Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bo‘lajak sudyalar uchun yangi o‘quv yili boshlandi

Bo‘lajak sudyalar uchun yangi o‘quv yili boshlandi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabida 2020-2021-o‘quv yili uchun magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha o‘quv kursi boshlandi.

O‘quv kurslari gurra auditoriyaga kirib, shartta boshlavorilgani yo‘q. Avvaliga «rasm-rusumi» qilindi, ya’nikim, maxsus tadbir uyushtirilib, tinglovchilarga Sudyalar oliy maktabi qanday dargoh ekani, bu dargohda yaratilgan shart-sharoitlar, shunga yarasha qo‘yiladigan talablar xususida qisqa-lo‘nda gaplar aytildi. Xususan, Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov ta’kid etdiki, Sudyalar oliy maktabi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish, qisqasi, bugungi kun talablariga javob bera oladigan, professional va yetuk sudyalar korpusini shakllantirishga ko‘maklashish maqsadida tashkil etildi.

Mamlakatimiz tarixida ilk bor tashkil etilgan mazkur davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi oldiga bir qator muhim vazifalar yuklatilgan.

O‘tgan yili Sudyalar oliy maktabining magistratura bosqichini 60 nafar tinglovchi muvaffaqiyatli tamomlagan bo‘lsa, bu yil 75 nafar tinglovchi shu bosqichga qabul qilindi.

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish joizki, 2019-2020-o‘quv yilida magistratura ta’lim bosqichini muvaffaqiyatli tamomlagan Oliy maktabning 20 ga yaqin ilk qaldirg‘ochlari ayni paytda sudyalik lavozimlariga tayinlanib, katta sharaf, ammo o‘ta mas’uliyatli kasbda faoliyat yuritishmoqda.

Sudyalar oliy maktabida sudyalik lavozimlariga nomzodlarda nazariy bilimlar, kasbiy etika, psixologiya, ishchanlik muloqoti va vaqtni boshqarish ko‘nikmalari, muzokaralar olib borish taktikasi, axborot bilan ishlash texnologiyasi, huquq normalariga sharh berish va ularni qo‘llashni rivojlantirish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim yo‘lga qo‘yilgan.

Bundan tashqari, tinglovchilarning sud idoralarida stajirovka o‘tashini har tomonlama samarali tashkil etish yuzasidan yangicha yondashuv asosida maxsus dastur ishlab chiqilgan. Shuningdek, Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasi va qator xorijiy mamlakatlarning sudyalar tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalari bilan elektron aloqa o‘rnatish imkoniyati yaratilgan.

Oliy maktab magistraturasi, sudyalar va sud xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarining o‘quv rejalari va dasturlari, malakaviy talablar asosida ishlab chiqilgani alohida e’tiborga loyiq. Bu ta’lim dargohida o‘qitishning zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish, interfoal o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish maqsadida o‘ndan ortiq xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining vakolatxonalari bilan ilmiy-amaliy, o‘quv-uslubiy, axborot almashinuv, moddiy-texnik sohalarda xamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Jumladan, Rossiya, Qozog‘iston, Kanada, AQSh, Koreya Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, Yaponiya va boshqa davlatlarning sudyalar tayyorlashga ixtisoslashtirilgan muassasalari bilan faol hamkorliq qilib kelinmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring