Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

13 nafar o‘quvchi muddatidan avval OTM talabasiga aylandi

13 nafar o‘quvchi muddatidan avval OTM talabasiga  aylandi

Foto:«Xabar.uz»

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chukurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktabning 13 nafar 11-sinf o‘quvchisi hali OTMlarga test imtihonlari boshlanmasidan turib, yurtimizning nufuzli oliygohlari talabalari bo‘lishdi.

Laziz Abdullayev, Asadbek Ahrorov, Yahyo Mashrapov, Shohruh Norboboyev, Habibullo Saidahmatov, Og‘abek To‘layev, Shohruxbek Umrzoqov, Nazokatxon Shermatova, Asadbek Soataliyevlar Toshkent shahridagi INHA universitetiga muvaffaqiyatli imtihon topshirib, o‘qishga qabul qilingan bo‘lsa, A’loxon Rahmatxo‘jayeva, Muhammadkarim Eshonxonov, Sardor Mirzaahmedov va Ismoil Abdunabiyevlar Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabalari bo‘lishdi. Ular orasidan Nazokatxon Shermatova oltin, Laziz Abdullayev, Asadbek Soataliyevlar kumush medal bilan maktabni bitirishmoqda.

Sinfning qolgan 10 nafar o‘quvchisi hozirda yurtimizning nufuzli oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tayyorlanishmoqda.

Maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Sanjarbek Utepovning aytishicha, hozirgi kunda maktabda 70 nafar pedagog faoliyat yurityapti. Ular ichida bir nafar fan doktori, professor, to‘rt nafar fan nomzodi, dotsent, 12 nafar oliy toifali o‘qituvchi, 8 nafar 1-toifali, 23 nafar 2-toifali pedagoglar bor.

Ingliz tili fani o‘qituvchilari 10 nafar bo‘lib, ularning barchasida xalqaro IELTS sertifikati mavjud.

Maktabda o‘quvchilar ikkita fizika laboratoriya xonasi, oltita eng zamonaviy kompyuter bilan jihozlangan sinf xonalarida ta’lim olishyapti.

O‘quv ishlab chiqarish amaliyotida kasbiy ta’lim bo‘yicha 2018-2019 o‘quv yilida yangi yo‘nalishdagi o‘quv-reja ishlab chiqildi va bu o‘z samarasini berdi. 5-sinfdan 9-sinfgacha kasbiy ta’lim faniga zamin yaratish maqsadida texnologiya fani o‘rniga kompyuter injiniring fani kiritildi va bu o‘quvchilar tomonidan katta qiziqish bilan kutib olindi. Natijada kasbiy ta’lim fani mustahkam fundamentga ega bo‘lib, ikkita yo‘nalish bo‘yicha (tizim administratori, kompyuter ofis texnikasini ta’mirlash va dasturlash) darslar olib borildi. 11-sinfni yakunlagan har bir o‘quvchi attestat bilan bir qatorda tanlagan yo‘nalishi bo‘yicha diplomga ham ega bo‘lishadi.

 

Muborak Mirkamolova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring