Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shimoliy Koreyaning va’dalariga ishonish mumkinmi?

Shimoliy Koreyaning va’dalariga ishonish mumkinmi?

Foto:«Breaking 911»

Avval xabar berganimizdek Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 21-apreldan boshlab mamlakatning yadro hamda ballistik raketalar sinovini to‘xtatganini ma’lum qilgan edi. Ushbu olamshumul xabar butun dunyoning bir lahza yengil tin olishiga sabab bo‘ldi. Shu paytga qadar o‘zining yadroviy dasturini rivojlantirish istagi bilan yashayotgan va barchani xavotirda ushlab turgan bu davlatning ushbu qarori haqiqatan hayratlanarli hodisa bo‘ldi. Ushbu qarorni dunyoning yetakchi davlatlari liderlari olqishlar bilan qarshi olgan bo‘lsa-da, Yaponiya hali ko‘ngli to‘lmayotganini ma’lum qildi va Pxenyanga nisbatan bosimni davom ettirishga chaqirdi.

Xo‘sh, Shimoliy Koreya o‘z va’dasida turib yadro dasturidan voz kechadimi? Bu hozircha noma’lum. Keling, mamlakat yadroviy dasturining tarixiga bir nazar tashlaylik.

Bir qadam oldinga, bir qadam orqaga

Shimoliy Koreyaning yadroviy dasturining ildizi sovuq urush davriga borib taqaladi. 1950-yillardagi Koreya mojarosidan keyin AQSh mintaqani tark etdi va SSSR Kim Ir Sen tomonidan qattiqqo‘llik bilan boshqarib kelinayotgan Shimoliy Koreyaga yaqinlashdi. 196- yilda sovetlar Shimoliy Koreyaga tadqiqot reaktorini qurib berishdi. Bu mamlakatning atom bilan ilk uchrashuvi edi. 1970-yillarda Pxenyan yaqin masofalarga uchuvchi raketalar ustida ishladi. Biroq Kim Ir Sen 1985-yilda Yadroviy qurollarni tarqatmaslik shartnomasi (YQTSh)ni imzolashga qaror qiladi.

Ammo bu shunchaki quruq imzo bo‘lib qoldi: Pxenyan maxfiy ravishda 1980-yillar boshidan o‘zining atom reaktorlarini rivojlantirib bordi. Shimoliy Koreyani o‘zining yadroviy quroliga ega bo‘lishga harakat qilishda ayblayotgan AQSh bilan ziddiyat kuchaydi. Nihoyat, 1994-yili Kim Ir Senning vafoti o‘rtadagi ziddiyatlarga biroz tin berdi. Hokimiyatni meros qilib olgan o‘g‘li Kim Chen Ir esa yadroviy harbiy dasturdan fuqarolik reaktorlarini qurish evaziga voz kechishga va’da berdi.

Ilk yadroviy sinovlar

AQShda hokimiyat tepasiga Jorj Bushning kelishi barcha narsani o‘zgartirib yubordi. Vazifasiga kirishgan kundan boshlab u Shimoliy Koreyani yana yashirin tarzda o‘zining ikkinchi yadroviy dasturini tayyorlayotganlikda aybladi va mamlakatni o‘zining «qora ro‘yxati»ga kiritib qo‘ydi. Bunga javoban Kim Chen Ir mamlakatdan xorijiy kuzatuvchilarni chiqarib yubordi, YQTShdan chiqdi va ballistik raketalar sinovini amalga oshirdi. Nihoyat 2006-yil 9-oktyabrda Shimoliy Koreya gegemon davlatlarning shundoqqina tumshug‘i ostida o‘zining ilk yadro qurolini sinovdan o‘tkazdi. Darhol BMT vaziyatga aralashdi va mamlakatga qarshi sanksiyalar joriy etish bo‘yicha rezolyusiya qabul qildi.

G‘arb tomonidan o‘tkazilgan bosim Pxenyanni yana yon berishga majbur qildi. 2007-yildan kuzatuvchilarga mamlakatga kirishga ruxsat berildi va mamlakat yadroviy dasturining to‘xtaganini ma’lum qilishdi. Ammo ikki yildan so‘ng mamlakat o‘zining ikkinchi yadro sinovini amalga oshirdi. Yana harbiy yadroviy dastur kuchga kirdi va kuzatuvchilar mamlakatdan quvildi. 2011-yili Kim Chen Irning o‘limi AQSh bilan munosabatlarning yaxshilanishiga sabab deb ko‘rildi. Biroq bu umidlar ham tez orada sarobga aylandi.

Provokator Kim Chen In

Hukumatga kelishi bilan Kim Chen In bir necha bor ballistik raketalar sinovini o‘tkazdi va Obama ma’muriyati bilan aloqalarini uzdi. 2013-yilning boshida u mamlakat tarixidagi uchinchi yadro sinovini amalga oshirdi. Bu safargi urinish oldingilardan ancha kuchli bo‘ldi.

Bir necha yillik tanaffusdan so‘ng, 2016 -yilning yanvar oyida Shimoliy Koreya keng ko‘lamli yangi sinovlarni boshlab, to‘rtinchi yadro sinovini amalga oshirdi. Pxenyan bu safargi bomba atom bombasidan bir necha marta kuchli va sertalafot bo‘lgan vodorod bombasini sinovdan o‘tkazganini ma’lum qildi. Yosh lider shu yilning sentyabr oyida, aniqrog‘i 9-sentyabrda beshinchi yadro sinovini amalga oshirdi. Ammo ekspertlar har doimgidek uning kuchiga shubha bilan qaradilar.

2017-yil mamlakatda sinovlarga boy yil bo‘ldi. Yil davomida KXDRda jami 14 marta ballistik raketalar sinaldi va Shimoliy Koreya butun AQShni yer yuzidan supurib tashlash bilan tahdid qila boshladi. Yanvar oyida Oq uyga kelgan Donald Tramp doimiy ravishda Shimoliy Koreyaning harbiy ambitsiyalaridan g‘azablanib keldi. Ikki rahbar o‘rtasida «dahanaki janglar» bo‘lib o‘tdi. Buning eng cho‘qqisi avgust oyida ro‘y berdi. Oradan bir oy ham o‘tmasdan, 2017-yil 3-sentyabrda Shimoliy Koreya o‘zining oltinchi va hozircha so‘nggi yadro sinovidan o‘tkazdi. Shimoliy Koreyaning tahdidlari haqiqatga yaqinga o‘xshab bordi va yadroviy urush xavfi paydo bo‘ldi. Bunga qarshi G‘arb iqtisodiy sanksiyalarni kuchaytirdi. Bu safar unga KXDRning azaliy hamkorlari Rossiya va Xitoy ham qo‘shildi. BMT minbaridan turib Donald Tramp Kim Chen Inni «raketa odam» deya sifatlab Shimoliy Koreyani butunlay vayron qilib yuborishi mumkinligini aytdi.

Yaxshilik uchun yon berish

Barchani ajablantirib, keskinlik har doimgidan ham yuqori bo‘lib turgan bir paytda Shimoliy Koreya yon berishga qaror qildi. Fevralda Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan qishki olimpiada arafasida KXDR rahbari musobaqaga mamlakat delegatsiyasini jo‘natishga qaror qildi. Eng hayratlanarlisi ikki Koreya sportchilari bir bayroq ostida bahslarda qatnashishi bo‘ldi. Shunday bir vaziyatda Kim Chen In Donald Tramp bilan uchrashishga rozi bo‘ldi va ushbu tarixiy uchrashuv shu yilning iyun oyi boshida o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Uch oy davom etgan uzoq muzokaralardan so‘ng 21-aprel kuni Shimoliy Koreya lideri mamlakatni yadrodan xoli hududga aylantirishga doir muhim qarorni qabul qildi. Uning aytishicha, Pxenyan bundan buyon «yadrodan xoli dunyo» uchun harakat qiladi. Uning ushbu qarorini Donald Tramp olqishladi va dunyo uchun juda zo‘r yangilik deya baholadi. Endi faqatgina Kim Chen Inning halol o‘yin olib borayotgani tasdiqlansa kifoya. Ammo tarix Shimoliy Koreyaning doim bir qadam oldinda yurganini ko‘rsatmoqda...

Jahongir Ostonov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring