Istanbulda birinchi o‘zbek maktabi quriladi
Maktab loyihasi
O‘zbekiston Bosh konsuli Sherzod Abdunazarov Istanbulning Bakirko‘y tumani ma’muriyati rahbari Ayshegyul Ovalio‘g‘lu bilan uchrashdi. Muzokaralarda Turkiyada istiqomat qilayotgan vatandoshlar farzandlari uchun o‘zbek maktabini qurish loyihasi muhokama qilindi.
Bakirko‘yda qurilishi rejalashtirilgan maktab Turkiyada yashovchi vatandoshlar farzandlarini, xususan, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ona tiliga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Loyiha O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladi, qurilish ishlari esa Turkiya kompaniyalari tomonidan amalga oshiriladi. Ta’lim jarayoni O‘zbekiston ta’lim tizimi asosida, o‘zbekistonlik o‘qituvchilarni jalb qilgan holda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Maktabga 2026 yil yanvar oyida O‘zbekiston va Turkiya prezidentlari ishtirokida tamal toshi qo‘yilgan. Shundan beri zarur hujjatlarni rasmiylashtirish va obyektni loyihalashtirish ishlari olib borilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar qurilishni imkon qadar qisqa muddatlarda boshlashga kelishib oldi. Bakirko‘y tumani ma’muriyati tashabbusni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, qurilish va tashkiliy ishlar jarayonida zarur yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Shu kuni Bosh konsul Turkiya Milliy ta’lim vazirligi vakillari hamda Istanbul viloyati Milliy ta’lim boshqarmasi rahbariyati bilan ham muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Turkiya tomonining o‘zbek maktabi loyihasi bo‘yicha ekspertiza xulosasi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etishga oid ma’lumotlar taqdim etildi. Olingan tavsiyalar asosida maktab loyihasini ishlab chiqqan «O‘zgüven» kompaniyasi xodimlari bilan ham ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter