«Ozodlik ovozi» yoxud odam savdosi qurbonlari orasida minglab bolalar borligini bilasizmi?
Qullar… ozodlikdan bir umrga mahrum qilinganlar – bu inson huquqlari poymol qilinishining eng oxirgi nuqtasi. Qullar haqida o‘ylashingiz bilan XIIV-XIX asrlarda avj olgan quldorlik tuzumi xayolingizga keladi. Ammo, vaqt o‘tgani sayin qullar qarshiligining kuchayishi va qullikka qarshi keng jamoatchilik harakatining avj olishi natijasida quldorlik bekor qilina boshlagan. AQShdagi 1861–1865 yillarda bo‘lib o‘tgan fuqarolar urushi natijasida qullik bekor qilingan. Biroq Markaziy va Janubiy Arabistonda hamda Afrikaning ba’zi mamlakatlari (Efiopiya, Nigeriya va boshqalar)da qullik 20-asrning 50 yillarigacha saqlangan. BMT 1948 yil qabul qilgan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 4-moddasida qullik va qul savdosining hamma turlari taqiqlanishi e’lon qilingan. 1956 yil Jenevada 59 davlat vakillari qul savdosi va qullikka o‘xshash odatlar (majburiy mehnat va boshqalar)ni bekor qilishga doir konvensiya qabul qilishgan.
Xo‘sh, qullikka qarshi bir qancha xalqaro hujjatlar qabul qilinib, o‘sha vaqtda quldorlikka barham berilgan ekan, demak bugun qullar yo‘qmi? Amerikalik kinoijodkorlar tomonidan 2023 yil suratga olingan «Ozodlik ovozi» detektiv-triller filmida aynan shu savollarga javob bor...
Bir oddiy kulbada Rocio ismli, chamasi 10 yoshlar atrofidagi qizaloq qo‘shiq xirgoyi qilib o‘tiribdi. To‘satdan eshik taqilladi. Rocio yugurib borib eshikni ochdi va qarshisida judda chiroyli kiyingan notanish qora tanli ayolni ko‘rdi. Ayol o‘zini Jizel deb tanishtirdi va Rocioni bozorda qo‘shiq kuylashi haqida xabardor ekanligini aytdi. Bu ayolning ko‘zlari Rocioga hayrat ila boqardi:
– O, men o‘ylagandan ham chiroyli ekansan!
Bu xushqomat ayolga mahliyo bo‘lgan Rocio uni uyga taklif qilib, dadasi bilan tanishtirdi. Jizel o‘zini ularga. «Orzuyingni ro‘yobga chiqar!» loyihasining asoschisiman, deb tanishtirdi va bunda Rocio o‘z iste’dodini sinab ko‘rishi mumkinligini aytdi. Shu vaqtda birdan uyga Rocioning ukasi Miguyel qo‘lida koptok bilan kirib keldi. Tabiiyki, Jizelning ko‘zi bunday yoqimtoy bolani ilg‘amasdan qolmadi. Ertasi kuni esa, otasi Jizelning taklifiga binoan bolalarni saralash suhbatiga olib bordi. Otasi bu suhbatda qatnashishga xohish bildirishiga qaramasdan, Jizel buni rad etadi va farzandlarini suhbatdan so‘ng kechki soat 19:00 olib ketishi mumkinligini aytadi. Shunda ota xayrlashish uchun bolalarini bag‘riga oladi, ammo u farzandlarini so‘nggi bora quchayotganini bilmasdi. Ko‘ngli esa negadir notinch edi. Kechqurun Rocioning otasi o‘z vaqtida yetib keldi, ammo u yerda farzandlari yo‘q, xona esa bo‘m-bo‘sh va qorong‘i edi.
Ha, bu bolalar savdosining oddiy ko‘rinishi edi, xolos… Siz bugungi kunda qullikning nomi o‘zgarganini, qolaversa, biz ko‘p eshitadigan «Odam savdosidan ogoh bo‘ling!» degan da’vat bejizga emasligini, uning ortidagi asosiy qurbonlar sotib yuborilgan bolalar yoxud qullikka mahkum qilingan norasidalar ekanligini bilarmidingiz?
Murg‘ak qalblar savdosi
Bolalar savdosi – bolani majburiy mehnat va ekspluatatsiya qilish maqsadida o‘g‘irlash, yollash, tashish, topshirish, yashirish sifatida ta’riflanadi. Bolalar savdosining ko‘lami haqidagi statistik ma’lumotlarni olish qiyin bo‘lsada, Xalqaro Mehnat Tashkiloti (XMT)har yili 10 000 nafar bola savdosi qurboni bo‘lishini taxmin qilmoqda.
2014 yilda odam savdosiga qarshi kurash tashkiloti tomonidan olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, internet saytlaridan shu sohada biznes yuritish uchun vosita sifatida foydalaniladi va bolalar jinsiy savdosidan omon qolganlarning 70 foizi bir paytlar onlayn tarzda sotilgan.
Endi kinoga qaytamiz…
«Ozodlik ovozi» kinosi real voqealarga asoslangan. Filmda Kolumbiyadagi jinsiy savdogarlardan bolalarni qutqarish missiyasini boshlagan, AQSh hukumatining sobiq agenti, Tim Ballardning hayoti haqida hikoya qilinadi. Bu rolni nigohlari bilan hammani hayratda qoldiradigan mashhur aktyor Jeyms Kevizel o‘ynagan.
Bir kuni Tim sheriklari bilan Kolumbiyadagi eng katta odam savdosi bilan shug‘ullanadigan jinoiy guruhning rahnomalaridan biri El Alakranani qo‘lga oladi. Jinoyatchining uyidan, sotilgan bolalarning hujjatlarini va bir qancha o‘yinchoqlarini topadi. Bolalarning bunday xo‘rlanishi tasvirlangan suratlarini ko‘rgan Timning ko‘zlaridan yosh otilib chiqadi. Kechqurun ishdan so‘ng sherigi bilan suhbatlashib qoladi:
– Bu rasvo dunyo, og‘ayni, bilasanmi, qotilliklarni ko‘p ko‘rganman, lekin bu boshqa narsa… Ko‘zimni yumishim bilan shu bolalar yuzini ko‘raveraman boshqa ishlay olmasam kerak. Bir narsani so‘rmoqchi edim, qancha pedofillarni qo‘lga olgansan?
Tim Ballard:
– Hozircha 288 ta, menimcha kam emas.
Uning hamkasbi:
– Qancha bolani topding?
Tim Ballard:
– Yo‘q, bolalarni qutqarmaganman. Bu bolalarning aksariyati, AQShdan tashqarida ekanligining ehtimoli katta, bizning vazifamiz esa jinoyatchilarni qo‘lga olish. Bor gap shu…
Suhbatdan so‘ng Tim ish faoliyati davomida shuncha vahshiy jinoyatchilarni qo‘lga tushirishiga qaramasdan birorta ham begunoh bolani ozod qilmaganiga ishongisi kelmaydi. Shuning uchun pedofilga o‘zini, unga yordam bermoqchidek ko‘rsatib, evaziga undan bitta bolani sotishini so‘raydi. Bolalar savdosi bilan shug‘ullanadiganlarning rahnamosi bu taklifga rozi bo‘ladi.
Tim Ballard: – Jinoyat qilganing uchun hibsga olinding
El Alakrana: – Senga ishongandim.
Tim Ballard: – Bolalar ham senga ishongandi.
Shundan so‘ng Tim Ballard bolani AQSh Meksika chegarasida kutib oladi. Bola esa qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titragan holda uning ko‘zlariga boqadi.
Tim Ballard:
– Isming nima?
Bola: – Ayiqcha Teddy.
Tim Ballard: – Yo‘q bu isming emas, haqiqiy isming nima?
Bola: – Migeul, (yig‘laydi) Migeul Agilar.
Tim Ballard: – Tanishganimdan xursandman Migeul, men bilan yur!
Hattoki, pedofillarning vahshiyligi shu darajagacha boradiki, bolalarni tug‘ilganida qo‘yilgan sevimli ismini ham o‘zgartirib butunlay unutishga majbur qiladi. Ko‘zlarida yosh qalqib turgan Migeul hayotda kimga ishonish kerakligini yoxud hayotda yaxshi odamlar ham borligini unitib qo‘ygandi. Bu yoqimtoy bola Rocioning ukasi edi. U bo‘lgan voqealar haqida Timga birin-ketin aytib beradi. Suhbat so‘ngida Tim uning opasi Rocioni qutqarishini aytadi. Tim bor kuchi bilan harakat qiladi. U katta operatsiya tuzadi. Boshidan unga juda ko‘p ish va moliyaviy tomondan to‘sqinliklar bo‘ladi. Shu sababdan, Pablo Delgado ismli sarmoyachidan bu operatsiyada yordam berishini so‘raydi.
Tim Ballard: – O‘tgan yilning o‘zida 20 million zo‘rlangan bolalar haqida videolar chiqqanini bilasizmi? Bu so‘nggi besh yil ichida besh ming foiz ko‘p degani. Gap shundaki bu dunyo hali ko‘rmagan jadallik bilan rivojlanib borayotgan xalqaro jinoiy tarmoqdir.
Poblo Delgado: – AQSh hukumati bilan ishlaganimiz uchun bunga rozi bo‘ldim.
Tim Ballard: – Agar yo‘q desangiz hammasi bekor bo‘ladi. Bu tarmoq noqonuniy qurol sotishda ham oldinda. Tez orada giyohvand moddalar sotishda ham yetakchilik qiladi. Negaligini bilasizmi chunki og‘uni bir marotaba sotadi, bo‘ldi, ammo bolani, eng qimmmat bolani, besh yoshli bolani, kuniga kamida besh marta sotishadi o‘n yil davomida. Ammo odamlar, eshitishni istamaydi, negaki suhbat uchun yoqimsiz mavzu lekin yiliga 2 million bola jahannamning eng tuban yerlarida azoblanadi. Menga ishoning! Agar hech nima qilmasak, ularning azobi kattalashib tarqala boshlaydi, bir kun kelib sizga o‘xshaganlargacha yetadi. Bu dahshatli tushga o‘xshaydi, undan qochib qutila olmaysiz.
Filmdagi shu sahna e’tiboringizni tortgan bo‘lsa kerak! Jinoyatchilar-ku tubanlik botqog‘iga botgan, ammo nega insonlar bunchalik befarq deb jar solgingiz keladi dunyoga…
Qullarning zamonaviy ko‘rinishi nega kun sayin ortib bormoqda?
Insonlarning qulga aylanishiga aslida sabab nima bo‘lgan? Bu savolga biz uchun tarixdan boshqa batafsil javob beradigan narsa yo‘q. Shafqatsiz urushlarda asir olinganlar, arzon ishchi kuchiga ehtiyojning ko‘payishi quldorlik jamiyatini rivojlanishiga asos bo‘lgan. Ammo bugun XXI-asr, texnika va texnologiyalar asri, inson mehnatini yengillashtirish maqsadida, qanchadan-qancha texnikalar yaratildi. Xalqaro tashkilotlar bergan ma’lumotga ko‘ra, bugun jahonda 215 million bola majburiy mehnatga jalb etilgan. Nega biz hanuzgacha qullikka barham beraolmadik hatto minglab rivojlanishlar haqida dunyo bong ursa ham. Eng achinarlisi butun dunyo kelajagi hisoblangan jajji bolalarning bu savdodagi katta ulushi ekanligi…
Bugun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni. Dunyoning barcha ota-onalari bolalariga sovg‘a salom ulashadigan, tashkilotlar ularga quvonch ulashish uchun bayram qiladigan kun. Ammo ayni shu daqiqalarda, dunyoning yana allaqayerida o‘g‘irlangan, zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan qulliq azoblarini chekayotgan bolalar bor. Ularning millati, elati, tili boshqa bo‘lishi mumkin, ammo ularning og‘riqlari, azoblari barchamizga tegishli. Ogoh bo‘ling, ular bolaligidan mosuvo bo‘lmasligi uchun kurashing, axir bolaning begonasi bo‘lmaydi.
Malikabonu Muhammedova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter