Bu yil maktab formasi majburiy bo‘lmaydi
2022 yil sentyabr oyidan yangi o‘quv yilida ota-onalar uchun yagona formani xarid qilishga majburiy talab qo‘yilmaydi va maktabga yagona formada kelmagan o‘quvchilarga nisbatan hech qanday e’tirozlar bildirilmaydi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan Xalq ta’limi vaziri ishtirokidagi brifingda ma’lum qilindi.
«Milliy qadriyatlarimizdan kelib chiqib, o‘quvchi-qizlarning maktabga ochiq rangdagi milliy ro‘molni boshning orqa tomonidan o‘ragan holda kelishlari ma’n etilmaydi.
Shuningdek, o‘quvchi-qizlarning yubka va kofta yenglarining uzunligini uzaytirishga ruxsat beriladi, ammo belgilangan o‘lchamdan kalta bo‘lishi mumkin emas.
Mahalliy hokimliklar tomonidan kam ta’minlangan oilalarga mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hamda «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan maktab formasini sotib olinishiga ko‘mak beriladi.
Maktab formasini aynan biror tadbirkordan/korxonadan xarid qilish bo‘yicha maktab ma’muriyati tomonidan majbur etilmaydi va bunday holatga yo‘l qo‘yilmaydi.
Maktab formasi savdosi avgust oyidan boshlab har bir tuman va shahar markazlaridagi aholiga qulay joylar hamda maktab yarmarkalarida tashkil etiladi.
Xalq ta’limi vazirligi ota-onalar va o‘quvchilarning maktab formasi dizayni va sifati bo‘yicha har qanday takliflarini ko‘rib chiqishga va birgalikda yagona forma dizaynlarini takomillashtirib borishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi», dedi Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov.
Avvalroq Hukumat qaroriga ko‘ra, 2022/2023 o‘quv yilidan davlat maktablarida o‘quvchilar uchun maktab formasi to‘liq joriy etilishi aytilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter