Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Juda qiyin uy vazifalarining foydasidan zarari katta — tadqiqot

Juda qiyin uy vazifalarining foydasidan zarari katta — tadqiqot

Illyustrativ foto

Uyga vazifalardan asosiy maqsad — maktabda olingan bilimlarni mustahkamlash va bolalarning kognitiv (inglizcha (lotin) «cognize»  so‘zidan olingan bo‘lib, bilmoq, anglamoq, tushunmoq va fikrlamoq kabilarni bildiradi) qobiliyatlarini yanada rivojlantirishdir. Ammo uy vazifalari hatto ota-onalar ham yecholmaydigan darajada murakkab bo‘lsa-chi?! U holda bolaning sog‘lig‘ida ayrim muammolar paydo bo‘lishi mumkin, deyiladi yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotda.

Ko‘p ota-onalar uchun bolasining ilk marotaba maktab ostonasiga qadam qo‘yishi — haqiqiy sinov. Birinchi navbatda o‘ylantiradigani — bola yangi muhitda o‘zini qanday his etishi. Ikkinchidan, ota-onaning kundalik tartibi jiddiy o‘zgaradi — ishdan qaytib dam olish yoki uyni yig‘ishtirish, ovqat tayyorlash va hokazolar qatoriga farzandiga uy vazifasini bajarishda yordamlashish ham qo‘shiladi.

Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, boshlang‘ich sinflar o‘quvchilari o‘zlashtirishga eng qiynaladigan fan matematikadir. Chunki bu fan mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, masalalarni yechish, qolaversa, mavhum narsalarni ham tushunishni talab qiladi. Bu fan bo‘yicha uyga vazifalar aynan yuqoridagi sifatlarni va shaxsiy intizomni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lishi shart. Ammo uyga vazifalar o‘ta qiyin bo‘lsa ko‘zlangan natijani bermaydi. Qaytanga salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Janubiy Avstraliya universiteti va Avliyo Fransisk universiteti (Kanada) olimlari Kanadada 8 ta oila o‘rtasida so‘rov-tadqiqot o‘tkazishdi. Matematikadan uyga vazifalarni bajarish tajribasi va uning oilaga ta’siri so‘raldi. Tadqiqotda qatnashgan har bir oilada 3-sinf o‘quvchisi — 8-9 yoshli bola bor edi.

Ma’lum bo‘lishicha, bu oilalarning barchasida bolalar va ota-onalar matematikadan ayrim vazifalarni bajarishda qiynalishgan. Oqibatda uyqu buzilishi (oilalarning barcha a’zolari), oilaviy janjallar, bolalarning hafsalasi pir bo‘lishi (o‘zi uy vazifasini mustaqil tayyorlay olmagani va ota-onasi yordam bera olmagani uchun) kabi muammolar yuzaga kelgan. O‘z-o‘zidan bola ko‘z o‘ngida ota va onaning «obro‘si»ga jiddiy putur yetadi.

Kattalar 3-sinf o‘quvchisining matematikadan uy vazifasini ishlay olmasligining aslo uyat joyi yo‘q, bu bilim pastligidan emas. Gap shundaki, kattalar, ya’ni ota-onalar o‘zlari o‘quvchi paytlari bu fanlarni butunlay boshqa uslubda o‘qishgan, vaqtlar o‘tib fanlarni, jumladan, matematikani o‘rgatish usullari butunlay o‘zgarib ketdi.

Ammo bola bu farqni tushunmaydi: «oddiygina» bolalar uchun vazifani yecha olmagan ota-onasiga munosabati o‘zgarishni boshlaydi. Keyinchalik fanlarni o‘zlashtirish va kasb tanlashga qiynalishi va ota-onasi bilan o‘zaro munosabatlarida bu aks etishi mumkin.

Garchi yuqoridagi tadqiqot qamrovi juda tor bo‘lgani bilan, natijalari juda muhim: birinchidan, zamonaviy ta’limda muammolar yetarli, ikkinchidan, farzanlariga uyga vazifalarini tayyorlashda yordam berishi kerak bo‘lgan ota-onalarning o‘zlari ham madadga muhtoj.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring