Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Lutfullo Tursunov

Har bir mashaqqat ortida imkoniyat yotadi.

Shahzodalar shahriga safar: Amasiya — afsona, tarix va yashil daryo bo‘yidagi mo‘jiza (foto)

Shahzodalar shahriga safar: Amasiya — afsona, tarix va yashil daryo bo‘yidagi mo‘jiza (foto)

Turkiyaning Tokat shahridagi safarimiz qarib, bir olam taassurotlar bilan Amasiyaga yo‘l oldik. Ikki shahar oralig‘idagi masofa 100 chaqirimdan ortiqroq ekan, mikroavtobusda bir yarim soatcha yo‘l bosib “Shahzodalar shahri”ga kirib bordik.




Farhod va Shirin afsonasi

Shaharga kiraverishda bizni birinchi qarshi olgan manzil — Farhod va Shirin majmuasi bo‘ldi.

Foto: Xabar.uz

Alisher Navoiyning “Xamsa”sidagi ikkinchi doston — “Farhod va Shirin” yozilguniga qadar bu sevgi qissasi "Xusrav va Shirin" shaklida mashhur edi. Alisher Navoiy o‘z dostoni uchun avvalgi dostonlarda ikkinchi darajada talqin qilingan Farhodni bosh qahramon qilib oladi.

Foto: Xabar.uz

Farhod va Shirin haqidagi afsona Turkiyaning Amasiya shahri bilan bog‘langan. Rivoyatlarga ko‘ra, Farhod mahbubasi Shirin yashagan shaharga daryo suvini yetkazish uchun tog‘larni yorib kanal qurgan.

Foto: Xabar.uz

Hozirda shaharning sharqiy qismida kanalning qoldiqlari, Farhod va Shirin haykali hamda ularning yonma-yon joylashgan ramziy qabri, “Oshiqlar muzeyi“ bor.

Yashilirmoq bo‘yidagi mo‘jiza

Amasiya shahri Qora dengiz sohilidan 140 km uzoqda, hayratomuz manzarali Pontiy tog‘lari bag‘rida joylashgan. Shahar markazi orqali Yashilirmoq daryosi oqib o‘tadi.

Amasiya tarixiy shahar bo‘lib, miloddan avvalgi 302 yilda bu yer Pontiy qirolligi poytaxti hisoblangan. Taxminan 300 yildan keyin shahar rimliklar hukmronligiga o‘tgan. Milodiy 35 yildan boshlab — Rimning Galatiya-Pont provinsiyasi, keyinroq Kappadokiya, Pont provinsiyalari tarkibiga kirgan.

Ushbu hududda xettlar, frigiylar, kimmeriylar, lidiyaliklar, forslar va armanlar ham yashashgan. Bu yerda buyuk olim, tarixchi va geograf, dunyoning ilk xaritasini chizgan Strabon tug‘ilib o‘sgan.

Strabon miloddan avvalgi 63 yillarda Amasiyada tug‘ilib, milodiy 21 yillar atrofida shu yerda vafot etgan. U ko‘p sayohat qilgan, ko‘p o‘qigan va o‘sha zamon uchun juda uzoq umr ko‘rgan. U o‘z ona shahri — Amasiya tarixi haqida ham yozib qoldirgan.

Yashilirmoq daryosi sohilida turklar tomonidan o‘rnatilgan Strabon haykali bor. Bu buyuk olimga bo‘lgan hurmatning yorqin isboti.

Rim va Vizantiya davrlaridan keyin, 1285 yilda shahar Ilxonlar davlati (mo‘g‘ul sulolasi) tasarrufiga o‘tgan. XIV asrning oxiriga kelib esa Usmoniylar hukmronligiga qo‘shilgan.

Me’morchiligi

1075 yilda Amasiya Saljuqiylar tomonidan egallangan. Ulardan shaharning qadim inshootlardan biri — 1242 yilda qurilgan Burmali masjidi qolgan. U shahar markazida, katta karvonsaroy ortida joylashgan. 17 asrda qurilgan ushbu karvonsaroy hozir restoran sifatida faoliyat yuritadi.

Foto: Xabar.uz

Daryoga yaqinroq hududda esa 15 asrning oxirida qurilgan qadim savdo inshooti — Bedesten saqlangan. Bu yerga qadimda savdo karvonlari kelar, Yashilirmoq vodiysi orqali Qora dengiz yoki g‘arbga o‘tib ketardi. Shahzodalar ta’lim olgan shahar bo‘lgani sabab hududda savdo ham, hunarmandchilik ham yaxshi rivojlangan. Katta savdo shahari bo‘lgani uchun maktablar, madrasalar, shifoxonalar bo‘lgan. Jumladan, Amasiyada 1308 yilda qurilgan ruhiy kasalliklar shifoxonasi — Bemorxona bor. Bu o‘rta asrlar uchun juda g‘ayrioddiy. Hozir u muzeyga aylantirilgan. Bir paytlar u yerda bemorlarni musiqa bilan davolashgan.

Amasiyadagi eng katta masjid — sulton Boyazid II masjididir. U 1480 yillarda madrasa, mehmonxona va xayriya muassasasi bilan birgalikda qurilgan ko‘rkam me’morchilik obidasi sanaladi.

Foto: Xabar.uz

Amasiyada diqqatni tortadigan yana bir jihat — daryo bo‘yiga qaragan o‘xshash fasadli uylar. Bu uylar Usmoniylar me’morchiligining yorqin namunasidir. Hozirda ulardan mehmon uylari, tamaddixonalar va restoranlar sifatida foydalanishadi.

Bo‘lajak sultonlar shahri

Qiziqarli tomoni, Usmonlilar davrida taxtga da’vogar shahzodalar avval aynan Amasiyada viloyatni boshqarib, davlatchilik tajribasini orttirishgan. Bu go‘yoki ular uchun «sinov muddati» vazifasini o‘tagan (yodingizda bo‘lsa, “Muhtasham yuz yil” serialida Sulton Sulaymonning o‘g‘li Mustafo ham Amasiya shahriga yuboriladi). Shu tariqa Amasiyani turk tarixida muhim o‘rin tutgan ko‘plab sultonlar boshqargan. Ular orasida Konstantinopolni zabt etgan buyuk sarkarda Fotih Mehmed II ham bor.

Foto: Xabar.uz

XIX asrning oxirida mashhur fransuz arxeologi J. Perro Amasiyani «Onado‘lu Oksfordi» deb atagan, chunki bu yerda 30 ming aholiga 18 ta o‘quv muassasasi xizmat qilgan.

Amasiya yana nimasi bilan mashhur?

Xuddi O‘zbekiston o‘zining shirin mevalari bilan tanilgani kabi, Turkiyada Amasiya — olma poytaxti sifatida ham mashhur. Bu yerning olmalari shirin va sersuv.

Foto: Xabar.uz

Kuz mavsumida Amasiyaga borsangiz, albatta mahalliy olmalarni tatib ko‘ring. Qolaversa, ozdirish xususiyatiga ega olma sirkalari ham juda mashhur.

Azon ovozi

Amasiya qoyalar orasidagi shahar bo‘lgani sabab, uni tepalikdan kuzatsangiz hayratlanarli go‘zallikka guvoh bo‘lasiz. U, shubhasiz, Turkiyaning eng chiroyli joylaridan biri.

Yashil daryo bo‘ylab yoyilib yotgan shaharda osmono‘par binolar yo‘q, asosan past qavatli (4–6 qavatli) uylar. Aksariyat uylar yangidek ko‘rinadi. Biroq ming yillik masjidlar, madrasalar, karvonsaroylar, hammomlar bu yangi binolar bilan chambarchas uyg‘unlashib ketgan.

Azon ovozi yangragan paytda esa hayratimiz yanada ortdi, tovush bir masjiddan ikkinchisiga o‘tar, shaharni o‘rab turgan baland qoyalarga urilib aks-sado chiqarar, xuddi quduqdek joylashgan butun vodiyni muazzinlar ovozi titratardi. Hech qachon, hech qayerda bunday manzarani na ko‘rgan, na eshitmaganman.

Shahardagi taomxonalar ham o‘zgacha. Shinam, mahalliy koloritga ega. Dasturxonga odatdagidek, sho‘rva, ko‘fte, ko‘katli salatlar va albatta ayron hamda samovardan an’anaviy turk choyi tortildi. Shunday joyda, shahar kaftdek ko‘rinib turadigan manzarali restoran uchun narxlar ko‘p ham qimmat emas, Toshkentning restoranlari darajasida.

Pontiy podshohlarining qabrlari

Sayyohlar Amasiyaga ko‘pincha Pontiy podshohlarining daxmalarini ko‘rish uchun keladi. Ular haqida safarga chiqmasimdan avval eshitgandim. Ma’lumotlariga ko‘ra, tog‘ qoyalarida 18 ta dahma bor. Eng mashhur beshtasi shundoqqina shaharning tepasida, Xarshena qoyasining tik devorida joylashgan. Internetda Amasiya timsoli sifatida ko‘radiganingiz aynan shu manzaralar. Ular chindan ham hayratlanarli.

Foto: Goamasya

Quyi himoya devorlari ustidagi qoya toshiga o‘yib barpo etilgan bu dahmalar o‘zaro o‘tish yo‘llari bilan bog‘langan.

Kechasi dahmalar ham, qo‘rg‘on ham, daryoning eski qirg‘og‘i ham yorug‘likka burkanadi. G‘ayritabiiy manzara: daryo bo‘ylab qator-qator uylar, gumbazlar, minoralar, ularning ustida esa yoritilgan qoya “ko‘zlari” — dahmalar va tog‘ning baland cho‘qqisi.

Amasiya arxeologiya muzeyi

Muzey ixcham bo‘lsa-da, juda qiziqarli. Arxeologik va etnografik bo‘limlardan iborat.

Birinchi qavatda:

– ellinistik davrga oid terrakota va bronza sarkofaglar,

– frigiya sher haykallari,

– Rim davri topilmalari,

– eng qimmatli eksponat — Xettlar davriga oid Teshub haykalchasi.

Foto: Xabar.uz

Ikkinchi qavatda:

– Usmoniylar davri yog‘och o‘ymakorligi,

– kundalik buyumlar va qurollar,

– mo‘miyolar zali: XIII asrga oid 8 ta mo‘miyo.

Muzey bog‘ida ham tarixiy esponatlar joylashgan.

Biz Amasiyaning ayrim joylari haqida ma’lumot berdik, xolos. Aslida esa shahar va atrof hududlarda ko‘rish uchun yana ko‘plab tarixiy, madaniy va tabiiy manzaralar bor.

Amasiya — Turkiyaning borib ko‘rish kerak bo‘lgan noyob shaharlardan biri. Qoya tepasidagi qo‘rg‘on, Pontiy podshohlarining sag‘analari, geograf Strabon, Shahzodalar maktabi, Farhod va Shirin rivoyati, qadim Usmoniylar me’morchiligi — bularning barchasi yashil daryo va sehrli tog‘larning quchog‘idagi mo‘’jiza. Bu yerga kelmaslikning iloji yo‘q.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring