Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Uch qardosh davlat: birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan — irmoq...

Uch qardosh davlat: birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan — irmoq...

Tashqi ishlar vazirlari – J.Bayramov, V.Norov va M.Chovusho‘g‘li.

Foto: Mfa.uz

Poyoniga yetayotgan haftada Toshkentda O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya formatidagi muloqotning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda uch mamlakatning tashqi siyosat, savdo, iqtisodiyot va transport masalalariga mas’ul vazirlari ishtirok etdi. Toshkent, Boku hamda Anqara o‘rtasidagi robitalarning ushbu yangi formatda kengayayotgani bir necha omillarga ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Uch mamlakat ham o‘z mintaqasida yetakchi rol o‘ynaydi.
Foto: Google Images

Birinchidan, turkiy olamda peshqadam o‘rin tutuvchi O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda Turkiya tarixan bir-biriga  til, e’tiqod va madaniyat orqali chambarchas bog‘langan. Dunyoda beqarorlik avj olayotgan, hali u-hali bu mintaqada geosiyosiy «zilzila»lar ro‘y berayotgan hozirgi pallada bir qavmga mansub uch davlatning yaqin munosabatda bo‘lmog‘i muhimdir. Zero, jahonning boshqa mintaqalarida ham etnik mansublikka ko‘ra tuzilayotgan ittifoqlar samarali bo‘layotgani sir emas.

Ikkinchidan, har uch davlat ko‘plab xalqaro masalalar bo‘yicha umumiy, yakdil yondashuvga ega. Xalqaro siyosatda bosimlar kuchayib, gegemonlikka da’vogar kuchlarning davlatlarni o‘z orbitasiga tortishga urinishi ochiq tus olgan davrda qardosh mamlakatlarning bir-biriga yelkadoshu ko‘makdosh bo‘lishi hayot-mamot masalasi sanaladi. Bu o‘rinda birgina faktni yodga olish kifoya: O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi joriy yil 4-avgust kuni Ozarbayjonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasiga g‘arazli maqsadda uyushtirilgan hujumni qat’iy qoralab chiqdi.

Qardosh mamlakatlarning bu tariqa xayrixoh munosabati global muammolarga qarshi kurashishda ham qo‘l keladi.

Uchinchidan,  O‘zbekiston, Ozarbayjon hamda Turkiya birlashgan holda katta iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyat kasb etadi. Uch mamlakatning umumiy aholisi 130 milliondan ziyodni, YaIM esa salkam 1 trillion dollarni tashkil etadi. Bu o‘rinda turkiy xalqlarda keng tarqalgan «Birlashgan daryo bo‘lar, tarqalgan — irmoq» naqlini yodga olish o‘rinlidir.

To‘rtinchidan, keyingi yillarda uch davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hurmat, qo‘llab-quvvatlash va qardoshlik tamoyillariga asoslangan munosabatlar strategik o‘zanga burildi. Bu o‘rinda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on joriy yil mart oyida oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishida qatnashish uchun yurtimizda mehmon bo‘lganini qayd etish joiz.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev ham joriy yil iyunda O‘zbekistonga tashrif bilan keldi. Tashrif doirasida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida deklaratsiya imzolandi.

Davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona munosabat hamkorlikning barcha jabhalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Beshinchidan, uch davlatning savdo aloqalari jadal rivojlanmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida savdo hajmi 2,5, qo‘shma shirkatlar soni 5 karra ortgan. Umumiy sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi tovar aylanmasi qariyb yetti barobarga ko‘paygan. Ammo tahlilchilar to‘g‘ri ta’kidlayotganidek, uch davlat iqtisodiy hamkorligining hozirgi ko‘rsatkichlari mavjud imkoniyatlarga to‘liq javob bermaydi.

Oltinchidan, mamlakatlar transport va tranzit kommunikatsiyalari bo‘yicha hamkorlik borasida ulkan salohiyatga ega. Masalan, O‘zbekiston Boku–Tbilisi–Axalkalaki–Kars temiryo‘lidan, Turkiya va Ozarbayjonning xalqaro portlaridan, shuningdek, Shimol–Janub va  Sharq–G‘arb xalqaro transport yo‘laklaridan foydalanishi mumkin. Bundan tashqari, Osiyodan Yevropaga eng qisqa quruqlik yo‘lini ta’minlaydigan Zangezur koridorini tiklash ham manfaatli chora-tadbirlar sirasiga kiradi. O‘z navbatida, O‘zbekiston ham Turkiya va Ozarbayjonning Markaziy Osiyo bilan savdosida muhim o‘rin tutadi.

Yettinchidan, uch davlat tranzit punktlari funksiyasi bilan cheklanib qolmay, transport yo‘nalishlari bo‘ylab ishlab chiqarish, logistika va savdo punktlarini tashkil etish orqali iqtisodiy yo‘laklarni shakllantirishi mumkin.

Sakkizinchidan, uch davlat o‘rtasida soddalashtirilgan bojxona yo‘laklarini tashkil etish orqali savdo-sarmoya munosabatlarini bir necha karra oshirish imkoni mavjud. Jumladan, Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Turkiya tomoni O‘zbekiston bilan soddalashtirilgan bojxona yo‘lagi tashkil etishilini ma’lum qildi.

O‘zaro imtiyozli savdo shartnomalari, bojxona postlarida byurokratik to‘siqlarning kamaytirilishi, tabiiyki, tovar ayirboshlash hajmini keskin oshiradi.

To‘qqizinchidan, Toshkent, Boku hamda Anqara bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xalqaro miqyosda tan olingan chegaralar daxlsizligini qat’iy va so‘zsiz qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ushbu siyosiy iroda  O‘zbekiston – Ozarbayjon – Turkiya formatidagi muloqotning birinchi yig‘ilishi yakunida qabul qilingan Toshkent deklaratsiyasida ham aks etdi.

Demak, uch turkiy davlat muloqotining muntazam tus olishi har jihatdan manfaatlidir.

S. Salim

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring