Ijtimoiy himoyaga muhtoj abituriyentlarga qo‘shimcha grant ajratiladi

O‘zlashtirish ko‘rsatkichiga qarab talabalarga grantlarni qayta taqsimlash tartibi tasdiqlandi.
Hukumatning tegishli qarori bilan (№149, 10.03.2025) Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalarga grantlarni taqdim etish va qayta taqsimlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim grantiga talabgorlardan joriy o‘quv yilida o‘zlashtirish ko‘rsatkichi bo‘yicha GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lishi talab etiladi. O‘zlashtirishi ushbu ko‘rsatkichdan past bo‘lgan talabalarning ta’lim grantini tabaqalashtirilgan tarzda qayta taqsimlashda ishtirok etishiga ruxsat etilmaydi va ta’lim granti o‘rni vakant qoladi.
Ta’lim grantiga talabgorlar uchun oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida onlayn ro‘yxatdan o‘tish va erishgan yutuqlarini asoslovchi hujjatlarni yuklash imkoniyati yaratiladi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari mutanosib tarzda 80 ballik mezonda baholanadi, bunda GPA ko‘rsatkichini “16” soniga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.
Ta’lim grantiga talabgorlarning ijtimoiy faollik ko‘rsatkichi 20 ballik mezonda baholanadi, bunda baholash mezoniga asosan hisoblangan natijani “5” soniga bo‘lish orqali aniqlanadi.
Belgilangan ta’lim granti o‘rinlari doirasida tanlov chegarasida bir xil natija ko‘rsatgan talabgorlarning akademik o‘zlashtirish ko‘rsatkichiga ustuvorlik beriladi. Agar o‘zlashtirish ko‘rsatkichida ham bir xil natija aniqlangan holatda mazkur talabgorlar uchun o‘zlashtirilgan semestrlarda o‘tilgan mutaxassislik fanlaridan test sinovlari o‘tkaziladi.
Oliy ta’lim tashkiloti kengashining qaroriga asosan ta’lim grantini oluvchi talabalar ro‘yxati har yili 25 avgustga qadar oliy ta’lim tashkilotining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Hukumat qaroriga ko‘ra, bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga nisbatan 10 foizgacha bo‘lgan miqdorda Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadigan toifadagi abituriyentlar (keyingi o‘rinlarda - belgilangan toifadagi abituriyentlar) uchun davlat granti asosidagi qo‘shimcha qabul parametrlari ajratiladi.
Bunda muayyan bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha davlat grantiga o‘tish balining 80 foizi va undan yuqori ball to‘plagan belgilangan toifadagi abituriyentlar ajratilgan davlat granti asosidagi qabul parametrlari doirasida, ballar ketma-ketligiga qat’iy rioya qilingan holda talabalikka tavsiya etiladi.
Mazkur imtiyoz abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda tanlagan birinchi bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga hamda ushbu ta’lim yo‘nalishiga kirishda Davlat komissiyasi tomonidan davlat grantiga belgilangan minimal o‘tish bali va undan yuqori ball to‘plagan abituriyentlarga nisbatan qo‘llaniladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter