Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti «Smart Universitet»ga aylantiriladi

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti «Smart Universitet»ga aylantiriladi

«Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini tizimli isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori (PQ-330-son, 23.07.2022 y.) imzolandi.

2022/2023 o‘quv yilidan yangi avlod oliy ta’lim muassasasi – «Smart Universitet» konsepsiyasi asosida Universitet faoliyati transformatsiya qilinadi.

Universitetda akademik faoliyat ilmiy-tahliliy yo‘naltirilganlik va akademik yaxlitlik ta’lim texnologiyalari hamda ularni ta’minlovchi dasturiy-apparat kompleksi asosida, shu jumladan antiplagiat tizimini joriy etgan holda tashkil etiladi.

Har yili Universitetning kamida 10 nafar professor-o‘qituvchilari, doktorantlari va magistrantlari xorijiy davlatlarning yetakchi ta’lim muassasalariga ilmiy stajirovka va malaka oshirish uchun yuboriladi.

2025 yil 1 yanvargacha Universitet jurnalini Scopus xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar  bazasiga kiritish choralari ko‘riladi.

Universitetga professor-o‘qituvchilariga ilmiy unvonlarni berish hamda ularni ishga qabul qilishda akademik mustaqillik negizida berilgan ilmiy unvonlar va ilmiy darajalarni tan olish vakolati beriladi.

2022/2023 o‘quv yili ikkinchi semestrida Samarqand davlat universiteti, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Toshkent davlat yuridik universiteti bilan Universitet o‘rtasida talabalar almashinuvini nazarda tutuvchi ichki akademik mobillik dasturlari asosida ta’lim olish istagini bildirgan talabalar uchun bir semestr mos ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘qitish tashkil etiladi.

2022/2023 o‘quv yilidan Universitetning iqtidorli talabalari ishlab chiqarish amaliyotini o‘tash uchun O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalariga yuboriladi.

Universitet huzurida «Xalqaro munosabatlar: siyosat, iqtisodiyot, huquq» jurnali tahririyati tashkil etiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring