Shaftolizor gullari qishlog‘i, «Olti yulduz» ko‘chasi va mehmondo‘st «Qozonchi» — G‘uljadagi samimiyat ruhi (foto)
Shinjon-Uyg‘ur avtonom viloyatining Ili-Qozoq muxtor okrugi Ili daryosi qirg‘og‘ida, Xitoyning Qozog‘iston bilan chegara hududida joylashgan. Shinjonning namligi eng yuqori hududi hisoblangani bois tabiati go‘zal, havosi ancha salqin va toza. Betakror Narat milliy o‘rmon bog‘i ham shu okrugda joylashgan.
Safarimizning navbatdagi manzili Xorgos uyezdidagi shaftolizor gullari qishlog‘i bo‘ldi. Qishloqda dehqonchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik yaxshi rivojlangan.
Sutli mahsulotlarni ishlab chiqarish, go‘sht va quruq mevalarni qadoqlash yo‘lga qo‘yilgan.
Qishloqda sayohatchilar uchun milliy kaloritga ega mehmon uylari tashkil etilgan.
Bizning pulimizda kuniga o‘rtacha 600 ming so‘m evaziga 2 kishilik yoki oilaviy yashash mumkin bo‘lgan hovlili xonadonlar ijaraga berilar ekan. Unda barcha sharoitlar mavjud.
Sershovqin megapolislardan kelib qishloqning sokin muhitida bir necha kunni o‘tkazishni istagan xitoylik sayyohlar bu yerda ko‘plab uchraydi.
Jurnalist Sharofiddin To‘laganovning yozishicha, Shinjon-Uyg‘ur avtonom hududi o‘tgan yili xavfsiz sayyohlik maskani sifatida rekord miqdordagi sayyohlarni qabul qilgan. O‘tgan yili mintaqaga tashrif buyurgan sayyohlar soni 265 million kishiga yetgan.
- Taqqoslash uchun: 2023 yilda O‘zbekistonga kelgan xorijlik sayyohlar soni 6,6 million nafarni tashkil etgan.
Qishloqdan chiqib, avtobusda baland tog‘lar bag‘ridagi Chjunxua Fushoushan tabiat bog‘iga bordik.
Bu yer ham ichki turizmning mashhur lokatsiyalaridan biri ekan. Tepalikda ulkan ramziy yodgorlik o‘rnatilgan.
Manzilga qadar yo‘llar tekis, atrof toza, kommunikatsiyaning barcha turlari yetib borgan.
G‘ulja — Ili-Qozoq muxtor okrugining markaziy shahri. Kattagina chiroyli shahar. Bu shaharning e’tiborimizni tortgan jihati — uning ko‘pmillatli, bir-biri bilan ahil xalqi bo‘ldi. Bu yerda nafaqat uyg‘ur, dungan va qozoqlar, balki tatar, rus, o‘zbeklar ham yasharkan. Bu xalqlarning har biri shahar rivojiga hissa qo‘shgan. Ularning ayrimlari o‘tgan asr boshlarida G‘uljaga kelgan.
Shahar markazida «Olti yulduz» nomini olgan mashhur ko‘cha bor va u madaniy meros obidasi sifatida muhofaza qilinadi. Ko‘chalarning birida yuzlab akkordeonlarni jamlagan o‘ziga xos muzey joylashgan.
Muzeyga shu shaharda tug‘ilib o‘sgan Aleksandr Zazulin asos solgan. Uning kolleksiyasida butun dunyodan to‘plangan 800 dan ortiq akkordeon mavjud. Kelib chiqishi rus millatiga mansuyu mahalliy fuqaro akkordeon ta’mirlashni bolaligida otasidan o‘rgangan.
Qirq yildan ko‘proq vaqt davomida Aleksandr Zazulin sakkiz yuzdan ortiq akkordeon to‘pladi, ular ko‘rgazma zalini ming kvadrat metrdan ortiq maydonini to‘ldirdi.
Ushbu kolleksiya yigirmadan ortiq mamlakatlardan, katta va kichik, zamonaviy va bir asrdan ko‘proq tarixga ega noyob namunalardan tashkil topgan.
Ko‘cha bo‘ylab joylashgan uylarning eshiklari sayyohlar uchun ochiq. Xonadonlarning birida uyg‘ur, birida qozoq, boshqasida rus va boshqa millatlarning madaniyati va san’ati namunalarini ko‘rasiz.
Biz bilan suhbatda bo‘lgan rus diasporasi vakili o‘zbek tiliga yaqin lahjada, uyg‘urcha gapirdi. Uning aytishicha, bolaligidan turli millat vakillari bilan ahil qo‘shnichilikda yashagani uchun oltita tilda erkin gaplasha olarkan. Qo‘shnilari orasida o‘zbeklar ham bo‘lgan.
G‘uljaning eski shahar qismidagi «Qozonchi» sayyohlik hududidan ham shunday iliq taassurotlar bilan qaytdik. Odamlarning ko‘ngli ochiq, mehmondo‘st. Tabassum bilan xonadonlariga taklif qilishadi.
«Qozonchi» katta hududni egallagan. Turizm o‘chog‘iga aylangan bu mahallada barcha qulay sharoitlar yaratilgan. Bir jihatdan Xitoyning bunday turizm infratuzilmasi iqtisodga katta foyda keltirayotgan bo‘lsa, boshqa tarafdan mahalliy aholining o‘z urf-odatlarini saqlab qolishiga zamin yaratgan. Turli xalqlarning uylari va an’analari asl holicha turibdi.
«Qozonchi» aholisi asosan sayyohlar oqimidan tirikchilik qiladi. Biri milliy kiyimlar do‘koni ochgan, boshqasi oshxona, birida milliy kuy-qo‘shiq, raqslar namoyishi...
Biz mehmoni bo‘lgan xonadonlarning birida tabiiy muzqaymoq tayyorlanib sotilar ekan. Bir necha avloddan meros bo‘lib qolgan ushbu kasb kattagina oilaning asosiy daromad manbai. «Kuniga 200 kilogrammgacha muzqaymoq sotamiz», deydi xonadon egasi.
Biz «Qozonchi»da joylashgan, Xitoy me’morchiligi asosida barpo qilingan Shansi jome’ masjidida ham bo‘ldik.
Masjid imom xatibi Hasan hoji ibn Tohirning aytishicha, masjid XVIII asrning o‘rtalarida bunyod etilgan. Juma namozlarida 500 nafardan ortiq, hayit namozlarida esa ikki mingdan ziyod jamoat yig‘ilar ekan.
Masjid kutubxonasida muqaddas Qur’oni karim nusxasi, turli adabiyotlar, jurnallar va gazetalar bor.
Hududga sayohatimiz qisqa bo‘ldi, lekin biz G‘ulja xalqlarining samimiyatini his qila oldik. Turli millat vakillari yonma-yon ahillikda, o‘zligini saqlab, qo‘shnilarining madaniyati va urf-odatlariga hurmat bilan yashashmoqda. Ayni shu totuvlik mintaqaning rivojiga asosiy turtki berayotgan bo‘lsa, ajabmas.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter