Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Buni millat tinchligini buzish deb baholash to‘g‘rimikan?

Buni millat tinchligini buzish deb baholash to‘g‘rimikan?

Avvalroq filologiya fanlari doktori, professor Baxtiyor Mengliyev lotin alifbosidagi islohotlarga qarshi chiqqan posti e’lon qilingandi. Bloger, filolog, adliya vazirining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Shahnoza Soatova ushbu fikrlarni yoqlamadi. Quyida uning postini to‘liq beriladi.

Baxtiyor Mengliyev domlamizni progressiv, ilg‘or fikrli ziyolilardan deb bilamiz. Ammo aynan alifbo islohotiga kelganda umuman kutilmagan, na ilmiy va na mantiqiy tahlilga asoslanmagan, «unday bo‘lsa-chi, bunday bo‘lsa-chi, o‘xshamasa-chi» kabi pozitsiyani egallashlari, yana o‘zlarining bir necha yil avvalgi qarashlariga zid gaplarni aytishlarini tushunmadim, to‘g‘risi. 

  1. Dunyo tillari sun’iy intellekt tiliga aylanib ketayotgani va biz depsinib alifbo deb turganimiz sababi aynan shu hech bir texnika tushunmayotgan noqulay harflar ekanini domla yaxshi biladilar deb o‘ylardim. Chunki to‘rt yildan beri bu gapiriladi va alifboni o‘zgartirishdan boshqa texnik yechim yo‘q.
  2. Amaldagi alifboga xalqimiz o‘rganib bo‘lgan, to‘rtta belgi o‘zgarishni qabul qilolmaydimi endi? Xalqimiz biz o‘ylagandan donoroq, noqulay harflarga o‘rgana olmagani uchun yo turk klaviaturasidan foydalanadi, yoki «w, 4, 6» belgilaridan. Bu joriy alifboga o‘rganish emas-da. To‘rt harfni o‘zgartirish — millat tinchligini buzish deb baholanishi to‘g‘rimikan? 1929-yilda ota-bobolarimiz arab imlosidan lotinga o‘tganlaridan keyin, 1934-yilda yana bir uni isloh qilib, uchta harfni chiqarib tashlaganlarida buni qanday amalga oshirdilar ekan? Tinchlari buzilganmikan? O‘sha davr matbuotida bu haqida ortiqcha bahslar ham ko‘rinmaydi hozir biz qilayotgandek. Shunchaki, olimlar bir murosaga kelgandilar va millatni ergashtira olgandilar.
  3. Alifboni joriy qilish bosqichma-bosqich deyildi. Men joriy etilishining muvaffaqiyatini bu to‘rt harfga emas, avvalo, kirilldan voz kecha olishimizga bog‘liq ko‘raman. Kirilldan voz kecha olsak, to‘rt harf o‘zgarib ketaveradi. Har holda axborot asrida axborot manbalari qaysi alifboda bo‘lsa, shu alifbo keng iste’molda bo‘ladi. Pasport, banner, darslik kabilar o‘zi yangilanish muddati kelganda yangi alifboda chiqaveradi. Biror yilda bu hal bo‘ladigan masala, ayniqsa, texnologiyalarning hozirgi darajasida.
  4. Isloh muammolarini ko‘tarib chiqayotganlar to‘g‘risida bunaqa yoppasiga yomon gumon ziyoli insonga xos emas. Aniq bilolmaysiz buni, domla.

Men shu matnni kompyuterda kirillda yozib, transliteratorda lotinga o‘girib joylayapman. Ko‘pchilik shunaqa qiladi alifbo noqulayligidan. Shu lotin alifbosiga o‘tishmi? Bu imitatsiya, bu lotin alifbosiga o‘tishni tormozlaydigan hol aslida.

  1. Kafolat haqidagi gap endi po‘pisadan boshqa narsa emas.
  2. Islohot muvaffaqiyatsiz yakun topishi haqidagi band umuman asossiz, hech nima ko‘rinib turgani yo‘q.

 Ko‘rinayotgani B.Mengliyevning nimagadir alifbo islohini istamayotganlari, xolos.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi Qonun loyihasi e’lon qilingandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring