Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi tashkil etildi

Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi tashkil etildi

Foto: Institut matbuot xizmati

Faol tarzdagi hamkorlik samarasi ilm-fan va ta’lim tizimida ham taraqqiyotning kafolati ekanini davrning o‘zi ko‘rsatmoqda. Agar u xalqaro miqyosda bo‘lsa yanada katta ahamiyat kasb etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 8-oktyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi PF-5847-sonli Farmoni va xususan, respublika oliy ta’lim muassasalarini xalqaro miqyosda tan olingan tashkilotlar reytingida birinchi 1000 talikka kiritish vazifasini bajarish maqsadida, TIQXMMI, Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlarini rivojlantirish bo‘yicha qishloq xo‘jaligi universitetlari konsorsiumi (keyingi o‘rinlarda KASKAD) doirasida qo‘shni mamlakatlarning yetakchi ixtisoslashgan universitetlari bilan yuqorida qayd etilgan maqsadlar amalga oshirilmoqda.

Ma’lumki, KASKAD 2010-yil 12-iyulda TIQXMMIda bo‘lib o‘tgan ta’sis yig‘ilishida tashkil etilgandi. Bu yil tashkil etilgan kundan boshlab mintaqada faol ishlaganiga 10 yil to‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi hukumati, Global Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari forumi, FAO, IKARDA, Vageningen universiteti va boshqa tashkilotlarning qo‘llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgandi. Unda Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan kelgan 8 ta universitet vakillari konsorsium tuzish va uning nizomini tasdiqlashni kelishib oldilar. Hozirda KASKAD konsorsiumi 8ta Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mamlakatlaridagi 17ta qishloq xo‘jaligi universitetlarini o‘z ichiga olgan. Bu yil KASKADning 10 yillik yubileyi arafasida Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi tashkil etildi.

2020-yil 7-sentyabr kuni o‘tkazilgan tadbirni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti rektori, KASKAD Boshqaruv qo‘mitasi raisi O‘ktam Umurzoqov kirish so‘zlari bilan ocha turib, onlayn tarzda tashkil etilgan ushbu tadbirning ahamiyati borasida so‘z yuritib, uni Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqasidagi tarixiy tadbir sifatida qayd etdilar.

Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabi Ozarbayjon, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondan 15ta nufuzli universitetlar hamkorligida tashkil etilib, o‘z faoliyatini ochilish marosimidan boshladi. Institutimiz Germaniya olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqqan «Raqamli iqtisodiyot» fanini xalqaro maktab tinglovchilariga taqdim etdi.

Shuningdek, ochilish marosimida 170dan ortiq ishtirokchilar qatnashdilar va 400dan ortiq ro‘yxatdan o‘tgan tinglovchilar o‘qishni boshlashdi. Jumladan, Ozarbayjon davlat agrar universiteti rektori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Ibragim Djafarov, Jangir Xon nomidagi G‘arbiy Qozog‘iston agrar-texnika universiteti kengashi raisi — rektori, veterinariya fanlari doktori, professor Asqar Nametov, K.I.Skryabin nomidagi Qirg‘iz milliy agrar universiteti rektori, veterinariya fanlari doktori, professor, Qirg‘iziston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi Rizqbek Nurgaziyev, Shirinshoh Shotemur nomidagi Tojikiston agrar universiteti rektori, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Usmon Mahmadyorzoda va Samarqand davlat universiteti rektori, texnika fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining senatori Rustam Xolmurodovlar so‘zga chiqib, xalqaro maktab tinglovchilariga muvaffaqiyatlar tiladilar.

Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabida 6ta mamlakatdagi 15ta qishloq xo‘jaligi universitetdan 400dan ortiq talabalar 1 semestr davomida masofaviy ta’lim olishadi. Har hafta ularga iqtisodiyot va menejment sohalarining dolzarb mavzularida KASKADga a’zo universitetlarining yetuk professor-o‘qituvchilari tomonidan darslar olib boriladi. Haftalik darslar 2 kreditgacha tashkil etadi. Darslarni muvaffaqiyatli o‘zlashtirgan talabalarga sertifikat taqdim etiladi.

Iqtisodiyot va Menejment bo‘yicha KASKAD xalqaro maktabini tashkil etishdan maqsad ta’lim sifatini yanada takomillashtirish, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va talabalarni jalb etish, institut mavqeini mintaqada tanitish va reytingini ko‘tarishdan iborat. Shu bilan birga, talabalar ham chet eldagi tengdoshlari bilan yaqindan tanishib, ular bilan do‘stlashishga, fikr almashishga hamda iqtisodiy va boshqaruv sohalaridagi masalalarni yechishda turli xil yondashuvlarni muhokama qilish imkoniyatlariga ega bo‘ladilar.

Rahimboy Jumaniyozov,
institut matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring