Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pensiyalar 5 karra, elektr narxi 4 barobar oshiriladi — Kuba 1-yanvardan katta islohotlarga kirishmoqda

Pensiyalar 5 karra, elektr narxi 4 barobar oshiriladi — Kuba 1-yanvardan katta islohotlarga kirishmoqda

Foto: Manuel Romano/NurPhoto via Getty Images

Kuba hukumati 2021-yilning 1-yanvaridan mamlakatda ulkan iqtisodiy islohotlar boshlanishi haqida bayonot berdi. «Ozodlik oroli» boshlayajak islohotlarning xos jihatlaridan biri valyuta unifikatsiyasi — ikkita milliy valyutaning bittasi qoladi. Bo‘lg‘usi iqtisodiy o‘zgarishlar ko‘lami aslida anchayin salmoqli.

Mamlakat hukumati o‘z oldiga qo‘ygan maqsad — Kuba iqtisodiyoti gardaniga zil-zambil yuk bo‘lib tushayotgan total subsidiyalar berish tajribasidan voz kechishga qaratilgan. Islohotlarni o‘tkazish mualliflari g‘oyasiga ko‘ra, bundan buyon tovar va xizmatlarning narxlari bozor mexanizmlari asosida shakllanadi (holbuki, yakuniy qiymatni belgilash baribir davlat organlari ixtiyorida qolaveradi...), subsidiyalarga ajratishdan bo‘shagan pullar maosh va pensiyalarni oshirishga yo‘naltiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, davlat chindan ham ishlashga tayyorlarga yordam qo‘lini cho‘zmoqchi.

Kubadagi rasmiy xabarnomaga ko‘ra, mamlakatda eng kam pensiya 5 karra oshadi: 280 pesodan — 1528 pesoga. O‘rnatilgan almashinuv kursiga ko‘ra, 24 peso 1 dollarga teng, demak, eng kam pensiya 64 dollar atrofida bo‘ladi. Pensiyaning eng yuqori miqdori esa islohotlardan so‘ng 1733 pesoga tenglashadi (taxminan 72 dollar).

Maoshlar ham oshirilishi rejalashtirilgan. Yangi yildan Kubadagi barcha davlat xizmatchilari, egallab turgan lavozimlariga qarab, 32 toifaga ajratiladi. Haftasiga 40 soat ishlovchilarning eng kam oylik maoshi 1910 peso (80 dollar atrofida), 44 soat ishlovchilarniki esa 2100 pesoga tenglashtiriladi. Yangicha ish haqi tartibida eng yuqori maosh — 9510 peso (396 dollar).

Misol uchun, poytaxt Gavana gubernatori 9010 peso oylik oladi. Universitet o‘qituvchisi — 5060 peso, dotsent — 5810 peso. Poliklinika bosh shifokoriga 6610 peso, birinchi toifali mutaxassis-vrachga 5560 peso to‘lanadi.

Ammo oshirilayotgan maosh va pensiyalar o‘z ortidan narx-navoni ham tortib ketadi. Yangi yildan Kubada davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar anchagina qimmatlashishi kutilyapti.

Deyarli barcha turdagi hujjatlarni rasmiylashtirish uchun to‘lovlar 25 karra (!) qimmatlashishi hozirdan aniq. Masalan, tug‘ilganlik haqida guvohnoma olish endi oldingidek 5 peso emas, balki naq 125 peso. Elektr narxiga, arifmetik tilda aytganda, qo‘shilmaydi, balki ko‘paytiriladi. Kubada elektr to‘lovi uchun progressiv tarif setkasi mavjud: unga ko‘ra, dastlabki 100 KVt-soat uchun oyiga 1 KVt-soatga 0,09 peso to‘lanardi, 1-yanvardan ana shu ko‘rsatkich uchun to‘lov 0,4 peso (0,017 sent)ni tashkil etmoqda.

Bunaqa islohotlardan keyin, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari osmonga sakrashi (xursandchilikdan emas, albatta) tayin. Ijtimoiy ahamiyatli mahsulotlarga narxlar Kuba vazirlar kengashi tomonidan o‘rnatiladi va yangilanib boradi. Ayrim mahsulotlar narxi hozirdan e’lon qilingan: 1 kilogramm tovuq — 40 peso (1,7 dollar), shakar — 12 peso, guruch — 14 peso. O‘tish davrida alohida mahsulotlarga bozordagidan past maxsus narxlar o‘rnatilishi ma’lum qilingan: 1 kilogramm quruq sut — 2,5 peso, yangi sutning 1 litri — 0,25 peso. Shunisiyam borki, Kuba rasmiy xabarnomasida ko‘rsatilgan narxlar hukumat mahalliy bozordagi taqchillikni bir soatdayoq hal qiladi, degani emas.

Xullas, markazlashgan iqtisodiyotga xos islohotlarning klassik namunasi — Kuba «Amerikani qaytadan kashf etish»ga urinayotgandek, natijadan umid qilish uchun kamida Kolumbdagi optimizm va sabr talab etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring