Putinning ikki katta xatosi
NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Financial Times gazetasida chop etilgan maqolasida Putinning xatolarini sanab o‘tdi.
«2022-yilda Ukrainada harbiy amaliyot boshlagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin «ikkita katta strategik xato»ga yo‘l qo‘ydi», — dedi Stoltenberg.
NATO bosh kotibi ortda qolayotgan yilni sarhisob qilarkan, uning «Yevropa xavfsizligi uchun Ikkinchi jahon urushidan buyon eng murakkab», «Ukraina xalqi uchun favqulodda og‘riqli» hamda Putin uchun «Tushkun omadsizliklar yili» bo‘lganini ta’kidladi.
Birinchi xato
Stoltenbergning fikricha, Putinning birinchi strategik xatosi — «Ukrainaga to‘g‘ri baho bermadi». «U (Putin) sanoqli kunlar ichida Kiyevni egallab, hukumatini boshsiz qoldiraman deb o‘yladi», — ushbu jumlalarni yozgan NATO bosh kotibi Ukrainadagi urush boshlanganidan buyon 10 oy o‘tgani, Rossiya so‘nggi o‘n yilliklardagiga qaraganda «yanada kambag‘allashib, ihotalanib qolgani»ni eslatib o‘tdi.
Ikkinchi xato
Putinning ikkinchi strategik xatosi — «NATO birdamligi»ni e’tibordan qochirdi. Alyans mamlakatlarini «bo‘lib tashlab», ularni Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan mahrum qilmoqchi bo‘ldi, dedi Stoltenberg. «Garchi NATO ushbu nizo tomonlaridan biri bo‘lmasa-da, Ukrainaning BMT nizomida mustahkamlangan o‘zini mudofaa qilish huquqini qo‘llab-quvvatlashda va uning ozod va demokratik mamlakat bo‘lib qolishida yordam ko‘rsatishda ittifoqchilar har qachongidan-da birdam», — deyiladi maqolada.
«2014-yildan boshlab AQSh, Buyuk Britaniya, Kanada va NATOning boshqa mamlakatlari o‘n minglab ukrain askarlarini o‘qitib, bu mamlakat qurolli kuchlaridagi islohotni qo‘llab kelishmoqda. Shuning uchun ham fevralda ukrain qurolli kuchlari yaxshiroq boshqaruv, yaxshiroq bilim, yaxshiroq ta’minotga egaliklarini ko‘rsatishdi», — ta’kidladi alyans bosh kotibi.
«Putin NATO bilan chegaralari kamroq bo‘lishini istagandi. Bunining aksini ko‘rmoqda: NATO kuchayib, yiriklashmoqda», — deb yozgan Stoltenberg tez orada Finlyandiya va Shvetsiya alyansga a’zo bo‘lishini eslatib o‘tdi. Ularning NATOga qo‘shilishini Ukrainada urush boshlanishidan avval «tasavvur ham qilish qiyin edi», dedi u.
Stoltenbergning fikricha, kuchlarni qayta taqsimlash, qayta qurollanish va yangi hujumga tayyorlanish uchun, hozir Rossiya jangovar harakatlar zonasidagi vaziyatni «muzlatish»ga umid qilyapti. «Putin chinakam tinchlikka intilayotganining «hech qanday alomatlarini ko‘rsatmayapti». Muzokaralar stolida yuz berayotgan narsalar jang maydonida yuz berayotganlari bilan bevosita bog‘liqligini unutmasligimiz kerak.
«Ukrainaning yengilishi uning halokatini anglatadi, butun dunyoni yanada xavfliga aylantiradi, NATO mamlakatlarini esa zaiflashtiradi», — deb yozgan bosh kotib G‘arb mamlakatlarini Kiyevga bu qishda va yana qancha vaqt talab etilsa, yordam berishda davom etishga chaqirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter