Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Deputat: Dunyoviy hamda zamonaviy ta’lim taraqqiyotimizning muhim sharti

Deputat: Dunyoviy hamda zamonaviy ta’lim taraqqiyotimizning muhim sharti

O‘zbekiston xalqi 2023-yil 30-aprelda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendumda mutlaq ko‘pchilikni tashkil etuvchi yakdillik bilan O‘zbekiston—boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligini tasdiqladi.

Shuning bilan birga, yangi tahrirdagi Asosiy qonunimiz barchamiz uchun vijdon erkinligini ham kafolatlaydi. Shu ma’noda, vijdon erkinligiga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquq dunyoviy davlatda to‘laqonli amalga oshirilishi mumkin. Chunki dunyoviy davlat turli diniy qadriyatlarning, e’tiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi, umumjamiyat manfaatlari va vijdon erkinligi uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur ijtimoiy muhitning muhim omilidir.

Darhaqiqat, 16 ta konfessiyaga mansub bo‘lgan 2300 dan ortiq diniy tashkilotlar erkin faoliyat yuritayotgan, 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgan O‘zbekiston millatlararo va konfessiyalararo totuvlik amalda ta’minlangan davlat sifatida barqaror rivojlanmoqda. Shu bilan birga, diniy e’tiqodlar va diniy bag‘rikenglik, dinlarning asl insonparvarlik mohiyati jamiyatning ma’naviy-axloqiy asoslaridan biri bo‘lib, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiladi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbai bo‘lib xizmat qilmoqda. Asrlar davomida milliy qadriyatga aylangan jamiyatimizdagi diniy bag‘rikenglik muhiti bu bizning boyligimiz, xalqimiz madaniyatining ajralmas jihatlaridan biridir.

Xalqimiz irodasi bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz davlatchiligimiz va jamiyatimizning tadrijiy rivojining yangi bosqichini boshlab berdi va davlatimizda mazkur yangilangan “ijtimoiy kelishuv” asosida oldimizga qo‘ygan fuqarolarning munosib hayot kechirishi, millatlararo va konfessiyalararo totuvlik, ko‘p millatli jonajon O‘zbekistonimizning farovonligi va gullab-yashnashini ta’minlash maqsadida muhim huquqiy islohotlarni amalga oshirishga turtki bo‘ldi.

Ushbu yo‘nalishdagi muhim dasturiy hujjat 2025-yil 25-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati Konsepsiyasi” bo‘ldi. Chunki ushbu Konsepsiya asosida jamiyatimiz hayotining turli jabhalarida dunyoviylikning mazmun-mohiyati belgilab berildi.

Jumladan, ushbu dasturiy hujjatda milliy taraqqiyotimizning muhim omili bo‘lgan ta’lim yo‘nalishidagi dunyoviylikning konseptual asoslari ochib berildi. Xususan, ta’lim yo‘nalishidagi dunyoviylik deganda ta’lim jarayonida, uni tashkil qilishda va ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishda ta’lim oluvchilarda diniy aqida va qarashlardan xoli tarzda ilmiy bilimlarni, mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni shakllantirish, qarashlar xilma-xilligini hurmat qilish, umumjamiyat manfaatlariga hissa qo‘shish g‘oyalariga tayanilishi tushunilishi belgilandi.

Shu bilan birga, ta’lim yo‘nalishida dunyoviylikni ta’minlashning asosiy mexanizmlari sifatida, jumladan, yoshlarimizni qonunlarga asosan belgilangan majburiy ta’lim olishni biror-bir asosga ko‘ra cheklashga yo‘l qo‘ymaslik, mamlakat aholisida, ayniqsa yoshlarda ilmiy va aqliy salohiyatni yuksaltirish, vatanparvarlik tuyg‘ularini, milliy qadriyatlar va ijtimoiy axloq normalariga bo‘lgan hurmat ruhini kuchaytirish va eng muhimi, kelajak avlodning tarbiyachilari bo‘lgan xotin-qizlarimizning ta’lim olishi uchun keng shart-sharoitlar yaratish hamda ularni ilm-fanga faol jalb etish orqali ularning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini oshirish kabilari belgilandi.

Ta’lim yo‘nalishida dunyoviylik, shuningdek, ta’lim oluvchilarga ularga keng imkoniyatlarni taqdim etadigan aniq va gumanitar fanlar hamda ijtimoiy fanlarni, san’atni o‘z ichiga olgan bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, ularda tanqidiy-tahliliy fikrlash qobiliyatini rivojlantiradigan, ma’lumotlarni tahlil qilish, ilmiy farazlarni tekshirish, dalillarni baholash ko‘nikmasini shakllantiradigan izlanish va o‘rganish muhitini yaratish bilan birga ta’lim oluvchilarga insonparvarlik va adolat, do‘stlik va hamjihatlik, milliy va umuminsoniy g‘oyalarga hurmat kabi qadriyatlar singdirish, axloqiy masalalarga maqbul yechim topish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan.

Albatta, zamonaviy dunyoviy ta’lim tizimida shuningdek turli diniy e’tiqodlar va ta’limotlarning tarixi, rivojlanish bosqichlari va zamonaviy tendensiyalari to‘g‘risida xolisona bilim berish, turli dinlar, madaniyatlar va dunyoqarashlarga nisbatan hurmat, bag‘rikenglik va tushunish muhitini ta’minlashga ham muhim ahamiyat beriladi.

Shu ma’noda, nazarimda, ta’lim tizimimizning dunyoviy xususiyatga ega bo‘lishi nafaqat bizning davlatimiz, balki yuqori sur’atlar bilan o‘sib borayotgan har qanday jamiyat uchun tabiiy ehtiyoj, hayotiy zaruriyatdir. Chunki dunyoviy ta’lim zamonaviy ilmiy bilimlar, tanqidiy fikrlash va umuminsoniy qadriyatlarni rivojlantirishga qaratilgan yondashuv asosida gender tenglikni ta’minlagan holda har bir shaxsda intellektual qobiliyatni kengaytiradi, turli qarashlarga hurmatni oshiradi va shu orqali milliy hamjihatlikni mustahkamlaydi, davlatning iqtisodiy modernizatsiyasiga yordam beradi – bularning barchasi barqarorlik va taraqqiyot uchun zarurdir. Ilm-fan va texnologik yutuqlar bilan hisoblashmaslik, ularning davlat va jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyatiga e’tiborsizlik yoki bunday ta’sirni inkor etish, zamon bilan hamqadam bo‘lmaslik, aholining ma’lum qatlamlarining ta’lim olish huquqini cheklash esa nafaqat mamlakatning global raqobat maydonda munosib o‘rin egallashi, balka davlat sifatida mavjudligi, rivojlanishi va aholi ehtiyojlarini ta’minlash qobiliyatini yo‘qqa chiqaradi.

Shunday ekan, hatto islohotlar yo‘lidan borayotgan diniy jihatdan qat’iy konservativ davlatlar, shu jumladan Fors ko‘rfazi mamlakatlari ham o‘zlarining ta’lim tizimini liberallashtirish va zamonaviylashtirish yo‘lida muhim islohotlarni amalga oshirmoqdalar. Jumladan, Saudiya Arabistonida maktab dasturlarida din ta’limi soatlari keskin kamaytirilib, ularning o‘rnini tabiiy fanlar, texnologiya, injenering, san’at, ijodkorlik, matematika fanlari egallamoqda. Birlashgan Arab Amirliklari ham o‘z ta’lim tizimini “g‘arbona” modernizatsiyasini amalga oshirib kelmoqda.

Davlatlarning bunday islohotlarga intilishi tushunarli. Chunki dogmatik ta’limdan farqli o‘laroq, dunyoviy ta’lim dalillarga asoslangan bilim, mantiqiy fikrlash va innovatsiyalarni rivojlantirishga urg‘u beradi. Bejiz emaski, dunyoviy ta’lim tizimiga ega bo‘lgan Singapur va Finlyandiya kabi davlatlar dunyoning eng innovatsion mamlakatlari qatoriga kiradi. Umuman olganda, hozirgi kunda dunyoning eng ilg‘or iqtisodiyotlari bo‘lgan davlatlar o‘z vaqtida iqtisodiyotda inqilobiy natijalarga erishish uchun o‘z ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, unga dunyoviy xususiyat berishdan boshlagan. Jumladan, G‘arbiy Yevropa davlatlarida 19-asrning ikkinchi yarmi va 20-asr boshi oralig‘ida, Yaponiyada 20-asrning ikkinchi yarmida ta’lim tizimida o‘quvchilarda zamonaviy bilimlar va malakalarni shakllantirishga qaratilgan dunyoviy islohotlarni amalga oshirish evaziga ushbu jamiyatlarning rivojlanishi va dunyoning eng taraqqiy etgan iqtisodiyotlariga aylanishlari uchun muhim bo‘lgan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy islohotlarning asosi yaratilgan.

Dunyo tajribasi yana shuni ko‘rsatadiki, ta’lim tizimining dunyoviy xususiyatga ega bo‘lishi jamiyatda ayol-qizlarning o‘rnini oshirishga, barcha uchun amalda teng imkoniyatlar yaratilishiga katta ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zero, dunyoviy ta’lim tizimi nafaqat ham o‘g‘il, ham qizlar uchun ta’lim olishga birdek imkoniyat eshigini ochib beradi, balki bu orqali jamiyatda ayollarning o‘rnini oshirish hamda jamiyat rivojiga salbiy ta’sir etayotgan, ayollar huquqlarini cheklanishi va buzilishiga sabab bo‘layotgan gender stereotiplarni kishilar ongi-shuuridan chiqarib tashlash imkonini beradi.

Ushbu ilg‘or tajribalarga asoslangan holda, O‘zbekistonda tanqidiy mushohada va innovatsion yondashuv asosida har qanday hayotiy chaqiriqlarni hal qilish, shuningdek yaratuvchanlik va tadbirkorlik qobiliyatiga ega bo‘lgan yangi avlodni tarbiyalashi borasida dunyoviy xususiyatga ega zamonaviy ta’lim tizimini yanada isloh qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirmoqda. Kadrlar tayyorlashdagi mana shunday yondashuv iqtisodiyotimizni va jamiyatimizni rivojlanishda sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiquvchi innovatsion transformatsiyasi uchun juda muhimdir.

O‘zbekiston o‘zining dunyoviy ta’lim tizimini rivojlantirib, global tendensiyalarga moslashtirish orqali barqaror rivojlanish, ijtimoiy totuvlik va iqtisodiy farovonlikka erishishni maqsad qilgan. Taraqqiyotga erishgan davlatlar va tez rivojlanib borayotgan davlatlarning tajribasi shuni ko‘rsatadiki, dunyoviy ta’lim an’analarga qarshi emas, aksincha jamiyatni farovon va barqaror kelajakka olib boradigan yo‘ldir.

Umid YaKUBXODJAEV

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi

Qonunchilik palatasi deputati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring