Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ta’limning kuchi kimda va nimada o‘zi?!

Ta’limning kuchi kimda va nimada o‘zi?!

Prezidentning rektorlarda saviya yo‘q deya darg‘azab bo‘lishi bejiz emas. Chunki bu mehnatni, mashaqqatli jarayonni talab etadi. Prezident iborasi bilan aytganda, «o‘zni qiynash»ni, tinimsiz izlanishni, harakatni taqozo qiladi...

Shu yilning 29-avgust kuni Rektorlar kollegiyasida ishtirok etdim. Kollegiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasining muhokamasiga bag‘ishlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi vakillari ishtirok etishdi.

Kun tartibiga kaminaning ta’limning sifati va samarasini ta’minlashda pedagogning kommunikativ kompetensiyasi va boshqaruv mexanizmida muloqot madaniyati va notiqlik san’atining o‘rni to‘g‘risidagi ma’ruzasi ham kiritilgan edi.

O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish yuzasidan mulohazalar bildirildi.

Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurash, uning ildizini quritish uchun qanday yo‘l tutish xususida ham so‘z bordi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vaziri Inomjon Majidov moderatorlik qildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasidan tajribali olim, iste’dodli rahbar Odil Abdurahmonov va Rektorlar kengashi raisi Bahodir Hodiyevlar ham o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib turishdi.

Bugungi kunda respublikamizda 111 ta oliy ta’lim muassasasi mavjud, ulardan 91 tasi mahalliy hamda 20 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasasi va ularning filiallaridir.

So‘nggi 3 yilda yangi 5 ta oliy ta’lim muassasasi, 16 ta filial va 13 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi filiali tashkil etildi. Bu harakatlarning barchasi Prezidentimizning talab va istaklari, mamlakatimizning har tomonlama rivojlanishi, ilm-fanning ishlab chiqarish bilan chambarchas bog‘lash ehtiyoji bilan izohlanadi.

Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytish kerakki, ta’lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasining muhokamasi bobida aksariyat rektorlarda faollik yetishmadi. O‘z fikrlarini dadillik bilan aytib takliflarini o‘rtaga tashlashlarini intiqlik bilan kutdim. Mulohaza va takliflarini keskin va baralla aytishga istihola qilishdimi, bilmadim-u, lekin kamina kutgandek natija bo‘lmadi.

To‘g‘ri, ayrim oliy ta’lim muassasalari rektorlari takliflarini yozma tarzda yo‘llashgan. Vazirimiz bularni e’tirof etib o‘tdilar. So‘ngra kollegiya nihoyasida o‘z mavzuim bo‘yicha taklif va tavsiyalarimni so‘rashdi.

Men shularni qayd etdim:

Ta’limning sifati, samarasi va natijasi nimaga bog‘liq degan savolga, odatda, biz pedagogning zamonaviy talablarga javob berishi, axborot texnologiyalarini o‘zlashtirishi, o‘z fanini chuqur bilishi, keng qamrovli bilimga ega bo‘lishi, o‘z ishiga mas’uliyat bilan qarashi deya javob beramiz. To‘g‘ri, buni inkor etmaymiz. Lekin faqat shulargina sifat va samaraning mezoni bo‘la olarmikan? Do‘ppini yerga qo‘yib bir o‘ylab ko‘raylik.

Shu o‘rinda ta’lim-tarbiyaning ta’sirchanligi masalasi muhim muammo ekanini yoddan chiqazish yaramaydi. Bugun ko‘tarilgan masalalarning ildizi, ta’bir joiz bo‘lsa, kaliti o‘z-o‘zidan pedagogning kommunikativ kompetensiyasiga borib bog‘lanadi.

Yaqinda 23 avgust kuni Prezidentning xalq ta’limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishidagi nutqida ma’naviy-ma’rifiy muhit, o‘qituvchi kasbining obro‘yi, nufuzi pasayib ketgani, yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika fanini rivojlantirish, innovatsion ta’lim texnologiyalarini joriy etishga yetarli e’tibor berilmagani sohada bir qator jiddiy muammolarni keltirib chiqargani haqida so‘z yuritib, o‘qituvchilar oyligini oshirish va rag‘bat haqida gapirdi.

Yangi davr pedagoglarini tarbiyalash deganlarida o‘qituvchilarning zamonaviy bilimlarni egallashlari va ularning pedagogik mahorati, kommunikativ kompetensiyasiga, ergashtiruvchilik qobiliyatiga ishora qilinganini anglab olish qiyin emas.

Pedagog so‘zining lug‘aviy ma’nosi «bola yetaklovchi» demakdir. Xo‘sh, kim yetaklay oladi, kim izidan ergashtira oladi? Pedagogik qobiliyatga, nutqiy mahoratga, muloqot madaniyatiga ega bo‘lgan pedagoggina buning uddasidan chiqa oladi. Biz shu paytgacha ergashib kelganmiz, endilikda esa ergashtira olishimiz kerak. Axir, ilm-fan, san’at va madaniyatning tamal toshini qo‘yganlar ham bizning ajdodlarimiz emasmi? Ergashishda ijrochilik, ergashtirishda ijodkorlik tuyg‘usi ustunlik qiladi. Ijodkorlik bu yangilikka intilish, innovatsion ixtirolar, investitsion faoliyat sari talpinish, boshqacha aytganda, taraqqiyot demakdir. Bu esa tafakkur tantanasidir.

Xo‘sh, pedagogning ergashtirishi nimaning badaliga bo‘ladi? Bu fanga, mavzuga qiziqtirishi badaliga bo‘ladi. Qiziqtira olish qobiliyati esa notiqlik mahoratiga, pedagogning lingvistik, nutqiy kompetensiyasiga bog‘liqligi oynadek ravshan.

Demak, aksariyat muammolarning yechimi pedagogik mahorat bilan, talabalarga motivatsiya berish bilan bog‘liq. O‘quvchi va talabalarning ko‘pchiligi, darsga qiziqmasligidan, ko‘pgina pedagoglar fanni, mavzuni qiziqarli tarzda emas, balki hissiz va tussiz o‘tishlaridan noliganlarini ko‘p bor eshitganmiz. Shu bois Rim notig‘i Mark Tulliy Sitseron «Qalb harorati bilan sug‘orilmagan nutq hech nima, notiq esa hech kimdir», degan. Buyuk notiqning fikrini davom ettirib aytish mumkinki, ishtaha bilan yeyilmagan taom hazm bo‘lmaydigina emas, balki illat ham qo‘zg‘atadi.

Ochig‘ini aytish kerakki, o‘z fanini chuqur bilgan, bo‘yi barobar kitoblar yozgan ustozlarni bilamiz, havas qilamiz. Lekin afsuski, ularning ayrimlari minbar, mikrofon va videokamera orqali auditoriyaga yuzlansa, qo‘rquv va hayajonga tushadi, bilganini ham aytolmay, fikri poyintar-soyintar yo‘sinda bo‘ladi. Na og‘zaki nutq madaniyatini, na yozma nutq madaniyatini to‘la o‘zlashtirgan bo‘ladilar. Har ikkalasida fikr yetkaza olish mahorati pedagog faoliyatining alifbosi ekanini bilamiz, lekin amal qilavermaymiz.

Qaysi sohada faoliyat yuritmaylik, qaysi fandan dars bermaylik, nutq madaniyati va notiqlik san’atini egallash zarur. Zeroki, bu ta’limning sifati va samarasini belgilovchi muhim omildir.

Tasavvur qiling, bozordan asl dehqondan toza yetishtirilgan osh masalliqini olib kelib oshpazga bersangiz, u taom tayyorlash mashqini olmagan bo‘lsa, xom xatala qilib oshni tayyorlasa, siz yeya olarmidingiz? Albatta, yo‘q. Aybdor kim? Siz, dehqon, qozon yoki masalliq emas, oshpaz aybdor.

Notiqlik kursi shunchaki dars emas, bu, aslida, muolajadir. Bolalikdan ong ostimizga gapirmaslik fazilat, odobning ulug‘i indamaslik deb uqtirilgan, joylangan. Tumov bo‘lgan kimsa bitta ukol olsa, ertasiga yo‘talga qarshi dori ichsa indinga sog‘ayib, yaxshi bo‘lib ketavermaydi. Buning uchun u tuzalguncha muolaja olishi kerak, aks holda, tumovning asorati qoladi. Notiqlik san’atining 36 soatlik nazariy va amaliy mashg‘uloti to‘la o‘tilishi kerak. Shundagina natija bo‘lishi mumkin.

Aslida, notiqlik bir yillik, o‘n yillik emas, balki umrlik mashg‘ulotdir. Men hozirgacha o‘rgatib turib o‘rganaman. Chunki bir karra ta’lim berish, ikki karra ta’lim olish demakdir. Notiqlikning qoyasi ko‘rinib turibdi, unga intilamiz maqsad va g‘oya bor, lekin tohanuz voyaga yetmaganmiz. Bu tinimsiz mashq va izlanishlarni talab etadi. Bu haqda avval ham fikr yuritgan edik.

Rag‘bat va manfaat pedagogni harakatlantiruvchi kuchdir. Shuni inobatga olgan holda, 16 iyul kuni Toshkent Davlat Texnika universitetida o‘tkazgan yig‘ilishlarida Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Eng yaxshi notiq-pedagog» ko‘rik-tanlovini o‘tkazish va buning uchun bir milliard so‘m ajratish taklifini kiritdi. Bu esa Prezidentimizning ta’lim uchun hech qanday mablag‘ni ayamaslik kerakligi haqidagi fikrlariga hamohang bo‘ldi. Bosh vazir o‘rinbosarining ushbu takliflari ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan yig‘ilishda hozir bo‘lgan professor-o‘qituvchilarga birdek ma’qul keldi.

Buning uchun oliy ta’lim muassasalarining o‘zida ilk bosqich, ya’ni professor-o‘qituvchilari o‘rtasida ichki tanlovning o‘tkazilishini zarur deb hisoblaymiz. Til taktikasi – taraqqiyot srategiyasining ta’sirchan va innovatsion mexanizmi ekanini yodda tutish o‘rinlidir.

Shularni inobatga olgan holda, vazirlik tizimidagi professor-o‘qituvchilarning og‘zaki va yozma nutq madaniyati, adabiy til me’yorlariga rioya etishlarini, savodxonlik darajasini, notiqlik mahoratini, kommunikativ kompetensiyasini oshirishga qaratilgan o‘quv kursini tizimli ravishda tashkil etish maqsadga muvofiq.

Ushbu o‘quv kursi quyidagi tanlov bosqichlari asosida tashkil etilishi o‘rinlidir.

  1. Muayyan matnni (ilmiy-publitsistik yoki badiiy) sinchiklab o‘qish va uni xotirada saqlash orqali qayta ijodiy hikoyalash mahorati;
  2. Ovozli tasmadagi audiomatnni tinglash va anglash orqali qayta so‘zlab berish qobiliyati;
  3. Tasvirga qarab so‘zlash orqali ijodiy imkoniyatlarini namoyish etish layoqati;
  4. Videolavhani ko‘rish va unga fikriy munosabatni yozma ravishda qog‘ozga tushirish iqtidori;
  5. Ovoz, nafas, diksiya, ohang, to‘xtam(pauza), sur’at(temp), intonatsiyaga rioya etish darajasi;

(Eslatma: Bular ovoz yozish va tasvirga olish orqali amalga oshiriladi.)

Ana shu yo‘sindagi ichki tanlovdan so‘ngra saralangan professor-o‘qituvchilar «NOTIQLIK SAN’ATI AKADEMIYASI» ta’lim muassasasida tahsil ko‘rib (36 soatlik o‘quv dasturi asosida) o‘z malakalarini oshirishlari mumkin.

Ikkinchi bosqich esa 3 yil muddatdan so‘ng amalga oshiriladi. Unda ma’lum bir sohaga, ta’lim tizimiga oid qonun va qarorlarni, farmon va farmoyishlarning mazmun-mohiyatini yetkaza olish, sharhlash, tushuntirish darajasi va ish tajribasi baholanadi. Ritorika, voizlik, ya’ni notiqlik san’atining turlari bo‘yicha ixtisoslashgan nazariy ma’lumot va amaliy mashg‘ulotlar o‘tiladi.

  1. Siyosiy-ijtimoiy notiqlik. (Davlat va hukumat arboblari uchun)
  2. Akademik notiqlik. (Ta’lim muassassalaridagi professor-o‘qituvchilar uchun)
  3. Sud notiqligi. (adliya, sud, prokuratura, bojxona xodimlari uchun)
  4. Harbiy notiqlik. (Milliy gvardiya, Qurolli kuchlar, Mudofaa hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari uchun)
  5. Diniy-ma’rifiy notiqlik. (Imom-xatib va otinoyilar uchun)
  6. Ijtimoiy-maishiy notiqlik. (Turli marosimlar, ma’rifiy uchrashuvlar, to‘y va yubiley tantanalarida boshlovchilik qiluvchilar uchun)

Bularning har biriga xos bo‘lgan nutq ko‘rinishlari quyidagilardir:

  1. Siyosiy-ijtimoiy va siyosiy-iqtisodiy mavzudagi ma’ruza (doklad)lar. Qurultoy, konferensiya va hokazolardagi hisobotlar. Siyosiy nutq. Diplomatik nutq. Siyosiy obzor.
  2. O‘quv yurtlari ma’ruzalari. Ilmiy ma’ruza. Kurs ishi va diplom himoyalari. Ilmiy obzor. Ilmiy axborot yoki informatsiya. Ilmiy-ommabop nutq.
  3. Qoralovchi (prokuror) nutqi. Jamoatchi – qoralovchi nutqi. Oqlovchi (advokat) nutqi. Jamoatchi – oqlovchi nutqi. O‘z-o‘zini himoya qilish nutqi. (Jabrlanuvchi va aybdor nutqi)
  4. Xutba. Va’z (mav’iza).
  5. Jangovarlik nutqi, Chorlov va da’vatkorona nutq. Harbiy vatanparvarlik nutqi. Miting nutqi. Agitator (targ‘ibotchi) nutqi. Tashviqotchi nutqi.
  6. Madhiya (yubiley yoki maqtov nutqlari, to‘y tantanalarida). Tabrik nutqi (Tost). Ta’ziya (motam) nutqi.

Rektorlar kollegiyasida ana shular haqida so‘z yuritdim. Diqqat va e’tibor bilan qarab xayrixohlik bildirganlari ham, nopisandlik bilan qaraganlari ham bo‘ldi.

Nadomatlar bo‘lsinki, ko‘pchilik ta’lim muassasalari rahbarlari (shuningdek, aksariyat hokimlar ham) nutqning to‘g‘riligi, aniqligi, mantiqiyligi va sofligiga rioya etishdan, ovoz, nafas, diksiya, intonatsiya, urg‘u, ritm kabi nutq texnika vositalariga amal qila olishdan uzoq. Tabiiyki, shuning uchun ham ular bu mashaqqatli jarayonga ro‘yxushlik beraverishmaydi.

Shuning uchun Prezidentning rektorlarda saviya yo‘q deya darg‘azab bo‘lishi bejiz emas. Chunki bu mehnatni, mashaqqatli jarayonni talab etadi. Prezident iborasi bilan aytganda, «o‘zni qiynash»ni, tinimsiz izlanishni, harakatni taqozo qiladi. Dilida olovi bo‘lmaganning qo‘lida qalovi ham, yalovi ham bo‘lmaydi. Tizimdagi yalovbardorlik tashabbuskor, tashkilotchi, yangilikka o‘ch, fidoyi liderlarga xos bo‘ladi.

Rahimboy Jumaniyozov,
«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi, filologiya fanlari nomzodi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring