Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xalq sevgan aktyor: urush, muvaffaqiyat va judoliklar

Xalq sevgan aktyor: urush, muvaffaqiyat va judoliklar

O‘zbek tomoshabinlariga yaxshi tanish bo‘lgan aktyor Mixail Pugovkin (asl familiyasi – Pugonkin) 1923 yil 13 iyulda Rossiyaning Yaroslav viloyati Chuxlomsk rayoni Rameshki qishlog‘ida tug‘ilgan. Ularning oilasi kambag‘allikda yashardi.

Mixail uchinchi o‘g‘il bo‘lib, uydagilar Minka deb chaqirishardi. U bolaligidan aktyorlik qobiliyatini namoyon etdi: qishloq to‘ylari va bayramlarda qo‘shiq aytib, boy xotin, lo‘li ayol va boshqa qiyofalarni qochirimlar bilan qoyilmaqom tarzda o‘ynay boshladi. Hech kim bu jo‘shqin o‘spirin vaqti kelib xalq artistiga aylanishi haqida o‘ylamacdi.

Keyinroq Pugonkinlar oilasi Moskvaga ko‘chib o‘tdi. Farzandlarining kelajagini o‘ylagan ota-ona ularni qishloqning og‘ir hayotidan xalos etib, o‘qimishli-ziyoli qilib voyaga yetkazmoqchi edilar...

«Yigitcha, spektaklda o‘ynamaysanmi?..»

Mixail Pugovkin akalari bilan Moskvadagi zavodda ishladi. Uni xushchaqchaqligi va hazilkashligi uchun barcha yaxshi ko‘rardi.

Ishdan so‘ng Minka klubning drama to‘garagiga qatnay boshladi. U zarur yumushlarini ham tashlab bo‘lsa-da, mashg‘ulotlarga zir yugurardi.

Yosh yigitchaning hayotida to‘garakning badiiy rahbari, xalq artisti A.Shatov bilan uchrashuv katta burilish yasadi. Shatov Minkada tug‘ma aktyorlik iste’dodini payqagan edi. U Pugovkinga A.Ostrovskiy asari asosida sahnalashtirilgan spektaklda chiqishi mo‘ljallangan, ammo betob bo‘lib qolgan aktyorning rolini topshirdi. Pugovkin bir kechada nafaqat o‘ziga berilgan rol matnini, balki butun boshli pesani ham yod oldi.

Qarangki, u spektakldagi ijrosi orqali Moskva drama teatri rahbari F.Kaverinning e’tiboriga tushdi. Kaverin yosh yigitchaning ijrosidan chinakamiga qoyil qolgan edi. Pugovkinni professional teatrga taklif qildilar. Garchand yosh aktyorning maxsus ma’lumoti bo‘lmasa ham, dovruqli hamkasblar orasida o‘zini sira yo‘qotib qo‘ymadi.

Pugovkin o‘z faoliyatini kichik rollardan boshladi. U uzoq va sabot bilan ish olib bordi. Talaffuzi ustida juda ko‘p ter to‘kib, qoyilmaqom ravishda uddaladi. Natijada Kaverinning ishonchini oqlab, alohida e’tirofiga sazovor bo‘ldi.

Ko‘p o‘tmay, tomoshabinlar Mixail Pugovkin bilan faxrlanib, matbuot u haqida iliq fikrlar bildira boshladi.

 

«Iltimos, oyog‘imni kesmang...»

Pugovkin kinoga urush arafasida kirib kelgan. Rejissyor G.Roshal uni «Artamonovlar ishi» filmidagi Stepasha roliga taklif qilgan edi. Kinosinovda Pugovkin Paveldan qo‘shiq kuylashi va raqs tushishi haqida so‘rab qoldi. «Albatta, eplayman», – deb javob berdi Mixail qat’iy ishonch bilan. «Mana buni yoshlik desa bo‘ladi, filmni boshlaymiz», – deya olqishladi rejissyor. Biroq «Artamonovlar...»ga ovoz yozish ishlariga ulgurmadilar – urush boshlandi.

Otasi va akalaridan so‘ng Mixail Pugovkin ham frontga ketdi. Uning o‘qchilar polkiga razvedkachi bo‘lishiga to‘g‘ri keldi. Jangda matonat ko‘rsatdi. Pugovkin biror joyi shikastlanmay Smolenshingacha bordi, biroq Voroshilovgradda oyog‘idan og‘ir jarohatlandi. Gangrena boshlanib, dala gospitalida Pugovkinning oyog‘ini kesmoqchi bo‘ldilar. Pugovkin bosh jarrohga iltimos qilib yolvordi: «Men oyog‘imdan judo bo‘lishim mumkin emas, axir artistman. Iltimos, kesmang».

Og‘riq chekinmas, davolash cho‘zilgandan-cho‘zilardi. Pugovkin tishini-tishiga qo‘yib, hammasiga chidadi. Nihoyat kutilgan kunlar yetib keldi: u sog‘ayib chiqdi. Uch yillik ijodiy faoliyatini yodga olgan olgan Pugovkin o‘yga botdi: «Men sahna va kinosiz yashashim mumkin emas».

Moskvaga qaytgan Pugovkin drama teatriga qabul qilindi. O‘sha paytlarda «Moskvaliklar» spektakli sahnalashtirilayotgan edi. Pugovkinga rol berishdi. Spektakl mashhur bo‘lib ketdi.

Uchinchi sinf ma’lumoti

1943 yili, urushning qizg‘in pallasida, Moskvadagi MXAT qoshida maktab-studiya ochildi. Pugovkin aktyorlik ma’lumotini egallashga ahd qildi.

Imtihon olish uchun N.Xmelev, A.Tarasova, V.Kachalov, I.Moskvin va A.Gribovlar o‘tirishgandi. Mixailning hujjatlarini ko‘zdan kechirgan Moskvin dodlab yubordi: «Pugovkin, siz artistsiz, allaqachondan buyon artistsiz. Yana o‘qishni xohlaysizmi? Ammo surishtirsa, uchinchi sinf ma’lumotingiz bor ekan, xolos».

Pugovkinning shahodatnomasi bo‘lmasa-da, imtihonlarni muvaffaqiyatli topshirdi va maktab-studiyaga qabul qilindi. Moskvin uning iqtidori va g‘ayratiga ishonardi.

 

«Yulduzli» rol

Pugovkinning kinodagi faoliyatiga ishtiyoq bilan kirishdi. U «Feldmarshal Kutuzov»da Fedya rolini o‘ynadi. Oradan bir yil o‘tib, ya’ni, 1944 yilda «To‘y» filmida ishtirok etdi. Film raqsga boy bo‘lib, qayta-qayta suratga olindi. Pugovkinning jarohatlangan oyog‘i og‘riq berar, qon ketar, shunga qaramay, u epchillik bilan harakat qilardi.

1952 yildan Pugovkin tez-tez ko‘zga tashlana boshladi. U sakkiz yil davomida 16 ta filmda rol o‘ynadi.

Yaltada «Admiral Ushakov» suratga olindi. O‘shanda Mixail Pugovkin birinchi marta dengizni ko‘rdi. Hayajonga tushdi.

Film premerasidan so‘ng matbuot uning ijrosini alohida e’tirof etdi: «Faqat iste’dodli, qobiliyatli aktyorgina shu qadar samimiy va jozibali rol o‘ynashi mumkin».

Pugovkinning o‘zgacha qiyofasi e’tiborni tortardi. U ketma-ket komik rollarga taklif etilib, betakror timsollar yaratardi.

Mixail Pugovkinning «yulduzli» roli «Askar Ivan Brovkin» filmidagi matros Zaxar Silich hisoblanadi. Bu rol unga chinakam shon-shuhrat olib kelgan. Film prokatda bir million tomoshabin yig‘di. Shundan so‘ng uning davomini suratga oldilar: «Ivan Brovkin qo‘riq yerda».

1958 yili rejissyor Stanislav Rostotskiyning «Zamin va odamlar»i ekranga chiqdi. Unda Pugovkin Grishka Xvatni o‘ynadi.

Eng yaxshi filmlaridan biri esa 1967 yili suratga olingan «Malinovkadagi to‘y» bo‘ldi.

 

«Afti buncha beo‘xshov?!.»

Pugovkinning Leonid Gayday bilan uchrashuvi alohida voqeaga molik. Muvaffaqiyatli hamkorlik uzoq yillar davom etgan.

Tomoshabinlar orasida Pugovkin ijro etgan tarbiyachi prorab («I» operatsiyasi»), Fyodor ota («12 stul»), rejissyor Yakin («Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi»), San Sanich Murashko («Sportloto-82»), politsiya boshlig‘i («Gugurt izlab»), Gorbushkin («Bo‘lishi mumkin emas!») rollari xalqning sevimli qahramonlariga aylandi.

Gayday Pugovkinni «Ivan Vasilevich kasbini o‘zgartiradi» kinokomediyasidagi rejissyor Yakin roliga taklif qilganida «Mosfilm» komissiyasi qat’iyan qarshi chiqqan: «Rejissyor deganning aft-angori bunday beo‘xshov bo‘lmaydi-da! Qandaydir noziyolik!»

Komissiya a’zolari Pugovkinning iste’dodli ekanligini bilishmasdi. Gayday so‘zida turib oldi, Pugovkin Yakin rolini ijro etgach, barchalari tan berdilar.

Pugovkin ertak-filmlarda ijro etgan rollar kichkintoylarga ham olam-olam zavq-shavq bag‘ishlagan: «Finist – Sarlochin», «Ilya Muromets», «Kapitan Vrungelning yangi sarguzashtlari» va boshqalar.

Pugovkinning qahramonlari turfa xil edi: goh jasur lashkarboshi, goh telbanamo, kalondimog‘ qirol, gohida makkor, chapdast ataman («Finist – Sarlochin» ertak-filmi O‘zMTRK orqali tez-tez namoyish etib turiladi).

Lo‘li ayol bashorati

Mixail Pugovkinga yoshligida bir lo‘li ayol duch kelib, uning uch marta uylanishini bashorat qilgan ekan. Aktyor ishonmagan bo‘lsa-da, hayot lo‘li ayolning karomatini isbotladi.

1947 yili Pugovkin kursdoshi N.Nadejdinaga uylandi. Ular oilasida Yelena dunyoga keldi. Nadejdina bilan 12 yil birga yashashdi. Keyin oilaga ko‘z tegdi – ajrashdilar.

Pugovkin Moskvaga yo‘l oldi. U poyezdda ketarkan, derazaning muzlagan oynasiga shunday deb yozdi: «Mixail Ivanovich, sen yangi hayot boshlayapsan».

Aktyorning bo‘ydoqlik damlari uzoqqa cho‘zilmadi. 1961 yilda u Moskonsert aktrisasi Aleksandra Lukyanchenkoga uylandi. Ular baxtli hayot kechirdilar.

«Aleksandra bilan 32 yil birga yashadik, – degandi Mixail Ivanovich. – Men o‘zimda nimaiki bo‘lsa, Aleksandraga bag‘ishlashim kerak».

Ularning uyida orastalik, saranjom-sarishtalik va ijodiy muhit hukmron edi. Ammo...

1991 yilda oilaga g‘am-kulfat soya soldi: Aleksandra Nikolayevna hayotdan ko‘z yumdi. Mixail Ivanovich qattiq tushkunlikka tushdi. Shu sababli, Yaltada suratga olinayotgan filmga taklif qilishlari bilanoq rozi bo‘ldi.

Yaltaga borgan Pugovkin o‘sha yerda qolib ketdi. U yaqin do‘sti Yuriy Medvedevning singlisi Irina Konstantinovna bilan tanishdi. Birga ishlay boshlashgach, Pugovkin o‘zini mehr-ardoqda his qila boshladi. Irina Konstantinovna uning menejeri, prodyuseri, ma’muri, yaqin do‘sti va suyukli rafiqasiga aylandi.

Xalq ardog‘idagi aktyor Mixail Pugovkin 2008 yil 25 iyulda og‘ir davom etgan kasallikdan vafot etdi. O‘limidan ikki hafta avval 85 yoshini nishonlagan aktyor astma bilan og‘rib yurganini ko‘pchilik bilmasdi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring