Xorazmda kim kambag‘al? Yoxud qishloq xo‘jaligi vaziriga iddaolar
Kishilik jamiyati mavjud ekan, boy va kambag‘al tushunchasi hech qachon arxiak atamaga aylanmaydi. Biroq hamma zamonda ham davlati oliya o‘z fuqrolarining to‘q va farovon yashashini ta’minlashga intilgan, buning uddasidan chiqolsa, faxrlangan.
Bugun O‘zbekistonda davlat odamlarni rozi qilish, ularning baxtli va farovon hayot kechirishini ta’minlash uchun shart-sharoit yaratish borasida muhim strategik tadbir va rejalarni amalga oshirmoqda. Bu borada xalq manfaati yo‘lida o‘rtaga tashlangan har qanday taklif va loyihalar e’tibordan chetda qoldirilmayapti. Ana shuni inobatga olgan holda men ham qishloq joylarida yashovchi aholi turmush tarzini yuksaltirish, farovonligini ta’minlashga oid muhim taklif va mulohazalarimni ochiqlamoqchiman.
O‘zbekistonda necha foiz odam qishloqda yashaydi?
Bu savolga javob ijtimoiy tarmoqlarning ma’lumotlar bazasida tayyor. Biroq «Ularning necha foizi doimiy ish bilan ta’minlangan?» degan savolga javob topish ancha mushkul. Bor javoblarga esa shubhalar yetarli. Aslida har bir qishloq va ovullarda ishsizlik — eng og‘riq nuqta sanaladi. Bu muammoni hal qilish uchun mahalliy hokimlik va jamoat tashkilotlari tomorqa xo‘jaligi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim tavsiyalarni muntazam ravishda berib keladi.
Afsuski, qishloqda yashovchi hammada ham qo‘shimcha tomorqa mavjud emas, hamma-hamma ham tadbirkorlikni eplay olmaydi. Chunki tadbirkorlikni boshlash uchun bankdan kredit olishga hammaning ham yuragi betlamaydi. Olingan kreditni o‘z vaqtida qaytarish uchun iqtisodiy bilim zarur. Har kimning bilim-saviyasi esa turlicha...
Tadbirkorlik qo‘lidan kelmaydigan odam dehqonchilikning uddasidan kelishi mumkin. Axir qishloq odami – dala farzandi, ziroatchilik ilmi unga ona suti bilan kiradi. Biroq bugun hamma joyga fermer xo‘jayin. Hayhotday qishloqni to‘rtta fermer boshqarmoqda. O‘sha to‘rtta fermerda necha nafar ishchi ishlayotgani bilan qiziqayotgan rahbarning o‘zi yo‘q.
150 gektar yerga ega fermer xo‘jaligida hujjatlarga ko‘ra 10 nafar ishchi mehnat qiladi. Har bir ishchiga mas’ullik 15 gektar yerdan to‘g‘ri keladi. Xo‘sh, bir nafar ishchi 15 gektar yerni nazorat qilib, kam-ko‘stiga qarashga ulguroladimi? Mutlaqo yo‘q! Chunki hali O‘zbekistonda g‘o‘za nihollarini yagana qilish, begona o‘tlardan tozalash, chekanka qilish kabi ishlarni bajaradigan texnika kashf qilinmagan. Bunday ishlar qo‘lda bajariladi. Agar bir nafar ishchi kuchi 1 gektar yer maydonini begona o‘tlardan tozalash, chekanka qilish va suv taratish ishlariga yetishini inobatga olsak, qolgan 14 gektar yer qarovsiz qoladi. Shu sababdan ham bugun Xorazmda aksariyat dalalarni begona o‘t bosib yotibdi. U yerga paxta ekilganmi yoki shuvoq, farqiga borish juda mushkul. Bu holat esa hosildorlikka keskin salbiy ta’sir yetkazishini qishloq xo‘jaligi mutaxassislari juda yaxshi bilishadi.
Oilaviy pudrat asosida yerlar bo‘lib berilganida har bir xonadonga 1 yoki 2 gektar yer taqsimlanadi. O‘ziga birkitilgan yerda butun oila bor mehri va e’tibori bilan mehnat qiladi. Qarabsizki, mehr bilan parvarish qilingan yerda hosildorlik rostakamiga oshadi. Bugungiday faqat qog‘ozda emas.
Bugungi kunda fermer xo‘jaligida hujjatlar bo‘yida ishchi bo‘lib ishlayotganlar ro‘yxatiga e’tibor qaratiladigan bo‘lsak, ular orasida begona odamning o‘zi yo‘q: fermerning xotini, kelini, qizi, o‘g‘li, aka, uka opa, singil, jiyanlari...
Ming-ming taassufki, haqiqatan dalada mehnat qilib, ishchi sifatida yollangan yigit-qizlar ana shu fermerning qarindoshlari nomi bilan ishlashadi. To‘g‘ri, oylik maoshini shu qorako‘zlar olishadi, lekin mehnat daftarchasi fermerning yaqinlari nomiga yoziladi. Erta-indin pensiyaga chiqib, pensiya pulini naqd sanab oladigan ham fermerning yaqinlari. Chinakam mehnatni qilganlar esa shalvirab qolaveradi. Bu — bugun tamal toshi qo‘yilgan kelajak fojiasi.
Horazmda har bir fermer o‘z xo‘jaligida 50-60 gektar kuzgi bug‘doy yetishtiradi. Ana shu «kuzgi bug‘doy» degan tushuncha davlat ko‘zini shamg‘alat qilishdir, xolos. Fermer bug‘doy yetishtirish orqali davlat omborini donga, rizq-nasibaga to‘ldiradi. Orqasidan esa million-million so‘m mablag‘ni o‘marish bilan shug‘ullanadi.
Ochiqroq tushuntirish payti keldi. Yozning ilk kunlaridanoq fermerlar g‘alla hosilini o‘rib, yanchib topshiradi. Mahalliy hokimlik tomonidan bug‘doydan bo‘shagan o‘nlab gektar yerga ikkilamchi ekin sifatida mosh va boshqa sabzavot ekinlarini ekish tavsiya qilinadi. Fermerlar esa qog‘ozda bu tavsiyalarni a’lo darajada bajarishadi. Ha, faqat qog‘ozda! Amalda esa odamlarga har bir gektar yerni 6-7 million so‘m atrofida baholab, sholi ekish uchun sotishadi. Xorazmda odamlarning bo‘sag‘asiga sholipoyaga aylangan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasi tavsiya va yo‘riqnomalariga ko‘ra sholi aholi yashaydigan hududdan 2 km. olis masofada ekilishi shart. Chunki sholi suvda parvarishlangani bois yerni tez zaxlatib yuboradi.
Yer sotib kekirib yurgan fermerlar uchun bu tavsiya va yo‘riqnomalarning sariq chaqachalik qiymati yo‘qday. Negaki, ular xohlagan joyga: odamlar hovlisiga shundoq bir qadam maydongacha sholi ekishyapti.
Sholi ekkan, albatta yaxshi. Chunki sholi bu — rizq, palovxonto‘ra degan. Lekin fermerning jilovini bo‘sh qo‘ygan davlat bundan qanchalik laqqa tushib o‘tirganini bir tahlil qilib ko‘rsak. 1 gektar bug‘doydan bo‘shagan yer maydonini fermer 7 mln. so‘mdan sotishini inobatga olsak, bunday yer maydonining 50 gektari 350 mln. so‘m bo‘ladi.
Xo‘sh, bu pul kimning cho‘ntagiga kirmoqda? Shubhasiz, davlatimiz ko‘p boshini silab, tantilatib qo‘ygan fermerning-da. Gap fermerning shaxsiy cho‘ntagi haqida ketyapti.
Agar bu pul fermer hisob raqamiga kirim qilinganida edi, har bir fermer yil davomida necha nafar qishloq kishisini ish bilan ta’minlash imkoniyati vujudga kelishi aniq bo‘lar edi.
Masalaning ikkinchi tomoni shuki, bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarini 50x50 uslubida dehqonlarga taqsimlab berilganda davlat xazinasi yanada boyishi shubhasiz. 50x50 uslubi azaldan Xorazmda «yarimchi» deb atalib kelinadi. Bunda fuqaro hosilning 50 foizini yerni ijaraga beruvchiga topshiradi.
Tasavvur qiling, 1 gektar yer maydonidan 6 tonna sholi olingan taqdirda, uning 3 tonnasi yer beruvchiga topshiriladi. 3 tonna sholidan 2-2,5 tonna guruch olinadi. Guruchning bugungi kundagi o‘rtacha narxi bilan hisoblaganda bu 17 500 000 so‘m pul bo‘ladi. Davlat 50 sotix yerdan shuncha foyda ko‘ryapti. Yana shuncha foyda esa ijaraga oluvchiga qolmoqda. Bu 1 gektar yerdan keladigan foyda. Qishloq xo‘jaligida minglab gektar yer maydonlari bug‘doy o‘rib-yanchib olingach bo‘shab qoladi. Ana shu bo‘shagan maydonlar faqatgina bir nafar fermerning cho‘ntagini qappaytirmoqda. Albatta, fermer yerni noqonuniy sotadi va qonunga zid ravishda daromadga ega bo‘lyapti. Bu daromadidan davlatga esa na bir so‘m soliq to‘lamoqda, na bir ishchilar nufuzini oshirib, ularni oylik maoshi bilan ta’minlamoqda.
Birgina qishloq xo‘jaligidagi ana shu boshboshdoqlik tartibga solinsa, qisqa 4 oy davomida davlat xazinasiga milliard-milliard so‘m mablag‘ kirim qilinib, yurtimiz iqtisodi yanada boyigan bo‘lar edi. Achinarlisi shundaki, bu oddiy arifmetikaga na mahalliy hokimlik, na qishloq xo‘jaligi vazirligi jiddiy e’tibor qaratayotir.
Darhaqiqat, fermer boyimoqda. Oddiy qishloq odami, yo‘g‘-ye davlat xazinasi esa...
Erpo‘lat BAXT,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter