Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Bepul ta’lim va 1000 AQSh dollarigacha xarajatlar» — Norvegiyadagi magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

«Bepul ta’lim va 1000 AQSh dollarigacha xarajatlar» — Norvegiyadagi magistrant hamyurtimiz bilan suhbat

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz» chet eldagi vatandoshlar bilan suhbatlarni davom ettiradi. Bu galgi suhbatdoshimiz Norvegiyaning Oslo univeristeti magistranti Madina Xolmatova.

Madina 2019-yili Toshkentdagi Inha universitetining bakalavr bosqichini tamomlagan.

 Norvegiyada ta’lim mutlaqo tekin

IT-sohani tanlashimga bir qator sabablar bor. Birinchi navbatda, bolaligimdan aniq fanlar va informatikaga qiziqishim yuqori bo‘lgan. Lekin aynan dasturlash sohasida o‘qishim, ishlashim mumkinligini kichikligimdan tasavvur qilmagandim. Men o‘qishga topshirmoqchi bo‘lgan yillari, Toshkentda Janubiy Koreyaning Inha universiteti ochilganini eshitdim va bir do‘stim oliygohga birinchi qaldirg‘ochlardan bo‘lib kirgan edi. U yerdagi o‘qish sifatini eshitib va IT kelajak kasbi ekanligini his qilib menda ham shu sohada o‘qishga xohish uyg‘ondi. Imtihonlarga puxta tayyorgarliklar ortidan o‘qishga qabul qilindim.

Ochig‘i, to‘rt yillik tahsil davri soham bo‘yicha bilimlar olishga, yangi do‘stlar va amaliy tajribalar oshirishga imkon berdi.

Keyinroq bakalavrni tamomlab, magistraturani xorijda o‘qish uchun harakatni boshladim. Xususan, asosiy e’tibor Norvegiya davlatiga qaratildi.

To‘risini aytsam, Skandinaviya mamlakatlari haqida tog‘amdan juda ko‘p eshitganim uchun, Norvegiyada tahsil olishni bakalavrlik vaqtlarimdan buyon orzu qilganman. Eng katta sabablardan biri bu — ta’lim olishning bepulligi. Norvegiyada ta’lim mutlaqo tekin, o‘z fuqarolari va chet eldan kelgan talabalar uchun ham. Qolaversa, o‘qish sifati yaxshi va dunyo reytinglarida ham yuqori o‘rinlarda turadi.

Oslo universiteti mamlakatda birinchi ochilgan oliygoh

Hozir Oslo universitetida tahsil olyapman. Oliygoh 1811-yilda tashkil topgan va Norvegiyaning eng birinchi ochilgan oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi. Universitet Norvegiyada ta’lim va ilmiy tadqiqot bo‘yicha birinchi o‘rinda va dunyo miqyosida «top-100»likka kiradi. Ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha juda ko‘p yutuqlarga erishgan, xususan 5 nafar Nobel mukofoti sovrindorlari bor. 800 dan ortiq ingliz tilidagi kurslar va 40 dan ortiq magistratura va PhD yo‘nalishlari mavjud. Umuman, ta’lim sifati va o‘qish sharoitlariga havas qilsa arziydi.

 Oyiga eng kami 700-1000 AQSh dollar sarflaysiz

Savolingizdan kelib chiqib ayta olamanki, Norvegiyada yashash anchagina qimmat, talaba sifatida oyiga eng kami 700-1000 AQSh dollar sarflaysiz. Talabalar haftasiga faqat 20 soat ishlashi mumkin. Shuning uchun bu yerda eng katta ko‘rgan qiyinchiliklarimdan biri ish topish bo‘ldi. Bakalavrni tugatiboq Norvegiyaga kelganman va menda hech qanday ish tajribasi bo‘lmagan.

Bu yerda networking juda ham muhim va eng birinchi qilgan ishim LinkedInda axborot texnologiyalari sohasidagi insonlar bilan bog‘lanish bo‘lgan. Ikki oy tinmasdan ish qidirganman.

Boshida kuniga o‘nlab ish o‘rinlariga topshirar va o‘nlab rad javoblari olardim. Lekin tajriba bo‘lmasa ham, sizdagi salohiyatga, o‘rganish xohishingizning kuchliliga ishonadigan kompaniyalar ham bor. Ikki oydan so‘ng Oslodagi eng katta IT-kompaniyalardan biriga amaliyotchi sifatida ishga kirdim va hozirgacha shu yerda ishlab kelmoqdaman.

O‘zgarish bir kunda sodir bo‘lmaydi

O‘ylashimcha, yurtimizda IT-soha rivojlanishiga hech qanday to‘siq yo‘q. Lekin rivojlanishni sekinlashtiruvchi bir qator omillar bor. Albatta o‘zgarish bir kunda sodir bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsa-da, rivojlanishga hamma birdek harakat qilishi lozim.

Fursatdan foydalanib, bir qator takliflarni aytib o‘tmoqchiman. Men hozir magistraturada «Tadbirkorlik va innovatsiya boshqaruvi» mutaxassisligida o‘qiyman. Shu boisdan Skandinaviya davlatlari tajribasidan kelib chiqib, O‘zbekistonda «Startap maktablari»ga kuchli e’tibor qaratish va yoshlarga bu borada amaliy muhit yaratib berish axborot texnologiyalari sohasi taraqqiyotiga katta yordam beradi, deb o‘ylayman.

 Asosiysi o‘zingizga ishonishni o‘rganing

Aksariyat odamlar qizlardan kuchli IT-mutaxassis chiqishiga shubha bilan qarashadi. Bu noto‘g‘ri tushuncha. Shu nuqtai nazardan yoshlar, ayniqsa, qizlar axborot texnologiyalariga qiziqsalar, hech ham ortga qaytmaslikni maslahat beraman. Asosiysi o‘zingizga ishonishni o‘rganing. Hamma ham noldan boshlaydi. IT-soha juda keng va qiziq, imkoningiz bo‘lsa har taraflama tajriba orttiring.

Universitetda o‘qiyotganda faqat u yerdagi fanlar bilan chegaralanib qolmang. Imkon boricha amaliy ko‘nikmalaringizni oshirish va tajriba olishga intiling. Bir so‘z bilan aytganda, tinimsiz mehnat va qat’iy iroda ortidan albatta muvaffaqiyat qozoniladi.

Shaxsiy rejam va niyatim kelajakda nafaqat O‘zbekistonda, balki jahonda mashhur yirik IT-kompaniya ochish.

Nurillo To‘xtasinov suhbatlashdi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring