Zahmati – dehqonga, rohati – klastergami?
1
Andijon tumanining «Beshpahlavon» mahallasida yashovchi Nodirbek Qosimov «tishi chiqqani»dan beri xonadonida biror-bir mavsum ipak qurti parvarishisiz o‘tganini eslolmaydi. Har yili tutlar barg yozadigan davr keldimi, tamom – oiladagi katta-yu kichik to pilla qabul punktiga topshiriladigan pallaga qadar ipak qurti atrofida parvona bo‘ladi.
Albatta, bir paytlar bu yumush evaziga to‘langan ish haqining cho‘g‘i baland, ro‘zg‘orga yaxshigina qo‘r bo‘lgani bor gap. Biroq fermerlik harakati boshlangach, pilladan keladigan daromadning yildan-yilga barakasi ucha boshladi. Shunday kunlar keldiki, xizmat haqi miqdori hatto qurt boqilgan xonaning yengilgina ta’miri uchun ham yetmay qoldi.
Bundan to‘rt yil avval pillachilikka alohida e’tibor boshlanibdi, maxsus klasterlar tashkil etilyapti, deganda «Xayriyat, pillachining ham ko‘ksiga shamol tegarkan», deb umid paydo bo‘lgan edi. Ammo o‘tgan vaqt oralig‘ida daromadni qo‘ying, xarajatni qoplaydigan mablag‘ga ham ega chiqmagach, bor umid chippakka chiqdi. Uzoqqa bormaylik, o‘tgan yilgi mavsumda hududdagi fermer xo‘jaliklaridan biri orqali qurt boqib, tumandagi «Andijan Silk.Co» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonaga 84,5 kilogramm pilla topshirdi. Mana, bir yarim yildirki, pulidan darak yo‘q. Joriy mavsumda esa mahalladoshlaridan biri Oysuda Ismonova kasanachi sifatida ro‘yxatdan o‘tib, ushbu klasterdan ipak qurti olgan ekan. Biroq oilasidagi shart-sharoit o‘zgarib, Nodirbek Qosimovga «pillamizni siz boqib bering, daromadi o‘zingizga», deya taklif qildi.
Nodirbek taklifga ko‘ndi hamda mavsum yakunida «Andijan Silk.Co» korxonasiga 17 kilogramm kumush tola topshirdi. Ammo korxona mana shu xizmat uchun arzimasgina pulni hanuzgacha to‘lab bermayapti.
Savol tug‘ilishi turgan gap: modomiki daromadini olishga ko‘zi yetmas ekan, bu oilaga shuncha riyozat chekib, pilla yetishtirishdan ne naf?! Sabab shuki, bugun nainki Qosimovlar oilasi, balki qishloqlardagi u kabi minglab oilalar tut bargidan qoladigan cho‘pni qish-qirovda o‘tin sifatida yoqamiz, deya xonadoniga ipak qurti olib kirishadi.
2
...Aslida so‘nggi paytlarda hech bir jabha davlatdan pillachilik tarmog‘i kabi katta e’tibor ko‘rmadi. Eng avval Prezident qarori bilan «O‘zbekipaksanoat» nomli uyushma tashkil etildi. Uyushmaning zimmasiga yuklatilgan ko‘pdan-ko‘p vazifalari barobarida vakolatlari ham bir dunyo. Davlat rahbarining 2017 yildan beri tarmoqqa doir naq beshta qaror qabul qilindi. Bu hazilakam gapmi, axir?
Mazkur hujjatlarning pirovard maqsadi ipakchilikni qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish, tizimdagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanish hisobiga avvalo ipak qurti boquvchilarning manfaatdorligini oshirish, shu barobarida yangi ish o‘rinlari yaratish, o‘zbek ipagi shuhratini jahon bozorida yuksaltirish kabi jihatlardan iborat. Shunday ekan, Nodirbek va uning timsolidagi boshqa minglab pillachilar turmush tarzida nega ijobiy o‘zgarish ko‘zga tashlanmayapti? Har mavsumda huzur-halovatdan kechib, mashaqqatli, halol mehnatga bel bog‘laganlarning nima uchun kosasi oqarmayapti? Bizningcha, mutasaddilar Prezident qarorlaridan yo bexabar, yoki o‘z bilganlaridan qolishmayapti. Klaster egalari imkon qadar mo‘may daromad topish ilinjida fermerlar va kasanachilarning manfaatlarini oyoqosti qilishmoqda.
Keling, mavjud vaziyatni tahlil qilib ko‘raylik. Eng birinchi muammo – fermer xo‘jaliklarining klasterlarga shartnomaviy qaramligi masalasi. Ya’ni, ikki o‘rtada tuzilajak shartnoma shartlari asosan klasterning foydasiga tosh bosadi. Fermerning «Bu bitim menga ma’qul emas, boshqa klaster bilan ishlayman», deyishiga yo‘l berilmaydi. Misol uchun, Andijon, Buloqboshi, Izboskan, Marhamat hamda Paxtaobod tumanlaridagi fermer va kasanachilar faqatgina «Andijan Silk.Co» qo‘shma korxonasi bilan hamkorlik qilishga majbur. Shartnomalar esa tuman hokimlari aralashuvi bilan klaster manfaatlariga mos tarzda majburan tuzilgan.
Bunda fermerlarning manfaatlari aytarli darajada hisobga olinmagan. Agrotexnikada bir quti ipak qurti boqish uchun 700 kilogrammdan 1 tonnagacha barg yedirilishi me’yor sifatida belgilangan. Bu miqdor o‘rtacha olganda, yirik tanali 35 tup tut hisobiga to‘g‘ri keladi.
Aytaylik, fermer xo‘jaligining balansidagi tut daraxtlari 4 quti qurtni boqishga yetadi. Ammo shartnoma imzolash chog‘ida klaster bu jihatni har doim e’tiborga olmaydi: fermerga uning imkoniyatlaridan kamida 30-50 foizgacha ortiqcha reja qo‘yiladi – dod desang ham, voy desang ham shu! Yana bir qiziq jihati shundaki, tumanlar kesimida qaydadir gektariga 20 kilogramm, boshqasida 40 kilogramm va hokazo majburiy reja mavjudligi ortida fermerlar kafangado bo‘lishi hech gapmas.
3
...Xullas, g‘alvir suvdan ko‘tarilgan pallada, tabiiyki, fermer pilla rejasini bajarolmaydi. Chunki rejani to‘liq uddalashga hisobidagi tut barglari yetmaydi-da! Ana undan keyin klasterning fermer boshida qamchi o‘ynatishini ko‘ring: shartnomaning bajarilmagan qismi uchun jarimani tezda to‘lab qo‘y! 2018 yilgi mavsumda «Andijan Silk.Co» qo‘shma korxonasi pilla rejasini uddalolmagan yuzlab fermerlardan 9 milliard so‘mning nari-berisida jarima undirib olgani, natijada juda ko‘plab xo‘jaliklar rahbarlari «jarima noto‘g‘ri qo‘llangan», degan da’vo bilan klasterni sudga bergani fikrimizga yaqqol isbot.
Axir, zarar kimga achchiq emas: o‘sha mavsumda fermerlarning qay biri 4 million, kimdir 10 million, yana boshqasi 20 million so‘mdan klasterga naqd pul to‘lashdi-da (bajarilmagan reja ko‘rsatkichi, jarima undirib bo‘lingach, qog‘ozlarda 100 foiz deb aks ettirilib, yolg‘on statistika berilishi esa alohida mavzu!).
Imkoni yo‘q fermerlar esa bankdan kredit olib, klasterning ishtahasini qondirishdiki, uch mavsumdan buyon fermerlar klasterning «quli»ga aylanib bo‘lishdi. Holbuki, Prezidentning 2017 yil 29 martdagi «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2018 yil 12 yanvar kungi «Respublikada ipakchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi, 2018 yil 20 avgustda qabul qilingan «Respublikada pillachilik tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hamda 2018 yil 4 dekabr kungi «Respublikada pillachilik tarmog‘ini jadal rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlarida joylardagi mavjud tutzorlarni xatlovdan o‘tkazish, tarmoqning ozuqa bazasini mustahkamlash, tut qatorlari va tutzorlarni kengaytirish kabi yo‘nalishlar «O‘zbekipaksanoat» uyushmasining asosiy vazifalari sifatida belgilab qo‘yilgan.
Bu o‘z-o‘zidan pilla yetishtirishning prognoz hajmlarini belgilashda mavjud baza va imkoniyatlar hisobga olinishi zarurligini anglatadi.
4
Taassufki, «O‘zbekipaksanoat» uyushmasi hamda uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan xatlov va imkoniyatlar masalasida taqdim etilayotgan balandparvoz raqamlar real hayotga to‘g‘ri kelmayapti. Joylarda tut qatorlari kengayish o‘rniga borlari ham qisqarib bormoqda. Ayni vaziyatni nazorat qilish va tutlarga qiron keltirayotganlarga mutasaddi organlardan chora ko‘rishni so‘rash bosh vazifasi bo‘lgan uyushma esa joylardagi holatdan bexabar yoki tomoshabin.
Keling, fikrimizni ayrim misollar bilan dastaklasak. Bo‘ston tumanidagi «Eldorbek kelajagi» fermer xo‘jaligining 6 gektarlik tut plantatsiyasidagi bundan ellik yil avval ekilgan daraxtlar keksayib, samara bermay, qurib qolayotgani, oqibatda ipak qurti boqishda qiyinchiliklar yuzaga kelayotgani bois, fermer 2015 yilning fevral oyida tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘iga murojaat qiladi. Mazmuni shuki, «plantatsiyani yoshartirishga, eskilari o‘rniga yangi ko‘chat ekishga ruxsat bering».
Tegishli komissiya holatni o‘rganib, ijozat bergach, ko‘chatlar yangilanadi. Biroq oradan to‘rt yil o‘tgach, 2019 yil bahorida hokimlik mutasaddilari maydoni 6 gektarga teng yangi plantatsiyani fermerdan tortib olib, hech bir sababsiz buzib yuborishganidan pillachilikka mas’ul mansabdorlar nechog‘li xabardor? Holbuki, fermer barcha xarajatlarni o‘z hisobidan qoplab, ko‘chatni tutga aylantirayotgan edi. Mutaxassislarning hisob-kitobiga ko‘ra, normal holatdagi 1 gektar plantatsiya 5 quti qurtni boqishga yetadi. Bu – xonavayron qilingan 6 gektar tutzor yaqin kelajakda 30 quti qurtni pillaga aylantirishi mumkin edi, degani. Endi savol: 30 quti urug‘dan o‘rtacha qancha pilla olinadi? Yetishtirilgan xomashyodan qancha ipak tayyorlanadi-yu, natijada davlatga qancha valyuta keltiradi? Buning hisob-kitobi mutasaddilarga havola.
5
2019 yilning dekabr oyida Andijon viloyati yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi tayyorlagan hamda Andijon tumanidagi holat qayd etilgan ma’lumot qo‘limizga kelib tushdi. Qarang, birgina «Andijon agropilla» MChJga qarashli tutzorlarning 90-konturida 12 sotix, 166-konturida 0,70 gektar, 277-278-konturlarida 0,30 gektar, 376-konturida 12 sotix maydonni fuqarolar noqonuniy ravishda egallab olib, bemalol qurilish ishlarini boshlab yuborishgan. Ayrimlari hatto ko‘chib kirishgan.
Ayni tumanga bevosita biriktirilgan hamda asosiy vazifasi tut, pilla, ipak tashvishi bilan bog‘liq bo‘lgan «Andijan Silk.Co» korxonasi rahbariyati bu holatdan voqifmi? Tut plantatsiyasini buzib imorat solish uch kunlik yumush emas, kamida olti-yetti oylab davom etadigan jarayon, axir?! Bu ham mayli, ammo mazkur klaster «burnining tagida» bo‘layotgan noma’qulchilik, ya’ni aynan o‘ziga tegishli tutzorlarning ikki qismida – salkam 14 sotix joyda kimlardir bemalol uy-joy va savdo do‘koni qurilishini boshlab yuborganidan bexabar qolishi mumkin emas.
Birgina tuman misolida keltirilayotgan bu dalillar ixtiyorimizdagi uzundan-uzun ro‘yxatning yigirmadan biri ham emas. Biroq mana shu bir shingil holat pillachilikdagi asl vaziyat xususida oz-moz tasavvur berishga yetib ortsa kerak?!
6
Sohaga doir zikr etilgan qarorlarda aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromadlarini oshirish maqsadida tarmoq tashkilotlari tomonidan tomorqa yer egalariga 50 boshdan 90 kunlik parranda hamda tut ko‘chatlari shartnoma asosida bepul yetkazib berilishi qayd etilgan edi. Ushbu tashabbusda «pillakorning ishdan ko‘ngli sovimasin, uning ham kosasi oqarsin», degan ezgu maqsad bor edi. Ammo pilla yetishtirib hamon daromadini kutib o‘tirgan kasanachilar parrandani qo‘ya turing, xizmat haqini vaqtida olishsa, do‘ppisini osmonga otishadi. Holbuki, kasanachilarga pilla puli xomashyo qabul qilinayotgan paytda – tarozi ustida naqd sanab berilishi nazarda tutilgan.
Yana bir gap. Davlat rahbarining 2018 yil 20 avgustda qabul qilingan «Respublikada pillachilik tarmog‘idagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda «O‘zbekipaksanoat» uyushmasining taklifiga ko‘ra, uy sharoitida pilla xomashyosini qayta ishlash, xom ipak va tayyor mahsulot ishlab chiqarish faoliyati bilan band bo‘lgan shaxslarga qator imtiyozlar belgilangan. Demakki, odamlarga uyda o‘tirib nainki pilla yetishtirish, balki uni ipakka aylantirishni o‘rgatish, targ‘ib qilish va qo‘llab-quvvatlash mutasaddilarning bosh vazifalaridan biri.
Ne deysizki, Andijonda biror oila o‘z xonadonida ipak yoki tayyor mahsulot yetishtirishni yo‘lga qo‘yibdi, degan yangilikni eshitmadik ham, ko‘rmadik ham. Vaholanki, qarorning ayni bandida jamiyatimizdagi eng nozik masala – ishsizlik va kambag‘allikni qisqartirishdek ezgu maqsad ko‘zda tutilgan bo‘lsa, ne ajab?
7
Darvoqe, shartnomaviy qaramlik xususida so‘z ochgan edik. Ayni holatni klasterning faqatgina fermerlar bilan emas, balki kasanachilar bilan munosabatlarida ham kuzatish mumkin. Aytaylik, Eshmat Toshmatov kasanachi sifatida korxona bilan hamkorlik qila boshladi. Pilla taroziga qo‘yilib, laboratoriya tahlilidan o‘tkazilgach, topshirilgan hosilning qancha qismi birinchi, qancha qismi ikkinchi, uchinchi yoki to‘rtinchi navlarga, yana necha kilogrammi navsiz pilla yoki qorapo‘choqqa ajratilgani topshirish-qabul qilish dalolatnomasida aks ettirilishi birinchi qoida hisoblanadi. Busiz daromadni chiqarib bo‘lmaydi.
Biroq kuzatuvlarimiz va qo‘limizdagi dalolatnoma nusxalarida mahsulotning umumiy og‘irligigina aks etgan, xolos. Hujjatning qolgan bandlari ochiq qoldirilmoqda. Xulosaki, na kasanachi, na fermer topshirgan xomashyosining necha foizi qaysi navga qabul qilinganini ham, aslida haqiqiy daromadi qancha ekanini ham hech qachon bilmaydi.
8
«O‘zbekipaksanoat» uyushmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘tgan yili jahon bozorida o‘zbek ipagining 1 kilogrammi 38-40 dollardan sotilgan. Hisob-kitobga ko‘ra, 2 kilogrammu 800 grammgacha pilladan 1 kilo ipak olinadi. Uyushma bu yil klasterlarga pillaning xarid narxi uchun fermer va kasanachilarga o‘rtacha hisobda har kilogrammiga 20 ming 400 so‘mdan pul berishni tavsiya etdi.
Demak, hisob-kitob qilsak, 1 kilogramm pilla klasterlarga kamida 14 dollardan ziyodroq daromad keltirmoqda. Uni ming mashaqqat va zahmatda yetishtirgan qo‘li qadoq dehqon esa topshirgan har kilogramm pillasi uchun bor-yo‘g‘i 2 dollarga (20 ming 400 so‘mdan) ega chiqyapti. Eng yomoni, aslida xarajatlarni uchma-uch qoplashga-da yetmaydigan bu mablag‘ ham o‘z vaqtida emas, aksincha ming bir sarson-sargardonlik, asabbuzarlik, ayrim hollarda huquq idoralariga arz bitish yoki internetda ovoza qilingandan so‘nggina dehqonning qo‘liga tegmoqda.
9
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov qalamiga mansub «Matmusaning uylanishi» nomli she’rni o‘qigansiz. Shoir hajviy asar qahramoni – «Hay’atlarda kekkayib, «biz undoq, biz bundoq», deb yayrab-sayrab yurgan» Matmusa timsolida hayotning achchiq haqiqatini eslatadi: «Alqissa, shu – ba’zida shunday bo‘lib qoladi, birov qilib mehnatni, birov obro‘ oladi».
Bugun ipakchilik tizimidagi ayrim mutasaddilarning ish tutumini ham Matmusaning xatti-harakatlariga qiyoslasak, birov yoqamizdan olmasa kerak?!
Nima dedingiz?
Nurillo No‘’monov, jurnalist
(Manba: «Ishonch.uz»)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter