Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Rim papasi Isroil–Falastin ziddiyati yechimini aytdi

Rim papasi Isroil–Falastin ziddiyati yechimini aytdi

Foto: AP

Rim papasi Lev XIV Isroil bilan bir qatorda Falastin davlati bo‘lishi mintaqadagi ziddiyatga barham berishning yagona yo‘li ekanini ta’kidladi.

«Vatikan ko‘p yillardan buyon ikki davlat tamoyilini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ammo hammamiz bilamizki, Isroil bu yechimni qabul qilmayapti. Har qanday holatda ham bu — ziddiyatga barham berishning yagona yechimidir», — dedi Rim papasi Livanga tashrifi chog‘ida.

Katolik dunyosi yetakchisi bu borada Vatikan vositachilik qilishga tayyor ekanini qayd etgan. 

Rim papasi Bayrutdagi va’zida dunyo bo‘ylab zo‘ravonlik avj olganiga ham e’tibor qaratgan.

«Yon-atrofimizda, butun dunyoda tushkunlik va ojizlik hissi g‘alaba qozonayotganga o‘xshaydi. Odamlar tarixning o‘zanini o‘zgartirishga qodir ekaniga ishonmay qo‘ygan ko‘rinadi», — dedi Lev XIV.   

Isroil 2023-yil 7-oktyabrdan 2025-yil 10-oktyabrga qadar G‘azo sektorida olib borgan urushda 70 mingdan ziyod falastinlik o‘ldirildi. O‘zaro sulh bitimi kuchga kirgan 2025-yil 10-oktyabrdan keyin ham Isroil askarlari o‘qidan kamida 354 nafar falastinlik halok bo‘ldi.

Avvalroq amerikalik qo‘shiqchi ijtimoiy tarmoq orqali Rim papasi Lev XIVga murojaat qilib, uni G‘azo sektoriga borishga chaqirgan, begunoh bolalarni qutqarishga undagan edi.

Vatikan Isroilning G‘azo sektoridagi xunrezligini tanqid qilib keladi. Xususan, joriy yil 21-aprel kuni vafot etgan Rim papasi Fransisk ham Isroilning G‘azo sektoridagi maktablarni bombalashi oqibatida begunoh bolalar nobud bo‘layotganini tanqid qilgandi.

Tanqidlar sabab rasmiy Tel-Aviv Rim papasi vafoti yuzasidan chop etgan ta’ziyasini ham “qaytarib” olgani ma’lum.

Rim papasi Lev XIVning Livanda bergan bayonoti Falastin davlati tuzilishi o‘ta muhim masala ekanini yana bir karra yodga soldi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil hukumati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2024-yil 18-iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967-yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu joriy yil 11 sentyabr kuni Falastin davlati tuzilmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solishini aytgan.

Hozirga qadar BMTga a’zo mamlakatlarning 150 ga yaqini Falastinni davlat sifatida tan olgan. Xususan, joriy yil sentyabr oyida Falastin davlatchiligini e’tirof etgan mamlakatlar safiga Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Portugaliya va Avstraliya qo‘shilgan.

Joriy yil 12-sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida Isroil–Falastin ziddiyatini ikki davlat tamoyili asosida hal etish ko‘zda tutilgan deklaratsiya ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan edi. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra Falastin davlat tuzilishini yoqlovchi mazkur hujjatni 142 davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring