Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yana Farg‘ona. Investorning soqoli muhimmi yoki huquqi?

Yana Farg‘ona. Investorning soqoli muhimmi yoki huquqi?
  1. «Rostmu bu, yolg‘onmu bu?..»

Gap qaysi muzofot, nima va hatto kim haqida ketayotganini ilg‘adingiz, chamasi... O‘chayotgan cho‘g‘ni titish shartmi?! Albatta, yo‘q. Biroq «investor» so‘zi «Farg‘ona»ni mingashtirib kelar ekan, viloyat hokimining ma’lum va mashhur «nutqi» yodga tushaverar ekan-da. Garchi «to‘kilib-to‘kilib» aytganlari uchun o‘tinib-o‘tinib uzr so‘ragan bo‘lsa ham!

Yodingizda bo‘lsa, o‘sha «otashin ma’ruza»da Quva tumanida qo‘shma korxona ochgan turk investorining soqoli oldirilgani mamnuniyat bilan qayd etilgandi. Quvada qo‘shma korxona bormi-yo‘qmi bilmadikku-ya, ammo Quvasoyda mavjud (hokim buva hayajonda Quva bilan Quvasoyni adashtirdimikan?): «Running busines trans invest»! Uyog‘ini so‘rasangiz, mazkur qo‘shma korxona faoliyatiga oid Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmatiga tayanib tarqatilgan xabarda rostdan ko‘ra yolg‘on ko‘p:

  1. «Running busines trans invest» O‘zbekiston – Turkiya qo‘shma korxonasi emas. Ya’nikim, korxonaga birorta turk sarmoyadorining bir tiyini sarf bo‘lmagan. Investor – qirg‘izistonlik: Bekzod Zaydinov.
  2. «Running busines trans invest» qo‘shma korxonasi umumiy qiymati 2,1 million dollarlik loyiha amalga oshirayotgani» ham haqiqatdan uzoqday. Korxonaga sarflangan pul qayd etilgan raqamning o‘ndan birini tashkil etadi-da (bu haqda quyiroqda atroflicha gaplashamiz).
  3. «Running busines trans invest» qo‘shma korxonasida «...loyihaning 1,1 million dollar investitsiya kiritilgan birinchi bosqichi ishga tushirilishi natijasida 300 ta yangi ish o‘rni yaratilgani» xususida ham gap shu. Aytdik: korxonaga ikki yuz ming dollardan ko‘proq carmoya kiritilgan, shunga qarab, «1,1 million dollar investitsiya» va «300 ta ish o‘rni o‘rni» haqida xulosa chiqaravering.
  4. Qo‘shma korxona trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgani bor gap. Biroq, yuqoridagi bayonlardan kelib chiqilsa, mahsulotlar «ellik turdan ortiq»ligi va «asosiy qismi eksport qilinishi»ni hozircha faqat orzu qilish mumkin.
  5. Bitta qo‘shma korxona bilan bog‘liq shu-uncha yolg‘onlardan keyin «...Quvasoydagi kichik sanoat zonasida joriy yilda 38 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya jalb etgan holda 5 ta yirik loyiha ishga tushiriladi» mazmunidagi boshqa ma’lumotlar jiddiy shubha uyg‘otmay qo‘ymaydi.

Yuqoridagilar bayonlardan joylardagi ishlar hamon qog‘ozda do‘ndirilayotgani, amalda esa vaziyat boshqacharoqqa o‘xshaydi, degan xayolga borishingiz aniq. Mayli, bunisi endi alohida mavzu.

Muddaoga o‘taqolsak.

  1. Sheriklik sho‘rva... tatimaydimi?

«Running busines trans invest» O‘zbekiston–Qirg‘iziston qo‘shma korxonasining muxtasar «hasbi holi» quyidagicha.

Quvasoylik Rahmiddin Atabayev 2017-yilda qirg‘izistonlik Bekzod Zaydinov bilan tanishadi. Ikki tadbirkor qirg‘iz sementini o‘zbek bozorida sotishda ma’lum vaqt hamkorlik qiladi. O‘zaro ishonch bo‘lmasa, hamkorlik qayda?! Qisqasi, tomonlarning o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorligi Quvasoyda qo‘shma korxona ochishga turtki bo‘ladi. Bunda yurtimizda tadbirkorlikka katta sharoit va imkoniyatlar yaratilayotgani muhim ahamiyat kasb etgani shubhasiz.

...Hamkorlar kelishadiki, qo‘shma korxona ustav jamg‘armasi 500 ming AQSh dollari miqdorida bo‘ladi: yarmini siz tikasiz, yarmini biz. Daromad ham shunga monand taqsimlanadi: ellikka – ellik!

Alqissa, ishga kirishildi. Qirg‘izistonlik tadbirkor o‘tgan yilning yozi ketib, kuzi eshik qoqayotgan paytda naqd 250 ming AQSh dollarini qo‘ltiqlab Quvasoyga keldi. Qo‘shma korxonaning tashkiliy ishlari asosan R.Atabayev zimmasida bo‘lishi tabiiyday. Negaki, u shu yerning odami, past-balandni yaxshi biladi. Qolaversa, anchadan beri «Quvasoy chinnisi» aksiyadorlik jamiyati negizida «Running busines trans invest» MChJ (ha-ya, MChJ, keyinroq bu sub’yekt nomini saqlab qolgan holda QK – qo‘shma korxonaga aylanadi) ochib, faoliyat yuritayotgan, tashkiliy va xo‘jalik ishlarda yaxshigina tajribaga ega.

Ishlarning «bismillosi»da u hamkori olib kelgan 250 ming dollardan 20 mingini «korxona ochishga ketadigan xarajatlar uchun» (?) deya naqd oladi. Qolgani (230 ming) esa 2018-yilning 11-sentyabr kuni «Hamkorbank»ning Quvasoy filiali orqali «ustav fondini shakllantirish uchun» degan asos bilan «Running busines trans invest» MChJ hisob raqamiga o‘tkaziladi.

Buni inkor etib bo‘lmas hujjatlar tasdiqlaydi.

  1. Jumboq ustiga jumboq...

G‘irromlik, chamasi, shu nuqtadan boshlandi. Qarang-da, xorijlik hamkor sarmoyani ishlab turgan «Running busines trans invest» MChJ hisobiga o‘tkazmoqda. Buning noqonuniy joyi yo‘q, albatta. Qaytanga yaxshiday. Yangi sub’yekt ochish uchun ortiqcha ovoragarchilik yo‘q: tayyor MChJ qo‘shma korxona (QK) shaklida yangidan ro‘yxatdan o‘tkazilsa kifoya (shugina ishning «xarajati» 20 ming AQSh dollar talab etsa-ya?!). Biroq shu jarayonda nozik nuqta borki, «Running busines trans invest» MChJning QKga aylanishi uning (MChJning) qoldiq qarzlariyu boshqa majburiyatlariga ham investorni sherikka aylantiradi. Sarmoyador buni avvaldan bilib, rozi bo‘lgandir? Qaydam. Ammo voqealarning keyingi rivoji bunday yaxshi gumonlarga izn bermaydi-da?!

Shunday qilib, o‘tgan yilning avgust oyida boshlangan harakatlar shu yilning fevral oyida yakuni yetdi: «Running busines trans invest» qo‘shma korxonasi ishga tushirildi. Bu haqda, yuqorida aytdik, baland pardalarda, xiyla qo‘shib-chatib axborot ulashildi. Qizig‘iki, tarqatilgan xabarlarda negadir qo‘shma korxona turk sarmoyadorlari bilan tashkil etilganiga urg‘u berildi. Holbuki, korxona uskunalarini turk mutaxassislari o‘rnatib, ishga tushirib bergan, xolos. Ya’nikim, ularning maqomi yollanma ishchilar bilan barobar. Shunga qaramay, turk texnologlari bilan intervyular uyushtirilib, ommaga ular go‘yoki ta’sischi sifatida tanishtirildi. Haqiqiy investor – qirg‘izistonlik B.Zaydinovning nomi biror joyda tilga olinmadi, undan olingan intervyular ham efir yuzini ko‘rmadi. Nega? Bu endi jumboq.

  1. «Noningizni tuya qilib beraymi?»

Asosiy g‘urbatlar qo‘shma korxona ishga tushganidan keyin boshlanganini ilg‘ayotgan bo‘lsangiz kerak. Shunday. Daromadu buromadning dastlabki xomcho‘tidayoq ikki hamkor o‘tasidagi kelishmovchilik chiqdi. Investor hujjatlarni ko‘tarsaki, ahvol chatoq: uning korxonadagi ulushi 900 million so‘m qilib ko‘rsatilibdi?! R.Atabayev ta’sischi sifatida xotini Yo.Atabayevani rasmiylashtirib, uning ulushini 2 milliard 100 million so‘m qilib belgilabdi. Bundan tashqari, o‘g‘li X.Atabevni korxona rahbari etib tayinlabdi.

Korxonaga o‘rnatilgan uskunalar bahosi ikki yuz ming dollar nari-berisida ekani inobatiga olinsa, bular nimaga dalolat qiladi? R.Atabayev korxonaga o‘zi tomonidan kiritilishi kerak bo‘lgan 250 ming dollar sarmoyani nasiya qilgan! Sirasi, nimaiki xarajat qilingan bo‘lsa, hammasi investor mablag‘i evaziga amalga oshirilgan! Shunga qaramay, uning korxonadagi ulushi – o‘ttiz foiz, Atabayev(a)niki – yetmish!

Shunaqa bo‘lishi mumkinmi?

Bekzod Zaydinov o‘zi imzo chekkan hujjatlarda hammasi boshqacha bo‘lganini ta’kidlaydi. Unga ko‘ra, korxona ustav jamg‘armasi, ikki tomonning kelishuviga ko‘ra, 500 ming AQSh dollari bo‘lishi kerak. Ayni raqamlar aks etgan va u imzo qo‘ygan hujjatlar keyinroq qalbakilashtirilib, qo‘shma korxonaning ustav jamg‘armasi o‘zbek so‘mida 3 milliard so‘m deya qayd etilgan. Kamiga, investorning ulushi o‘ttiz foiz qilib ko‘rsatilgani Atabayevlarga korxonani to‘la-to‘kis tasarruf qilish imkoniyatini beradi. B.Zaydinov esa ularga «ilova» bo‘lishi mumkin, xolos.

  1. Ko‘zmi yo peshona?

Korxona ta’sis hujjatlari qalbakilashtirilganini «bir» deganda aniqlash mumkin. Masalan, ustav va ta’sis shartnomasida investorning ismi-sharifi va pasportiga oid ma’lumotlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan. Buni texnik xato deyishga hatto til bormaydi. Negaki, korxona davlat ro‘yxatiga olinishi jarayonida hamma hujjatlar, ayniqsa, shaxsga oid ma’lumotlarning asli talab qilinib, sinchiklab tekshiriladi.

Ayni ishlarga mas’ul shaxs (davlat xizmatlari agentligi xodimi) hujjatlarning aslini talab qilmay, nusxalari bilan kifoyalangan ko‘rinadi. Hujjatlarni soxtalashtirish undan nusxa ko‘chirilayotgan paytda qulayroq va osonroq ekani kimga sir?! Korxona davlat ro‘yxatiga olinayotgan paytda hujjatlarning asli skaner orqali PDF formatiga solinadi va maxsus dasturga kiritiladi. Hujjatlarning elektron shakli degani shu.

Nima deysizki, o‘sha elektron shakldagi hujjatlardagi imzoyu ma’lumotlar asliga taqqoslaganda boshqacharoq bo‘lib turibdi-da?! Shaxsning ismi-sharifi va pasport ma’lumotlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgan joyda esa uning imzosi ham soxtalashtirilishi ehtimoli juda-juda yuqori. Bunga shubha qilmasangiz ham bo‘ladi...

Xo‘p, bularni ham qo‘yaturaylik. Investor o‘zi bilan olib kelgan naqd pul – 250 ming AQSh dollari-chi?! Mazkur mablag‘ning 20 mingi «xarajatlarga ketgani»ning o‘zi katta savol. Biroq qolgani qonuniy tartibda, bank orqali «korxonaning ustav fondini shakllantirish uchun» deya hisob raqamiga o‘tkazilgani inkor etib bo‘lmas holat. Endi oddiy mantiq tarozisiga soling: shuncha xorij valyutasini «ustav fondini shakllantirish uchun» deb qonuniy o‘tkazgan sarmoyadorning korxonadagi ulushi «900 million so‘m»ga aylanib qolgani tasavvurga sig‘adimi?! Shuncha AQSh dollarining o‘tgan yil 11 sentyabr kunidagi (1$ – 7862,17) so‘mga nisbatan qiymatining o‘zi korxona ustav fondi miqdorining uchdan ikki qismini tashkil etadi, axir?!

  1. Kimning tegirmoniga suv qo‘yilyapti?

O‘ylaysizki, huquqni muhofaza qiluvchi organlar investorning huquqini «bir» deganda tiklab qo‘ygandir, deb? Yo‘q-da, yo‘q... Uning murojaati asosida tergovgacha surishtiruv o‘tkazgan Quvasoy IIB surishtiruvchisi hech kimning harakatida jinoyat alomati topolmabdi?!

Ta’sis hujjatlaridagi qalbakiliklarga aniqlik kiritish uchun ekspertiza tayinlandi. Ekspert nima debdi deng: hujjatlarning asli kerak, nusxasi asosida xulosa berolmaymiz! «Hujjatlarning asli qayerda?» degan savolga javob bitta: yo‘qolgan! «Kim yo‘qotdi?», «Nega yo‘qoldi?» — bu savollarning javobi ham muallaq. Unisi bunga tashlaydi, bunisi unga....

Ajab, qo‘shma korxonaning ta’sis hujjatlari bo‘ladi-yu, u o‘z-o‘zidan yo‘qolib qoladimi?! Kim ishonadi bunga? Aynan surishtiruv paytida hujjatlarning «yo‘qolib qolishi»ning o‘zi carmoyador bejiz dod demayotganini taqdiqlamaydimi?! Muhim hujjatlar go‘yoki yo‘qolayotganining o‘zi javobgarlik keltirib chiqarmaydimi?! Shunga qaramay, surishtiruvchida «chuqur ketish» ishtiyoqi yo‘qday. Yo‘qsa, investorning «Mana, bankka o‘tkazma, unda 230 ming dollarni «...ustav fondini shakllantirish uchun» o‘tkazganim qayd etilgan, shunga qaramay ta’sis hujjatlaridagi ulushim 900 million so‘mga (!) «aylantirib» qo‘yilgan, shuning o‘ziyoq bor vajlarimga dalil emasmi?» mazmunidagi gaplariga jiddiy e’tibor qaratarmidi, deysiz-da.

Yo‘qsa, so‘mdagi «millionlar» qanchalar jarangdor eshitilmasin, uning quvvati dollardagi mingga yetmasligi pistachiga ham ayon...

To‘g‘ri, Quvasoy IIB surishtiruvchisining jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori prokuratura tomonidan bekor qilinib, qayta surishtiruv o‘tkazishga yuborildi. Kimga? Yana o‘sha «jinoyat alomatlari topolmagan» surishtiruvchining o‘ziga! Xuddiki u avvalgi qarorining teskarisini chiqaradigandek... natija avvaldan ma’lum-ku?! Shunday bo‘ldi ham: hech kimning harakatida jinoyat alomatlari yo‘q, hammasi – «chiki-chiki»!

Ayni jarayonda kimga aza, kimga maza bo‘layotganini anglash uchun katta aql shartmas. Yutayotgan bir-ikkita shaxs bo‘lishi mumkin, biroq nafaqat investor, unga qo‘shilib, butun mamlakat yutqazayotir.

Bekzod Zaydinov aytadiki, niyatlarim katta edi, Quvasoydagi qo‘shma korxonani ishga tushirgach, o‘z yurtimdagi va Italiyadagi tanishlarim bilan bamaslahat katta loyihani amalga oshirmoqchi edik. Loyihaki, O‘zbekistonda yirik ishlab chaqirish korxonasi barpo etishga mo‘ljallangan edi. Farg‘onadagi ahvolni ko‘rib, qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urishga to‘g‘ri kelyapti, taassuf...

Yana taassufki, ozdir-ko‘pdir sarmoya olib ketgan investorning bunday g‘urbatlarga giriftor bo‘lgani, nainki tuman yoki viloyat, balki mamlakat mavqeiga soya solmayaptimi? Bu hol shundog‘am O‘zbekistonga investitsiya kiritishga ikkilanib turgan xorijlik sarmoyadorlar ishonchiga putur yetkazmaydimi?!

«Birniki – mingga, mingniki – tumanga» degan gap bejiz aytilmagan, axir!..

Akbar Alishayxov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring