Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xitoy olimlarni superyulduzlarga aylantirmoqda

Xitoy olimlarni superyulduzlarga aylantirmoqda

Foto: Instagram

Xitoydan o‘rganiladigan jihatlar ko‘p. Masalan, yaqindan beri mamlakatning katta-kichik maydonlari va metro bekatlarida — shaharlarning eng ko‘zga ko‘rinarli, gavjum joylarida turli brendlar, millionlab kuzatuvchiga ega blogerlar yoki xonandalar reklamasi o‘rniga olimlarning suratlari joylanmoqda.

Chjenchjou ko‘chalarida Xitoy raketa-kosmik dasturi asoschilaridan biri Syan Syuesen va yadrochi-fizik Den Szyasyanning portretlari paydo bo‘ldi. Boshqa shaharlarda esa serhosil sholi navini yaratgan agronom Yuan Lunpin yoki bezgakka qarshi samarali dori vositasi — artemizininni kashf etib, Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan Tu Yuyu tasvirlarini uchratish mumkin. Ta’bir joiz bo‘lsa, mamlakatdagi gavjum maskanlar tijorat peshtaxtalaridan ilm-fan markazlariga aylanmoqda.

Foto: Instagram

G‘arb o‘smirlarini ijtimoiy tarmoq yulduzlari mahliyo qilayotgan bir pallada, Xitoy ongli ravishda muhandis, fizik, shifokor, agronom va fazogirlarni (taykonavtlarni) haqiqiy superyulduz darajasiga ko‘tarmoqda.

Bu borada «Harris Poll» kompaniyasi AQSh, Buyuk Britaniya va Xitoyda 8-12 yoshli 3 ming nafar bola o‘rtasida o‘tkazgan so‘rovnoma diqqatga sazovor. Inglizzabon mamlakatlardagi bolalarning qariyb 30 foizi kelajakda yutuber yoki vloger bo‘lishni xohlashini bildirgan. Xitoylik bolalarning 56 foizi fazogirlikni tanlagan! AQSh va Buyuk Britaniyada bu kasbni orzu qilganlar atigi 11 foiz. Garchi bu tadqiqot 2019-yilda o‘tkazilgan bo‘lsa-da, undagi dunyoqarashlar farqi hali ham o‘ta muhimdir. Pekin sanoatlashish davrining eski g‘oyasiga qaytmoqda: tomosha ko‘rsatgan emas, tabiat bilan tillashgan — haqiqiy qahramon!

Shaharlarda olimlar siymosining ulug‘lanishi shunchaki mafkuraviy targ‘ibot emas, balki tizimli rejalashtirishning mahsulidir. Davlat tijorat reklamalarini milliy qahramonlar portretlariga almashtirish orqali yoshlarning ijtimoiy o‘sishga bo‘lgan intilishlarini vizual tarzda yo‘naltirmoqda. Mikroelektronika, kosmos va farmatsevtikadagi yutuqlar shunchaki abstrakt rivojlanish emas, balki o‘tmishdagi kamsitilishlar uchun olingan o‘ziga xos qasos hamda Xitoy boshqaruv modeli samaradorligining amaliy isboti sifatida taqdim etilmoqda.

Albatta, Xitoyni hamma yoppasiga fizik bo‘lishni orzu qiladigan ideal jamiyat deb bo‘lmaydi. Ammo ilm-fanga va ziyolilarga e’tibor nuqtai nazaridan bu haqiqatan ham ibratli tajribadir.

Bu tizimning demografik sabablari ham bor. Aholining qarishi va ishchi kuchining qimmatlashishi sharoitida Xitoy uchun oddiy yig‘uv fabrikasidan yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga o‘tish hayotiy zaruratdir. Muhandis, agronom va fizik kabi kasblar nufuzini oshirish — ish haqini keskin ko‘tarmasdan turib, millionlab abituriyentlarni murakkab STEM (fan, texnologiya, muhandislik va matematika) yo‘nalishlariga jalb qilishning eng arzon va samarali usulidir.

Bozor qonunlari hukmron jamiyatlarda odamlarning maqsadlarini shou-biznes va reklama belgilaydi. Natijada yoshlar ommaviy ravishda bloger yoki tadbirkor bo‘lishga intiladi. Xitoyda esa davlat tashabbusni o‘z qo‘liga oldi: ko‘chalarda olimlar e’zozlanar ekan, demak, bolalar ham o‘tkinchi soxta yulduzlarga emas, balki koinotdagi haqiqiy yulduzlar sari intilib ulg‘ayadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring