Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Sehrli diyor»dagi vatandoshimiz Amerikaning eng katta yutug‘ini aytdi

«Sehrli diyor»dagi vatandoshimiz Amerikaning eng katta yutug‘ini aytdi

Foto: Abduaziz Isakulovning shaxsiy arxivi

Bugungi suhbatdoshimiz Abduaziz Isakulov 1997-yili Toshkent shahrida  tug‘ilgan.

Bo‘ladigan bola boshidan, deganlaridek 20 yoshida Toshkent davlat yuridik universiteti xalqaro huquq yo‘nalishi bakalavr bosqichini, 23 yoshida Nyu-Yorkdagi Fordham Univeristy School of Law universiteti xalqaro huquqiy nizolarni hal etish yo‘nalishi bo‘yicha magistratura bosqichini tugatgan. Bu yutuqlariga ham qanoat qilmay Toshkent davlat iqstisodiyot universiteti Jahon iqtisodiyoti va halqaro iqtisodiy munosabatlar fakulteti va Vebster universiteti – MBA (Master of Business Administration)ni ham tamomlagan.

Nyu-York, Vashington va Frankfurtda «White & Case LLP» va «Clifford & Chance LLP» kabi xalqaro yuridik kompaniyalarida, shuningdek, Jenevadagi Jahon savdo tashkilotida faoliyat yuritib, tajriba to‘plagan.

Hozirda u Nyu-Yorkdagi Cardozo School of Law universitetida doktorant, xalqaro energetika va iqlim o‘zgarishiga bog‘liq nizolarni huquqiy yo‘l bilan hal etish mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

– Abduaziz, keling suhbatni Fulbrayt dasturi haqida ma’lumot bilan boshlaymiz. Chunki ushbu dastur haqida ko‘pchilik bilmaydi...

– Fulbrayt bu AQSh Davlat departamentining almashinuv dasturlaridan biri bo‘lib, dunyodagi 150 dan ortiq mamlakatlardan har yili faqatgina sanoqli iste’dodli yoshlarni tanlab oluvchi va ularga AQSh oliygohlarida magistratura darajasini olish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlarni qoplab beruvchi grant dasturi hisoblanadi.

Dastur taqdim etadigan iqtisodiy imtiyozlar qatoriga magistraturaga kirish uchun topshiriladigan imtihonlar uchun to‘lovlar (TOEFL, GRE, GMAT), grant g‘olibining AQShga yetib borishi bilan bog‘liq bo‘lgan transport xarajatlari, tegishli universitet kontrakt to‘lovlari, tanlov g‘olibining AQShda yashash xarajatlarini qoplovchi oylik stipendiya, tibbiy sug‘urta xarajatlari, o‘qish uchun zarur bo‘lgan adabiyotlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun beriladigan moliyaviy ko‘mak kabi imtiyozlarni kiritsa bo‘ladi.

Ushbu grant dasturiga O‘zbekistondan har yili yuzlab talabalar hujjat topshirishadi va har yili faqat 3 nafar talaba ushbu dastur g‘olibiga aylanadi.

Foto: Abduaziz Isakulovning shaxsiy arxivi

«Amerika orzusi» amalga oshishi uchun Fulbrayt dasturi imkon bo‘lishi mumkinmi?

– Ha, albatta. Buni men o‘zim bosib o‘tgan yo‘l misolida to‘liqroq tushuntirib o‘tishim mumkin.

2017-yili Toshkent davlat yuridik universitetini bitirganimdan so‘ng Adliya vazirligiga ishga kirdim. 2018-yilda birinchi marotaba vazirlik delegatsiyasi tarkibida AQShning poytaxti Vashingtonga tashrif buyurdim. Vashington shahrida joylashgan investitsiyalar bo‘yicha Xalqaro sudda O‘zbekiston ishtirokidagi bir qancha xalqaro sud jarayonlarida qatnashdim. O‘zbekiston manfaatlarini himoya qilish uchun yollangan xalqaro advokatlarning yuridik bilimi va mahoratini o‘sha sud jarayonlarida kuzata turib, xalqaro darajadagi huquqshunos bo‘lib yetishish uchun yurtimda olgan bilimlarim yetarli bo‘lmasligini va dunyoning rivojlangan davlatlaridagi top universitetlaridan birida o‘qib, keyinchalik o‘z sohamda xalqaro tajriba to‘plashim muhimligini tushunib yetdim.

Amerikada o‘qish kontrakti o‘rtacha 60-70 ming AQSh dollaridan oshishini hisobga olib, magistraturada o‘qish uchun to‘liq grant taqdim etuvchi dasturlarni qidirdim. Internetdan, ya’ni AQSh elchixonasi veb-sayti orqali Xalqaro Fulbrayt grant dasturi haqida ma’lumotga ega bo‘ldim va hujjatlarimni shu grant dasturiga topshirdim. Yakunda ushbu dastur g‘olibiga aylandim va AQShning Nyu-York shahridagi Fordxyem universitetiga yo‘l oldim.

Aynan Fulbrayt dasturi orqali magistraturani bitirib, keyinchalik xalqaro doirada, xususan Nyu-York, Vashington va Frankfurt kabi dunyo megapolislarida «White & Case LLP» va «Clifford & Chance LLP» kabi xalqaro yuridik kompaniyalarida, shuningdek Shvetsariyaning Jeneva shahridagi Jahon savdo tashkilotida faoliyat yuritib, tajriba orttirdim.

Foto: Abduaziz Isakulovning shaxsiy arxivi

Ushbu dasturning talabi qanday, ya’ni grant yutish uchun nimalarga e’tibor berish kerak.

– Dasturning eng asosiy talabi tanlov ishtirokchilari bakalavr darajasini tamomlagan va kamida 2 yillik ish tajribasiga ega nomzodlar bo‘lishi kerak.

Nomzodning ingliz tilini qanchalik yaxshi bilishi va AQShda o‘qimoqchi bo‘lgan sohasi uning o‘zi va O‘zbekiston uchun qanchalik muhimligini yoritib beruvchi motivatsion insho sifati dasturda muvaffiqiyat qozonishning asosiy omillaridan biridir.

Hujjat topshirish bir bosqichdan iborat. Ushbu bosqichda nomzodlar bakalavr diplomlari nusxalari, motivatsion insho va tegishli tavsiya xatlarini topshiradilar. Agar ushbu bosqichdan nomzod muvaffaqiyatli o‘tsa, keyin ikkinchi bosqichga – suhbatga chaqiriladi. Dasturda g‘olib bo‘lish uchun talabaning bakalavr davomida olgan baholarining o‘rni juda muhim. Chunki AQShdagi barcha universitetlar uchun nomzodning bakalavr davomida olgan baholari, nomzodni magistraturaga qabul qilishda ingliz tilini bilish darajasidan keyingi eng muhim omildir.

Dastur g‘olibiga aylanishni istaydigan talaba avvalo, o‘z sohasini yaxshi bilishi kerak. Ushbu sohaga oid AQShda qanday oliygohlar borligini bilish muhim. Va AQShda orttirilgan bilim, tajriba bilan o‘sha sohani O‘zbekistonda qanday rivojlantirish mumkinligi haqida o‘ziga yarasha taxminiy tasavvurga va rejalarga ega bo‘lishi kerak. Ya’ni, eng muhim omillardan biri, bu nomzodning AQShda ta’lim olishga bo‘lgan va tegishli sohani O‘zbekistonda rivojlanishiga hissa qo‘shishga bo‘lgan xohish-motivatsiyasining mavjudliligi va albatta til bilish darajasi.

Agar nomzod yuqorida ta’kidlangan ikki bosqichdan (hujjat topshirish va suhbat bosqichlari) muvaffaqiyatli o‘tsa, elchixona unga TOEFL topshirish bilan bog‘liq imtihon xarajatlarini qoplab, uni ushbu test imtihoniga ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘mak beradi. Nomzodlardagi mavjud IELTS va boshqa til sertifikatlari ularni TOEFL topshirishdan ozod qilmaydi. Shuning uchun TOEFL imtihonidan yaxshi ball olish bu grant sohibi bo‘lishda albatta katta ustunlik beradi.

– Ushbu dastur orqali mamlakatlar qadriyatlari, urf-odatlari, tili, madaniyati o‘rganiladi va bu qanchalik mamlakatlar rivojlanishi yoki hamkorlik qilishi uchun yordam beradi, deb o‘ylaysiz?

– Albatta, Amerika O‘zbekistondan juda ham katta farq qiluvchi davlat. Amerika bu immigrantlar mamlakati bo‘lib, har bir insonning avlod-ajdodini surishtirsangiz yoki nemis, polyak, chex, ingliz, irland, fransuz, xitoylik, yapon yoki yana boshqa bir millat vakili bo‘lib chiqadi. Leking ularning barchasi o‘zini yagona mamlakat va millat vakili – amerikalik deb biladi. Ya’ni, bir so‘z bilan aytganda bu yerga kelayotgan immigrantlar yoki xalqaro talabalar o‘zlarini begona yoki Vatandan ayri his qilishmaydi. Bu esa o‘z navbatida Amerika madaniyati va hayot tarzining juda ham xilma-xilligidan dalolat beradi.

Xususan, Nyu-Yorkda dunyoning barcha nuqtalaridan kelgan immigrantlarni uchratishingiz mumkin va bu o‘ziga xoslik shaharning madaniyatini juda ham xilma-xillashtirgan. Shu jumladan, men ham birinchi kelganimda ko‘p sonli vatandoshlarimizni va ular tashkil etgan bir qancha mahalliy restoranlar, do‘konlarni, o‘zbek mahallalarini ko‘rib, albatta, hayratga tushganman.

Xulosa qilib aytganda, yuqorida ta’kidlangan omillar, dastur ishtirokchilarini nafaqat Amerika, balki bir qancha mamlakatlar qadriyatlari, urf odatlari, tili, madaniyati bilan tanishishga sababchi bo‘ladi va ushbu millat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlaydi.

Foto: Abduaziz Isakulovning shaxsiy arxivi

Amerika haqida taassurotlaringiz.

– Fordxem universiteti Nyu-York shahrining markazi, Manxettenda joylashgani sababli, birinchi hissiyotlar va taassurotlar bu osmono‘par binolar, har doim rasmiy kiyim va galustuklarda qayergadir shoshib yurib ketayotgan korporativ xodimlar, AQSh filmlarida ko‘rsatiladigan sariq taksi mashinalari bilan to‘lib-toshgan Nyu-Yorkning tor ko‘chalari bo‘ldi.

O‘qish boshlanganidan so‘ng, Amerikada ta’lim tizimi metodlari O‘zbekiston universitetlarida foydalaniladigan o‘qish metodlaridan tubdan faqr qilishini va bu yerda talabalar o‘rtasidagi sog‘lom raqobat juda ham kuchli ekanligini hamda talabalar o‘rganayotgan fanining muhimligi va bu bilimlar uni kelajakda o‘z sohasida yaxshi ish topishida ahamiyatga ega ekanligini chuqur anglagan holda, o‘z kelajagiga katta mas’uliyat bilan qarashi, albatta meni ijobiy ma’noda hayron qoldirdi.

Oliygohlardagi yuqori malakali ta’lim ham Amerikaning hozirgi kundagi yutuqlarining eng katta sabablaridan biri, deb hisoblayman.

– Ayni vaqtda qaysi mavzu ustida ishlayapsiz?

– Hozir global iqlim o‘zgarishi va energiya resurslari bilan bog‘liq xalqaro huquqiy nizolarni hal etish masalasida ilmiy ish qilyapman.

Markaziy Osiyo energiya resurslariga boy mintaqalardan biri. Resurslarni to‘g‘ri ishlatish bilan bog‘liq nizolarni o‘rganyapman. Mintaqadagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarga xalqaro huquq nuqtai nazaridan yechim berish ilmiy izlanishimning asosiy maqsadi. Xalqaro yuridik firmalar va xalqaro tashkilotlarda orttirilgan tajribam ushbu masalalarni chuqurroq o‘rganishimga turtki bo‘ldi. 2015 yilda imzolangan Parij bitimi dunyodagi global issiqlikni kamaytirish bo‘yicha ushbu hujjatga qo‘shilgan davlatlarga o‘ziga yarasha majburiyat yuklagan. Bu kabi majburiyatlar keyinchalik davlatlarning investitsiya shartnomalarida o‘z aksini topgan.

Ushbu shartnomalar asosida xorijiy investorlar dunyoning deyarli barcha davlatlarida faoliyat ko‘rsatadi. Lekin ular doim ham iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiyatiga rioya qilishmaydi. Bu bunday mojaroli holatlarga samarali huquqiy yechim topishni talab qiladi. Doktorlik dissertatsiyamning asosiy maqsadi aynan shu kabi mojaroli holatlarga samarali huquqiy yechim taklif qilishdan iborat.

– Ishlaringizga omad tilaymiz.     

Barno Sultonova suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring