Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qizning tug‘ilgan kun sanasini ko‘rsating! Yoxud yosh qizaloqqa nega qo‘sha qari (kim bilan) deb tilak bildirildi?

Qizning tug‘ilgan kun sanasini ko‘rsating! Yoxud yosh qizaloqqa nega qo‘sha qari (kim bilan) deb tilak bildirildi?

foto: videodan kadr

Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumanida 7-sinf qiz unashtirilgani haqida videolavha tarqaldi va ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videolavhani bir emas, ikki emas, uch emas naq to‘rt marta ko‘rdim. Qizchaning bo‘yniga ayol zanjir taqdi? Qizchaning qo‘lini ko‘ksiga qo‘yish kerakligini yana bir ayol o‘rgatib turdi.

Holat yuzasidan Bolalar ombudsmani va  Qashqadaryo viloyat hokimi o‘rinbosari  – Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Komila Karomova tomonidan manzilli o‘rganildi.  

Qizning ota-onasi videodagi holat aslida farzandining tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbir ekani to‘g‘risida tushuntirish bergan. Shuningdek, holat to‘y yoki unashtiruv marosimi emasligi, qizini erta turmushga berish niyati yo‘qligi, uni o‘qitish va shifokor qilish niyatida ekanini aytgan. 

Qaniydi shunday bo‘lsa, ayniqsa qizini shifokor qilish niyati a’lo niyat. Qolaversa shifokor bo‘lish uchun ko‘p yillar ta’lim olishga to‘g‘ri keladi... Demak to‘y haqida hali uzoq yillar eslanmaydi, eslanmasligi kerak edi...

Shu videoni ko‘rib ba’zi anglashilmovchiliklarni aniqlamoqchiman. Avvalo videoda biron marta tug‘ilgan kun degan ibora ishlatilmadi. Biron marta! Yo men o‘tkazib yubordimmi, yo men eshitmadimmi? Nima uchun tug‘ilgan kunda, maktabni a’lo baholarga o‘qi, kelajakda biror kasbni egalla, ana boringki shifokor bo‘l deyilmadi, aynan BAXTLI bo‘l deb tilak bildirildi. Baxtli bo‘l degan tilak faqat to‘y yoki unashtiruvda aytiladi. Yoki birortangiz farzandingizni, bo‘lib ham 7-sinfda o‘qiydigan qizingizga baxtli bo‘l deb tilak bildirasizmi? To‘g‘ri ich-ichingizdan xohlaysiz ammo qizaloqqa bu gapni aytmaysiz. Maktabni bitirgan qizga aytsangiz ham yarashardi. Tug‘ilgan kuning bilan tabriklayman, deb aytishga nima monelik qildi? Yana qaytarib aytaman biron marta tug‘ilgan kun haqida gap bo‘lgani yo‘q.  

Agar rostdan ham ROSTni yuzaga chiqarish bo‘lsa niyat bizga tilla taqqan ayolning kimligini ayting, onasimi, xolasimi, ammasimi? To‘g‘ri qarindoshlar o‘rtasida haliyam nikohlar qayd etilishi uchrab turibdi. Agar bu ayol qizning ammasi, xolasi bo‘lgan taqdirdayam ajablanmaymiz. Balki ammasidir, balki xolasidir. Ammo qaysi xola yoki amma jiyaniga tilla taqadi, tug‘ilgan kunda!? Real qaraylik voqeaga. Faqat kelinning bo‘yniga, qulog‘iga tilla taqish mumkin. To‘g‘ri jiyaniga juda qimmat sovg‘a beradigan amma, xola, onalar bor... Faqat tilla emas. Tilla unashtirilayotgan qizga taqiladi!

Yana bitta savol, qiz nega tilla taqqan qarindoshiga (balki mutlaqo begona) qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib minnatdorchilik ko‘rsatishi kerak. Yana real hayotga qaytaylik. Uyalib hijolat bo‘lib turishi kerak? Kimning qizi uyda ota-onasiyu, amma-xolasining oldida qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib mulozamat qiladi. Tan oling HECh kimning. Faqat kelin qaynana va kuyovga, uning xesh-aqroblariga qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib mulozamat qiladi.

Umuman yolg‘on axborot berganlik uchun javobgarlik bor. Agar qizning ota-onasi rostdan yolg‘on axborot bergan bo‘lsa nega javobgarlikka tortilmayapti? Agar xotin-qizlar mas’uli yolg‘on axborot bergan bo‘lsa-chi? Yoki yolg‘on axborot tarqatishda faqat blogeru jurnalist ayblanadimi?

Eng oxirgi savolim, agar videoda eshitgan gaplarimni quloqlarim aldamayotgan yoki gallyusinatsiya bo‘lmasa video so‘ngida ayollar qizga nega QO‘ShA qari, dedi? Erga tekkan ayol yoki turmushga chiqayotgan qiz-yigitga aytilmaydimi qo‘sha qari degan tilak. «Hali juda qiziq bo‘ladi, ayniqsa shokoladi kelsa», dedi yana bir ayol, «Hali kichkinada bilmaydi (mulozamatni)», deyishdi. Qiz yanada hijolat bo‘ldi. Xuddi yangi kelinchakdek, aslo ota-onasi tug‘ilgan kunini nishonlayotgan erka qizdek emas.

Voy-voyey...Isbot, dalil bo‘lib turib ham bu unashtiruv emas, bu tug‘ilgan kun edi deb odamlarni laqma qilishga nima haqqingiz bor?

Ijtimoiy tarmoqlarda bu qizchaning unashtiruvi odamlarni bir g‘azablantirgan bo‘lsa, ko‘rib turgan narsamizni, yo‘q bu aslida boshqa narsa edi deb haspo‘shlayotganlaringiz ikki karra g‘azablantirmoqda. Qachon mard bo‘lib xatolarni tan olishni o‘rganamiz.

Yaxshimas, videoda ko‘rinib turgan voqeani haspo‘shlash, suvash va yolg‘on gapirish. Yolg‘on axborot tarqatganlik uchun ham javobgarlik bor...

Bizdan uyalmasanglar ham qizaloqdan, kelajakda adolatli jamiyat qurishni ko‘rish istagingizni amalga oshiradigan YoShlardan uyalinglar!

7-sinf qizini unashtirish, uning ongini buzish, tanlovini (o‘zi bu qizaloqda tanlov bormi, qarori eshitiladimi)hurmat qilmaslik va kamiga butun o‘zbekistonliklarni aldash, qaysi me’yorlarga to‘g‘ri keladi.

Bolalar ombudsmanining ta’kidlashicha, bu hududda qizlarning unashtiruv marosimini erta o‘tkazish urf-odati qisman bo‘lsa-da saqlanib qolgan. Shu sababli, ombudsman holat bo‘yicha nazoratni davom ettiradi, bolaning jismonan va ma’nan sog‘lom muhitda parvarish qilinishi, uning ta’lim olish huquqi hamda kelgusida o‘z hayoti bilan bog‘liq qarorlarni qabul qilish huquqi ta’minlanishini kuzatib boradi. Bolalar ombudsmani qizlarni erta turmushga berish holatlariga mutlaqo murosasiz bo‘lib, shunday fikrda bo‘lgan ota-onalarni nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish uchun qonunan javobgarlik belgilangani haqida ogohlantirgan.

Ombudsman kuzatish jarayonida yuqorida biz qo‘ygan savollarga ham javob topadi, deb umid qilamiz.

Ha, aytgancha bizga juda qiziq – qizning tug‘ilgan kuni qachonligi. Uni aniqlashning eng oson yo‘li, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomaga birrov qarab olish. Qani ko‘rsating-chi guvohnomani! Butun O‘zbekistonga ko‘rsating qizning tug‘ilgan kuni yozilgan sanani. Balki biz ham eng ezgu tilaklarimizni bildirarmiz. Kelajakda maktabni a’lo baholarga bitirib, biror kasb egasi bo‘lishini, o‘zi qaror chiqara oladigan mustaqil qiz bo‘lishini, qachonki o‘zi uchun o‘zi javob berish mas’uliyatini his qilsagina baxt uni quvlab yurishini aytarmiz. Axir ko‘pning duosi ko‘l deyishadi... Qani ko‘rsating qizning tug‘ilgan kun sanasini! Bir izhorlarimizni bildiraylik.

                                                                                                                     Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring