Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkentga surgun qilingan shoir

Toshkentga surgun qilingan shoir

Kamina bilgan, yaqindan tanigan ulug‘ yozuvchilar, shoirlar, ijod ahillari qatorida Maqsud Shayxzodaning o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi. Oybek domla, Mirtemir singari adiblarimizni qanchalik yaqindan tanigan bo‘lsam, Shayx akaning ruhiyatidagi o‘ziga xosliklar ham men uchun begona emas. Albatta, bu avliyosifat zotlar qatoriga Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat va Usmon Nosirlarni ham kiritishimiz mumkin. Afsuski, jadid adabiyotining ulkan siymolari bilan baqamti bo‘lish biz tengi avlod vakillariga nasib etmadi.

Maqsud Shayxzodaga bo‘lgan yuksak hurmat, ehtiromimining boisi shundaki, u yirik ko‘lamdagi ijodiy mehnatlarining evaziga hech qanday e’tirof, taqdirlanish, rohat-farog‘at ko‘rmasdan dunyodan o‘tib ketdi.

Bo‘lg‘usi shoir 1908 yili Ozarboyjonning Oqtosh shahrida dunyoga kelgan. Bu yer Bokudan biroz uzoqroqda, Tbilisiga yaqinroqda joylashgan. Aslini olganda Shayxzodaning ota-onasi oqtoshlik emas. Ular Ozarboyjonning boshqa joyida voyaga yetib, Tbilisiga borib o‘qishgan. Shayxzoda ota-onasining talabalik davrlarida tug‘ilgan. Shaxsini tasdiqlovchi hujjatini esa Oqtoshda olgani bois, o‘zini shu yerda dunyoga kelgan, deb biladi.

U boshlang‘ich maktabni tamomlaganidan so‘ng Bokuga borib, dorulmuallinda o‘qiydi. Shayxzoda bu yerdagi tahsilni ham nihoyasiga yetkazgach, o‘zi xohlagani tufaylimi yoki boshqa sabablimi Dog‘istonning Darband shahriga yuboriladi. O‘sha paytlari Dog‘iston Ozarboyjon tarkibiga kiritilgan edi. Shayxzoda bu yerdagi ozor tilida gaplashuvchi aholi vakillarining farzandlari tahsil oladigan o‘rta maktabda dars beradi. So‘ng oradan bir yil o‘tib, ota-onasini ko‘rgali keladi. Bu yerda ma’lum muddat turgach, yana Bokuga qaytadi. Maorif komissarligiga uchrashib, Darbandga emas, Bo‘ynoq shahriga yuborishlarini so‘rab murojaat qiladi. Uning talabini o‘rganib chiqqan mutasaddilar rozilik bildiradi. Shunday qilib, u o‘sha yerdagi texnikumga ishga kiradi.

Bu yillar mobaynida rus, turkiy va boshqa tillarni mukammal o‘zlashtiradi. Gap shundaki, o‘sha paytlari Dog‘iston endi sho‘rolasha boshlagandi. Albatta, bunday paytda fikran taraqqiy etgan, ziyoli kishilar bu jarayonga panja ortidan qarab turolmasligi tabiiy.

Ana shulardan biri Mannazar Fayziy edi. Ijodi endi gurkiray boshlagan, tafakkur olami yangi g‘oyalar bilan to‘lib-toshgan Shayxzoda bu dunyo ko‘rgan ma’rifatparvar siymo bilan doimiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yadi. Ana shu uchrashuvlarning mahsuli o‘laroq, Shayxzodada mavjud tuzum bilan murosa qilmaydigan fikrlar uyg‘onadi. U ham bo‘lsa, Dog‘iston va Ozarboyjon boshqa o‘lkalar qatori yaqin o‘n yil ichida milliy xususiyatini yo‘qotib qo‘yadi, degan tashvishi edi. Ana shunday yurt qayg‘usi bilan bog‘liq jarayonda o‘zaro yig‘inlar, tadbirlar o‘tkazilgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Ta’kidlash joizki, o‘sha paytlari bunday hodisalar aksilsho‘roviy xatti-harakat sifatida baholanar, bunday kayfiyatdagi kishilarni ta’qib va qiynoqlar kutardi. Shayxzodani dastlab GPU tasarrufidagi qurilishlarning biriga yuborishadi. Lekin shu haqiqat ayonki, u sobiq sho‘ro davlatining oldida tayinli jinoyat sodir qilmagandi. Uni aybli deb topadigan dalillar yo‘q edi. Faqatgina ma’lum bir gaplarni aytgan bo‘lishi mumkin. Shu bois ziyrak fikrlash tarziga ega bo‘lgan Shayxzoda o‘zini nohaq ushlab turilgani yuzasidan yuqori tashkilotlarga ariza bilan murojaat qiladi.

Buni qarangki, uning haqli e’tirozi ko‘rib chiqilib, strategik ahamiyatga ega bo‘lmagan shaharlar sirasiga kiruvchi Toshkentga – uch yil surgunga hukm qilinadi. Qizig‘i shundaki, Toshkentda Shayxzodaning otasi bilan qalin o‘rtoq bo‘lgan bir kishi yashar ekan. U Shayxzodaning onasiga: «Toshkentga borsa, o‘zim yordam beraman», deya va’da bergan.

Taqdir taqozosi bilan yurtimizga kelib qolgan shoir dastlab vokzal yaqinidagi Narimonov nomli ozarboyjon maktabida dars bera boshlaydi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach, pedagogik faoliyatni vaqtincha tark etib, «Sharq haqiqati», «Guliston» singari gazeta-jurnallarda she’rlari bilan qatnasha boshlaydi. 1929 yili «Traktor» nomli she’ri chop etiladi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Mirtemir singari o‘zbek adiblari bilan do‘stlashadi. Ilgari yozgan she’rlarida turk, ozor tiliga xos unsurlar ko‘zga tashlanib turgan bo‘lsa, endi sof o‘zbekcha ohanglar yuzaga qalqiy boshlaydi.

Shayxzoda faoliyatida ikki muhim qirra mavjud. Biri ijodkor, aniqrog‘i, shoir, publitsist, dramaturg sifatidagi o‘rni bo‘lsa, ikkinchi bir tomoni uning pedagogligidir. O‘zbek mumtoz adabiyotini, jahon badiiyati durdonalarini, qolaversa, o‘sha davr adabiy jarayonini nihoyatda daqiqlik bilan o‘zlashtirgan adib va olimning pedagoglik faoliyati bevosita Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika instituti (hozir universitet) bilan chambarchas bog‘liq. O‘zidagi murabbiylik, ustozlik iqtidorini ijodkorlik, to‘g‘rirog‘i, shoirlik bilan uyg‘unlashtirgan Shayxzoda urushga qadar eng peshqadam adiblar sirasidan o‘rin olgandi. Ayniqsa, uning adabiy jamoatchilik e’tiborini qozonishiga «Jaloliddin Manguberdi» asarining yaratilishi sababchi bo‘ldi. Tabiiyki, bunday keng ko‘lamdagi yutuqlar uning ayrim hamkasblariga xush yoqavermasdi.

1951 yili O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining navbatdagi kotibiyat yig‘ilishi o‘tkaziladi. Kun tartibidagi asosiy masala – Shayxzodani uyushmadan o‘chirishga qaratilgandi. E’tiborlisi shundaki, o‘sha paytlari uyushmadan o‘chirilish kamida yigirma besh yillik qamoq yoki otishga hukm qilish bilan yakun topardi. Ammo yig‘ilishda o‘tirganlar ayni shu achchiq haqiqatni bila turib muhokamaga qo‘yilgan masalani qo‘l ko‘tarib tasdiqlab beradi.

Xo‘sh, Shayxzodaga qo‘yilgan ayblovning asosiy mohiyatini nima tashkil etardi? Gap shundaki, Hamid Olimjonning fojiali vafotidan so‘ng, uyushmaga rahbarlik qilish Oybek domla zimmasiga yuklatilgan edi. U bir vaqtning o‘zida sobiq Ittifoq Yozuvchilar uyushmasi raisi A.Fadeyevning o‘rinbosari hisoblanadi. Tabiiyki, «Yosh gvardiya» muallifi rahbar sifatida Oybek domlani turli masalalar yuzasidan Moskvaga chaqirtirishi tabiiy. Ana shunday vaziyatlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga yetakchilik qilish Shayxzodaning chekiga tushardi.

Shunday kunlarning birida Svetlana Somova Shayxzoda o‘tirgan kabinetga kirib, «Biz komfirqa yig‘ilishini o‘tkazmoqchimiz, xonani bo‘shatib bersangiz», deydi. Vaqtincha rais vazifasini bajaruvchi esa, «Shu xonadan boshqasi qurib qolibdimi, yig‘ilish uchun boshqa xonalar bor-ku», deb javob qaytaradi. O‘sha paytlari biror kishiga siyosiy ayb qo‘yish uchun bunday dalilning o‘zi yetarli edi. Shuning uchun ham Shayxzodaning raqiblari pashshadan fil yasashga kirishib ketishadi. Unga «Shirin va Shakar» dostonini nashrga tayyorlashda feodal o‘tmishni ulug‘lagani, Jaloliddin Manguberdini milliy qahramon sifatida tasvirlagani, ijodkor sifatida feodal o‘tmishni qo‘msaydigan odam ekanligi kabi ayblar tirkaladi. Afsuski, Shayxzodaning boshiga ana shunday qora kunlar tushishida Uyg‘un, Milchakov singari uyushma rahbariyatidagi vakillarning qo‘li borligidan ham ko‘z yuma olmaymiz.

Yozuvchilar uyushmasidan o‘chirilgan, ruhiyatida keskin o‘zgarishlar kechayotgan Shayxzoda ikki oy o‘tar-o‘tmas qamoqqa olinadi. Sudgacha bo‘lgan tergov jarayonlari ham 1937-38 yillardagi dastlabki qatag‘on davrlaridan sira kam bo‘lgan emas. Kechayu kunduz so‘roqlar, soxta guvohlar bilan yuzlashtirishlar, besabab tahqirlar uning irodasini buka olmaydi. Yana shuni aytish mumkinki, o‘sha davr hayotini aks ettiruvchi arxiv hujjatlari bilan yaqindan tanishganimizda ko‘pgina adiblarimizdan ixlosingiz qaytib ketadi. Ammo Shayxzodagina bundan mustasno, chunki u o‘ziga ham, o‘zgalarga ham gard yuqtirmasdan, chalchasavod tergovchilarning bema’ni savollariga aniq-tiniq javob qaytaradi. Ularni o‘zining zakiyligi bilan mot qilib qo‘yadi. Lekin shunga qaramasdan u kishini yigirma besh yil ozodlikdan mahrum etish to‘g‘risida hukm chiqariladi. Jazoni o‘tash uchun esa Irkutskdagi jazo lagerlaridan biri belgilanadi.

Agar 1953 yili I.V.Stalin vafot etmaganida Shayxzoda va unga o‘xshagan beayb jazoga tortilgan adiblarning umri Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon, Usmon Nosir singari nihoyatda fojiali kechishi mumkin edi. Xudo ba’zan o‘zining sevimli bandalarini ana shunday baxt bilan siylar ekan. Shayxzodaga xos tantilik, bag‘rikenglik, olijanoblikni qarangki, qamoqdan qaytib kelganidan keyin ham biron kishiga: «Men sen tufayli jazo tortdim, sen mening qamalishimga aybdor bo‘lgansan», demaydi.

Qamoqda tortgan azoblari, ruhiy qanoqlar evaziga Shayxzoda 60 yoshga ham yetib kela olmadi. 1968 yil 9 fevraldagi o‘lim uni oramizdan olib ketdi. U kishi har gal ta’kidlarkanki, «Agar men vafot etadigan bo‘lsam, Milchakov, Sheverdin, Zinat Fatxulin singari kishilar vido so‘zlarini so‘zlamasin!» Ammo o‘sha paytlari uyushmaga rahbarlik qilib turgan Komil Yashinga o‘tkazilgan bosim sabablimi yoki boshqa sabab tufaylimi, Shayxzodaning qabri tepasida ana shu kishilar vido so‘zlarini aytishgan. Hatto, uning qabri tepasiga o‘rnatilgan yodgorlik ham Shayxzodaning ukasi Fuad tomonidan tayyorlangan loyiha asosida bunyod etilganligini aytishimiz mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, Shayxzoda salmoqli ijodiy mehnat bilan shug‘ullanishi barobarida ro‘shnolik, yorug‘lik ko‘rmay o‘tgan adiblarimizdan. Hatto, ayrim hamkasblari o‘sha qatag‘on davrlaridan so‘z ochgan lahzalarda ham «Zamon shunday edi», deya gapni muhtasar qilishi ham uning olijanob hislarga limmo-lim ekanligidan dalolat beradi.

Naim Karimov,

O‘zbekiston fan arbobi,

filologiya fanlari doktori, professor

 

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring