Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shifokor. Vazir. Qahramon ona. Yevrokomissiya prezidentligiga ilk bor ayol arbob saylandi

Shifokor. Vazir. Qahramon ona. Yevrokomissiya prezidentligiga ilk bor ayol arbob saylandi

Ursula fon der Lyayen.

Foto: «BBC»

16-iyul kuni Yevropa ittifoqi boshqaruvi tarixida yangi sahifa ochildi. Ittifoqning ijroiya organi sanalgan Yevropa komissiyasi prezidentligiga ilk bor ayol arbob saylandi.

So‘nggi olti yilda Germaniya mudofaa vaziri lavozimida ishlab kelgan Ursula fon der Lyayen nomzodini Yevroparlamentning 751 deputatidan 383 nafari qo‘llab-quvvatladi. Amaldagi rahbar Jan-Klod Yunker joriy yil 1-noyabrda Lyayen xonimga Yevrokomissiya prezidentligini topshiradi. Demak, kelgusi 5 yilda Yevroittifoq ijroiya hokimiyatiga olmon siyosatdoni yetakchilik qiladi.

Tibbiyotdan – siyosatga

Ursula fon der Lyayen 1958-yili Belgiyada tug‘ilgan. 13 yoshida oilasi bilan Germaniyaga ko‘chib borgan. Otasi Ernst Albrext o‘z davrida Yevrokomissiyada mas’ul rahbarlik lavozimlarida ishlagan, Quyi Saksoniya hukumatini boshqargan.

Bilimga chanqoq Ursula dastlab iqtisodiy yo‘nalishda tahsil oladi. Ammo shifokorlikka qiziqish kasb-korini o‘zgartirishga undaydi. U Hannover tibbiyot institutini tamomlab bir necha yil davomida akusher-ginekolog sifatida faoliyat yuritadi. Yuksak parvozlarni ko‘zlagan Ursulaga tibbiyot sohasi ham torlik qiladi va qirq yoshida Germaniyadagi yetakchi siyociy harakat – Xristian-demokratlar ittifoqi partiyasiga a’zo bo‘ladi.

Foto: «topwar.ru»

Quyi Saksoniya hukumatida ishlagan kezlar mamlakat kansleri Angela Merkel nazariga tushadi. Tez orada u Berlinga – oila, keksalar, xotin-qizlar va yoshlar masalalari bo‘yicha federal vazir lavozimiga taklif etiladi. Tashabbuskor Ursula fon der Lyayen tizimni isloh qilishga kirishib, tez orada mamlakatdagi mashhur siyosatchilardan biriga aylanadi. Merkel xonim 2009-2013-yillarda uni mehnat va ijtimoiy munosabatlar vaziri lavozimida sinab ko‘radi. Ursula fon der Lyayen ushbu lavozimda ishlagan kezlari yirik kompaniyalar boshqaruv kengashida ayollar uchun 30 foizgacha kvota ajratish taklifi bilan chiqadi. Vazirning taklifi parlament tomonidan ma’qullanadi. 

2013-yilda esa u Germaniya tarixida ilk bor mudofaa vaziri lavozimiga tayinlanadi. Tahlilchilarga ko‘ra, Lyayen xonim asosan «patriarxat» tartibi hukm surib kelgan mudofaa jabhasida ham xotin-qizlar huquqini himoya qilish bo‘yicha talay ishlar amalga oshirgan.

Ursula fon der Lyayen kansler Angela Merkelning yaqin maslakdoshi sanaladi. Bir necha yil avval u kanslerning ehtimoliy vorisi sifatida ham ko‘rilgan. Merkel shogirdi va safdoshini o‘z o‘rniga qoldirmagan bo‘lsa-da, Yevroittifoq miqyosidagi o‘ta mas’uliyatli lavozimga tavsiya qildi.

Keyingi yillarda dunyo siyosatdonlari orasida oila qurmaslik, farzand ko‘rmaslik holati keng yoyilmoqda. Bu jihatdan, Yevrokomissiyasining yangi rahbari «qahramon ona» sifatida katta siyosatdagi ancha-muncha hamkasblariga ibrat bo‘la oladi. U turmush o‘rtog‘i, tibbiyot professori Xayko fon der Lyayen bilan yetti farzandni tarbiyalab voyaga yetkazgan.

Berlindan – Bryusselga

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Yevrokomissiya YeI qonun loyihalarini ishlab chiqadi, jumladan, budjetni shakllantiradi va uning ijrosini muvofiqlashtiradi. G‘azna esa, tabiiyki, o‘nlab rivojlanayotgan mamlakatlarnikidan boyroq: 2019-yilda Yevroittifoq budjeti 166 milliard yevroni tashkil etgan. Yevrokomissiya rahbari, shuningdek, Jahon savdo tashkiloti, «Katta yettilik» kabi birlashmalarda YeIni tamsil etadi.

Bryusselda tug‘ilgan Lyayen xonim oradan 60 yil o‘tib, kindik qoni to‘kilgan shaharga qaytmoqda, qaytganda ham kimsan Yevrokomissiya prezidenti sifatida! Xo‘sh, u yangi prezident sifatida qanday o‘zgarishlarga qo‘l urishi kutilmoqda?

Mas’ul vazifaga tasdiqlanish arafasi Yevroparlament deputatlari qarshisida nutq so‘zlagan olmon siyosatdoni qonun ustuvorligini mustahkamlash asosiy vazifasi ekanini ta’kidlagan.

Foto: «Ukraina.ru»

«Yevrokomissiya prezidenti sifatida mening birinchi vazifam YeIning barcha mamlakatlari mustaqil ekspertlar tomonidan nazorat qilib boriladigan yangi mexanizmni joriy etishdan iboratdir. Tartib-qoida buzilgan yerda esa qat’iy jazo choralari ko‘riladi», – degan u.

Lyayen xonim Yevroittifoq miqyosida qashshoqlikka qarshi kurash, xotin-qizlar huquqlarini muhofaza etishni kuchaytirish, xususan, boshqaruv tuzilmalarida ayollarga kvotani oshirishga ham va’da bergan. Migratsiya siyosatini isloh etish, umumiy sarhadlarni mustahkamlash, Yevroittifoqda faoliyat yuritayotgan yirik kompaniyalarga soliqlarni oshirish ham yangi prezident ilgari surgan tashabbuslar sirasiga kiradi. 

Keyingi yillarda Yevroittifoq ziddiyatu munozaralar maydoniga aylandi. Demak, yangi vazifada Lyayen xonimga oson bo‘lmasligi aniq. U ham birlashuv tarafdorlari, ham integratsiya muxoliflari bilan birdek til topishishi talab etiladi. Sirasini aytganda, federallashuv hamda umumevropa armiyasi g‘oyasi tarafdori bo‘lgan olmon siyosatdoni birinchi galda «Yevropa umumiy uyi»dagi bo‘linish kayfiyatiga barham berishi lozim.

Sobir Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring