani qidirishga majbur bo‘lasiz.

Qurilish tashkilotlarining aksariyatida ish yuritish rus tilida, shifokorlarning tashxis varaqalari, aksariyat davolash yo‘riqnomalari ham rus tilida. Ba’zi kafe, restoranlarga borsangiz peshtoqida «dobro pojalovat» degan yozuvga duch kelasiz, ichkariga kirsangiz, qorako‘z xizmatchisi ham sizga shu so‘zlarni takrorlab, ehtirom bilan kutib oladi. Balki ochilgandayoq, «mi otkrilis» deb nafas ola boshlagan bu kabi majmualar o‘zlariga alal-oqibat shu qismatni taqdir etar... 

Ona tilimiz jonkuyarlaridan, adabiyotshunos Zuhriddin Isomidinov yozadi: «Biz o‘zbeklar, bag‘rikeng, ko‘ngli ochiq bir el ekanimiz ahli olamga yaxshi ma’lum. Chunki sabr-qanoat, murosayi madora degan narsa qonimizga singib ketgan. Ba’zida allaqaysi rahnamolarining da’vatimi, rag‘batimi bilan, bir guruh shaxslar O‘zbekistonda boshqa tillarni rasmiy til darajasiga ko‘tarish, unga o‘zbek tili kabi huquqiy maqom berish taklifi bilan chiqib bong urdilar. Garchi «g‘alchani izzat qilsang, chorig‘i bilan to‘rga chiqadi», kabi achchiq maqollarimiz bo‘lsa-da, betamizlarning to‘rga chiqib yoyilib o‘tirishiga ham mudom chidab kelamiz. Qo‘rquvni, istiholani andisha deb andavalaymiz».

Bugun davlat tilida so‘zlashni istamaydigan «erkatoylar» kamaymayapti, aksincha, jim tursak boshqa tillarni ham o‘zbek tiliga tenglashtirish payida bo‘ladi. Dam-badam tilimizga — til tekkizuvchilar, bu sohada har xil tashabbuslarga «bel bog‘lovchilar» ham ko‘payaveradi. Ular uchun esa haddini bildirib qo‘yadigan qat’iy mexanizm, tish tirnoqli qonunlar yaratilishi shart.

— Ona tilimiz hamma zamonlarda ham bosim va tazyiq ostida taraqqiy etib kelgani ko‘z oldimdan o‘tadi. Xayriyatki, uning o‘z himoyachilari, o‘z fidoyilari bo‘lgan va bundan keyin ham bo‘ladi. Ulug‘ Alisher Navoiyning «Muhakamat ul-lug‘atayn» asarining yozilish tarixini bir eslaylik. Bu ulug‘ ne’matga tazyiq o‘tkazayotganlar tashqaridan bo‘lganda masalaning mohiyatini tushunish oson kechadi. Ammo dushmanlik ichkaridan bo‘lsa-chi? Shunday paytda mening ko‘z oldimga adabiy tilimizni buzayotganlar, unga nisbatan mensimasdan munosabatda bo‘layotganlar keladi. Agar ular boshqa millat vakillari bo‘lsa, bu – tushunarli. Ammo shu millatga mansub bo‘lsa-chi? O‘zingdan chiqqan baloga, qayga borasan da’voga!..

Mamlakatimizning bundan keyingi taraqqiyotida xorijiy mamlakat xalqlari bilan izzat-hurmatda bo‘lish, kerak bo‘lsa, ularning tillarini o‘rganish bizga faqat yutuqlar keltiradi. Ammo buning uchun xorijiy tillarning maqomini tafakkur tilimiz, milliy bisotimiz va g‘ururimiz bo‘lgan ona tilimizga huquqiy jihatdan tenglashtirib o‘tirishga aslo hojat yo‘q. Undan ko‘ra marhamat qilib, ona tilimizda to‘g‘ri yozishni va to‘g‘ri talaffuz qilishni o‘rganaylik. Insoniylik g‘ururi bilan yonma-yon milliy g‘urur ham borligini unutmaylik. Odamiyligi va g‘ururi bo‘lmagan o‘zbekni dunyoda kim taniydiyu kim tan oladi? — deydi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi, Samarqand davlat universiteti professori Suyun Karimov.

Ha, bugun ongimizda muz kabi qotib qolgan — Davlat tiliga e’tiborsizlik illatini bartaraf etishimiz, Ona tilimizni «qutqarish»imiz, jon berib himoya qilishimiz lozim. Ancha yillar ruhiy qaramlik iskanjasida, qon-qonimizga singib ketgan befarqligimiz bilan – o‘zimiz, o‘z tilimizni shu qadar ojiz qilib qo‘ydikmikin, degan o‘ylar charx uradi ba’zan. Qaysidir davralarda, majlisu savol-javoblarda ruscha murojaatlarni o‘zbek tilidagisidan ustun qo‘yamiz. Rusiyzabon hamsuhbatga shu tilda yondashamiz, ruscha gapirmasak, o‘zimizni mulzam his etamiz. Bir qancha qo‘shiqchi yulduzlarimiz  ham  «til bilmaslikda» kim o‘zarda. Shu tilda qo‘shiq aytib tirikchilik qiladiyu, o‘z tilida gapirishga qiynaladi. Shuncha kutdik, «Sabrning tagi – sariq oltin» dedik, sariq oltinning sarobi ko‘rinib qoldi. Endi uyg‘onish davri keldi.

Shuhrat Normurodov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring