O‘zbekistonda 2021-yildan lotin yozuviga to‘liq o‘tiladi
O‘zbekiston 2021-yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini to‘liq joriy etadi. Bu haqda «Telegram»dagi «Davletov.uz» kanali xabar bermoqda.
«Aytishlaricha, O‘zbekiston hukumati «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi qonun qoidalari istisnosiz va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.
Ushbu maqsadda Hukumat va Prezident devoni tegishli xizmati o‘rtasida maxsus Harakatlar rejasi tasdiqlangan. Unga ko‘ra, amaldagi qonun hamda hukumat qarori yanada takomillashtiriladi.
Shu bilan birga, tegishli qonunchilik talablari so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy mexanizmlar ishlab chiqiladi», deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, o‘zbek tilidagi reklama matnlari va lavhalari lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozilishi ta’minlanadi. Respublikada barcha idoralar va muassasalar uchun lotin alifbosi bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Kirill yozuvidagi o‘zbek va jahon adabiyotining mumtoz namunalari va ilmiy adabiyotlari lotin yozuvida chop etiladi.
Manbaga ko‘ra, 2020-yilning oxiriga qadar bosma va elektron ommaviy axborot vositalarining lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida faoliyat yuritishi to‘liq ta’minlanadi.
«Xullas, Harakatlar rejasidagi tadbirlardan shu narsa ayon bo‘ladiki, 2021 yildan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga to‘liq o‘tish ta’minlanadi», deyiladi xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter